← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
DonishmandlikBolalar uchunSehrliPodsholarDehqonlarMehr-oqibatAql-zakovatTabiatTijorat

Donishmand choʻpon

919 soʻz

Oʻtgan zamonda bir podsho boʻlgan ekan. U hamma narsadan ham otni yaxshi koʻrar ekan.

Kunlardan bir kun, podsho otxonaga kirib qarasa, otlari ancha oriqlab qolgan emish. Podsho otboqarini chaqirib:— Otlar nima uchun oriqlab qoldi?

— deb soʻrabdi. Otboqar podshoning gʻazabidan qoʻrqib:— E janobi oliylari, otlaringiz bir necha kundan buyon yem-beda yemay, zoʻr berib kishnaydilar. Shahardan chetroqda boshqa otlar boʻlsa kerak. Oʻsha otlarning ovoziga bular beda yemasdan qoʻygan boʻlsalar kerak, deb oʻylayman, — debdiPodsho oʻng qoʻl vazirini chaqirib:— E dono vazir, navkarlar bilan shahar tashqarisiga chiq, boshqa otlarni kishnab otlarimning tinchligini buzmaydigan qilib kel!

— debdi. Vazir podshoga taʼzim qilib:— E, podshohim, farmoningiz bekamu koʻst oʻz yerida qaror topgay, — deb navkarlari bilan shahardan tashqariga chiqib ketibdi, yurib-yurib, shahardan yigirma-oʻttiz chaqirim narida boʻlgan bir toqqa yetibdi. Toqqa chiqib koʻrsalar, bir choʻpon yilqilarini oʻtloqqa qoʻyib, oʻzi bir katta xarsang toshning ustida choʻzilib yotgan emish. Vazir choʻponning oldiga borib:— E, ahmoq choʻpon, hamma yilqilaringni oʻtloqqa qoʻyib yuborib, kishnatib, ularning ovoziga mast boʻlib yotibsan.

Shaharda boʻlsa sening otlaringning kishnashini eshitib, podshoning otlari beda yemay ozib qolmoqda. Men senga tezda otlaringning ogʻizlarini bogʻlab qoʻyishni buyuraman. Agarda buyrugʻimdan boʻyin tovlar ekansan oʻzingni jallodga, otlaringni podshoga tortiq qilaman, — debdi.Choʻpon hayron boʻlib, noiloj vazirning aytganlarini qilishga majbur boʻlibdi, yilqilarning ogʻizlarini latta bilan bogʻlabdi.

Keyin otlarini bu falokatdan qutqazish yoʻlini oʻylab, u bir qarorga kelibdi. Yaylovda yurgan bir katta tuyani va soqoli ikki qarich keladigan bir takani ushlab kelib, dadasidan qolgan bir eski kamon bilan oʻqlarini olib, shaharga qarab ravona boʻlibdi. Choʻpon shahar qalʼasidan ichkariga kirib, rastaga boribdi. Rastada nogʻora chalib oʻtirganlarning nogʻorasini otib yora beribdi. Nogʻorachilar choʻponning bu ishidan sarosimaga tushibdilar, oʻrdaga borib choʻponning ustidan arz qilibdilar.

Podsho oʻz yonidagi vaziriga choʻponni ushlab, huzuriga keltirishni buyuribdi. Vazir navkarlar bilan shahar bozoriga borib qarasa, tuyaga minib, bir takani oʻngarib olgan bir choʻpon yigit duch kelgan nogʻorani kamon bilan otib yorayotgan emish. Vazir navkarlariga:— Bu beboshni ushlanglar!

— deb buyuribdi. Navkarlar choʻponni tuyadan tushirib, qoʻlini orqasiga bogʻlab, tuyasi bilan takasini yetaklab, podsho huzuriga olib kelibdilarPodsho choʻpondan:— Sen kimsan, nima uchun shahar nogʻorachilarining iogʻoralarini otayotibsan?

— deb soʻrabdi.Choʻpon:— Men shahar yaqinidagi togʻda yashovchi xalqdan elchi boʻlib keldim, — debdiPodsho choʻponning ustidagi eski choponiga, oyogʻidagi yirtiq chorigʻiga tikilib, elchiligiga ishonmabdi:— Elchilik qilishga sendan boshqa tuzukroq odam yoʻq ekanmi?

— debdi. Choʻpon hayron boʻlib, podshodan soʻrabdi:— Sizga qanday tuzukroq odam kerak? Men ham oyoq-qoʻlli odamman-ku, — debdi. Podsho gʻazablanib:— Men sendan kiyimi yangiroq, boʻyi balandroq, soqoli uzunroq odam yoʻq edimi, deb soʻrayapman, — debdi. Choʻpon javob berib:— Sizga boʻyi baland, kiyimi yangirogʻi kerak boʻlsa, mana mening tuyam, u yaqinda tullagan, boʻyi ham baland. Agarda soqoli uzunrogʻi kerak boʻlsa, mana mening takam, naq soqoli ikki qarich. Agar sizga aqlliroq odam kerak boʻlsa, mana mening oʻzim.

Menga har qancha savolingiz boʻlsa beravering, — debdi.Podsho choʻponning bu javobidan keyin:— Hay mayli, boʻlmasa sen elchi ekansan, nima uchun shahardagi nogʻoralarni yorib tashlading?

— deb soʻrabdi.Choʻpon:— Shaharingizda har kuni nogʻora chalinadi. Nogʻora ovoziga bizning yaylovdagi yilqilarimiz hurkib, tek turmay qoʻydilar. Nogʻoralarning ovozini oʻchirsam zora yilqilarim tek tursalar, deb koʻringan nogʻoralarni yora berdim, — debdi.Podsho choʻponning javobidan kulib:— Shahardan yigirma-oʻttiz chaqirim uzoqda boʻlgan otlarning nogʻora ovoziga tek turmasliklari hech aqlga toʻgʻri keladimi? Bu boʻlmagan gap, — debdi. Choʻpon ham podshodan:— Shahardan yigirma-oʻttiz chaqirim narida boʻlgan otlarning kishnashiga shahardagi otlarning beda yemasdan oriqlashlari hech aqlga toʻgʻri keladimi?

— debdi.Podshoning oʻng qoʻl vaziriga bergan buyrugʻi esiga tushibdi. Bu choʻponni soʻz bilan yenga olmasligiga aqli yetib, choʻponga:— Tila tilagingni!

— debdi. Choʻpon:— Agar loyiq koʻrsangiz, menga shu shahardan besh hoʻkiz terisidek yer bersangiz, — debdi.Podsho choʻponning tilagini nazariga ilmay, munshisiga qarab:— Bu choʻponning nomiga mening tarafimdan «besh hoʻkiz terisidek yer berilsin», deb vasiqa qilib ber!

— debdi.Munshi vasiqa yozib muhrlatib beribdi. Choʻpon vasiqani olib uyga qaytibdi.Choʻpon oʻzi singari uch-toʻrtta doʻstini yigʻib, ularga boʻlgan voqeani aytib berib, soʻngra:— Endi men bir ish qilaman, hamma hayron qoladi, — debdi. Choʻponning oʻrtoqlari:— Qanday ish qilmoqchisan?

— deb soʻrabdilar. Choʻpon:— Hammamiz bir boʻlib, beshta hoʻkiz topishimiz kerak.

Soʻngra men sizlarga qiladigan ishimni aytaman, — debdi. Choʻponlar bittadan hoʻkiz olib kelibdilar. Beshta hoʻkizni soʻyishibdi. Terilarni bir chekkasidan kanop ip qalinligida qilib qirqibdilar. Teri iplar tayyor boʻlgandan keyin, iplar bilan birga bir qancha qoziqchalar olib shahar qalʼasiga kelishibdi. Qalʼa boʻylab qoziqlarni qoqib qoziqlarga teri iplari bogʻlab, shaharni aylantirib chiqibdilar.

Besh hoʻkiz terisidan qilingan ip shaharni aylantirib chiqishga yetibdi-yu, shu bilan tamom boʻlibdi.Choʻpon oʻrtoqlari bilan shu ishlarni qilib boʻlgandan keyin qoʻliga podsho tomonidan berilgan vasiqani olib, podsho oldiga boribdi. Choʻpon taʼzimni bajo keltirgach, podshoga qarab:— Ey podsho, oʻz farmoningizdan qaytmaysizmi?

— debdi. Podsho:— Muhrim boʻlsa qaytmayman, — debdi. Choʻpon qoʻlidagi vasiqani koʻrsatib:— Mana shu vosiqaga binoan shu shahar butun xalqi bilan meniki boʻldi, — debdi.Podsho hayron boʻlib:— Bu soʻzni qanday asos bilan aytasan?

— debdi. Choʻpon javob berib:— Agar mening asosimni oʻz koʻzingiz bilan koʻrishni istasangiz men bilan shahar tashqarisiga chiqing, — debdi.Podsho choʻponning soʻzini qabul qilib, butun amaldorlari bilan shahar qalʼasiga chiqibdi. Podsho choʻponga.

— Qani, asosingni koʻrsat?

— debdi.Choʻpon podshoni boshlab shahar qalʼasini aylantirib, teridan qilingan iplarni koʻrsatib, shaharni aylanib chiqqanlaridan soʻng, oʻrtoqlariga hamma teri iplarni yigʻishtirib chiqishni buyuribdi. Oʻrtoqlari iplarni yigʻishtirib kelgandan soʻng, choʻpon har bir hoʻkiz terisining rangiga qarab boshqa-boshqa qilib ajratib, teri iplarni qirqilib olingan joylariga qoʻyib, har bir hoʻkiz terisini oʻz holiga keltirib podshoga koʻrsatibdi.

Podsho choʻponning aqliga qoyil qolib, oʻzining bergan vasiqasini qaytarib olishga amaldorlardan uyalib, choʻponga:— Bor, senga shu shaharni berdim, — deb oʻzi shahardan choʻl tomonga chiqib ketibdi. Podsho amaldorlari oʻsha yerda choʻponga podsholik tojini kiydirib, karnay-surnaylar chaldirib, oʻrdaga kelishibdi.

Shunday qilib choʻpon shaharga podsho boʻlibdi. Yordamlashgan toʻrtta choʻponni oʻziga yordamchi qilib, ularni yaramas amaldorlar oʻrniga tayinlabdi. Zindonda yotgan begunoh kambagʻallarni ozod qilibdi. Oʻzi odil podsho boʻlib, murod-maqsadiga yetibdi.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!