← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunPodsholarOila

Mulla Tappak

575 soʻz

Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, bir chol bilan kampir bor ekan. Ularning turmushi juda ham xarob ekan. Bir vaqtga kelib chol bilan kampir uch kun och qolibdi. Kampir ochligiga chidolmay, qoʻshnisinikiga chiqib, qornini toʻygʻazib eri esiga tushib, bir burda non olib chiqibdi. Nonni eriga bera turib shunday debdi:— Endi, siz ishlamasangiz, men ishlamasam, nima qilishimizni ham bilmay qoldim.Kampir oʻylanib turib:— Siz oʻqimagan boʻlsangiz ham, men sizni domla qilaman, bugundan boshlab boshingizga salla, qoʻlingizga uzun tasbih va bitta gʻishtni chorsiga oʻrab, sizni sandalga oʻtqazib qoʻyaman, siz boʻlsangiz sandalda oʻtirib, tasbihni qoʻlingizga olib, ogʻzingizni pichirlatnb oʻtira bering, — debdi.Kunlarning birida qoʻshnisining bolasi ogʻrib qolibdi va bolasini koʻtarib, qoʻshnisinikiga chiqibdi.

U joyda, sandalda bir odam boshiga oppoq sallani oʻrab, qoʻliga tasbihni olib, hadeb pichirlab oʻtirgan emish. Bola koʻtargan xotin cholni koʻrib qolibdi-da, uning xotinidan soʻrabdi:— Qoʻshni, pochcham domlami?

— debdi. Xotin esa:— Voy, endi bildingizmi? Mening erim juda ham katta domla-yu, uning domlachiligini hech kim bilmay yurar edi, — debdi.

Shunda qoʻshnisi turib:— Boʻlmasa aytib koʻring-chi, mening bolamga dam solib qoʻymasmikinlar?

— debdi.Haligi oʻtirgan domla bolani olib dam solibdi.

Shu iayt yigʻlab turgan bola tinchib qolibdi, bolaning onasi juda ham xursand boʻlib domlaga pul berib, chiqib ketibdi. Ertasiga bu gap butun qishloqqa tarqalibdi.

Shu kundan boshlab dam solgan cholga «Mulla Tappak» deb nom qoʻyishibdi.Er-xotin juda ham yaxshi turmush kechira boshlashibdi.Kunlardan bir kun podsho qoʻlidagi uzugini yoʻqotib, vazirini chaqirtirib:— Mening yoʻqolgan uzugimni qanday boʻlmasin topib berasan, boʻlmasa boshing oʻlimda, — debdi.Shundan soʻng vazir nima qilishini bilmay, butun domlalarni chaqirtirib, podshoning uzugi yoʻqolganini va uni qanday topish yoʻlini soʻrabdi, lekin hech kim uzukni topolmabdi.

Shunda podsho shaharda bu domlalardan boshqa domla qolmadimikan, deb vazirdan soʻrabdi.

Shunda vazir turib: «Bitta «Mulla Tappak» degan domla qoldi, undan boshqa hech kim qolgani yoʻq», debdi. Buni eshitgan podsho «Mulla Tappak» domlani chaqirtirib, oʻzining yoʻqolgan uzugi toʻgʻrisida aytib: «Agar shu uzukni topmasang, seni oʻldiraman, buni topish uchui senga uch kun muhlat beraman, topsang ham topasan, topmasang ham topasan», debdi.

Shunda «Mulla Tappak» domla nima qilishini bilmay: «Boʻlmasa meni bitta uyga olib kiringlar va uch kun mening oldimga hech kim kirmasin», debdi.

Shunday qilib «Mulla Tappak», domla shu uyda ikki kun oʻtiribdi. Uchinchi kuni domla juda ham xayol surib: Baribir meni podsho oʻldiradi, deb oʻylanib oʻtirgan, vazir boʻlsa u vaqtda qani domla nima qilyapti ekan, deb poylab yurgan ekan.Domla nima qilishini bilmay oʻrnidan turib, ikki qoʻlini koʻkragiga qoʻyib: «Voy jon, voy jon, endi sen tutilding», deyotganmish.

Vazir uni koʻrib, qoʻrqib ketibdi va: «Endi uzukning mendaligini va otimni ham topdi, agarda men uning oldiga kirib aytmasam, podsho bilib meni oʻldiradi», deb oʻylab shoshilib domlaning oldiga kirib oʻzini tanitibdi. Vazirning ismi «Voyjon» ekan. Voyjon butun voqeani aytib, uzukni «Mulla Tappak» domlaning qoʻliga berib:— Endi nima qildik, qanday qilib uzukni podshoning qoʻliga beramiz, — deb maslahat soʻrab turganda, domla xursand boʻlganidan nima qilishini bilmay: — Podshoning tovuqlari bormi?

Siz menga bir belgili tovuqnn olib kelib bering, oʻzim toʻgʻrilayman, — debdi.Vazir bir tovuqni olib kelib, «Mulla Tappak» domlaning qoʻliga topshiribdi. Domla uzukni nonning ichiga oʻrab tovuqqa berib, tovuqni boshqa tovuqlarning ichiga qoʻshib yuboribdi. Ertasiga podsho domlani chaqirtirib, uzukni soʻrabdi.

Shunda domla:— Uzugingiz parrandalar suratida oʻtyapti, agarda mumkin boʻlsa, siz butun parrandalaringizni koʻz oldimdan oʻtkazsangiz, — debdi.Podsho butun parrandalarini domlaning oldidan oʻtkazibdi, shunda belgilangan tovuq kelganda, domla, xuddi shu tovuqni ushlanglar, deb tovuqni soʻyishga buyuribdi. Tovuqni soʻyib, jigʻildonini yorib, qarashsaki, podshoning uzugi chiqibdi. Podsho uzugini koʻrib, koʻp xursand boʻlib, «Mulla Tappak» domlaga koʻp pul berib, uyiga joʻnatibdi.

Shu bilan «Mulla Tappak» domla xotini bilan bon boʻlib, yaxshi turmush kechira boshlabdi.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!