← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunSehrliPodsholarDehqonlarAdolatTabiatOilaTijoratUzun

Susambil

2504 soʻz

Bor ekan-u yoʻq ekan, och ekan-u toʻq ekan, boʻri bakovul ekan, tulki yasovul ekan, qargʻa qaqimchi ekan, chumchuq chaqimchi ekan, oʻrdak surnaychi ekan, gʻoz karnaychi ekan.Oʻtgan zamonda bir boy bor ekan. Uning eshagi va bir hoʻkizi bor ekan. Uning yeri koʻp ekan, qarol-qoʻshchilariga ekin ektirib kun oʻtkazar ekan. Xoʻjayinning oʻgʻillari koʻpincha eshakni minib yurar ekanlar. Xoʻjayin eshakka yarasha egar-toʻqim qildirib bergan ekan. Toʻqimi gajimli, juda ham kelishgan ekan.

Shunday qilib, bu eshakni xoʻjayin ham, xoʻjayinning bolalari ham yaxshi koʻrib, suv oʻrniga sharbat, oʻt oʻrniga qora mayiz berib boqisharkan. Xayr, eshak suv oʻrniga sharbat, oʻt oʻrniga qora mayiz yeb maza qilaversin, endi gapni hoʻkizdan eshiting.Xoʻjayin hoʻkizni ertadan kechgacha qoʻshga qoʻshar ekan. Hoʻkiz kechqurun qorni ochib, charchab qaytib kelsa, uning oldiga bir bogʻ quruq poyani tashlab qoʻyar ekan. Hoʻkiz bechora har kuni bir bogʻ quruq poyaga yoʻliqib, qorni ochib, qoni qochib, rangi toʻzib, koʻp abgor boʻlibdi.

Bir kun ishdan kelib, poyani yegisi kelmay atrofga qarasa, boyagi eshak suv oʻrniga sharbat, oʻt oʻrniga qora mayiz yeb, maza qilib yotibdi.

Shunda hoʻkiz uning ovqatidan yegisi kelib, eshakdan:— Hoy oʻrtoq, men koʻp och qoldim, rahming kelmaydimi? Kel, menga ham ovqatingdan ber, — debdi.Shunda eshakning rahmi kelib, ovqatidan beribdi. Eshakning oldida har doim ovqat ortib yotar ekan. Xoʻjayin erta bilan chiqib ko rsaki, eshakning oldida ovqati qolmabdi. «E, eshagimning ishtahasi endi ochilibdi», — deb koʻp-koʻp ovqat soladigan boʻlibdi.Bir kuni xoʻjayin chiqib qarasa, eshakning ovqatini hadeb hoʻkiz kelib yeyayotgan emish.

— Iye, hali sening qorning toʻyib, dimogʻing koʻtarilib qolibdi-ku, — deb ertasi kuni hoʻkizni eshakning oʻrniga qoʻyib, eshakni oborib hoʻkizning oʻrniga qoʻshga qoʻshibdi.Eshak shoʻrlik umrida qoʻshga qoʻshilmagan ekan, omochni tortishga koʻp qiynalibdi. Oxiri taqdirga tan berib, qoʻshda yurishga ham koʻnikib qolibdi. Kechgacha qoʻshda yurib charchab, qorni ochib uyga borsa, avvalgi ovqatlar yoʻq, sharbat oʻrniga bir paqir suv, mayiz oʻrniga bir bogʻ poya.

Eshak bechora nochor yeyishga tushibdi.Xayr, shunday qilib, xoʻjayin eshakni kuzgacha toza ham qoʻshga qoʻshibdi. Kuz boʻlganda esa unga yuk ortib, uzoq-uzoq yerlarga boradigan boʻlibdi.Bir kuni xoʻjayin eshakni minib bozorga boribdi. Bozordan bir qop tuz sotib olibdi. Tuzni eshakka ortib, ustiga oʻzi minib, yoʻlda ketayotsa, birdan havo aynib, yomgʻir yogʻa boshlabdi. Hash-pash deguncha darrov yoʻllar loy boʻlib ketibdi.

Eshak bechora ustida tuz, uning ustiga xoʻjayin mingan, boz ustiga yuklar yomgʻirda vazminlashgan, yomgʻirdan junlari ivib, yoʻlda arang yurib kelar ekan. Noinsof xoʻjayin loaqal eshakning oyogʻidagi taqasini ham yangilatib qoʻymagan ekan. Taqasi siyqalanib qolgani uchun eshak loyda toyilib, turtinib borar ekan. Ustidagi ogʻir yuki bosib, darmoni qurib, buning ustiga xoʻjayin:— Tez-tez yurmaysanmi?

— deb qoʻlidagi xalachoʻpi bilan boʻyniga niqtabdi, «xix-xix» deb, ikki oyogʻi bilan qorniga tepibdi. Eshak shu azob bilan borayotib yoʻlda bir buzuq koʻprikka kelib qolibdi. Bechora eshak toyilib-toyilib koʻprikning ustiga chiqqanida oyogʻi toyib, koʻprikning teshigiga kirib qolibdi, ustidan xoʻjayin chalqanchasiga agʻanab ketibdi.

Shunda xoʻjayinning qahri kelib, chayonday zahri kelib, koʻp¬rikning tagidan bir soʻyilni tortib olib, oʻlganning ustiga tepgan deganday: «Meni agʻanatadigan senmisan», — deb bechora eshakni toza uribdi. Eshakning oyogʻini qisgan, oʻzini yuk bosgan, buning ustiga kaltakning achchigʻi. Eshak boʻynini yerga solib, boshini loyga qoʻyib, koʻzidan yoshini oqizib yotib qolibdi.

Shunda uch-toʻrt yoʻlovchi yetib kelibdi.Eshakning ahvolini koʻrib, yoʻlovchilarning rahmi kelibdi. Bitta yoʻlovchi:— Hoy, noinsof. Eshakning ahvoliga qarasang-chi, uni urib nima qilasan? Ustidagi yukini ol, boʻlmasa oʻlib qoladi, — debdi.Keyin yoʻlovchilar kelib, biri yukning ustidagi argʻamchini qirqibdi, biri tuzni agʻanatibdi, biri eshakning belidan koʻtarib, yana biri dumidan ushlab, koʻprikdan chiqarib olibdi.

Shundan keyin xoʻjayin tuzni ortib yana yoʻlga tushibdi. Eshak bechora shuncha azob bilan qorni ochib uyga zoʻrgʻa yetib boribdi. Borgandan keyin uydagilar: «Xoʻjayin yomgʻirda ivib kelibdilar, koʻp azoblanibdilar», — deb uni qoʻllab-quvvatlab, issiq uyga olib kirib ketishibdi. Eshakni esa ochiq havoga bogʻlab qoʻyishibdi. Xoʻjayin oʻchoqqa qoʻllarini toblab, isinib, yogʻli palovni yeb maza qilibdi. Eshakka boʻlsa, «boyagi-boyagi, boyxoʻjaning tayogʻi» deganday bir bogʻ quruq poyani tashlashibdi.Eshakning juda xoʻrligi kelib, shu ahvolda yuraverishga rozi boʻlgisi kelmabdi. «Endi nima qilsam boʻlar ekan?

— deb oʻylabdi.

— Men shu xoʻjayinning qoʻlida tokay ezilaman, axir, xoʻjayinnikidan chiqib ketsam, ochdan oʻlamanmi? Kel-ye, shu yerdan boshimni olib ketayin!»

— debdi.«Endi qayoqqa borsam ekan?»

— deb oʻylabdi.Eshak yoshligida onasidan: «Susambil degan mamlakat bor ekan, u joyda oʻtning boʻligʻi, suvning tinigʻi moʻl ekan. Unda birov bilan birovning ishi ham yoʻq, azob-uqubat ham yoʻq, ovqat moʻl, qorning doim toʻyib yuradi», — degan gapni eshitgan ekan. Onasi bechora koʻp orzu qilsa ham, Susambilga borolmay oʻlib ketgan ekan. Eshak oʻylab-oʻylab shu Susambilni topmoqchi boʻlibdi. Oʻrnidan turib, chiranib tortib, boshvogʻini uzib, osmonga qarab bir hangrab olibdi.

Keyin xoʻjayinning tashqi hovlisi bilan xayrlashib, yoiga tushibdi.Bir odamning bir kam qirqta tovugʻi, bitta xoʻrozi bor ekan. Makiyonlar har kuni bir kam qirqta tuxum qilib berar ekanlar.

Biroq egasi juda xasis odam ekan. Tovuqlarga loaqal uch kunda bir marta ham don sochib qoʻymas ekan. Tovuqlar hovlida xashaklarni va goʻnglarni titib, shundan ovqat topib, qorin toʻygʻazar ekanlar.Bir kuni tovuqlar qoʻshnisining hovlisida donlab yurganda uning xotini uy obrezida oqshoq yuvib, qozonga solibdi. Obrezning chetida toʻrt-beshta oqshoq toʻkilib qolibdi. Buni xoʻroz koʻrgan ekan, sekin kirib, haligi donlarni yeya boshlabdi.

Shunda qoʻshnisining xotini koʻrib, «kisht-kisht, qirilgurlar, kisht», deb otashkurakni otib yuboribdi. Otashkurak xoʻrozga tegib, uni bir necha marotaba yumalatib yuboribdi. Otashkurakning zarbidan xoʻroz koʻp alam tortib, bir chekkaga borib yigʻlabdi. Xoʻrligi kelib: «Xoʻjayin har kuni bir kam qirqta tuxum olsa, loaqal, bitta tuxumning puliga don olib sochmasa; uning eshigi yoniga borsak, oʻzi ham, xotini ham «kisht-kisht» deb haydasa, boz ustiga qoʻshnilaridan ham kaltak yesang! Menga nima azob! Kel, shu yerda yurgandan koʻra dalalarga chiqib ketib, oʻsha yerda oʻzimcha tirikchilik qilsam, nima boʻladi?»

— debdi. Oʻrnidan turibdi va «qu-qu-qu» deb qichqiribdi.

Keyin «pir» etib devorga qoʻnibdi, undan uchib koʻchaga tushibdi-yu, dalaga qarab ketaveribdi.Xoʻroz dala yoʻlida borayotgan ekan, uch koʻchaning boshiga borib qolibdi. Uch koʻchaning biridan boyagi eshak, ikkinchisidan xoʻroz chiqib kelibdi. Xoʻroz eshakka qarab:— Assalomu alaykum, eshakvoy!

— debdi. Eshak:— Vaalaykum assalom, xoʻrozvoy, — debdi. Xoʻroz:— Sizga yoʻl boʻlsin?

— deb eshakdan soʻrabdi. Eshak:— Susambilga,— debdi. Xoʻroz:— Susambil qanday joy?

— debdi. Eshak:— Susambil — oʻtning boʻligʻi, suvning tinigʻi, unda azob-uqubat yoʻq, maza qilib yurasan, — debdi.Xoʻroz:— Men ham borsam boʻladimi?

— deb soʻrabdi. Eshak:— Xayr, bitta edim, sen bilan ikkita boʻlamiz, yuraver!

— debdi. Ikkovi boshidan oʻtganlarini bir-biriga gapirib ketaveribdi.Endi boyagi hoʻkizga kelaylik. Xoʻjayini uni hoʻkizlar bilan urishtirib yurar ekan. Hoʻkiz juda urishqoq boʻlib, hamma joyda dongʻi ketgan ekan.

Bir kuni hoʻkiz urishtirish boʻlib qolibdi.

Shunda bu hoʻkiz yetti-sakkiz hoʻkizni qochiribdi.

Endi bitta juda urishqoq hoʻkiz qolibdi. Xoʻjayin hoʻkizini bu hoʻkiz bilan ertasiga urishtirmoqchi boʻlibdi.

Tongda xoʻjayin:— Endi hoʻkizni urishtirishga boraman. Shoxini yog lab qoʻyay!

— deb molxonaga chiqsa, hoʻkizning ikki koʻzi yumuq, hadeb uxlayapti. Tushida katta bir yigʻin emish. Hoʻkizni xoʻjayini yigʻinga olib kirsa, haligi hoʻkiz buni yigʻindan quvib chiqarish uchun hamla qilib, yugurib qolibdi.

Shunda buning achchigʻi chiqib, kelayotgan hoʻkizga hujum qilib uni bir suzibdi.

Shunda hoʻkiz shoxini yogʻlayotgan xoʻjayinni suzib yuboribdi. Xoʻjayinning yogʻ kosasi bir tarafga, oʻzi ikkinchi tarafga uchib tushibdi.Xoʻjayin hushidan ketibdi, hushiga kelgandan soʻng:— Hali meni suzadigan senmisan?!

— deb hoʻkizni chunon uribdiki, qavarib chiqmagan joyi qolmabdi.

Shunda hoʻkiz yotib yigʻlabdi, xoʻrligi kelibdi: «Men xoʻjayinga shuncha ishlarni qilib, qancha hoʻkizlar bilan urishib, ularni yengib, pul yutib bersam, u esa shugina hazilimni koʻtarmay meni oʻlarcha ursa, bu menga qanday xoʻrlik?!»

— debdi va: «Kel-ye, men tokay xoʻrlik tortaman, shu xoʻjayinnikidan ketsam, nima boʻlar edi, ketaman!»

— deb oʻrnidan turibdi, bir chiranib boshvoqni uzib, yoʻlga tushibdi, yurib-yurib bir joyga borsa, boyagi eshak koʻrinibdi.

Shunda hoʻkiz eshakni chaqirib, orqasidan yuguribdi. Orqasiga qarasa, uzoqdan bir hoʻkiz uni toʻxtovsiz chaqirib kelyapti.Eshak toʻxtab turibdi, hoʻkiz yetib kelibdi. Qarasa, oʻzining sherigi ekan. Eshak:— Ha, hoʻkizvoy, nima qilib yuribsan?

— debdi. Hoʻkiz aytibdi:— Sendan keyin xoʻjayin meni ham toza azobladi. Men ham «bor-ye» deb kelaverdim. Sen qayoqqa ketyapsan?Eshak:— Men Susambilga ketyapman, — debdi. Hoʻkiz:— Susambil qanday joy?

— debdi. Eshak aytibdi:— Susambil oʻtning boʻligʻi, suvning tinigʻi, unda azob-uqubat yoʻq, maza qilib yurasan!Hoʻkiz:— Boʻlmasa men ham borsam boʻladimi?

— debdi. Eshak:— Kelganing yaxshi boʻlibdi. Ikkita edik, uchta boʻldik. Yuraver!

— debdi.Hoʻkiz, eshak, xoʻroz uchovi boshidan oʻtganlarini bir-biriga gapirishib, hasratlashib ketaverishibdi. Necha kun yoʻl yurib, choʻl-u biyobonga yetishibdi.Choʻlda hech kim yoʻq ekan. Bir joyda ikkita kalamush turar ekan. Choʻlda oziq-ovqat kamligidan, ozgina ovqat topish uchun koʻp joylarga borib, koʻp yerlarni qazir ekanlar.

Shunda qorin toʻyar-toʻymas ozgina ovqat topishar ekan. Bora-bora choʻlda ovqat topilmay qolibdi.

Bir kuni ikkala kalamush yeydigan ovqati yoʻq, qorni ochiqib, endi nima qilamiz deb, uyasining ogʻziga chiqib shumshayib oʻtirishganda, uzoqdan haligi eshak, hoʻkiz va xoʻrozlar koʻrinishibdi.Biri aytibdi:— Shu koʻringanlar yoʻlovchi boʻladi. Yur, ulardan ovqat olaylik. Zora rahmi kelib, biror narsa tashlab ketishsa, — debdi.Ikkalasi yoʻlning ustiga chiqib turibdi. Koʻringan hayvonlar ham yetib kelishibdi.

Shunda kalamush ulardan ovqat tilabdi. Eshak turib:— Ey birodarlar, biz ham sizlarga oʻxshash och qolganlardanmiz. Agar ovqat kerak boʻlsa, biz bilan birga yuraveringlar, — debdi.Kalamush eshakdan:— Qayerga ketyapsizlar?

— deb soʻrabdi. Eshak:— Biz Susambilga ketyapmiz, — debdi.

— Susambil qanday joy?

— deb soʻrabdi kalamush.

— Susambilni aslo soʻrama! Susambil oʻtning boʻligʻi, suvning tinigʻi, unda azob-uqubat yoʻq, maza qilib yurasan!

— debdi eshak.

— Boʻlmasa biz ham boraylik, — deyishibdi kalamushlar.

— Uchta edik, beshta boʻldik, yuraveringlar, — debdi eshak. Mana endi bular beshovi boshlaridan oʻtgan sarguzashtlarini bir-biriga gapirishib, Susambilga ketaveribdilar.Oʻsha choʻlda bir gala ari bor ekan. Ular ham ovqat yoʻqligidan och qolib, nima qilarini bilmay, osmonda gʻoʻngʻillab uchib ketayotgan ekanlar, birdan haligi Susambilga ketayotgan besh jonivorga yoʻliqibdilar.Arilar bularni koʻrib: «Uh, mana ovqatning konidan chiqdik, keragini olib qol!»

— deb chaqqani kirishibdi.Shunda eshak aytibdiki:— Ey ukalar, sizlar ham bizga oʻxshab och qolib qiynalganga oʻxshaysizlar. Bizning tanamizda shira qolgani yoʻq. Soʻrganlaring bilan hech narsa chiqmaydi. Shiramizni xoʻjayinlarimiz soʻrib olgan. Agar ovqat kerak boʻlsa, biz bilan yuraveringlar!

— debdi.Shunda arilar bularning ahvolini koʻrib, bular ham bizga oʻxshagan och qolganlardan ekan, deb qayoqqa ketishayotganini soʻrabdi.

— Biz Susambilga ketyapmiz, — deyishibdi.

— Susambil qanday joy?

— deb soʻrabdi arilar.

— Susambil oʻtning boʻligʻi, suvning tinigʻi, unda azob-uqubat yoʻq, maza qilib yurasiz, — deyishibdi.

— Boʻlmasa biz ham boraylik, — debdi arilar.

— Mayli, beshta edik, koʻp boʻldik, — debdilar.Shunda bular hammasi: «Susambil, qaydasan?» deb boshidan oʻtganlarini gaplashib, hasratlashib ketaveribdilar. Yoʻlda ketayotib: «Qachon Susambilga yetamiz?» deb, yuraklari jigʻillab, goho-goho eshakdan: «Yana bir gapirib bering. Susambil qanday joy oʻzi?!» deb soʻrashar ekan. Eshak ham Susambilni maqtab, ularning koʻnglini koʻtarar ekan.Bular:— Susambilga borsak unday qilamiz, bunday qilamiz!

— deb oʻzlaricha shirin-shirin xayollar surib borishar ekan.Bular yoʻl yuribdi, yoʻl yursa ham moʻl yuribdi. Oxiri dimogʻlariga Susambilning xushboʻy shabadasi urilibdi. Susambilga ham yetib kelishibdi.Susambil juda ham keng, bepoyon bir joy ekan. Havosi juda toza, narigi yoqda ulkan togʻ boʻlib, uning shabadasi doim gʻirillab kelib turar ekan. Yerda koʻm-koʻk maysalar, bedalar yashnab yotibdi.

Bir yoqda bugʻdoy, arpalar; bir yoqda qovun-tarvuzlar, bir taraf keta-ketguncha bogʻ: unda uzum, anjir, oʻrik, shaftoli va turli-tuman mevalar gʻarq pishgan. Ariqlarda oppoq sutday suvlar sharqiraydi. Borganlarning bagʻriga shamol tegibdi.Shunda bu bechoralar juda ham xursand boʻlib ketishibdi. Xursandlikdan baʼzilari yigʻlab olishibdi. Ular koʻp och qolishgan ekan. Har qaysisi istagan ovqatini yeb, qornini toʻygʻazib, vaqtlarini xushlashib, soʻngra salqin bir joyga kelib dam olishibdi.

Yoʻl azobi —  goʻr azobi, deganday, koʻp charchab qolishgan ekan, shu salqin joyda yotib uzoqqina uxlashibdi.Uyqudan turib qoʻ1-betlarini yuvib, yana xohlagan ovqatlarini yebdilar.

Shu bilan bular Susambilga kelib koʻp rohatlanib qolishibdi.Susambilning bir tomoni baland togʻ boʻlib, unda kiyik deysizmi, ishqilib koʻp jonivorlar yashar ekan. Togʻning bir joyida esa bir toʻda boʻri turar ekan.

Bir kuni boʻrilarning podshosi ularni toʻplab, bazm qilib, ichkilik ichib, kabob qilib yeb oʻtirgan ekan.

Shunda boʻrilarning podshosi uzoqdan haligi eshak bilan hoʻkizni koʻrib qolibdi:— Uh, bizga barra kabob topildi, huv ana, oʻtlab yuribdi. Uch-toʻrtta boʻlib borib shularni ohb kelinglar, kabob qilib yeymiz, — debdi.Boʻrilarning ichida bitta hovliqmasi bor ekan, u turib aytibdi:— Shugina narsaga uch-toʻrt kishining nima keragi bor? Bitta oʻzim borib olib kelaman!

— debdi.Boʻrilarning ichida yana bitta hovliqmasi bor ekan. Haligi boʻrining gapini eshitib, shartta oʻrnidan turib:— Hov, nima deyapsan oʻzing? Men turganda sen qayoqqa borasan? Oʻtir joyingda! Men oʻzim borib olib kelaman!

— debdi.Bunga u boʻrining achchigʻi kelibdi:— Meni pisand qilmayapsan, sendan nima kamligim bor?!

— deb bir-ikki daf qilibdi.

Shu yerda ikkovi olishib ketibdi.Shunda boʻrilarning podshosi turib:— Hoy muttahamlar, urishmanglar! Bor, ikkoving borib olib kel!

— debdi.

Shu bilan ikkovi chopqillashib ketishibdi. Bular ketayotganlarida bizning susambilliklarimiz oʻtlab yurishgan ekan. Bir vaqt hoʻkiz yerdagi koʻkatni yeb, ogʻzini toʻldirib, boshini koʻtarib, oʻtni chaynab, togʻ tomonga qarab, uzoqdan chopib kelayotgan ikkita boʻriga koʻzi tushibdi.

Shunda hoʻkizning yuragi shuvullab ketibdi. U qoʻrqib ogʻzidagi oʻtini yerga tashlab, sheriklarini chaqiribdi. Sheriklari ham boʻrilarni koʻrishibdi. «Endi nima qilamiz? Qochamizmi, turamizmi?» deb maslahatlashibdilar.Eshak:— Qochsak, quvib yetib oladi, yaxshisi qochmaymiz, — debdi. Hoʻkiz aytibdi:— Basharti oldimizga kelsa, nima qilamiz?

Shunda xoʻroz:— Men daraxtning tepasiga uchib chiqib ketaman, — debdi.Kalamushlar:— Biz yerni kavlab, kirib ketamiz, — debdilar. Eshak:— Hangrab turaveraman, — debdi. Arilar:— Biz roʻpara kelganini chaqib, hamma yogʻini shishirib tashlaymiz!

— debdilar. Hoʻkizga arilarning gapi juda ham yoqib tushibdi:— Boʻlmasa sizlar jon boricha chaqinglar. Qolganlarini menga qoʻyib beringlar!

— debdi.Bular maslahatni bir qilib turaverishibdi.Bir zumda boʻrilar yetib kelibdilar. Boʻrining haligi hovliqmasi sherigiga:— Huv anavini sen koʻtar! Mana buni men koʻtaraman, — deb hoʻkizga qarab yuguribdi.Shunda hoʻkiz orqasiga qaytib turib, boʻriga qarab yugurib borib bir suzganda, boʻri «dod» deb yetti dumalab tushibdi. Buni koʻrib sherigi yugurib kelgan ekan, hoʻkiz uni ham qattiq suzib tashlabdi. Kalamushlar qoʻrqqanlaridan yerni kavlab kirib ketishga urinibdi.

Yer toshloq, qattiq ekan, ular kavlab kirolmabdilar, bir zumda allaqancha joyni oʻyib yuboribdilar.Xoʻroz boʻlsa daraxtga chiqib olib, hadeb «qu-qu-qu» deb qichqiraveribdi.Arilar har ikkala boʻriga yopishib chaqaverishibdi-chaqaverishibdi, bir zumda doʻmbira qilib shishirib tashlashibdi. Boʻrilar shunda ham qochmay, jonholatda kelib, hoʻkizga yopishibdilar. Hoʻkiz ularni suzaverib, aʼzoyi badanini yara qilib tashlabdi.

Eshak boʻlsa nariroqda bor ovozi bilan hangrab, nari borib-beri kelib turaveribdi.Bir vaqt boʻrilar olishib-olishib charchashibdi. Qarasa, hoʻkiz bilan arilar oʻldirib qoʻyadigan.

Shunda dastlab haligi hovliqma boʻri qochishga tushibdi, orqasidan bunisi ergashibdi. Bular shu qochganicha podshoning oldiga yetib borishibdi. Bu boʻrilarning hamma yogʻi yorilgan, qonlari oqqan, ari chaqqan yuzlari shishib, koʻzlari koʻrinmaydigan bir ahvolda ekan. Podsho va sheriklari bularning ahvolini koʻrib, rangi oʻchib, qoni qochib, iyaklari qaltirab, koʻzlari yaltirab qolibdi.Podsho:— Sizlarga nima boʻldi?

— deb soʻrabdi.

— Ey taqsir, bular barra kabob emas, boshga kelgan balo ekan!

— deyishibdi.

— Ha, nima boʻldi?

— desa, boʻrining biri:— Bular bizning jonimizga qasd qilib kelgan ekan. Bularning ichida munkar-nakiri, uning bir juft goʻrkovi ham bor ekan. Munkarnakir gurzisi bilan bir urganda, agar sher boʻlsa ham, necha dumalab ketadi, — debdi.Boʻrining yana biri:— Ey mahmadona! Sen tek tur! Oʻzim gapiraman. Bularning ichida azroil ham bor ekan. Jonni olish uchun nayzasini suqsa, aʼzoyi badaning achishib, shishib ketar ekan, — debdi.Endi bunisi:— He, sen bilmaysan! Bular goʻrkovi bilan kelgan ekan.

Hali biz oʻlmay turib, har birimizga yettitadan goʻr qazib qoʻyishibdi, — debdi.Unisi aytibdi:— Sen koʻrmabsan! Bular soʻfisi bilan kelgan ekan. Hali biz oʻlmay turib, daraxtning tepasiga chiqib, hadeb odamlarni janozaga chaqiryapti.Unisi:— Lekin bularning ichida bir kattasi bor ekan. Unisi eshoni boʻlsa kerak. Bizga yaqinlashmadi, lekin nariroqda turib ish oʻrgatib, bularga baqirib turdi.

Agar unisi ham kelganda, biz mutlaqo oʻlar edik, — debdi.Boʻrilar bularning aft-angorini koʻrib, gaplarini eshitib, qoʻrqib vasvasaga tushibdilar. Podsho:— Endi nima qilamiz?

— debdi. Haligilar:— Ey taqsir, agar baloga duchor boʻlaylik, kunimiz bitibdi, oʻlaylik desangiz, turaveramiz. Boʻlmasa qochamiz. Bular bizning orqamizdan quvsa, hali zamon yetib keladi,— debdi.Buni eshitib boʻrilarning podshosi yana qoʻrqibdi.

— Boʻlmasa turinglar, joʻnaymiz, — debdi.Shunda hamma boʻrilar, bu joyga kelmay, har yoqda tirqirab yurganlarini ham topib kelib, Susambil togʻini tashlab qochib, yetti togʻning narigi yogʻiga oʻtib ketishibdi.Susambilliklar endi tamom erkinlikka chiqib, ogʻzi oshga tegib, sal kunda semirib ketibdilar. Ular goho xoʻjayinlarinikida koʻrgan kunlari esga tushsa, oʻkinib, bu yerdagi rohatlarni koʻrib sevinib, Susambilning ovini ovlab, dovini dovlab, maza qilib yurishaveribdi.

Shu bilan murod-maqsadlariga yetishibdi.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!