← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
Hayvonlar haqidaBolalar uchunPodsholarTabiatOilaTijorat

Tulkiboy

681 soʻz

Bir kuni tulkiboy changalzorda ovqat qidirib yurib, bir angishvona topib olibdi. Tulkiboy yurib-yurib bir kampirning uyiga kelib qolibdi.Kampirni koʻrib:— Ona, senga shu angishvonani ertagacha qoldirib ketaman, ertalab kelib olaman, — deb chiqib ketibdi. Oʻzi eshikning tirqishidan kampirning angishvonani qayerga qoʻyganini koʻrib olibdi. Tulkiboy kampir uxlagandan keyin sekin uyga kirib angishvonani qoʻygan joyidan olib chiqib ketibdi. Ertasi kampir shoshib-pishib qatlama pishirib turganda, Tulkiboy kirib kelibdi.

— Ona, kechagi omonat qoldirib ketgan angishvonani bering, — debdi.Kampir yugurib uyga kirib, angishvonani qoʻygan joyidan topa olmabdi.

— Tulkiboy, angishvonang qoʻygan joyimda yoʻq, yoʻqolib qolibdi, —debdi.Tulkiboy:— Topib berasiz, topib bermaganingizga qoʻymayman, — debdi.Kampir:— Yoʻqolgan narsani qayerdan topib beraman, oʻrniga qirq qatlama beraman, — debdi.Tulkiboy «xoʻp» deb, qirqta qatlamani olib tashqariga chiqqanidan keyin:«Bir angishvona, bir angishvonaga qirq qatlama» deb joʻnabdi. Yoʻlda ketayotsa, bir oq echki boqib yurgan kampirni koʻribdi. Tulkiboy kampirga:— Ona, shu qirqta qatlamani ertagacha omonat olib qoʻying.

Ertalab kelib olaman, — debdi.Kampir qirqta qatlamani uyiga olib kirib koʻrpaning qatiga bekitib qoʻyibdi Tulkiboy yana eshik tirqishidan moʻralab turib qatlama qoʻyilgan joyni koʻrib olibdi. Kampir kechasi uxlaganda kelib, sekin kampirning uyiga kirib qirqta qatlamani bitta ham qoldirmay yeb ketibdi.Ertasi ertalab kelib:— Ona, kechagi omonat qoldirib ketgan qirq qatlamani olib bering, — debdi.Kampir uyiga kirib koʻrpasining qatini qarasa, bitta ham qatlama qolmabdi.

Kampir:— Tulkiboy, qoʻygan joyimdan qatlamalaring yoʻqolib qolibdi, — debdi.Tulkiboy:— Topib berasiz, topib bermaganingizga qoʻymayman, — debdi. Kampir tulkiboydan qoʻrqib:— Bisotimda bir donagina oq echkim bor, qirq qatlamang oʻrniga shuni berayin, — debdi.Tulkiboy oq echkini yetaklab, xursand boʻlib:«Bir angishvona, bir angishvonaga qirq qatlama, qirq qatlamaga oq echki» deb joʻnabdi.Tulkiboy oq echkini yetaklab ketayotsa, bir nor tuya boqib yurgan cholni koʻribdi.

Tulkiboy cholga yaqin kelib:— Ota, ertagacha mana shu echkini sizga omonat qoldirib ketaman, ertaga kelib olaman, — debdi.Chol «xoʻp» deb echkini hovlisiga olib kirib bogʻlab qoʻyibdi. Kechasi chol uxlaganida tulkiboy kelib, oq echkini yeb, terisini qoldirib ketibdi. Ertasi tulkiboy cholning oldiga kelib:— Ota, kecha qoldirib ketgan omonat oq echkini bering, — debdi.

Chol tulkiga:— Kechasi echkini boʻri yeb, terisini qoldirib ketibdi, — debdi.Tulkiboy:— Echkini topib berasiz, topib bermaganingizga qoʻymayman, — debdi.Chol:— Bisotimda birgina nor tuyam bor, oq echkining oʻrniga beraman, — debdi.Tulkiboy nor tuyani yetaklab: «Bir angishvona, bir angishvonaga qirq qatlama, qirq qatlamaga oq echki, oq echkiga nor tuya» deb, xursand boʻlib joʻnabdi.Tulkiboy nor tuyani yetaklab yurib, qizi bilan ip yigirib oʻtirgan kampirga uchrabdi.

Tulkiboy:— Ona, mana shu nor tuyani ertagacha sizga omonat qoldirib ketaman, erta bilan kelib olaman, — debdi.Kampir nor tuyani hovlisiga olib kirib bogʻlab qoʻyibdi. Kechasi kampir uxlaganda, tulkiboy nor tuyani hovlidan olib chiqib, bir changanlzorga olib borib qoʻyibdi, ertasi kampirning oldiga kelib:— Ona, kechagi qoʻyib ketgan omonat nor tuyani bering, — debdi.

Kampir qarasa, nor tuya bogʻlangan joyida yoʻq, axtarib topa olmabdi.Tulkiboy:— Topib berasiz, topib bermaganingizga qoʻymayman, — debdi.Kampir tulkidan qoʻrqib:— Nor tuyang oʻrniga berishga hech qanday molim yoʻq. Birgina oydin qizim bor, ona-bola ip yigirib kun kechiramiz, — debdi.Tulkiboy:— Nor tuyam oʻrniga shu oydin qizingizni bering.

Bermasangiz, ona-bola ikkovingizni ham yeb ketaman, — debdi.Kampir nochor, noiloj, yolgʻizgina oydin qizini tulkiboyga beribdi.Tulkiboy oydin qizni olib xursand boʻlib kampirga qarab: «Bir angishvona, bir angishvonaga qirq qatlama, qirq qatlamaga oq echki, oq echkiga nor tuya, nor tuyaga oydin qiz» deb, oydin qizni qopga solib, qopning ogʻzini boʻgʻib, orqasiga koʻtarib joʻnabdi. Bir toʻqaydan oʻtib ketayotsa, uzoqdan itini yetaklab kelayotgan bir ovchi koʻrinibdi. Tulkiboy orqasidagi qopni yerga qoʻyib, oʻzi bekinibdi.

Ovchi kelib qopni ochib qarasa, ichida bir qiz oʻtirgan ekan. Ovchi qopdan qizni chiqarib olib, qiz oʻrniga itini qopga solib ogʻzini boʻgʻib boylab qoʻyibdi. Ovchi ketgandan keyin tulkiboy kelib «ovchidan qutilib qoldim» deb suyunib, qopni orqalab joʻnabdi Yoʻlda ketayotsa, qopning ichidan ovoz chiqibdi. Tulkiboy: «Yigʻlama oydin qiz, yigʻlama, hozir uyga yetamiz» deb, qadamini ildam tashlab uyga yetib kelibdi. Qopning ichidan yana ovoz kelibdi. Tulkiboy: «Oydin qiz, qopning ichida zerikkanga oʻxshaysan.

«Bir angishvona, bir angishvonaga qirq qatlama, qirq qatlamaga oq echki, oq echkiga nor tuya, nor tuyaga oydin qiz chiq!» deb qopning ogʻzini ochibdi. Qopning ichidan quloqlarini shalpaytirib ovchining iti chiqibdi. Oydin qiz chiqishini kutgan tulkiboy ovchi itning haybatini koʻrib qochib ketibdi. It tulkining ketidan quvlab ketibdi. Tulki oʻzini bir shudgor tomonga olibdi. Tulki yugurib ketayotib quyon tutish uchun qoʻyilgan qopqonga tushib qolibdi. Qopqonning egasi kelib tulkining terisini shilib olibdi.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!