Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, qadim zamonda bir parishonxotir odam boʻlgan ekan.
Bir kuni parishonxotir xotiniga:— Ertaga saharda turib, sayilga boraman. Kiyimlarimni tayyorlab qoʻygin, — debdi.
— Kelishda menga birorta sovgʻa olib keling, — deb iltimos qilibdi xotini.Ertalab turgach, parishonxotir xotinini uygʻotib soʻrabdi:— Xotin, mening poxol qalpogʻim qayerda?
— Qoziqda, — debdi koʻzi uyquda xotini. Ikkita qoziq bor ekan, bittasida uning qalpogʻi, ikkinchisida poxol savat osigʻliq turgan ekan. Parishonxotir «qalpogʻimni olaman» deb, poxol savatni olib, boshiga kiyib olibdi. Paypogʻini ham qidirib topibdi va bir poyini oʻng oyogʻiga kiyibdi, ikkinchi poyini pastda yotgan tayoqqa kiydiribdi. Oʻng oyogʻiga poxol sandali, chap oyogʻiga kovushini kiyib olibdi. Oʻziga-oʻzi «endi joʻnasam ham boʻladi» deb oʻylabdi. «Endi belimni bogʻlab olsam boʻldi» debdi.
— Xotin, tur, shohi belbogʻimni topib bergin, — deb qistabdi.
— Narigi uyda, qoziqqa ilib qoʻyilgan, — debdi xotini uyqu aralash.Bir qoziqda uning belbogʻi, ikkinchisida xotinining roʻmoli bor ekan. Chorsimni olaman deb, xotinining roʻmolini olib boylabdi. Parishonxotir, «hech narsani esimdan chiqarmidimmikan» deb oʻylab, «yoʻlda har xil odamlarga duch kelishim mumkin, xanjarni ham olishim kerak» deb xotinidan soʻrabdi:— Hoy, xotin, xanjar joyida turibdimi?
— Ha, oshxonada osigʻliq turibdi, deb javob beribdi xotini.Xanjarning yonida xotinining soyaboni osigʻliq turar ekan. «Xanjarni olaman» deb, xotinining soyabonini olibdi.Keyin yoʻlga tushibdi. Yoʻlda duch kelgan barcha odamlar uni masxaralashibdi. «Toza tentak ekan, qalpoq oʻrniga poxol savat kiyib olibdi» deb orqasidan kulib kelaverishibdi. Parishonxotir ham «kim boshiga poxol kiygan, qani oʻsha tentak?» deb atrofdan qidira boshlabdi. Orqasiga qarasa, bir gala odamlar «zoʻr qalpogʻi bor ekanmi?»
deb oʻzini koʻrsatishayotganmish. Qoʻli bilan paypaslab ushlab koʻrsa, qalpoq oʻrniga poxol savat kiyib olgan ekan. Achchigʻi chiqib, poxol savatni shartta olib yerga uribdi va orqasiga qaramay ketaveribdi. Nariroqqa borganida orqasidan odamlarning «voy tentak-yey, bir oyogʻiga poxol sandal, ikkinchisiga kovush kiyib olibdi-ya», deb kulishayotganlarini eshitib qolibdi. Parishonxotir indamay ularni ham yechib ketaveribdi.
Saldan keyin bir yoʻlovchi toʻxtatib undan soʻrabdi:— Birodar, nega bir oyogʻingizga paypoq kiyib oldingiz?Parishonxotir qarasa, uning gapi toʻgʻri ekan. Jahli chiqib, bir poy paypogʻini ham yechib tashlabdi. Yoʻlda sholipoyaga toʻgʻri kelibdi. Dehqon sholi oʻrayotgan ekan, uni koʻrib:— Nega shunday issiq havoda bosh-yalang yuribsan? Hech boʻlmasa, soyaboningni tutib olsang-chi, — debdi.
— Agar soyabonim boʻlganida, sen aytmasang ham, oʻzim tutib olgan boʻlardim, — debdi parishonxotir.
— Belingga qistirib olganing nima, unda?
— deb soʻrabdi dehqon.Parishonxotir qarasa, belida xotinining roʻmoli, soyaboni emish. Alam bilan roʻmolni olib irgʻitibdi, soyabonni esa tizzasiga bir urib sindiribdi. U xafa boʻlib uyiga qayta boshlabdi. Bu ishlarning hammasiga xotinim aybdor, uyga borgach, rosa adabini beraman, deb kelaveribdi.U oʻzining qishlogʻiga yetib kelgach, oʻzimning uyim deb oʻylab qoʻshnisinikiga kirib baqirib ketibdi:— Ahmoq, sening kasofatingga sayilga ham borolmadim. Sen meni hammaga kulgi qilding!
— Ey qoʻshni, es-hushingizni yigʻib oling. Men sizga nima yomonlik qildim?
— deb qoʻshnisi turgan emish.U qoʻshnisini urushayotganini koʻrib, tezda unikidan chiqib ketibdi.
Shunda choyfurush oʻtib ketayotgan ekan, undan bir quti choy sotib olibdi. Men qoʻshnimni bekordan-bekorga urushib berdim, endi shu choyni unga kirgizib beray, deb oʻylab, choyni olib, Qoʻshnisinikiga kirib:— Meni kechiring, sizni xafa qilganim uchun.
Shuning uchun sizga choy olib keldim, — debdi.
— Qachon meni xafa qilgan edingiz? Sayildan muncha tez qaytdingiz?
— deb xotini soʻrab turgan emish. Parishonxotir qoʻshnisinikiga kiraman deb, bu safar oʻz uyiga kirib qolgan ekan.
Shunda parishonxotir darrov oʻzini tutib olib, xotiniga:— Xotin, senga sovgʻaga bir quti choy olib keldim. Bitta yaxshilab choy damlagin, ichaylik, — debdi.