Bir dehqon qoʻsh haydab turgan ekan, podshoning qushbegisi ot minib katta yoʻldan oʻtib qolibdi. Dehqonga koʻzi tushib:— Hormang!
— debdi.Dehqon eshitsa ham oʻzini eshitmaganga solib, «xoʻsh, jonivor!» deb hoʻkizlarini qaytarib, yerni hayday beribdi. Bek: «Qulogʻi karmi buning, nega indamaydi yoki bu chol meni pisand qilmayaptimi», deb oʻylabdi va yana unga qattiqroq: «Hormang!» debdi. Dehqon boshini bir qimirlatib, yana ishini davom ettiraveribdi. Bek gʻazablanib joʻnab ketibdi. Qoʻrgʻonga borib, xizmatkorlariga buyruq beribdi.
— Boringlar, oʻsha dehqonning qoʻlini orqasiga bogʻlab, shu yerga haydab kelinglar!Girandalar dehqonni ushlab, qoʻlini orqasiga bogʻlab, bek qoshiga olib kelishibdi. Dehqon bekni koʻrib:— Assalomu alaykum, bor boʻling, bor boʻling, — debdi. Bek:— Ey ahmoq chol, qoʻling orqangga bogʻlandi, oldimga kelding, endi oʻlishingni bilding. Dalada ikki marta «Hormang», desam ham «Bor boʻling», demading, — debdi.Shunda dehqon:— Taqsir, oʻsha vaqtda ekadigan yerimning obi-tobi joyida edi, bor boʻling, deyishga ham vaqtim yoʻq edi. Bir tobidan qochmasin, dedim.
Endi oldingizga keldim, qancha «bor boʻling» kerak boʻlsa, ola bering — debdi.
— Bir botmon yerdan qancha gʻalla olasan?
— debdi bek. Dehqon:— Taqsir, agar ikkita yaxshi hoʻkizim, bir xizmatkorim boʻlsa, bir botmon yerdan ikki yuz botmon gʻalla olaman, — debdi.Bek:— Agar bir botmon yerdan ikki yuz botmon gʻalla olsang olganing, boʻlmasa, boshing oʻlimda, moling talovda, — debdi-da, bu soʻzni xatga yozib, muhr bostirib beribdi.Ana endi dehqon bir botmon yerni moʻljallab, tizza boʻyi qilib haydatibdi, tuprogʻini almashtirib tobiga keltiribdi. Dehqon yerga oq joʻxori ekibdi. Joʻxorilar ikki quloq boʻlganda orasiga lavlagi ham sepibdi.
Lavlagi dum tortibdi, har bir lavlagi tagiga chelak-chelak goʻng solibdi. Lavlagi barg chiqarganda, bitta qoʻymay barglarini yulib olibdi. Joʻxori ham yetilib shamol boʻlsa, takalagi bir-biriga urilib shovillay boshlabdi. Lavlagining har bittasi koʻzaday-koʻzaday boʻlib yetilibdi. Dehqonning hosili yetilib tayyor boʻlibdi. Bek va amaldorlari kelib:— Qani, dehqon, bir botmon yerdan ikki yuz botmon hosil olganingni koʻrsat-chi!
— debdi.Dehqon oq joʻxorini yigʻib, yanchib, oʻlchatib qarasa, yuz botmon chiqibdi.
Shunda bek:— Ikki yuz botmon hosil olaman degan eding-ku, qani qolgan yuz botmon hosil?
— debdi.Dehqon:— Shoshmanglar, hozir ekinimning bolasini oldinglar, onasi hali yerda yotibdi, — debdi.Bekning xizmatkorlari lavlagini yigʻib olib qarashsa, har qaysisi koʻzaday-koʻzaday kelar emish. Ularni oʻlchashsa ikki yuz yigirma botmon chiqibdi. Bek dehqon oʻz moʻljalidan ziyoda hosil olganini koʻrib, alamiga chidolmay, gʻazablanib:— Sen shuncha hosilni nima qilasan, bu hosil beklikka kerak, — debdi va xizmatkorlariga:— Bu hosilning uchdan biri qoldirilib, qolgani qoʻrgʻonga olib ketilsin!
— deb buyuribdi.U otini minib, qoʻrgʻon tomonga qarab joʻnabdi. Dehqon moʻl hosil olish yoʻlini bilsa ham, oʻz mehnatining natijasidan mahrum boʻlib qola beribdi.