Oʻtgan zamonda bir faqir er-xotin boʻlar ekan. Ularning bisotida faqatgina bitta echkisi bor ekan. Echkisiga har kuni bir siqim quruq xashakni berib, yelinlariga mushtlab kuniga bir kosa sut sogʻib olishar ekan. Ularning kunlik ovqati shu bir kosa sut bilan oʻtar ekan. Lekin bechora echkiga har haftada bir kun dam berishar ekan. Echki shu dam oladigan kuni boʻshalib borib, erkin tirikchilik qilar ekan.Echki erta bahorda, qishloqqa yaqin bir oʻrmonzorda oʻtlab yurarkan, nogahon unga bir sovluq qoʻy kelib salom beribdi. Echki bunday qarasa, shu shoʻring qurgʻur sovluq bechoraning holi xarob, bagʻri kabob koʻrinibdi. Oriq, terisi borib suyagiga yopishib, har qovurgʻasi «mana men», deb sanalib turibdi. Echki sovluqning salomiga alik olib, unga aytibdi:— Koʻzing oʻzini yerga solib, yuzingga boqqani uyalib, poʻstingda unda-muda bir tuk, u ham boʻlsa, oʻzingga ogʻir yuk, — debdi. Echkidan bu gapni eshitib, sovluq izza boʻlib, uning yuziga qarab:— Oʻrtoq echki, sen oldin oʻzingga boq, soʻngra oʻzgaga boq. «Oʻzingni bil, oʻzgani qoʻy», degan gapni eshitganing yoʻqmi, ishtoni yoʻq, tizzasi yirtiqqa kulmay qoʻya qolsin. Bu aytgan bayting oʻzingga mos keladi, — debdi.Shundan keyin bular bir-birlari bilan tanish-bilish boʻlib, gaplashib ketibdilar. Har ikkalalari oʻzlarining boshlaridan oʻtganlarini aytishibdilar. Echki:— Mening xoʻjayinim bor. Xoʻjayinimning mendan boshqa hech narsasi yoʻq, yeydigan ovqati ham yoʻq, faqat er-xotin menga zoʻrgʻa bir tutam quruq xashak topib berib, yelinimga mushtlab urib, bolam uchun tayyorlagan bir kosa sutimni sogʻib olib, ovqat qilishadi. Haftasiga zoʻrgʻa bir kun erkinlikka chiqaradi. Faqat juma kuni erkin yurib oʻynayman, yuragimning chigilini ancha yozib ketaman, — debdi.Echkidan keyin sovluq qoʻy ham boshidan oʻtganlarini gapiribdi. Uning turmushi ham echkining turmushiga oʻxshash ekan. Uni ham faqat juma kuni boshvogʻini olib, dam berib qoʻyib yuborar ekanlar. Shunda bular xoʻjayinlarining jabr-zulmlaridan qutulish yoʻlini axtaribdilar. Axiri bular bir joyga qochib ketishga maslahat qilishibdi.— Endi qayerga qochamiz? — debdi sovluq.Echki butun atrofga qarab olib:— Mening otam: «Hu, oʻsha koʻringan togʻ juda ham oʻtloq joy, suvlari yaxshi, havosi undan ham yaxshi, bolam, bir iloj qilib oʻsha joyga yetib borsak, umrbod rohatda oʻtardik, bu yerda koʻrgan azoblarimiz ham esimizdan chiqib ketardi», deguvchi edi. Lekin otam rahmatli u yerga yetolmay, bizni ham yetkizolmay, olamdan oʻtib ketdi. Otam menga: «Agar mening bolam boʻlsang, oʻsha joylarga barsang, keng yaylovlarda men uchun ham u yoq-bu yoqqa yugurib, mening arvohimni shod qilib qoʻyasan», deb vasiyat qilib ketgan edi. Endi shu joyga borsak, koʻp yaxshi boʻladi, — debdi.Bu gap sovluqqa koʻp maʼqul kelibdi. Ikkalasi hayyo-hu, deb oʻsha koʻringan toqqa qarab joʻnashibdi.Bular yoʻlda ketayotganda, uzoqdan bir narsaga koʻzlari tushibdi. «Bu qanday narsa ekan», deb turishganda, u narsa bir hoʻkiz boʻb chiqibdi. Hoʻkizning tinkasi qurigan, sekin-sekin qadam bosib ketayotgan ekan. Echki bilan sovluq bu yoqdan yetib borib qarashsa, bir qoʻngʻir hoʻkiz shoxi xuddi bir quloch keladi. Juda ham oriqlab ketgan. Koʻzlari shokosaday, shafaq bosgan, boʻyni qingʻir tolday yerga egilgan, choʻqqisi qirday irgʻib chiqqan, gapirishga ham madori qolmabdi. Echki salom bergan ekan, bechora hoʻkiz boshini bir likanglatib, arang alik olibdi. Gapirgani majoli ham qolmabdi. Hoʻkiz bulardan «ha bolalar, yoʻl boʻlsin?» deb soʻrabdi. Echki:— Ulugʻimiz sizdan boʻlsin? — debdi.— He bolalar, hafta ishladik, ertaga shanba boʻlsa, bukun bir hordiq chiqarib, sal tiklanib olay deb kelyapman, — debdi. Undan keyin echki bilan sovluq ham boshlaridan oʻtkazganlarini aytib, axirida xoʻjayinlari bilan xayr-maʼzurni nasiya qilib, toqqa qarab ketayotganliklarini aytishibdi. Shunda hoʻkiz turib aytibdi:— Dunyoning gʻam-gʻashidan juda chiqdim. Sahardan to namozshomgacha ishlaysan, ancha-ancha yerni haydaysan, kech kirib juda darmoningdan ketganingda qoʻshdan chiqaradi, oʻlganing ustiga koʻmgan deganday, ketishda quruq ketmasin bir arava choʻp-choʻmakni ham yuklab ketishadi. Uyga borsang tuzuk-quruq ovqat yoʻq. Endi badanda jir tugadi. Quvvat ketdi. Bu jabr-zulmlardan qanaqa qilsam qutular ekanman, deb koʻp vaqtlardan beri oʻylanardim. Yaxshi boʻpti. Sizlar shu maslahatni topibsizlar. Endi men ham sizlar bilan ketaman, — debdi. Ular: «xoʻp, boʻpti», — deyishibdi.Shunday qilib, bular uchalasi toqqa qarab joʻnashibdi.Bular yoʻl yurib, yoʻl yursa ham moʻl yurib, moʻl yursa ham koʻl yurib, axiri bir kun toqqa yetishibdi. Tokqa borishsa, bu togʻ echki aytganday, juda ham obod ekan. Istagan ovqat topilarkan. Havosi juda baland, suvlari tiniq. Bular borishi bilan yaxshilab qorinni toʻqlab, adirlikdagi katta chinorning tagida makon qurib yota berishibdi. Shu kuni kechasi oyoqlarini uzatib uxlashibdi. Saharga borganda echki uyqusida bosinqirabdi. Uning tushiga xoʻjayinlari kirib: «Sen qayoqqa yoʻqolding, sendan necha kunlik sutni sogʻib olaman», deb uni tushovlab, sogʻa boshlabdilar. Bir kosa sut chiqqandan keyin, sut chiqmay qolibdi. Shunda xoʻjayini: «Sen qolgan sutlarni nima qilding», deb qoʻliga katta soʻyilni olib hadeb urgani turibdi. Shunda echki ovozining boricha «dod» deb qichqiribdi. Buning ovozini sovluq bilan hoʻkiz eshitib, bunga nima boʻldi, deb uygʻotishibdi. Echki uygʻonib darrov ichiga tupurib:— Xudoga shukur-ey, tushim ekan! Tushimda hadeb xoʻjayinim uryapti, — debdi.Hoʻkiz aytibdi.— Bu tushing boʻlmay, nima boʻladi, endi xoʻjayining xam yoʻq. Xoʻjayinning katta soʻyili ham oʻzi bilan birga qoldi, — debdi. Shunday qilib bular bu yerda juda yayrab qolishibdi. Kundagiday sahar uygʻotish, boʻyniga arqon solish yoʻq. Ovqat serob, tergaydigan odam yoʻq. Bular tez kunda juda ham tozarib, semirib ketishibdi. Hoʻkiz juda ham semiribdi. Uning savlatini koʻrganda har qanday yovvoyi hayvonlar ham qochadigan boʻlibdi.Bir kuni hoʻkiz sheriklariga aytibdi:— Men har kuni ichkarida yotib, issiqlab qolayotibman, bu kun chinorning tagida yotaman, — debdi.Shu kuni echki bilan sovluq ichkarida yotishibdi. Xoʻkiz tashqarida yotibdi.Shu kuni qattiq sovuq boʻlib hoʻkiz yotgan yerida shamday qotib qolibdi. Erta bilan oʻrtoqlari chiqib, hoʻkizni chaqirsa hech tovush bermabdi. Nima boʻldi ekan, deb borib qarashsa, sovuqdan shodiyangqoqi boʻlib, muzlab qolibdi. «Endi nima qilamiz» deyishibdi. Axiri buni oʻtga qizitmasak boʻlmaydi deb, echki darrov chinorning ustiga chiqib u yoq-bu yoqqa qarabdi. Qarasa yaqin bir pastlikdagi oʻngurdan tutun chiqib turibdi. Chinordan darrov tushibdi, tushib sovluq ikkalasi hoʻkizni arang suyashib tutun chiqqan tarafga boshlashibdi. Yoʻlda ketayotsa, bir joyda bir yoʻlbars, bir boʻri, yana bir tulkining terisi yotibdi. Echki terilarni olib hoʻkizning ustiga yopibdi. Yana joʻnashibdi. Bular tutun chiqqan yerga borib qarashsa, bu joy butun vahshiy hayvonlar oʻtiradigan joy ekan. Bular shu yerda toʻplanib olib, gap yeyishar ekan. Sovluq bilan hoʻkiz qoʻrqib orqalariga qaytmoqchi boʻlibdilar. Echki ularni toʻxtatib hoʻkizning ustidagi boyagi yoʻldan topgan terilarini olib, ungurning ogʻziga tashlab, ichkariga salom berib kiribdi. Hoʻkiz bilan sovluq ham kiribdi. Kirishsa ichkarida boʻri, arslon, tulki, qoplon va sherdan tortib hamma vahshiy hayvonlar bor. Yoʻlbars podshoh ham taxtda oʻtiribdi. Shu kuni tulki gap beradigan ekan. Tulkini oʻrtaga olib juda ham siqib: «Nimaga bu kun ovqat topib kelmading?» deb turishgan ekan. Tulki: «Hamma joyni qidirib keldim, sira ham ovqat uchramadi, xudo oʻzi yetkazmasa, bandasi nima qiladi», deb turgan ekan. Shunda birdan bular kirishib qolishibdi. Bularni kirishi bilan tulki juda xursand boʻlib ketib, bir baytni aytibdi.Tulkining baytini eshitib, echki ham choʻnqayib, podshohga qarab bayt aytibdi.
Namangan shahrida qassob edim, doʻstlar,Oltmish yoʻlbars, oltmish boʻri, oltmish tulkiSoʻyishga qoʻl qoʻygan pudratchi edim.Xudoyimdan oʻrgilay endi keldim koniga.Ishonmasang chiqib qara, endi boʻldi bittadan, —
debdi.Shundan keyin, undagi vahshiy hayvonlar birin-ketin chiqib qarab boyagi terilarni koʻrib ichkariga qaytib kirmasdan, shundan nari ketaveribdilar. Axiri yoʻlbars podshoh oʻzi yakka qolib, qoʻrqqanidan u ham chiqib ketayotgan ekan, hoʻkiz yugurib yoʻlbarsning qornidan suzib borib, jarga taqab turib qolibdi. Buni koʻrib echki bilan sovluq ham hurishga kiribdi. Ular ham borib tisarilib turib, oldinga qarab yugurib, yoʻlbarsni suza boshlabdi. Yoʻlbars qarasa, bular oʻldirib qoʻyadi. Axiri yalingani turibdi. Yoʻlbars aytibdi:— Jon akalar, endi bundan buyoq sizga hech daʼvogarlik qilmayman, sizlar turgan joyga birorta hayvonning qadamini bostirmayman. Meni qoʻyib yuboringlar, — debdi.Ular yoʻlbars podshohdan vaʼdani olib, urib-surib haydabdilar. Vahshiy hayvonlar ketgandan keyin bular bu joydagi oʻljalarni olib, hoʻkizga yuklashib joylariga qarab ketibdilar.Boyagi vahshiy hayvonlar ulardan qochib borib, bir yerga toʻplanishibdi. Ular: «Shu uchta goʻshtdan qochdikmi?» deb, qochganlariga pushaymon qilib, yana ularni quvib bormoqchi boʻlib joʻnabdilar. Echki ularning kelayotganini bilibdi. Echki darrov qoʻy bilan hoʻkizning oldiga kelib, ularni chinorga yuboribdi. Oʻzi bir balandlikka chiqib turibdi. Echki qoʻy bilan hoʻkizga agar haligi vahshiy hayvonlar bizni izlab topolmay, shu yerda oʻtirib qolishsa, qattiq ovoz qilib chinordan oʻzlaringni tashlanglar, deb gap oʻrgatgan ekan. Boyagi vahshiy hayvonlar izlab kelib qolibdi. Ular chinorning tagiga kelganda tulkiga yalinibdilar:— Ana biz ularni topolmadik. Sen romchi eding, bir rom qarab qoʻygin, ular qayda ekan? — deyishibdi.Tulki ham choʻnqayib oʻtirib rom qarab ketibdi. Tulki rom qarab, hamma hayvonlar uning ogʻziga tikilib oʻtirgan ekan, birdan yuqoridan allaqanday bir ovoz chiqib, bir narsalar tushib kelib qolibdi. Ular boyagi hoʻkiz bilan qoʻy ekan. Shu holda birdan narigi yoqdan:— Romchisini ushla, romchisini ushla, — deb ovoz kelib qolibdi.Bu ahvoldan qoʻrqib vahshiy hayvonlar orqa-oldiga qaramasdan qochib ketishibdi. Bundan keyin ular bu joylarga butunlay kelmaydigan boʻlib ketibdilar. Shu bilan hoʻkiz, echki, qoʻylar bu joyda umrbod yashab qolishibdi.