Qadim zamonda bir aka-uka bor ekan. Akasi podsho huzurida xizmat qilar ekan, ukasi esa uyda qolar ekan. Akasi gapirganda juda koʻp yolgʻon qoʻshar ekan. Yolgʻon gaplarni rostdek qilib gapirishga usta ekan. Podsho uning hamma yolgʻon gaplariga ishonar ekan. Doim unga yaxshi-yaxshi sovgʻalar hadya qilar ekan.
Bir kuni ukasi akasiga:— Sen doim yolgʻon-yashiq gaplarni aytib roʻzgʻorni tebratasan. Buning ustiga yana tez-tez podshodan sovgʻalar ham olib turasan. Men ham bitta-yarimta yolgʻon gap toʻqib, podshodan sovgʻa olmoqchiman, — debdi ukasi.
— Men aytgan gaplar podshoga yoqadi.
Shuning uchun ham senga har xil sovgʻalar olib kelaman. Men borligim tufayli, sen hech qanday tashvishsiz yashayapsan. Undan koʻra, uyda oʻtirib uy ishlarini qilaver. Men topishimni senga minnat qilayotganim yoʻq-ku!
— debdi.
Lekin ukasi uning maslahatiga kirmay, podsho huzuriga boribdi va gapi borligini aytibdi:— Men osmonda itning akillaganini eshitdim, — debdi podshoga.
Shunda podshoning jahli chiqib ketibdi va:— Shunday yolgʻon gapirishga qanday jurʼat etding. Menga yolgʻon gapirganing uchun seni oʻlimga buyuraman, — debdi.
Shu payt uning akasi kelib qolibdi. Podshoga:— Shohim, bu yigit mening ukam boʻladi, oʻzi podachi, sal esi pastroq, ovsarroq.
Lekin, ehtimol, gapida biror haqiqat boʻlishi ham mumkin. Agar birorta burgut kuchuk bolasini changallab koʻkka parvoz etgan boʻlsa, ukam oʻsha kuchuk bolasini akillaganini eshitib, ovsarroq boʻlgani uchun, bunga aqli yaxshi yetmay, bu yerga kelib, sizga «men osmonda itning akillaganini eshitdim» deb aytgan boʻlsa kerak, — debdi.Bu gap podshoga maʼqul tushib, yigitni avf etibdi va unga kiyim-bosh hadya etibdi. Uyga qaytgach, akasi ukasini rosa urishibdi.
— Men seni bir oʻlimdan saqlab qoldim.
Endi sen uyda oʻtirgin. Podsho bilan gaplashishni sen bilmaysan, — debdi ukasiga.Ammo ukasi uning gapiga quloq solmabdi. U sovgʻa qilingan kiyim-boshlarni kiygach, yolgʻonni doʻndirib, kattaroq sovgʻa olmoqchi boʻlibdi. Podshoning yoniga borib, shunday debdi:— Men kamondan bir oʻq uzgan edim, borib bir kiyikning qulogʻidan kirib, oyogʻidan chiqibdi.
Shundan keyin kiyik yiqilib tushdi, oʻz-oʻzidan nordon qayla bilan qovurilib pishdi. Men uni pok-pokiza tushirdim.Uning bunday bemaʼni gapi podshoga juda qattiq tegibdi va podsho uni oʻlimga buyuribdi. Buni eshitgan akasining rahmi kelib yana podsho huzuriga kelib:— Shohim, men bu haqda avval ham aytib oʻtgan edim. Ukam oʻzi shunaqa sal esi pastroq, nodon, hatto gapini ham eplab gapira olmaydi.
Lekin oʻzi juda yaxshi mergan. Balki ukam kiyikni otayotganida kiyik oyogʻi bilan qulogʻini qashiyotgan boʻlsa, oʻq kiyikning ham qulogʻiga. ham oyogʻiga tekkan boʻlsa kerak. Kiyik qulab tushgan. Oʻq yoyning uchi poʻlatdan boʻlgani uchun oʻq borib chaqmoqtoshga tegib uchqun chiqargan, uchqun shu yerdagi quruq oʻtlarni yondirib, oʻlgan kiyikni kabob qilgan boʻlsa kerak. Bundan tashqari, kiyik bir tup zira ustiga agʻanab tushgan, uning mevasi ezilib, xuddi nordon qaylaga oʻxshab koʻringan.
Ukam kiyik goʻshtini yeganda, unga nordon qayla borday tuyulgan.Bu javobdan qoniqqan podsho uning ukasini ozod qilib yuboribdi.Shunday qilib, yolgʻon gap bilan u nodon ukasini oʻlimdan qutqarib qolgan ekan.