Bor ekan-da, yoʻq ekan, qadim zamonda bir kambagʻal dehqon oʻtgan ekan. Uning hovlisida bir tup toki bor ekan, shu tokdan olgan hosilni sotib qishin-yozin tirikchilik qilar ekan.
Bir kun dehqon betob boʻlib yotib qolibdi.
Shunda u yolgʻiz oʻgʻlini yoniga chaqirib bunday debdi:— Oʻgʻlim, mening kunim bitganga oʻxshaydi. Senga aytadigan bir gapim bor.
Shuni qulogʻingga isirgʻa qilib taqib ol. Gapim shuki, toklarimizning orasiga ikki xum tilla koʻmilgan.
Shu tillani yilda ikki marotaba — bahor ham kuzda kovlab olib, tirikchiligingga ishlat. Zora shu bilan boyib ketsang.Otasi shu gaplarni aytibdi-da, olamdan oʻtibdi. Bu payt qish ekan, bola bahorni orziqib kutibdi. Olamni gullolaga oʻrab bahor ham kelibdi. Yigit ketmonni qoʻliga olib, toklarning tagini belbogʻ boʻyi qilib kovlab chiqibdi.
Biroq oltin topilmabdi.
Shu orada toklar kurtak chiqarib yaproq yoza boshlabdi. Yigit tilla qidirishni vaqtincha toʻxtatib, tok bilan ovora boʻlib qolibdi.
Shu yili tok chunonam hosil beribdiki, yigit uni pullab tamom qila olmabdi. Kelasi yil koʻklamda ham yigit oltin qidirib bogʻning tit-pitini chiqarib yuboribdi. Yana oltin topilmabdi.Biroq bu yil tok oʻtgan yildagidan ham koʻp hosil beribdi. Yigit uni pullab juda ham boyib ketibdi.
Lekin hamon yigitning xayoli otasi aytgan oltinda ekan. U shu toʻgʻrida xayol surib oʻtirgan ekan, otasining qadrdon oshnasi kelib qolibdi. Yigit unga voqeani aytgan ekan, chol xoxolab kulibdi-da, keyin:— Bolam, otang aytgan oltinlarni olibsan-ku, — debdi.
— Otaxon, bogʻdan bir misqol ham oltin topganim yoʻq, — debdi yigit.
— Nega yolgʻon gapirasan? Boʻlmasa, bu boyliklarni qayerdan orttirding?
— debdi chol.
— Mehnat qilib topdim.
— Sen mehnatni moʻl hosil olish uchun emas, oltinni topish uchun qilding. Otang rahmatli koʻp aqlli odam edi. U senga mehnatdan unadigan oltinlarni aytgan, — debdi chol.