← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunSehrliPodsholarDehqonlarTabiatOilaTijorat

Toʻlgʻonoy

1462 soʻz

Oʻratepa begi xalqdan oq uylikka qoracherik — odam soʻrabdi. «Qoʻqon bizning ustimizga hujum qilib kelmoqchi emish. Biz oʻz gʻamimizni yeylik», deb xalqqa xabar qilibdi. Oʻratepa begi qoracherik soʻraganda qirq urugʻdan soʻrabdi, boʻlagi unga tobe emas ekan, bermabdi. Xalqqa xabar yetgandan keyin xalq maslahat qilibdi.— Endi bunga odam bermasak, beg-da, nima qilsa qiladi. Bunga kimni yuborsak, kim borar ekan? Oʻziga bahuzur boy-badavlat kishilar hech mahalda bormaydi. Bunga, roʻzgʻorini oʻtkazolmaydigan kambagʻallar boradi. Ular bu yerda nima tirikchilik ham qilardi?Shunda har oʻn uyga bir odam uchun pul yigʻib bermoqchi boʻlibdi. U vaqtda xalq oʻtroq emas, bir yerda bir yil yashasa, bir yerda olti oy yashar ekan. Shunda Nazar degan kambagʻal, bu xabarni eshitgandan keyin, «Bola-chaqam bilan men borayin, bu yerda bogʻu chorbogʻim qolayotibdimi? Bedananing uyi yoʻq, qayerga borsa pitpildiq» deb, bormoqchi boʻlib boydan ikkita eshak olibdi. Puldor odamga bu hech gap emas, uning bola-chaqasini sotib olib joʻnatibdi.Haligi kambagʻalning boʻyi yetib qolgan Toʻlgʻon degan qizi bor ekan, buni bir kambagʻalning Pardavoy degan oʻgʻliga unashtirib qoʻygan ekan. Endi berib ketaylik desa, Pardavoyda bir koʻrpa bilan bir yostiq qilib olguday hech narsa yoʻq. Boylardan olgan pulidan qilib beray, desa oʻziga kerak boʻladi. «Kel-e» debdi. Pardavoy ham «Taqdirdan koʻrsin, taqdirga tan berib qolar. Agar qizimning taqdiri shu yoqqa tortsa, birovi bir nima berib olar. Qizimni tashlab ketsam, yovgarchilik boʻlsa, «ota-onam oʻlib ketdimi?» deb koʻngli alogʻda boʻlar, nima boʻlsa ham birga boʻlgani maʼqul», — deb janda-junda koʻrpalarini eshakka ortib, bolalarini ergashtirib, har urugʻdan joʻnagan kishilarga qoʻshilib, Oʻratepaga qarab yoʻl olibdi.Bir necha urugʻlardan chollar, beli bukchayib, qulogʻi tikrayib qolgan kampirlar ham ketib borar ekan. Necha kun yoʻl yurib, bir kun Oʻratepaga yetibdi. Oʻratepa begi bularning kelganini eshitib, sipohi odamlaridan qoʻshib, qoracherikka borgan odamlarni haydab Qoʻqon atrofiga oʻtkazib, «Qoʻqondan kelgan yovga sizlar koʻndalang!» deb qaytibdi.Qoracherikka borgan odamlar bir nechtasi yertoʻla qazib, bir nechtasi qamishdan kapa qilib: «Hay, oq uylikka ham keldik, yeb yotadigan ovqatni gʻamlab kelganmiz, boylarning pulini olganmiz, zarur boʻlsa Oʻratepaga boramiz, boʻlmasa bunda turamiz. Qoʻqonlik kelganda nima qilamiz? Hamshahar kambagʻalmiz-da. Qoʻqon xoni kelganda, qasd qilganda bizdan bitta eshak oladi-da. Bizning roʻzgʻorimizda, hoʻkiz shoxiga ilib chiqquday narsa boʻlmasa, toʻshab oʻtiradigan narsamiz yoʻq, turishimiz shu. Yovgarchilik, agar feʼli ketib beglar haydab miltiqning damiga tutib, bola-chaqa nobud boʻlib ketmasa, bir kunimiz oʻtib turar», deyishibdi. Kambagʻallar choyini qaynatib yotibdi. Oradan ikki oy oʻtibdi. Qoʻqon xoni hujumga otlanibdi.U vaqtda beshta-oʻnta yoʻriqchiga chiqkb turadigan odamlar boʻlar ekan. Shu bekning odami, moli u bekka oʻtsa, oʻlja qilib olib ketar ekan. Shunda qoʻqonlik Oʻratepaga yov boʻlibdi. «Oʻratepani olib qoʻyadi» deb, Qoʻqon xoniga qarshi chiqib, Oʻratepa begi ham saf tortib turibdi. Chodir chamanini tikib, Qoʻqon beklari nayzasini olib maydonga kiribdi.Oʻratepa begidan Ollanazar botir, bu ham maydonga kirib qoʻqonlikning koʻp botirlari bilan olishibdi. Shunda, kam-kam oʻyin qizib, qiy-chuv toʻpolon boʻlibdi. Kim oʻlib, kim qolganini bilib boʻlmabdi. Oq uyliklardan ham borgan bir necha dadilrogʻi koʻrinish berib, balandroq yerda turib, shovqin qilib yurgan yosh bolalar, ayol, bola-chaqalar koʻpi qamishning ichiga kirgan. «Odamlar bilan aralashib kirib tursam, Qoʻqon odamining koʻziga tushib qolsam, meni oʻlja qilib olib ketib qolar» deb, Toʻlgʻonoy odam bor yerdan qochib, hech kim koʻrmas deb, bir qamishzorga kiribdi. Oʻrtasiga kirgani choʻchib, biror jondorga yoʻliqib qolmayin, deb chetroqda turibdi. Qancha fursatdan keyii sibizgʻa karnayning tovushi kelibdi. Karnay tortganda yov kkki yoqqa ayrilibdi. Ovqat vaqti boʻlibdi. Shu vaqtda Toʻlgʻonoy chiqib ariqning boʻyida beti-qoʻlini yuvib, suv ichib turgan ekan, boshida zarrin dastor, belida tilla kamar, unga qilich bogʻlagan bir sipohi kelib qolibdi. Toʻlgʻonoy seskanib, badani qaltirab qoʻrqibdi. U Soʻfibek degan kishi ekan. U turib aytibdi:— Yaxshi bola ekansan, qoʻrqma. Sening oting nima?— Mening otim Toʻlgʻon, — debdi Toʻlgʻonoy. Shunda Soʻfibek aytibdi:— Toʻlgʻon ekansan, sen mendan hadik olma. Men tahorat qilib peshin oʻqiyin, sen otga qarab tur. Peshinni oʻqib boʻlgandan soʻng sen bilan gaplashib oʻzim yaxshi joyga olib boraman.Sipoh dastorlarini qoʻyib, etiklarini yechib, kamar, qurol-aslaha va kiyimlarini ham yechib tahorat qila beribdi. Toʻlgʻonoy yuragini bosib olib, shoʻxligi kelib:— Men sizning kiyimlaringizni kiyib koʻrayin, menga ham yarashar, — deb yechib qoʻygan etigini, toʻnlarini kiyib, tilla kamar bilan belini boʻgʻib, boshiga zarrin dastorini qoʻyib:— Qalay, sizday sipohi boʻldimmi? — deb unga qarabdi. Soʻfibek koʻrib:— Kiyim yarashib ketibdi, balli qaddingdan, sipohiliging mendan ham basavlat boʻlibdi. Har gap boʻlsa namoz oʻtmasin, otni ham minib tur, men namozdan qutulayin, — deb namoz oʻqishga kirishibdi. U namozga aylanganda Toʻlgʻonoy: «Bu ikki yoqlama foyda qiladigan ekan, xudojoʻylik qilib, xudoning qarzidan qutulmoqchi, Buning feʼli, namozdan qutulgandan keyin meni ham aylantirmoqchi. Endi namozdan foydalangani bas-da, buning» deb, Toʻlgʻonoy otning boshini burib, joʻnay beribdi. Otga qamchi urib, har zamon burilib qarabdi. Namoz buziladi deb, u hech qayoqqa qaramabdi. Namozdan forigʻ boʻlib, yuziga fotihani tortib, tasbeh oʻgirib, oʻrnidan tursa, ot-aslaha, Toʻlgʻon yoʻq. «Bu qayoqqa ketdi? Kulib turgan xushboʻy bola edi, biror yerda, qamishning chetida yashirinib turgan boʻlmasin» deb chet-tevaraklarni ham qarab, darak topmabdi. Otning izi Jizzax tarafiga chiqib ketgan ekan. Endi qaytib beklarning qoshiga borolmabdi. Yalangoyoq chopib, chiqib, bir balandlik yerdan qarabdi, hech daragini topmabdi. Shunda yugurib-yelib, toʻnining ikki etagini qaytarib, «Bu qanday alomat boʻldi?» deb har tomonga qarab, qanday jondor koʻrinsa soʻrab, chopib yuraveribdi. Koʻziga bir echki koʻrinibdi. «Peshinni oʻqidim echki, chordevordagi qoʻtir echki, shu yerdan Toʻlgʻon oʻtdimi?» deb soʻrabdi. Undan oʻtib, chopib borayotgan ekan, bir kampir koʻrinibdi:

Daryoda yuzadi kema,Yetti urugʻlaring tammaZingrayib turgan jon momo,Bu yerdan Toʻlgʻon oʻtdimi?Doʻmbiraning boshi burma,Shayton meni yoʻldan urma,Soʻfibekni abgor qilganToʻlgʻonjonni koʻrgan bormi?

Yugurib-yelib ancha yuribdi, koʻp abgorlikni koʻribdi, yer toʻzon boʻlib, iz bekilibdi, qayoqqa yurarini bilmay Soʻfibek sharmanda boʻlibdi. Ot-anjomidan ayrilibdi. Toʻlgʻondan quruq qolibdi. Sharmanda boʻlib qaytibdi. Koʻzidan yoshi oqib, beklar qoshiga borolmay oʻylab, sipohi tengdoshlarimga qanday koʻrinish beraman deya, yayov mazgiliga ketibdi.

Toʻlgʻon qistab mingan ottiMirzachoʻlga yoʻlni tortti.Toʻlgʻonni koʻrgan xaloyiq,Amirning mahrami depti.

Endi Toʻlgʻonoy tavakkal qilib, sipohining yoʻrgʻasini minib, oʻroqchi, mashoqchi koʻrsa, «bu amirning mahrami», deb yoʻldan chiqib, chetda turib, oʻz kayfida yoʻl yurib, «ota-onam unda qoldi, urush tarqasa, oʻlmasa, besh-toʻrt oy oʻtsa oʻzi borib qolar-da» deb, qistov bilan yoʻl yurib, yoʻl yursa ham moʻl yurib, Qoʻshbarmoqdan oʻtib, Jizzaxga yaqinlashib yetib qolibdi. Koʻnglida: «Endi saroyda, har joyda qoʻnib yotmayin. Bu otu apjom bilan koʻrgan odam meni tek odam demas, bu Jizzax begining qoʻrgʻoniga kirib, arkning ostida, jilovxonasiga roʻpara boʻlib koʻrayin», deb gavjum qoʻrgʻonning darvozasidan kirdi. Sipohlar koʻrib «Ot yoʻl tortib, ter qotib kelgan, bu Muzaffarxonning mahramidir», deb koʻrgandan oldiga yugurib, xizmat qilib, bekka xabar beribdilar. Bek kelib koʻrinib ketibdi. Joyni orasta sozlab, har turli taomlar tortib, xizmat qilib, shu kecha kutibdi. Bek soʻrabdi:— Qay tarafdan kelayotibsiz?Toʻlgʻonoy aytibdi:— Oʻratepa begi bilan Qoʻqon xonining urushi bor ekan, arza olib borib, shularning urushini bosib, tinchlik berib kelayotibman.Erta bilan choyni ichib boʻlgandan soʻng otini tayyorlab, otiga mindirib, bek odam qoʻshib, Jizzaxning Garimjoʻsh togʻidan oshirib, soy ichiga katta yoʻlga tushirib qoʻyibdi.Toʻlgʻonoy qistab yoʻl yurib, Yangiqoʻrgʻonga bir tushib oʻtib, Oqtepaning bozori qizigan vaqtda, kun ogʻayin deganda bozorga kirib boribdi. Oqtepani aylanib koʻrib, qassoblik, gʻalla bozorlarida otliq yurib ekan, samovarchilikda odamlar gap qilibdi. «Bu amirning mahrami nimaga kelib, ot ustida hamma yerni koʻrib yuribdi, bir gap bormikan?»Qayoqqa qarab yursa, odamlar nima voqsa ekanini bilmay, tomosha qilib yuribdi, lekin u hsch kimga, hech narsa gapirmabdi.Peshin vaqtida bozordan qaytibdi. «Bu odam qayerga boradi» deb, hammaning koʻzi bu sipohida boʻlib yuribdi. Borib-borib bir Pardavoy deganning yomon hovlisiga kiribdi Odamlar aytibdi: «Bu Pardavoy kambagʻal bir ish qilgan ekan-da, hech kimdan soʻramay, shuni izlab yurgan ekan-da».Toʻlgʻonoy hovlisiga kirgan hamono, Pardavoy koʻrib, koʻzi tushgandan, «endi oʻldim» deb, somonxonaning toʻriga kirib, chirik somonga oʻzini koʻmib, «topmay ketar-da» deb, damini chiqarmay yotibdi. Shunda Toʻlgʻonoy:— Pardavoy uydami? — deb tomning oldiga yetibdi. Yon yoqda odamlar qarab turibdi. Qari enasi bor ekan, uydan chiqib:— Bolam, Pardavoyda nima ishingiz bor, ikki oycha boʻldi, Pardavoy oʻroqchilik, mashoqchilik qilib ketdi, «bir shum ovqatni oʻtkazaman», deb yurgandir, — deb kampir qoʻrqib, dam-badam, — nima qilasiz? —  deb soʻrayveribdi.Toʻlgʻonoy otdan tushibdi. Otni oʻzi boylab, uyga kirmoqchi boʻlibdi Kampirning ham xayoli kochib: «Bir balo boʻldi, bizga bu kun ham koʻp ekanmi?» deb turibdi. Toʻlgʻonoy bir qoziqqa kamar, qilichlarini osib qoʻyibdi. Soʻfibekdan kiygan kiyimlarinikg hammasini yechib tashlabdi.— Mana men kimga oʻxshayman? —  deb soʻrabdi. Kampir qarasa Toʻlgʻonoy ekan.— Toʻlgʻonoymisan? — deb kampir Toʻlgʻonoyni bagriga bosib, koʻrishib eshikka chopib chiqib:— Ho Pardavoy, Toʻlgʻonoy kelib qoldi, sipohi emas ekan, — debdi. Buni eshitib:«U nega kelsin, meni aldab chaqirayotgandir. Ayol shunday boʻladimi, yonboshida qilichi osilgandi», deb quloq solib yotibdi Onasi borib, ustidan somonni supurib tashlab, Pardavoyning qoʻlidan ushlab:— Chiqib koʻr, ketgan davlating, Toʻlgʻonoy kelibdi, — debdi.Undan keyin Pardavoy, onasi bilan chiqib koʻrsa, boyagi ot boyliqli turibdi. Ketgandan beri qoʻli ishga bormay yurar ekan. Endi Toʻlgʻonoyni koʻrib, vaqti xush boʻlibdi. Enasi turib:— Toʻlgʻonoy keldi, besh-toʻrt tanga puling bormi? Bozorga borib bir narsa xarajat qilib kelsang. Kambagʻalchilik, hech narsaning tayini yoʻq, — debdi. Kambagʻalning ahvoli bir-biriga maʼlum boʻladi. Bular tashvishga tushib qolganini koʻrib, Toʻlgʻonoy:— Bizning otni olib borib, oʻtishiga bozorga soting. Undan keyin pulini xarajat qilavering, — debdi. Bu soʻzni eshitib, Pardavoyning dimogʻi chogʻ boʻlib, otni minib, ot bozorga borib, oʻtishiga otni sotibdi. Xarajat qilib, uyiga kelibdi. Koʻrpa-toʻshagiga kerakli narsalarni ham olib kelibdi. Hamma kam-koʻstini sozlab: «Toʻlgʻonoyning nikohi hammaga maʼlum boʻlsin» deb, bir kichikroq toʻy qilib, besh-oʻn odamga osh beribdi.Shunday qilib Pardavoy bilan Toʻlgʻonoy murod-maqsadiga yetibdi.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!