← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunSehrliPodsholarDehqonlarTabiatOilaTijorat

Jovur chol

683 soʻz

Bor ekan-da, yoʻq ekan, och ekan-da, toʻq ekan, burungi zamonda chol-kampir bor ekan. Dunyoda farzand yuzini koʻrmay, juda ham kambagʻal yashagan ekanlar. Chol oʻtin sotib, puliga chorak gʻalla olib kun oʻtkazar ekan. Daladan oʻtin tashiy-tashiy orqasi jovur  boʻlib ketibdi. Shuning uchun kampiri uni Jovur chol deb chaqirar ekan. Kunlardan bir kuni Jovur chol daladan sakkiz quchoq oʻtin terib, yaxshilab boʻgʻib bogʻlab bozorga koʻtarib kelayotsa, bir tulki inidan boshini chiqarib:— Jovur chol, Jovur chol, men sening oʻgʻling boʻlaman, — debdi.Jovur chol:— Ey xudoyo tavba, tulki ham gapirar ekan-da, — deb picha qoʻrqibdi.Tulki:— Chol ota, qoʻrqmang, men sizga farzand boʻlmoqchiman, — debdi.Jovur chol koʻnib:— Mayli boʻlmasam, yur uyga, — debdi. Tulki Jovur cholning oldiga chopib kelib:— Ota-ota, oʻtiningizni men koʻtaray, — debdi. Chol hayron boʻlib:«Buncha oʻtinni tulki holati bilan qanday koʻtarar ekan», deb oʻylab, oʻtinni yerga qoʻyibdi. Qarasa, tulki shuncha oʻtinni chumchuqni koʻtarganday qilib koʻtarib ketibdi, uyiga kelgandan keyin chol-kampir tulkini juda yaxshi koʻrib qolishibdi. Shu kundan boshlab tulki Jovur chol otasiga har kuni oʻtin tashib berib, bir gʻaram qilib qoʻyibdi. Bir kuni oqshomda tulki Jovur cholning qoʻynidan chiqib ketayotsa, chol unga:— Tulkicha-yu, tulkicha, tunda qayga borasan? —  debdi.

Tulki debdi:Momam uyiga boraman.

Ch o l:Momang senga ne berar?

T u l k i:Echki sogʻib, sut berar.

Ch o l:Echkisining suti yoʻq,Kadisining tegi yoʻq.

T u l k i:Meni, ota, aldamang,Borgandan soʻng bilaman.Sut boʻlmasa mayliga,Momamni koʻrib kelaman, —

deb tulki joʻnab ketibdi. Tomma-tom chiqib, hammaning moʻrisidan qarab keta beribdi Axiri, podshoning tomiga yetib, moʻrisidan qarasa, uy ichini yorugʻ qilib podshoning qizi uxlab yotganmish. Tulki qizni koʻrib oshiq boʻlib qolibdi. Yana tomma-tom sakrab Jovur chol qoshiga kelibdi. Jovur chol tulkining orqasini silab erkalatib:

Kechga qolding, tulkicham,Kech keldimi echkicham? —debdi.

T u l k i:Borib edim qidirib:Keldim momamni koʻrib,Momam boʻlibdi jinni,Qilib berdi gʻilmindi, —debdi.

Chol:Ne kelmading shungacha?Momang boʻpma jengacha?Yo boʻldimi oʻyinchi,Gʻilmindidan keyincha?

T u l k i:Momam aytdi, bor dedi,Choʻpchak terib kel, dedi.Oʻrdan terdim oʻn quchoq.Qirdan terdim qirq quchoq.Soydan-chi, sakkiz quchoq.Shuytib keldim kechga choq, —debdi.

Tong otibdi. Tulki Jovur cholga:— Ota-ota, menga xotin olib bering, — debdi.Jovur chol:— Oʻgʻlim, kimning qizini olib beray? —  debdi.Tulki:— Podsho bobomning qizini olib bering, — debdi.Jovur chol:— Oʻgʻlim, podsho bobong qizini senga berarmikan, — debdi.Tulki:— Bersa ham, bermasa ham: «Bir tulki oʻgʻlim bor, shunga qizingizni bering», deb bir soʻrang, — debdi.Jovur chol tulkini juda yaxshi koʻrar ekan. Soʻzi yerda qolmasin deb podshonikiga borib:— Podsho bobo, mening tulki oʻgʻlimga qizingizni bering.— debdi.Podshoning achchigʻi kelib:— Men senday qashshoq bilan quda boʻlmayman, oʻgʻling tagʻin tulki boʻlsa, — deb darrov jallodlarga buyurib, cholni oʻldirtirib yuboribdi.Tulki bir kun podshoning oldiga kelib:— Otam qani? —  debdi. Podsho:— Otangni oʻldirib yubordim, — debdi. Tulki bir joyga borib:— Jovur chol, Jovur chol! — deb qichqiraveribdi. Jovur cholning suyaklari u yoqdan, bu yoqdan shaldirab yigʻilib kelib tirilibdi:— Ha, oʻgʻlim, balli, meni tiriltirding, — debdi Jovur chol.Tulki yana Jovur cholni podsho oldiga yuboribdi. Bu safar ham podsho Jovur cholni: «Senday Jovur cholga qizimni berar emishmanmi, oʻgʻling tagʻin tulki boʻlsa», deb oʻldirtirib yuboribdi. Tulki yana bir joyga borib chaqirib Jovur cholni tiriltiribdi. Uch martaba tiriltirgandan keyin, podsho tulkining bunday karomatlarini koʻrib qizini tulkiga beribdi.Tulki qiz yoniga kirgandan keyin poʻstinini yechib qoziqqa osib qoʻyibdi, oʻzi chiroyli bir yigit boʻlibdi. Podshoning qizi yigitni sevib qolibdi. Tulki boʻlib yurganini yoqtirmay, bir kuni tulki uxlab yotganida poʻstinini oʻtga tashlab kuydiribdi. Tulki uygʻonib poʻstinini soʻrabdi. Xotini: «Sizning tulki boʻlib yurganingizni yoqtirmadim. Chiroyli husningizga poʻstin yarashmaydi. Shuning uchun oʻtga solib kuydirdim», debdi.Tulki:— Boʻlmasa sen menga yoʻq, men senga yoʻq, — deb chiqib ketibdi.Xotini orqasidan:— Men sizni izlasam qayerdan topaman? —  debdi.Tulki:— Meni izlab sarson boʻlma, agar juda topmoqchi boʻlsang temir choriq kiyib, temir hassa tayanib izlaysan. Hassang ignaday, chorigʻing qogʻozday boʻlib qolsa, shundagina topasan, — deb joʻnab ketibdi. Tulkining xotini ham podsholikni tark qilib temir choriq kiyib, qoʻliga temir hassa ushlab, boshiga qalandar kuloh kiyib, darvishlikni ixtiyor qilib, tulkini qidirib ketibdi. Tulkini izlay-izlay temir choriq qogʻozday boʻlibdi, temir hassa ignaday ingichka boʻlib ketibdi. Bu orada bir qancha yillar oʻtibdi. Bir togʻdan borayotsa, tulki koʻp joʻralari bilan ov ovlab yurgan ekan, xotinini koʻrib, tanib otidan tushibdi. Xotini bilan koʻrishib, soʻrashib, xotinini oʻz shahriga olib boribdi. Aslida tulki bir katta podshoning oʻgʻli ekan. U oʻz sevgani bilan qovushgach, murod-maqsadiga yetibdi.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!