Burungi zamonda bir chol bilan kampir boʻlgan ekan. Ularning birgina sigirlari bor ekan.
Shu sigirga yem-xashak solish, suv berishga chol-kampir juda erinar ekanlar.Bir kuni chol-kampir bu ishni bir-birlariga buyurib, sansalor qilib, aytishib qolishibdi.
Shundan keyin ular, «kim birinchi boʻlib soʻzlasa, oʻsha sigirga suv beradi» deb kelishib olishibdi.Ikkovlari soʻzlashmay oʻtiraveribdilar. Oxiri kampir zerikkanidan qoʻshnisinikiga chiqib ketibdi. Chol esa uyda qolibdi.
Shu payt eshik taqillabdi. U bir devona ekan. Hech kim javob bermagandan keyin, devona uyning ichiga kirib kelibdi. Chol shunda ham ogʻiz ochmabdi. Devona uydagi koʻzga koʻringan narsalarning hammasini koʻtarib chiqib ketibdi. Cholning indamaganiga hayron boʻlib, uning soqol-moʻylovlarini ham qirib tashlabdi. Bir oz vaqt oʻtgach kampir kelibdi. Qarasa, uydagi narsalarning koʻpi yoʻq, cholning soqol-moʻylovlari olib tashlangan.
Shunda kampir:— Nimalar qilib oʻtiribsiz? Uydagi jihozlar qani? Oʻzingizga nima qildi?
— deb baqirib ketibdi.Shunda chol suyunib:— Ana, endi sigirni oʻzing sugʻoradigan boʻlding, — debdi.