← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
DonishmandlikBolalar uchunSehrliPodsholarMehr-oqibatAdolatAql-zakovatTabiatOilaTijorat

Ilm afzal

1182 soʻz

Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, oʻtgan zamonda, Buxorodan uzoqda, Urganch choʻli etagida, Qalayi Mirishkor degan qishloqda bir qariya yashagan ekan. Chol «oʻzim omiligimcha qoldim, qani endi oʻgʻillarim oʻqib odam boʻlsa», deb orzu qilar ekan. Boboning sakkiz oʻgʻli va bir qizi bor ekan. Qizi aqlli, sezgir ekan. Ota qiziga:— Xudo umringni uzoq qilsin, baxtimdan oʻrgilayki, qarigan chogʻimda senday farzandli boʻldim.

Lekin akalaringdan kuydim. Badbaxtlarning mehnat qilishga boʻyni yor bermaydi, «oʻqib ilm olib, odam boʻlinglar» desam, gapimga quloq solishmaydi. «Shuncha molimiz, yerimiz bor, oʻqib nima qilamiz», deyishadi. Men qarib qoldim, bu dunyodan koʻz yumsam akalaringning holi nima boʻladi? «Moli padar, pasi padar» deganlar. Akalaringning ahvoli shu boʻlsa, vafotimdan keyin menga laʼnat keltiradilar deb qoʻrqaman, qizim, — deb hasrat qilarkan.

— Otajon, sizga bir maslahat berayin. Akalarimni yoningizga chaqiring.

Keyin ulardan qilib yurgan ishlarini soʻrang. Qani, nima deb javob qilishadi, — debdi.

— Ey, jonim qizim, ularning qilib yurgan ishini bilaman. Sakkiz akang choʻntaklarini pulga toʻldirib, sakkizta chopqir otga minib, shaharma-shahar kayfu-safo qilib yurganlari yurgan, — debdi ota.

— Bu ishlarini bilaman, otajon, siz akalarimni mehmonxonaga chaqirib keling. Men eshikning orqasida turib gapirgan gaplaringizni eshitaman. Siz avvalo ulardan, «Ilm afzalmi yoki davlat?» deb soʻrang. Hammalaridan eshitib boʻlganingizdan keyin meni chaqiring. Menga ham akalarimga bergan savolingizni bering. Aqlim yetganicha javob beraman, akalarim eshitib tursinlar, — debdi qizi.Chol qizining aqliga tasanno aytib, kechqurun oʻgʻillarini mehmonxonaga chaqiribdi.

Oʻgʻillari mehmonxona toʻridagi koʻrpachalarga qator boʻlib oʻtiribdilar. Ular, «otamiz mol-dunyosini bizga boʻlib bersa kerak’, degan oʻy bilan sergak boʻlib turibdilar.

— Oʻgʻillarim, sizlarga yedirdim, kiygizdim, voyaga yetdinglar. Birovdan kam emassizlar. Mendan keyin roʻzgʻor tashvishi boshingizga tushadi. Oʻqib ilm olinglar. Oʻylab koʻrsam, ilm bilan hunarda gap koʻp ekan, — debdi ota.Oʻgʻillar otalarining bu gaplarini eshitib, hayron boʻlishibdi. Chol toʻngʻich oʻgʻlidan soʻrabdi:— Sen katta farzandimsan. Rejang qanday? Ilm yaxshimi yoki davlat?Katta oʻgʻli picha oʻylab turib:— Ey ota, qiziq gaplarni aytasiz-da. Xudogo ming marta shukurki, boshimizda soyabonimiz, siz padarimiz hayotsiz, yerimiz, molimiz bor. Oʻqib nima qilaman?

— debdi.Chol oʻgʻlining javobidan koʻp xafa boʻlib, ikkinchi oʻgʻlidan soʻrabdi:— Oʻgʻlim, sen asl inson boʻlasan, deb oʻylovdim. Sen ham ot minib bir necha kunlab yoʻqolib ketasan. Bu yoʻlingdan qayt. Men qari holim bilan qachongacha ishlayman. Menga yordam ber. Javob ber, ilm zoʻrmi yoki davlatmi? Yaxshilab oʻylab koʻrgin, bolam.Ikkinchi oʻril aka-ukalariga bir qarab olibdi-yu, otasiga:— Ollo taolodan tilaymanki, otam doimo sogʻ-salomat yursinlar, soyai davlatlarida yigitlik davrini suraylik. Pul-u mol boʻlmasa, ilmdan nima foyda?

— debdi.Moʻysafidning taʼbi xira boʻlib xoʻrsinibdi:— Oʻgʻlim, soʻrogʻimga javob berolmading, koʻnglim joyiga tushmadi. Boʻlmasa endi sen javob ber, oʻgʻlim. Shoyad meni xursand etsang, — deya uchinchi oʻgʻlidan soʻrabdi chol.Uchinchi oʻgʻli oʻylamay-netmay otasining savoliga:— Ey, otayi moʻʼtabarim, hamma gaplaringizga tushundim.

Lekin bu toʻrt kunlik dunyoda yegan-ichgan, kiyganingiz qoladi.

Endi katta boʻlib qoldik, shu yoshda ilm olgan bilan qayerga boramiz? Xammaning koʻzi davlatmandning qoʻliga qaraydi. Qoʻlini doimo koʻkragiga qoʻyib salom beradi, xizmatingizni bajo qiladi, davlat yaxshi-da, ota, — deb javob beribdi.Afsus—nadomat qilgan ota navbatni toʻrtinchi oʻgʻliga beribdi:— Qani, oʻgʻlim, sen nima deysan? Javob ber. Sendan biror yaxshi javob eshitarmikanman? Akalaring bergan javobni sen ham eshitding.Toʻrtinchi oʻgʻli javob beribdi:— Ey, otayi buzrukvorim, men sizga nima ham derdim.

Mana siz oʻqimasangiz ham mol-mulkingiz haddan ziyoda. Doimo hurmat va izzatdasiz. Biz ham sizday yashayveramiz. Savolingizga javob shuki, davlat yaxshi. Qoʻlingiz uzun boʻladi, qayerga choʻzsang yetadi.Moʻysafidning hafsalasi pir boʻlibdi-yu, beshinchi oʻgʻliga ham oʻsha savolni beribdi.

— Hurmatli padarim, sizga javobim shuki, ilm deganingiz qoʻlga olinmaydi, kissaga ham pul boʻlib kirmaydi. U bilan qorin toʻymaydi, taningiz but boʻlmaydi. Uyingizga palos qilib sololmaysiz.

Endi sizga aytsam, mol-davlatga nima yetsin, davlat afzal-da, otajon, — debdi bu oʻgʻli ham.Otaning jahli chiqibdi va oltinchi oʻgʻliga:— Xoʻsh, endi sen gapir-chi, bolam, yoshligingda koʻp xasta boʻlarding, koʻp tabib-jarrohlarga koʻrsatganman, seni. Onang rahmatlik kechalari mijja qoqmay tepangda oʻtirib chiqardi. Inson bolasi, oʻlmasa, odam boʻlib ketarkan. Durust, mana yigit boʻlib qolding. Ayt-chi, ilm zoʻrmi, davlatmi?

— debdi.Oltinchi oʻgʻil oʻylab turib, soʻng:— Otamsiz, sizga ilm afzal desam, uni bilmayman, oʻqiganim yoʻq. Davlatni bilaman. Boy yashayman. Uyimizda hamma narsa bor. Yeganimiz oldimizda, yemaganimiz ketimizda. Bundan chiqdi davlat afzal ekan-da, otajon, — debdi.

— Ey, bolam, sen ham koʻnglimdagi javobni bermading. Sen ham hirsingni davlatga qoʻygan ekansan. Nima ham deyman senlarga. Qani, navbat bilan kenja ukalaringdan ham soʻrab koʻray-chi. Bular nima javob qilarkin. Qani toylogʻim, sen gapir-chi, — deb moʻysafid yettinchi oʻgʻliga murojaat qilibdi.Oʻgʻil talmovsirab javob beribdi. Gapining tayini yoʻq emish.Moʻysafid xoʻrsinibdi, soqolini tutamlab bir oz jim qolibdi, soʻng kenja oʻgʻliga qarab:— Qani, kenjam, umidim sendan, bolam. Shoyad sen savolimga toʻgʻri javob bersang.

Kenja oʻgʻil aqlli boʻladi, deydilar. Davlat afzalmi yoki ilm afzalmi? Toleing baland boʻlsin, ikki dunyoda xor-zor boʻlma aslo. Ha, otaning duosi tillo, lekin qargʻishi yomon!

— debdi.Kenja oʻgʻil otasiga:— Otajon, men davlat emas, ilm afzal deyman. Meni maktabga bering, oʻqiyman. Koʻzingiz ochiqligida ilmli boʻlib qolay. Baribir mol-davlat menga tegmaydi, — debdi. Moʻysafidning dimogʻi chogʻ boʻlib:— Barakallo, oʻgʻlim, — deb oʻgʻlining peshonasidan oʻpibdi. Soʻng yana: — Menga mol-davlat tegmaydi, deganing nimasi?

— deb soʻrabdi.Shunda eshik orqasida akalari bilan otasining bahs-u javoblarini tinglab turgan qizi:— E, otayi qiblagohim, menga ruxsat bering, savolingizga javob berayin. Agar hurmatsizlik boʻlmasa, endi navbat meniki, — debdi.Aka-ukalari bir-birlariga qarab qolibdilar. Moʻysafid xursand boʻlib navbatni qiziga beribdi:— «Qani, qizalogʻim, senga navbat, gapir bolam, bu soʻroqqa sen nima deb javob qilasan?»Qiz gap boshlabdi:— Ey, otajon, avvalambor shuni aytay, eng kenja oʻgʻlingizning bergan javobi toʻgʻri javobdir. Davlat emas, ilm afzaldir.

Lekin nega afzalligini aytolmadi. Negaki, kichik akalarim kattalariga taqlid qiladilar. Yaqinda katta akalarim maslahat qilib, otamdan soʻng mol-mulkini boʻlib olamiz, kichik ukalarga hech narsa bermaymiz, ular yumushlarimizni qilib yuradi, deganlar. Kenja ukam bu gapni eshitib, endi menga molu davlat tegmas ekan, oʻqib, bir kunimni koʻradigan boʻlaman, deb oʻylab, ilm afzal deb toʻgʻri aytayapti. Davlat bebaho narsa. Bugun bor, ertaga yoʻq boʻlib ketadi. Davlat albatta shirin koʻrinadi, ammo azobi bisyordur.

Kuningiz toʻlib qazo qilsangiz, akalarim davlat deb bir-biri bilan jiqqa-musht boʻlishadi, narsalarimizni talon-taroj qilishadi. Akalarimning yettovi «davlat zoʻr», dedilar. Bu notoʻgʻri! Otaning moli farzandga sira buyurmaydi. Men boʻlsam ilmni afzal deb aytaman. Akalarim eshitib olsinlar, birinchisi shuki, ilmni qancha sarflasang, shuncha koʻpayaveradi. Davlatni sarflasang, u tobora kamayib boraveradi.

Shuning uchun ham ilm afzaldur. Ikkinchisi shuki, ilmli odam shirinsuxan, odobli boʻladi.

Shuning uchun ham hamma unga oʻxshashga intiladi. Davlatmand odamga esa hamma hasad qiladi. Chunki davlat hammada ham yoʻq. Uchinchisi shuki, ilmli odam dunyodan oʻtsa, «esiz, falonchi olimdan ajraldik», deb yigʻlab koʻmadilar. Davlatmand odam oʻlsa «ajab boʻldi, sara boʻldi, bir nafsi bad odamdan qutuldik» deb, laʼnatlab koʻmadilar. Toʻrtinchisi shuki, olim odam dunyoda doimo farogʻatda yashaydi. Chunki uning boshidagi ilmini hech kim oʻgʻirlab ketolmaydi.

Davlatmand odam doim «molimni oʻgʻri urib ketmasin, boʻri, shogʻol yemasin, oʻlib nobud boʻlmasin» deb, mudom tahlikada yuradi. Beshinchisi shuki, ilm eskirmaydi, chirimaydi, nobud boʻlmaydi.

Lekin mol-mulkni zax yerga qoʻysang chiriydi, oftobda rangi oʻchib sitilib ketadi, sovuqda qotadi, issiqda kuyadi. Davlatmand odam mudom uning gʻamida boʻladi. Oltinchisi shuki, ilmli odam yumshoq koʻngil, shirinsuxan, xushchaqchaq, odamshavanda boʻladi.

Shuning uchun unday odamni hamma hurmat-izzat qiladi. Davlatmand odamning koʻngli toshday qattiq boʻladi. Qoʻl ostidagi kishilarni koʻp ishlasin, davlatim koʻpaysin deb, ularni soʻkadi, uradi.Oqila qiz otasi va akalarining jimgina oʻtirib eshitayotganlarini sezgach, oxirgi muddaosini aytibdi: — Ey, otajon, akalarim yaxshilab eshitib olsin. Yoshlik davrlarini zoye oʻtkazmasdan, vaqtida foydalanib qolishsin. Zero, oxirgi pushaymon oʻzlariga dushman boʻladi.Moʻysafid ham, akalari ham oqila qizga qoyil qolib ofarin deyishibdi.

Moʻysafid qizi bilan kenja oʻgʻlini maktabga beribdi. Boshqa oʻgʻillari endi mehnat qilishga kirishib, hammalari murod-maqsadlariga yetibdilar.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!