Qadim zamonlarda Buxoroning bir podshohi boʻlib, uning molu dunyosi koʻp ekan. Farzandlari ham ancha ekan. Podsho kayfu safoni, oʻyin-kulgini yaxshi koʻrar, uning saroyida sonsiz hofizlar, cholgʻuvchilar, qiziqchilar ham bor ekan. U, biror joyga borguday boʻlib qolsa, ahli sanʼatni ham oʻzi bilan olib yurar ekan. Sanʼatkorlar ichida keksa bir chol ham bor ekan. Bu cholni kishilar Arab laqqi deb atashar ekan.
Arab laqqi ham boshqa sanʼatkorlar qatorida birga yurar va podsho soʻragan vaqtda, bir-ikki kalima kulgili latifa aytib, oʻtirgan kishilarni kuldirib qoʻyar ekan, xolos. Soʻramasa, eshik yonidan nari ketolmay, podsho soʻzini kutib oʻtirar ekan. Arab laqqining kiyishga kiyimi, yeyishga ovqati ham boʻlmagani uchun u borgan joylardagi «aziz» mehmonlar oldidan ortgan oshni non orasiga qoʻyib, uyida kutib oʻgirgan kampiriga keltirar ekan. Chol bilan kampir nihoyatda kambagʻal va qashshoq holda yashar ekanlar.
Ularni kishilar na toʻyga, na tomoshaga va na maʼrakaga aytar ekanlar. Buning ustiga parvardigor biror farzandni ham ravo koʻrmabdi. Chol bilan kampir uyda oʻtirganlarida uzoqdan-uzoq hasratlashib dardlashar ekanlar.Arab laqqi kunlarning birida podsho va uning mulozimlari bilan juda uzoq yuribdi, charchaganidan butun koinotga laʼnatlar oʻqibdi. Uning hayotdan noroziligi toʻgʻrisidagi xabar podshoga borib yetibdi.
Maishat kayfini surib oʻtirgan podsho, cholni oldiga chaqirtirib arzini soʻramoqchi boʻlganida, chol unga qulogʻini tutibdi. Atrofda oʻtirgan oʻnlab kishilar chol bilan podsho oʻrtasida boʻlib oʻtgan gapni eshitmay hayratda qolibdilar.Oradan koʻp oʻtmay chol bilan kampirning turmushlari yaxshilanibdi. Kampirni yon qoʻshnilaridan tashqari, Buxoroning koʻzga koʻringan boylari, amaldorlari toʻylariga ayta boshlabdilar. Hayitlarda allaqanday nomaʼlum kishilar chol uyiga qimmatbaho sovgʻalar keltira boshlabdilar.
Qisqa vaqt ichida Arab laqqining ombori gʻalla bilan toʻlibdi, molxonasiga sigir, qoʻsh hoʻkiz, otlar bogʻlanibdi. Chol bilan kampirning kiyimi ham shoyi boʻlibdi, shunday qilib chol bilan kampir juda boyib ketibdilar. Kunlarning birida buning xabari podshoga yetibdi. Podsho cholni oldiga yana chaqirtirib, uning boyib ketish sababini soʻrabdi. Arab laqqi shunda podshoga qarab:— Hazrat oliylari, men buning sabablarini oldin hech bilmagan edim, keyin-keyin tushuna boshladim.
Oʻzingizga malumki, mening rahmatli otam sizning rahmatli otangiz davrida xizmatkor edi, men boʻlsam yoshligimda hofizlik qilar edim, yoshim ulgʻaygach, kishilaringiz: «Tovushing buzilibdi, qaribsan», degan gaplar bilan hofizlikdan chetlashtirdilar, oxiri kunim oʻtmagach, toʻpchiboshiga arz qildim, soʻngra u meni yana davlatingiz soyasida hikoya aytib yurishga ijozat olib berdi. Ana shundan buyon yigirma yil oʻtdi. Bir marta arab hikoyasini aytganimda: «Arab hikoyalarini buzib aytadigan laqma», deyishdi.
Undan keyin nomim Arab laqqi boʻldi.
Bir kuni charchab, holdan ketib, oʻzi yaratib gʻamxoʻrlik qilmagan koinotga laʼnatlar aytganimni eshitib, sababini soʻramoqchi boʻlganingizda sizga qulogʻimni tutdim. Siz qulogʻimga shivirlab, qargʻishim sababini soʻradingiz, atrofdagi oʻtirgan kishilar bundan xavfsiradilar. Ana shu kundan boshlab qonunsiz ish qiluvchi qozingiz, hokimingizdan tortib, oddiy soliqchingizgacha menga sovgʻa bera boshladilar. Ular ikkovimizni sirdosh deb oʻyladilar va oʻzlarining gunohlarini berkitish uchun meni rozi qilib turdilar. Boʻlgan ish shu.
Kim biladi, menga oʻxshaganlar juda koʻp. Har bir kambagʻal men kabi ularni qaqshatsa-yu, soʻng sirlarini ochib uni fosh qilib tashlasa, koʻp yaxshi kunlar boʻlar edi, — degan ekan.