← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
Hayvonlar haqidaBolalar uchunSehrliAdolatAql-zakovatTabiat

Och boʻri

435 soʻz

Bor ekanda yoʻq ekan, och ekanda toʻq ekan, bir och boʻri boʻlgan ekan.

Kunlardan bir kuni u don yeb yurgan bir xoʻrozni koʻrib qolibdi. Boʻri xoʻrozni ushlash payiga tushibdi. Xoʻroz qanotini yozib qaq-qaq, deyman deb turgan ekan, boʻri lip etib kelib xoʻrozning qanotidan tishlab olibdi. Xoʻroz koʻrsa, boʻri uni mahkam ushlab turgan emish.

Shunda xoʻroz soʻrabdi:— E boʻri, meni nima qilmoqchisan?

— Men seni yeyman, — debdi boʻri.

— Meni shundayligimcha yesang hech maza qilmaysan, yeydigan boʻlsang kashnich, piyoz bilan yeginki, dunyoda bir maza qilgin, — debdi xoʻroz.Boʻri:— Kashnich, piyozni qayerdan topaman?

— debdi.Xoʻroz:— Kashnich, piyozni shu yaqin oradagi qishloqdan topasan, sen borib kelaver, men seni shu yerda poylab turaman, — debdi. Boʻri kashnich, piyoz izlab qetishi bilanoq xoʻroz parillab uchib ketibdi.Boʻri kashnich piyozni qiynalib-qiynalib, zoʻrgʻa topib kelibdi. Qarasa, xoʻroz yoʻq emish. U yoqqa yuguribdi, bu yoqqa yuguribdi, nihoyat xoʻrozni topolmay, nochor yoʻlga tushibdi.Boʻri bir yerdan oʻtib ketayotgan ekan, bir qoʻzi oʻtlab turganini koʻribdi, sekin kelib qoʻzini ushlab olibdi.Qoʻzi:— E boʻri, meni nima qilmoqchisan?

— debdi. Boʻri:— Men seni yemoqchiman, — deb javob beribdi.

— Mening quruq goʻshtimni yeganing bilan hech maza qilmaysan, yaxshisi borib konning tuzidan olib kel, shundan keyin goʻshtimni maza qilib yeb, armondan chiqasan, — debdi qoʻzi.Boʻri qoʻzini shu yerda qoldirib, kondan tuz olib kelgani joʻnab ketibdi.

Shu paytdan foydalanib qoʻzi qochib qolibdi. Boʻri sarson-sargardon boʻlib kondan tuz olib kelsa, qoʻzi qochib ketgan emish. Qoʻzini toza izlabdi, axiri topolmay yana yoʻlga tushibdi. Boʻri keng choʻlda yugurib ketayotgan ekan, unga bir ot roʻpara kelib qolibdi. Boʻri tez-tez yurib, otning oldiga oʻtib olibdi. Ot boʻriga yaqin borib, uni iskagan ekan, boʻri chaqqonlik bilan otning tumshugʻiga yopishib olibdi. Ot xoʻp unnab koʻribdi, lekin u oʻz tumshugʻini och boʻridan ajratib ololmabdi.

Keyin ot bir hiyla qilmoqchi boʻlibdi.

— Ey boʻri, nima qilmoqchisan?

— debdi.

— Men seni yemoqchiman, — debdi boʻri.

— Unday boʻlsa, — debdi ot, — avval mening orqamga oʻt, otam oʻlmasdan avval tuyogʻimga bir nasihatnoma yozib qoldirgan edi. shu nasihatnoma senga tegishli, sen shuni oʻqib olib, soʻngra meni yeya ber, — debdi. Boʻri otning tumshugʻini boʻshatib, uning orqasiga oʻtibdi, otning tuyogʻidagi xatni oʻqiyman deb termilib, mahliyo boʻlib turgan vaqtida ot oyogʻini koʻtarib, boʻrining ogʻziga bir tepibdi.

— Ey savodsiz, xatni oʻqiyolmasang nimaga orqamga oʻtding?

— debdi ot.Haqiqatan ham boʻri savodsiz ekan. Otning qattiq tepkisidan boʻrining ogʻzida bitta ham tishi qolmay sinib ichiga ketib qolibdi. Boʻrining tumshuqlari majaqlanib esini yoʻqotib gangib qolibdi, bir vaqt hushiga kelibdi. Boʻri aqlini rostlab oʻziga-oʻzi taʼzir berib debdi:— Koʻrdingki xoʻroz, senga kim qoʻyibdi kashnichu piyoz, koʻrdingki qoʻzini, senga kim qoʻyibdi konning tuzini, koʻrdingki ot, yeb yonida yot, xat bilmasang ketiga oʻtib mirza boʻlishing uyat, — deb aljirab-aljirab oʻlib qolibdi. Xoʻroz, qoʻzi va ot dushmandan qutulib qolishibdi.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!