← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunPodsholarMehr-oqibatOila

Baroqxon

367 soʻz

Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, bitta baroq mushuk bor ekan. U yakka oʻzi katta chinor tagidagi bir uyda yashar ekan.Kunlardan bir kuni mushukning bu yerda yashashini qargʻa bilib qolibdi va buni hamma hayvonlarga aytib qoʻyibdi. Qargʻadan bu gapni eshitgan tipratikan mushukning uyiga kelibdi-da:— Baroqjon, Baroqjon, eshigingni och, ikkovimiz birga yashaymiz, — debdi.

— Muncha xunuksan, kelib-kelib sen bilan oʻrtoq boʻlamanmi?

— debdi va tipratikanni uyiga kiritmabdi.Ertasiga Baroqxonning uyiga olmaxon kelibdi.

— Baroqjon, Baroqjon eshigingni och, inoq boʻlib birga yashaylik, — debdi u ham.

— Oʻzing sigʻasanmi, duming sigʻadimi, — deb mushuk olmaxonni ham uyiga qoʻymabdi. Olmaxon oʻsal boʻlib qaytib ketibdi.Olmaxondan keyin chopqir quyon kelibdi:— Baroqjon, Baroqjon, eshigingni och, yoʻlda ochkoʻz boʻri turibdi, — debdi. Baroqjon quyonga ham eshigini ochmabdi.Quyondan keyin aka-uka Oʻmbaloq va Doʻmbaloq degan ayiqchalar kelishibdi.

— Baroqjon, Baroqjon, eshigingni och, biz Oʻmbaloq bilan Doʻmbaloq boʻlamiz, sen bilan birga oʻynagani keldik, — deyishibdi ular.Mushuk ularni ham uyiga qoʻymabdi. Ayiqchalar unga yolvorib:— Biz uyimizga boraylik desak, yoʻlimizda och boʻri yuribdi, jon oʻrtoq, eshigingni och, — deyishibdi.

— Oʻzlaring qoʻpol ekansizlar, eshigim zoʻrgʻa turibdi, tegib ketsalaringiz agʻdarilib tushadi, — deb baribir ularni uyiga kiritmabdi.Bir vaqt dumini tarab tulki, labini yalab boʻri kelibdi:— Baroqjon, Baroqjon, seni bir koʻrishni orzu qilardik, sening olgʻir bobong yoʻlbars bizga qarindosh boʻladi, — deb mushukdan ruxsat soʻramay ham, oʻzlari uning uyiga kirib kelishaveribdi. Baroqjonni gapirgani ham qoʻymay maqtay boshlashibdi.

— Voy-voy, ana bu gilamlarni qarang-a, ana bu kiyimboshlarni qarang-a, idish-tovoqlarni qarang-a, — deb uni taltaytirib yuborishibdi.

Soʻngra yoʻlbarsning uyini maqtay boshlashibdi. Ularning maqtovini eshitgan Baroqjon oʻziga-oʻzi «yoʻlbarsning uyi mening uyimdan ham chiroyli ekan» deb oʻylab, ularga:— Men borib yoʻlbars boboning uyini koʻrib kelay, sizlar mening uyimni poylab oʻtiringlar, — deb yoʻlbarsnikiga qarab joʻnabdi. Yoʻlda poylab turgan koʻk boʻri unga tashlanibdi. Baroqjon jon holatda boʻrining koʻziga chang solibdi, boʻri koʻzining ogʻrigʻiga chidolmay uni qoʻyib yuboribdi.Baroqjon uyiga qaytib kelsa, tulki bilan boʻri uning hamma narsalarini yeb qoʻyishibdi, buning ustiga uni oʻz uyiga kiritishmabdi.

Shunda Baroqjon nima qilishini bilmay «dod» solibdi. Uning dodlab yigʻlayotganini eshitgan tipratikan, olmaxon, quyon, Oʻmbaloq bilan Doʻmbaloqlar yetib kelishibdi. Hammalari bir boʻlib boʻri bilan tulkining jazosini berishibdi. Baroqjon hamma hayvonlarni uyiga oʻzi taklif qilibdi va ularga:— Jon oʻrtoqlar, qolinglar, birgalikda doʻst boʻlib yashaymiz, doʻstlikda gap koʻp ekan, — debdi.Shunday qilib, Baroqxon ular bilan birgalikda bexatar yashab, murod-maqsadiga yetibdi.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!