Bor ekan-da, yoʻq ekan, och ekan-da, toʻq ekan, bir chol bilan kampir bor ekan. Ularning farzandi yoʻq ekan. Juda kambagʻal yashashar ekan.
Bir kuni ikkovlari juda och qolishibdi, yeyishga hech nimalari qolmabdi.
Shunda kampir cholni koyib:— Hoy chol, uyda oʻtiraverasizmi, koʻchaga chiqib biror narsa topib kelsangiz-chi, — debdi.
— Qayoqqa boray?
— deb soʻrabdi chol.
— Hozir dehqonlar dalada bugʻdoy shopirishyapti. Oʻsha yerga borib, bir hovuch-yarim hovuch bugʻdoy olib kelsangiz, non-pon qilardim, — debdi kampir.
— Menga berisharmikan, — deb tusmollanibdi chol.
— Borib ularga yaxshi gapirsangiz, duo qilsangiz, ajab emas, bir hovuchgina bugʻdoy berishsa, — debdi kampir.
— Yoʻlda aytadigan gaplarim esimdan chiqib qolsa-chi, — debdi yana chol.
— Xirmonga yetib borguncha «bir hovuch, yarim hovuch» deb qaytarib ketavering, — debdi kampir.Chol yoʻl boʻyi shu -soʻzlarni takrorlab ketaveribdi. Xirmonga yetib borgach ham, «bir hovuch, yarim hovuch» deb toʻxtamasdan aytaveribdi. Dehqonlarning jahli chiqib, cholni urishib berishibdi. Ular cholga «baraka bersin», «baraka bersin» degin, deb, haydab yuboribdilar. Chol yoʻlda «baraka bersin», «baraka bersin» deb davom etaveribdi.Bir yerda bitta odam oʻt yoqib, bit kuydirayotgan ekan.
Chol uning yonidan oʻtib ketayotib ham «baraka bersin», «baraka bersin» deyaveribdi. U odamning jahli chiqib, cholni urishib ketibdi. «Boringgayam qirgʻin kelsin», deb aytgin, shunda bitlarimga qirgʻin keladi» debdi.Chol «boringgayam qirgʻin kelsin» deb, oʻz yoʻliga ravona boʻlibdi. Yurib-yurib bir qishloqqa kirib boribdi. U qishloqda bir boy bor ekan, uning bitta-yu bitta oʻgʻli oʻlgan ekan. Bir toʻda eshon-mullalar boyning eshigi yonida aza tutib turishgan ekan.
Oʻsha eshon-mullalarning yonidan oʻtib ketayotib, «boringgayam qirgʻin kelsin», deb aytaveribdi. Eshon-mullalarning «bu nimalar deyapti», deb jahllari chiqibdi. «Oʻzimizning ikki qoʻlimiz yoqamizda-yu, bu yana bunaqa gaplar qiladi» deb, cholni ura ketishibdi.Chol yigʻlamsirab, «nima deyin boʻlmasa» desa, «yoqa tutib tavba denglar» degin, deyishibdi eshon-mullalar. Chol shu soʻzlarni qaytarib, yana oʻz yoʻlini davom ettiribdi. Yurib-yurib bir toʻyning ustidan chiqib qolibdi.
Toʻyxonaga kirib, oshpazlar yonidan oʻtayotib «yoqa tutib tavba denglar» deb takrorlayveribdi. Oshpazlar cholni urishib, «nimalar deyapsan, toʻyda ham shunaqa deydimi», deb qoʻllaridagi narsa bilan ura ketibdilar. Chol nolib:— Nega kapgir, choʻmich bilan urasizlar, nima deyin boʻlmasa, — debdi.Oshpazlar:— Doʻppingni osmonga otib, «tarallo, tarallo», — deb yurgin deyishibdi.Chol shu soʻzlarni takrorlab, yurib-yurib oʻz uyiga qaytib kelibdi. Kampir cholni koʻrib:— Shuncha vaqtdan beri qayerlarda yuribsiz? Don olib keldingizmi?
— deb soʻrabdi.Chol boʻlgan voqealarni kampirga aytib beribdi. Kampir xafa boʻlib, cholni rosa koyibdi.