Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, bundan koʻp yillar ilgari ikkita oʻqimishli ziyrak yigitlar oʻtgan ekan. Ulardan birining ismi Komiljon, ikkinchisiniki Homiljon ekan.Komiljon qorachadan kelgan, oʻrta boʻyli, kirriklari uzun-uzun, kelishgan yigit ekan. Homiljon ham chiroyli, shahlo koʻz, qoshlari Komiljonnikiga qaraganda qalinroq, ammo oʻziga oro bermaydigan yigit ekan.Yigitlar amakivachcha boʻlib, yoshlikdan birga oʻsishgan, madrasada ham birga ilm olishgan ekan.Komiljon bilan Homiljon oʻqishni davom ettirish maqsadida boshqa bir shaharga borishibdi.
Yigitlar kelgan shaharda yaqindan beri qaroqchilar paydo boʻlgan, ular aholining mol-mulkini talayotgan ekan. Bu qaroqchilar shunday usta ekanlarki, shu vaqtgacha ularni hech kim koʻrmagan, shahar ahliga esa qilgan ishlarigina ayon ekan, xolos. Qaroqchilarni tutish uchun alohida mirshablar tayinlangan boʻlsa ham, bu mirshablar ularni tutishning uddasidan chiqa olishmagan ekan. Chunki qaroqchilarning shahar ichida maxfiy maʼlumot berib turadigan kishilari boʻlib, oʻzlari esa shahar chekkasida yashar ekanlar.
Shuning uchun ham ular mirshablar boʻlmagan kunni poylab, moʻljallagan kishilarining xonadonini sovurib ketishar ekan.Bu shaharga Komiljon bilan Homiljonning kelganliklari haqidagi xabar ham qaroqchilarga darrov borib yetibdi. Ular bu yigitlar savdogar boʻlishsa kerak, degan xayolda ularni koʻz ostiga olib qoʻyishibdi.Komiljon bilan Homiljon shaharning markaziy koʻchasidagi uylardan biriga joylashibdi va hech narsadan xabarlari yoʻq, oʻz ishlari bilan ovora boʻlib yurishaveribdi.Ular har kuni kechasi allamahalgacha kitob oʻqib oʻtirishar ekan.
Kunlarning birida yigitlar odatdagidek kitobdan koʻz uzmay oʻtirishganida eshik taqillabdi. Komiljon oʻrnidan turib eshikni ochishi bilanoq, oʻntacha kishi uyga kiribdi-yu, begunoh yigitlarni ura-ura, oyoq-qoʻllarini bogʻlab, qimmatbaho narsalar va oltin qidira boshlashibdi.Koʻp tintuvdan keyin hech narsa topolmagan qaroqchilardan biri doʻq qilib:— Hoy, ablahlar, oltinlarni qayerga yashirgansanlar?
— debdi.
— Sizlarga oltin kerak boʻlsa, bizlarga jon kerak, — debdi arqonning siqigʻidan badanlari qaqshayotgan Komiljon xayoliga bir fikr kelib, — oyoq-qoʻllarimizni boʻshatinglar, oʻzimiz topib beraylik.Ularning qoʻrboshisi boʻlsa kerak, baland boʻyli, shopdek moʻylovli, koʻzlari chaqnagan bir kishi: “Bularni boʻshatinglar”, deb buyruq beribdi yigitlariga. Qaroqchilar darhol bandilarning oyoq-qoʻllarini boʻshatishibdi.
— Bizdagi oltinlar asli sizlarniki boʻlishi kerak, — debdi Komiljon oyogʻini uqalarkan, — mayli, rozimiz.
— Toʻgʻri, doʻstim, oltinlar asli shularniki boʻlmogʻi lozim, — debdi Homiljon bir narsani sezgandek.Qaroqchilar xaxolab kulishibdi.
— Biz bunaqasini hech koʻrmagan edik, — debdi qaroqchilardan biri.
— Nega gʻalati qilib gapiryapsan, yigit?
— deb soʻrabdi haligi shop moʻylovli kishi, — yoki ketishi naqd boʻlganidan joningni asrayapsanmi? Qani, tezroq koʻrsat.
— Oʻlim-ku haq, — deb javob beribdi Komiljon, — lekin bu oltinlarning qissasi shuni talab qilar edi. Oldin oltinlar turgan yerni koʻrsatay, keyin uning tarixini gapirib berarman.Komiljon ularni boshlab chiqib, hovlining bir burchagini koʻrsatib, oʻsha yerni qazishni buyuribdi.
Shundan keyin ikki kishi u yerni qazish uchun qolib, qolganlar Komiljonni yana uyga olib kirishibdi.
Shunda:— Qanday qissani gapirmoqchi eding?
— deb soʻrabdi qoʻrboshi qiziqib.
— Haligi, bizning gapimizni eshitib, bundayini koʻrmagan edik, dedinglar. Agar oltin qissasini eshitsanglar bormi, hayron qolar ekansizlar-da, — deb gapga aralashibdi Homiljon.
— Qani, gapir!
— Shunday ham boʻlar ekan, — xuddi chindan boʻlgan voqeani gapirib berayotgandek jiddiy tusda gap boshlabdi Komiljon, — otam juda ham qashshoq kishi ekanki, asti qoʻyavering. Chor-nochor kun kechirar ekanmiz. Otam bechora yegani nonni, ichgani suvni zoʻrgʻa topib kelar ekan. U juda koʻp ishlar qilib koʻribdi.
Ammo bilgan hunarlarining hammasi ham bir-biridan ogʻir tuyulaveribdi. Buning ustiga yoshi ham ancha qaytib qolgan ekan.
— Deraza yoniga boray, — deb ijozat soʻrabdi Komiljon, — koʻnglim biroz behuzur boʻlyapti.
— Mayli, boraqol, — debdi qoʻrboshi. Komiljon deraza yoniga borib, uni qiya ochibdi-da, toʻyib nafas olgandan keyin gapida davom etibdi:— Hamma ishni ham bir-bir qilib koʻribdi, oxiri boʻlmagach, oʻrmondan oʻtin olib kelib sota boshlabdi. Otamning bir hamrohi boʻlib, u ham oʻrmonga doim dadam bilan birga borar ekan.Haligi yer kovlayotgan qaroqchi yigitlar ham ishni qoʻyib bu kambagʻalning qoʻliga oltin qayerdan kelib qolganini bilgilari kelib, eshik yoniga oʻtirib, “qissa”ga quloq sola boshlashibdi.
— Kunlarning birida, — deb davom etaveribdi Komiljon, — otam bilan hamrohi bir toʻnkani qazib chiqarishayotganda shundaygina yonlaridagi yer oʻpirilibdi. “Bunda ne hikmat bor ekan?” degan xayolda haligi yerni galma-galdan qazishibdi. Birozdan keyin ketmonlari bir sopolga tekkandek boʻlibdi. Qarasalar, xum emish. Koʻp urinib haligi xumni chuqurdan chiqarib olishibdi. Dadam tepada-yu, oʻrtogʻi pastda — oʻrada ekan. Otam xumning ogʻzini ochib qarasa… xum toʻla oltin emish.Shunda dadam: “Butun umrim-ku qashshoqlikda oʻtdi.
Endi hamrohimni oʻradan tortib olsam, u podsholikka xabar bersa, yana hech narsasiz qolaveramanmi?” deb oʻylabdi.
Shu xayol bilan u sherigiga arqon tashlamay turibdi. Hamrohi bechora boʻlsa toʻxtovsiz: “Qani, arqonni tashlamaysanmi?” deb baqirayotgan emish. Oxiri dadam arqon tashlamaslikka qaror qilib, sekin-asta uyiga joʻnabdi.Bu gapni eshitgan qaroqchilar bir xum tillalik boʻldik, degandek bir-birlari bilan koʻz urishtirib olishibdi.
— Sherigi dadamning feʼli buzilganini sezgan, shekilli, — deb gapida davom etibdi Komiljon, — oxirgi kuchini toʻplab, ovozining boricha chaqiribdi. Dadam yana oʻraning ogʻziga kelibdi-da: “Nima gaping bor?” debdi.“Shuncha birga yurib, qashshoqligimizdan sen menikiga bormading, men senikiga, — debdi u.
— Mayli, mening yoshim qaytib qoldi, oʻlimimga roziman.
Ammo senga bir vasiyat qilay, shuni bajar. Uyim falon yerda. Birgina oʻgʻlim bor, uning ismi Dod. Unga tilladan uch-toʻrt tanga berib, mening uyga qaytib bormasligimni aytib qoʻy. Bechoralarning koʻzi toʻrt boʻlib oʻtirmasin”.Dadam maʼyus boʻlib, choʻntagiga besh-oltita oltin solib, hamrohining eshigini topib boribdi.“Dod, hoy Dod”, — debdi sekingina. Uydan hech kim chiqmabdi. “Dod”, debdi birozdan soʻng yana qattiqroq tovush bilan.
Hech kim ovoz bermasmish.(Qaroqchilar bir qiziq hodisa roʻy bergan boʻlsa kerak, degan xayolda butun fikrlarini bir yerga toʻplab, Komiljonning gaplariga quloq solib oʻtirishganmish.)Otam eshikning bir tabaqasini ochib, “Dod” deb baqiribdi. Ovoz chiqmasmish. (Shunday deb turib, Komiljon derazani katta ochib olibdi.) Keyin ovozining boricha “Dod”, “Dod”, deb baqiraveribdi.(Tevarak-atrofda koʻrinayotgan odam sharpasi Komiljonga yana ham quvvat bagʻishlabdi.)— “Dod”, “Dod”, der emish otam. U qilgan ishiga pushaymon ekan.
Uydan ovoz chiqmagandan keyin yana qattiq xafa boʻlib, koʻz-yoshi toʻkibdi-da, “Dod”, “Dod”, deb baqiraveribdi.Bu vaqt ichida atrofdagi kishilar “Dod” degan tovushni eshitib, oʻzi nima gap ekan, deganlaricha, har kim qoʻliga tushgan narsani olib, shu tomonga yugurib kelaveribdi. Qoʻriqchilikda turgan mirshablarga ham darhol xabar yetib, bir zumda ular ham shu yerda hozir boʻlishibdi-yu, uyning atrofini oʻrab olishibdi.Mirshablar xalqning yordamida qaroqchilarni tutib olishibdi.Komiljon bilan Homiljonga boʻlsa katta sovgʻalar berishibdi, ularning fahm-u farosatlariga qoyil qolishibdi.Shundan keyin xalq tinch hayot kechira boshlabdi.
Yigitlar boʻlsa, maqsadlariga yetib, ona yurtlariga sogʻ-salomat qaytib ketishgan ekan.