Zabiliston mamlakatida Kayoniy avlodidan boʻlgan Somi Narimon degan podsho oʻtgan ekan. Oʻn yetti xotin olsa ham bola koʻrmagan ekan. Koʻhiqofdan Malika ismli yana bir xotin olibdi. Xotini homilador boʻlibdi. Kanizak Somi oldiga borib:— Ey, podsho, shu vaqtgacha oʻgʻil koʻrganingiz yoʻq. Agar xotiningiz oʻgʻil tugʻsa qirq kun chillasi chiqquncha sizga koʻrsatmaymiz, — debdi.Somi Narimon:— Oʻgʻil tugʻsa, bir yilgacha koʻrsatmasangiz ham mayli, — debdi.Vaqt-soati yetib, Malika bir oʻgʻil tugʻibdi.
Kanizak bolani qoʻliga olib qarasa, kuchuk bolasiga oʻxshaydi. Kanizak bilan Malika: “Somi koʻrsa ikkalamizni ham nimta barobar qilib oʻldiradi”, deb qoʻrqishibdi.
Tong otibdi. Kanizak Somidan suyunchi olibdi. Somi Narimon:— Vaʼdam vaʼda, qirq kungacha bolani koʻrmayman, — debdi. Malika bilan kanizak mahramni chaqirib:— Ey, mahram, kimning xotini oʻgʻil tugʻgan boʻlsa olib keling, — deb bir hovuch tilla beribdi. Mahram novvoylar oqsoqolining xotini tugʻganligini bilib, borib bolani soʻrabdi… Xotin: “Oldin tillani olib keling, keyin bolani beraman”, debdi. Mahram kanizakdan bir tuynok tilla olib kelib, novvoyning oqsoqoliga beribdi.
Mahram bolani olib kelib kanizakka topshiribdi. Kanizak yaxshi, xushsalobat bolani Malikaning qoʻyniga solibdi. Malika oʻz oʻgʻli bechora Zolni yetimcha qilib bagʻridan olib yerga tashlabdi. Kanizak Zolni “Daryoyi Nilga tashlab yuboring”, deb mahramga beribdi, Malika bilan kanizak tash-vishdan xoli boʻlibdi.Mahram goʻdak Zolni qoʻyniga solib, yoʻlda ketayotganda rahmi kelib “Qaysi qoʻlim bilan daryoga tashlayman”, deb daryo boʻyidagi changalzorga tashlabdi.
Yosh goʻdak-chaqaloqning kimsasiz changalzorda yigʻlashi shu atrofda oʻtlab yurgan yosh ona kiyikka eshitilibdi. Kiyik kelib chaqaloqni oʻz bagʻriga bosibdi, uni ertalabgacha emizibdi.Koʻhiqofda yashaydigan Semurgʻ kunlarning birida parilar podshosining majlisida oʻtirgan ekan. Zol uning esiga tushib qolibdi. Chunki bu qush dunyoda boʻladigan voqealarni bilar ekan. Zolning tugʻilish muddati, uning olamdagi voqealarni oʻn yil ilgari biladigan hukamo boʻlishi va ming yil yashashi Semurgʻga maʼlum ekan.
Semurgʻ hisoblab koʻrsa, Zolning tugʻilganiga yetti kun boʻlibdi. Tajriba qilib koʻrsa, Zol Malikaning yonida yoʻq emish, bolani bir changalzorda kiyik emizib yotgan emish. Semurgʻ tezda toʻqayga yetib kelib, bolani topibdi. Uyiga olib kelib, kiyik va echki suti bilan boqib, Zolni katta qilibdi. Zol oʻn toʻrtga kirganda ilm oʻrganibdi. Qirq yil oʻqigan kishilar bilan baravar boʻlib olibdi. Somi Narimon uyidagi novvoydan olib kelingan bola ham oʻn toʻrt yoshga kiribdi.Bir kuni Somi Narimon majlis chaqiribdi.
Majlisga Semurgʻ ham kelibdi. Majlisda oʻtirgan Semurgʻ Somi Narimonga qarab:— Bu oʻtirgan bola sizning oʻgʻlingiz emas, novvoyning oʻgʻli, — debdi. Bu gapga majlisda oʻtirgan kishilar qarshi turibdi. Somining achchigʻi kelibdi. Semurgʻ podshoga:— Shu bolaning qoʻliga bir tovoq bilan non berib, “Uyga olib kir”, deb ayting. Agar bola tovoq bilan nonni qoʻlida olib ketsa, sizning bolangiz, tovoqni boshiga qoʻyib olib ketsa, novvoyning bolasi boʻladi, — debdi.
Somi bolani chaqirib bir tovoq bilan non berib: “Shu tovoq bilan nonni uyga olib kir”, debdi. Bola nonni qoʻliga olib uyning yarmiga borganda tovoqni boshiga qoʻyibdi.
— Novvoyning oʻgʻli ekanligiga endi ishondingizmi? Sizning oʻgʻlingiz Zol mening qoʻlimda. Hozir oʻn toʻrt yoshga kirdi. Ishonmasangiz, kirib Malikadan soʻrang. “Rostini aytsang oʻldirmayman”, desangiz aytadi, — debdi Semurgʻ. Somi Malika yoniga kirib:— Ikkovingizdan bir savol soʻrayman, rostini aytmasangiz chopib tashlayman, shu bola kimniki?
— debdi. Malika bilan kanizak “Rostini aytmasak bizni chopib tashlaydi”, deb qoʻrqib, ikkovi baravar taʼzim qilib turishibdi. Kanizak turib:— Ey, taqsir, bu Malika bir kuchuk bola tugʻgan edi. Uni daryoyi Nilga tashlang, deb mahramga bergan edik, tirikmi-oʻlikmi bilmaymiz. Oʻrniga novvoyning oʻgʻlini tilla berib, olib kelgan edik,— debdi. Somi chiqib Semurgʻning gapi toʻgʻri ekanligini aytibdi. Semurgʻ uchib Zolning oldiga borib:— Ey, Zol, tur! Dadangning oldiga olib boraman, — debdi. Zol esa otasini bilmas ekan.
Semurgʻ Zolni otasi oldiga, majlisga olib kelibdi. Odam koʻrmay vahshiyga oʻxshab katta boʻlgan Zol kishilardan qoʻrqibdi, xalq esa undan qoʻrqibdi.
Shunday qilib, Zol otasi oldida yurib, yigirma yoshga kiribdi. Malika oʻgʻli Zolga yadilardan xotin olib beribdi. Xotini homilador boʻlib yetti oylik boʻlganda bolaning ogʻirligidan xotinning oyogʻi bir enlik yerga kiribdi, sakkiz oylik boʻlganda besh enlik yerga kiribdi. Malika yura olmay qolibdi. Zol xotinining yura olmaganini koʻrib, toʻrt gʻildirakli aravaga ot qoʻshib, Malikani olib yuribdi. Vaqt-soati yetibdi. Semurgʻ boshliq qirq hukamo jam boʻlib bolani yorib olishibdi. Rustam dunyoga kelibdi.
Semurgʻ boshliq qirq hukamo Malikaning roʻdasini kiyik suti bilan yuvib tikibdi. Semurgʻ qanotidan bir misqol qon oldirib Malikaning dimogʻiga hidlatib, hushiga keltiribdi. Rustamni govmishning suti bilan boqibdi.Somi Narimon dunyodan oʻtibdi. Oʻrniga amakivachchasi Kaykovus podsho boʻlibdi. Zol hukamolik ishida qolibdi. Rustam katta boʻlib, Kaykovusga xizmat qilib yuribdi, kunlardan bir kun, Rustam Kaykovusdan bir oyga javob olib ovga chiqibdi.Mozandaron degan joyda, daryo boʻyida bir qari chol yashar ekan.
Uning oʻn toʻqqiz yoshli xushsurat, sohibjamol qizi bor ekan. Chol namozgar vaqtida qizini chaqirib:— Bir choynak choy olib chiq, qizim, — debdi. Qizi otasining oldiga bir choynak choyni qoʻyib, qaytibdi. Chol qizining katta boʻlib qolganini koʻrib: “Tandir ham issigʻida oladi, vaqtida qizimni erga bersam boʻladi”, deb oʻylabdi.Shu payt Rustam ov qilib yurib, daryoyi Nildan oʻtib Changali Mozandaronga kiribdi. Roʻparasidan bir kiyik chiqibdi. Oʻq otsa tegmabdi.
Achchigʻidan kiyikni quvib, qaytara olmay, adashib, boshqa diyorga oʻtib, bir toʻqayga kirib ketibdi. Qilgan ovlarini otiga ortib toʻqaydan chiqibdi.Qarasa, makoni uzoqda qolibdi. Uzoqdan bir qishloq koʻrinibdi: “Xayr, bir kecha musofirga qoʻnoq berar”, deb qishloqqa qarab yuribdi. Chol daryoning yonida oʻtirgan ekan. Rustam cholga yaqin kelib, salom beribdi. Chol oʻrnidan turib:— Keling, pahlavon mehmon, — debdi. Rustam:— Otajon, men ovga chiqqan edim. Diyorim uzoqda qoldi, bir kecha musofirga qoʻnoq bersangiz, — debdi.
Chol:— Xoʻp, mayli, oʻgʻlim. Qaysi avloddansan?
— debdi. Rustam:— Men Kayon avlodidan, Zolning oʻgʻli, Somining nevarasi, Rustam boʻlaman, — debdi. Chol:— Xoʻp, polvon oʻgʻlim, juda yaxshi, — deb mehmonni uyiga taklif qilibdi. Otini otxonaga olib kirib, oʻz biyasi yoniga bogʻlabdi. Bir qoʻy soʻyib, mahalla odamlarini chaqirib, Rustamni ziyofat qilibdi.Chol Rustamga qarab:— Oʻgʻlim, senga bir arzim bor, — debdi. Rustam:— Ayting, ota, — debdi.
— Bir qizim bor.
Shu qizimni senga bersam, seni oʻgʻillikka qabul qilsam, —debdi. Rustam oʻrnidan turib qulluq qilibdi. Chol yana:— Oʻgʻlim, qizimning bir aybi bor. Ikkita koʻzi yoʻq, ikkita qoʻli yoʻq, ikkita oyogʻi ham yoʻq, — debdi. Rustam:— Shunday boʻlsa ham qabul etdim, — debdi. Rustam cholning qizi Gulchehrani nikohlab olibdi. Rustam qizni koʻrib, hayron qolibdi. “Yetti iqlimda bunday chiroyli qiz yoʻqdir, chol aksini gapirib, meni aldabdi”, deb koʻnglida oʻylabdi. Qirq kun qalliq oʻynabdi.
Podshodan bir oyga olgan javob vaqti tamom boʻlib, choldan ketishga ijozat soʻrabdi. Rustam choʻntagidan bir tumor chiqarib cholga beribdi:— Ey, otajon, xotinim qiz tugʻsa, shu tamgʻani chekkasiga bosib chap beliga bogʻlab qoʻying, agar oʻgʻil tugʻsa, oʻng yelkasiga bosib, oʻng beliga bogʻlab qoʻying. Bizning avlodimizda shu tamgʻa yuradi.
Shundan bir-birimizni topib olamiz, — debdi. Chol bilan xoʻshlashib, otiga minib joʻnabdi. Gulchehra bechora koʻz yoshini toʻkib qolibdi. Oylardan oy oʻtib, Gulchehra bir oʻgʻil tugʻibdi. Gulchehraning otasi bolaning otini Suhrob qoʻyibdi. Oʻsha kuni biya ham tugʻibdi. Suhrob oʻn toʻrt yoshga kiribdi.
Bir kuni u maktabdan kelayotib bolalar bilan urishib, bir bolaning oyogʻini chiqaribdi. Bolalar: ”Yetimcha, otasi yoʻq”, deb uni haqorat qilib, yigʻlatishibdi. Suhrob yigʻlab uyiga kiribdi.Chol:— Yigʻlama, oʻgʻlim, yaqinda otang kelib qoladi, — deb bolani yupatibdi. Suhrob yana bir kuni maktabdan kelayotib tosh oʻynabdi.Toshi borib oftobda charx yigirib oʻtirgan bir kampirning charxiga tegib sindiribdi. Kampir qoʻliga tayoq olib kelib bolalardan:— Kim tosh otdi?
— debdi. Bolalar:— Suhrob otdi, — deb bolani koʻrsatishibdi. Kampir yugurganicha kelib, Suhrobning boshiga besh-olti tayoq urib: “Sening otangning tayini yoʻq”, deb haqoratlabdi. Suhrob yana yigʻlab uyiga kirib, onasini mahkam ushlab:— Otamni topib bering!
— debdi. Gulchehra oʻgʻliga:— Oʻgʻlim, otang Kayon avlodidan, Somining nevarasi, Zolning oʻgʻli Rustam. Uni Zabiliston bilan Gulistondan topasan, — debdi.Suhrob onasidan bu gapni eshitib, otasini qidirib bormoqchi boʻlibdi. Gulchehra oʻgʻli Suhrobga oʻzi bilan bir kunda tugʻilgan Raxsh degan otni egarlab beribdi. Suhrob onasi va bobosi bilan xayrlashib, otasini qidirib Zabilistonga qarab ketibdi. Yoshlik qilib yoʻlni bilmay adashib, Oʻkuz daryosidan oʻtib, Buxoro tomonga ketibdi.
Yoʻl yurib, yoʻl yursa ham moʻl yurib, echki-qoʻy boqadigan qozoqlarning yeriga kelib qolibdi. Qarasa, bir barno qiz quduqdan suv olib, qoʻy-yechkilarni sugʻorib turganmish. Suhrob Raxsh otini oʻynatib qiz yoniga kelib:— Ey, singlim, bir oyoq suv bering, — debdi. Qiz Suhrobni koʻrib, unga muhabbati tushib qolibdi. Quduqdan tortayotgan suvini qaytarib:— Ey, mard yigit, suvni oʻzing tortib olib ich, birovdan tilab ichasanmi, — debdi. Suhrobning achchigʻi kelibdi. Raxsh otiga qattiq bir qamchi urib, quduq yoniga kelibdi.
Quduqdan suvni bir qoʻli bilan tortmoqchi boʻlibdi, torta olmabdi, ikki qoʻllab tortib, yana torta olmabdi. Hatto uzangidan oyogʻini chiqarib koʻrib tortsa ham boʻlmabdi. Qizning oldida oʻsal boʻlibdi. Otidan tushib, bazoʻr mashaqqat bilan tortib suv olib ichibdi. Suhrob qiz bilan hazillashib:— Menga tegasanmi?
— debdi. Qizning ismi Zavvora ekan.Zavvora:— Ey, mard yigit, agar toʻshimni yerga tekkiza olsangiz, men sizga tegaman, — debdi. Suhrob ham rozi boʻlib, ikkovi olishmoqchi boʻlishibdi. Qiz beliga kamar bogʻlab maydonga tushibdi. Suhrob ham tushib bel olishibdi. Qiz Suhrobni shoshirib qoʻyibdi. Qiz Suhrobdan yiqilmay, oʻz ixtiyori bilan yiqilibdi.
— Ey, mard yigit, oʻzimni Sizga bagʻishladim, — debdi.Zavvora onasiga xabar beribdi. Ota-onasi kuyov qilibdi. Suhrob qirq kun qalliq oʻynabdi. Qizga otasini qidirib ketayotganligini, yana qaytib kelib topishini aytibdi. Qizning otasiga choʻntagidan bir tumor olib berib:— Xotinim qiz tugʻsa, chap yelkasiga, oʻgʻil tugʻsa, oʻng yelkasiga bosing, — deb beribdi. Chol va xotini bilan xayrlashib ketibdi. Yoʻl yurib, yoʻl yursa ham moʻl yurib, Xonbaliq degan joyga boribdi.
Shu vaqtda Xoqoni Chindan Afrosiyob Kaykovusga qarshi urushga ketayotgan ekan. Daryo boʻyidan ketayotgan bir yigitni koʻrib, xizmatkorlaridan birini shu yigitning kim ekanini bilib kelish uchun yuboribdi. Elchi yigitning oldiga kelib:— Ey, yigit, bu yerlar Turon mulki, Chinga qaraydi. Nima uchun beijozat daryodan oʻtding, kimning oʻgʻlisan?
— debdi. Suhrob:— Men Changali Mozandarondan boʻlaman. Otam Rustamni axtarib Zabilistonga boraman, — debdi.Elchi yigitning qayerdan kelganligini, kimligini Afrosiyobga borib xabar beribdi. Afrosiyob: “Bu bola Zabilistonga borib otasini topsa, bizdan Turon mulkini olib qoʻyar edi. Yaxshiki adashib oʻzi kelib qoldi. Bundan keyin ishim oldinga yuradi”, deb oʻylabdi. Yana elchini yuborib, Suhrobni keltiribdi. Ziyofat qilib, Suhrobni qoʻlga tushiribdi. Suhrobni olti oy juda yaxshi boqibdi.
Yettinchi oyda Zabilistonga, Kaykovusga qarshi yurish qilibdi. Suhrobni oʻzi bilan birga olib, urush maydoniga kiribdi. Zabiliston tomonidan Rustam urush maydoniga kiribdi. Rustam oʻz oldida bir goʻdak bola turganini koʻrib achchigʻi kelibdi. Suhrob otasi Rustam bilan kurashib, uning tizzasini yerga tekkizibdi. Bogʻlab olay deganda, qari sirohigar ekan, deb, rahmi kelib qoʻyib yuboribdi. Rustam: “Onadan tugʻilib bir musht yeganim yoʻq edi. Nima uchun meni bir goʻdak yiqitdi.
Ertaga yana maydonga kirib bu bolaning qonini ichmasam, dunyoda oʻzimni Rustam atamayman”, debdi. Ertasi yana urush boʻlibdi. Rustam Suhrobning oyogʻiga bir urib yiqitibdi.
Shunda Suhrob Rustamga qarab:— Ey, nomard chol, men seni hurmat qilib, kecha bogʻlab olib chiqib ketmasdan, yechib qoʻydim. Bugun sen nimaga nomardning ishini qilasan?
— debdi. Rustam achchiqlanib xanjarini sugʻurib olib bolaning koʻkragiga bir uribdi, qoni yerga toʻkilibdi. Suhrob:— Ey, nomard, gʻuncham soʻlgani yoʻq, oʻn gulimdan bir gulim ochilgani yoʻq. Yosh umrimni xazon qilib juvonmarg qilding. Mening otam Kayon avlodidan Zolning oʻgʻli Rustam. Agar otam eshitsa, sendan bir qatra qonimga ming qatra qon talab qiladi, — debdi. Rustam:— Rustamning oʻgʻli ekanligingga biror hujjating bormi, farzand, — debdi. Suhrob:— Men Changali Mozandarondagi koʻhna cholning qizi Gulchehradan boʻlgan Suhrob boʻlaman, — debdi.
— Ey, farzand, unday boʻlsa biror nishoning bormi, koʻrsat, — debdi. Suhrob:— Oʻng yelkamda tamgʻam bor, oʻng bilagimda bozubandim bor, — deb koʻrsatibdi. Rustam tamgʻani koʻrib, qilgan ishiga pushaymon boʻlib, dod-faryod qilibdi. Rustamning dodini Semurgʻ eshitib, Kayon avlodi Zol bilan birga Suhrobning yoniga kelibdi. Semurgʻ Rustamga:— Qanotimga xanjar ur: yetti misqol qonimdan olib Suhrobning ogʻziga quy, — debdi. Rustam Semurgʻdan qon olib Suhrobning ogʻziga quyibdi. Suhrob oʻlmay qolibdi.
Yarasini yuvib, qornini bogʻlashibdi.Hukamolar: “Xazinadan nushdori olib kelib yarasiga surkalsa, oʻlmay qoladi”, deyishibdi. Doriga odam yuborishibdi. Yuborgan odamlar Kaykovusga borib dorini soʻrabdilar. Kaykovus: “Agar Suhrob tirilsa, Zol podsho boʻladi, Semurgʻ hukamolik qiladi. Undan keyin yetti iqlim Suhrob bilan Rustamning changalida qoladi”, deb oʻylab, kelgan elchiga nushdorini bermay qaytaribdi. Elchi kelib nushdorini bermaganligini aytibdi.
Rustam Raxsh otiga minib, tezlik bilan borib, xazinani sindirib kirib, nushdorini olib kelibdi. Suhrob yoniga yetti qadam qolganda jon beribdi. Rustam bu holni koʻrib, oʻzini yerga urib, jinni boʻlibdi. Rustamning qoʻl-oyogʻini bogʻlab tashlashibdi. Semurgʻ boshliq hukamolar Suhrobni tiriltirish harakatiga tushibdilar. Hech kim tiriltirish chorasini topa olmaganidan keyin Semurgʻ turib aytibdi:— Koʻhiqofning narigi tomonida Quyisarandif degan joyda bir tobuti sokina bor.
Shu tobuti sokinani olib kelib Suhrobni yuvib-tarab shunga solamiz. Tobutni Rustamning boshiga qoʻyib, oʻng qoʻlini tobutga bogʻlaymiz, chap qoʻlini beliga bogʻlab qoʻyib yuboramiz. Rustam: “Yo, Suhrob!” deb yigʻlab qirq kun tobutni boshida koʻtarib yuradi. Qirq kundan keyin bola tirilib yerga tushadi, — debdi.Hukamolar bu gapni maʼqul topishibdi. Semurgʻ borib tobutni olib kelibdi. Suhrobning jasadini tobutga solib, Rustamning boshiga qoʻyishibdi. Rustam “Yo, Suhrob!” deb qirq kun faryod uribdi.
Dushmanlari Suhrobning tirilishiga bir kun qolganini bilib, bir jodugar kampirga mol-u dunyo vaʼda qilib, Rustamning oldiga chiqarishibdi. Jodugar kampir suv boʻyiga borib, qozon osib, qora kigizni yuva beribdi. Rustam: “Yo, Suhrob!” deb yigʻlab tobutni koʻtarib kelib qolibdi.Rustam kampirning qora kigizni hadeb yuvib oʻtirganini koʻrib:— Ey, kampir, qora kigizni yuvgan bilan oqaradimi?
— debdi.Kampir:— Ey, Rustam, dunyo bunyod boʻlgandan beri oʻlgan odam tirilganmi? Tobutni koʻtarib yurganingga qirq bir kun boʻldi, vaqtidan oʻtdi. Suhrobga azob berma, tobutni daxmayi Shohonga qoʻy, — debdi. Rustam: “Kampir rost aytadi, bugun koʻtarib yurganimga qirq bir kun boʻldi. Tirilmadi”, deb tobutni yerga qoʻyishi bilan Semurgʻ yetib kelib, kampirni daryoga tashlabdi. Suhrobni daxmayi Shohonga dafn qilibdi.
Rustamning boʻynida “Oʻgʻlini oʻldirdi” degan nom qolibdi.Suhrobning oʻlganini Changali Mozandaronda onasi Gulchehra eshitib, zor-zor yigʻlab, oʻgʻlini axtarib Turon mulkiga qarab ketibdi.Suhrobning xotini Zavvoradan tugʻilgan Barzo yetti yoshga kiribdi. Zavvora eski kasbini qilib, quduqdan suv tortib, mollarini sugʻorib, kunini koʻrar ekan, Gulchehra ham Suhrob adashgan joyga kelib adashib, Zavvora oldiga kelib qolibdi. Qarasa, bir ayol quduqdan suv tortyapti, yonida bir bola.
Gulchehra xachirining boshini tortib, ayoldan bir piyola suv tilabdi. Zavvora “Musofir xotin ekan”, deb darrov bir piyola suv olib, Gulchehraga beribdi. Gulchehra Barzoni koʻrganda oʻgʻli Suhrobni koʻrganday boʻlib, bir oh tortibdi. Zavvora:— Ey, onajon, nimaga oh tortdingiz?
— debdi.
— Suhrob degan oʻgʻlim bor edi. Badbaxt Afrosiyob otasi Rustamga toʻgʻri qilib, oʻldirtiribdi. Suhrobning siyoqini sening oʻgʻlingda koʻrib, oh tortdim, — debdi Gulchehra.
— E, onajon, mening otim Zavvora, Suhrobning xotini boʻlaman. Barzo uning oʻgʻli, keling, otdan tushing, — deb Gulchehrani quchoqlab yigʻlabdi. Bular ona-bola boʻlib, Barzoni tarbiya qilib, shu yerda yashay boshlashibdi. Barzo oʻn olti yoshga kiribdi.
Bir kuni Gulchehra Zavvoraga:— Ey, Zavvora, sipohigarchilik qursin.
Endi biz bolani dehqonchilikka oʻrgataylik. Otasining dogʻini koʻrdik, bolasining dogʻini koʻrmaylik. Molimizga ovqat, tovugʻimizga don, oʻzimizga ham ovqat boʻlar, yerga qovun ekaylik, — debdi.
Shunday qilib, bir-ikki yil qovun ekib, Barzoga dehqonchilikni oʻrgatishibdi.
Shu yerlik xalqlar bulardan qovun olib yurarkan.
Shu sababdan bu joyni Qovunchi deb atabdilar.Barzo ekkan qovuniga suv ololmay koʻp odamlar bilan mushtlashib, xafa boʻlib onasi oldiga kiribdi.
Shunda Gulchehra:— Ey, bolam, xafa boʻlma. Bu yerlar sen qovun ekib Qovunchi atalib qoldi.
Endi sen Toshkentga borib Kayusolar chiqargan suvdan olib kel, — debdi. Barzo Toshkentga borib suvboshilarga uchrabdi. Suvboshi yuz hissa suvdan bir hissa suv beribdi. Barzo oʻzi ariq kovlab keltiribdi.
Shu bilan qovun ekib yota beribdi.Bir qancha vaqtdan keyin Afrosiyob Rustam bilan urush boshlabdi. Askarlari otlari bilan Barzoning qovuniga kiribdi. Barzoning achchigʻi kelib bir askarini tayoq bilan urib oʻldiribdi. Qovun tepasida qattiq jang boshlanibdi. Barzo oʻlgan askarning qilichini olib yigirmata askarni oʻldiribdi. Askarlar Afrosiyobga borib arz qilibdilar. Afrosiyobning achchigʻi kelib:— Turon mulkida mendan boshqa kuchli hech kim yoʻq.
U qanday odam ekan, menga qarshilik qiladigan, — deb, oʻzi Gulchehra bilan Zavvora oldiga ot choptirib kelib:— E, ona, bolangizni qaytaring, — debdi. Gulchehra bilan Zavvora Barzoni yetaklab olib kelishibdi. Afrosiyob:— Bu bolani bizga bering, sipohigarchilikka oʻrgatamiz, — debdi.Gulchehra:— Bolani faqat oʻzimiz bilan birga yurish sharti bilan beramiz, — debdi. Afrosiyob rozi boʻlibdi. Barzoni onalari bilan birga daryoyi Omudning boʻyida Suhrobni boqqan joyga olib borib olti oy boqibdi.
Yettinchi oyida Rustamga qarshi urush boshlabdi. Zabuldan Rustam kelib, jang boshlanibdi. Gulchehra Zavvoraga:— Biz hozir Afrosiyobdan ham, Rustamdan ham oʻchimizni olamiz, — debdi. Afrosiyob Barzoni Rustamga qarshi maydonga solibdi.Rustam Barzoni koʻrib, yana achchigʻi kelibdi.
— Ey, Afrosiyob, bu qanday masxarabozlik, oʻtgan urushda bir goʻdakni olib kelding. oʻldirib qoʻydim, oʻzimning oʻgʻlim chiqib, laʼnatlarga yoʻliqdim. Bu gal ham bir goʻdak, qozoq bolani topib kelding, — debdi. Barzoning achchigʻi chiqib, Rustamni bir urib yetti qadam orqaga suribdi. Rustamning ham gʻazabi kelib bel tutishibdi. Rustam Barzoning oyogʻiga urib boʻgʻizlashga harakat qila boshlabdi.
Shunda chodirdan irgʻib chiqqan Gulchehra Rustamning xanjar ushlagan qoʻlidan mahkam tutib, ogʻziga bir shapaloq tortibdi. Rustam:— E, zaifa, mardlar maydonida nima beodobchilik?
— debdi. Gulchehra:— Koʻr boʻlgur, otasini oʻldirding, endi bolasini oʻldirasanmi, nomard!
— debdi. Rustam:— Ey, xotin, sen kimsan, oʻzingni tez tanit, — debdi. Gulchehra yuzidan pardasini koʻtarib:— Changali Mozandarondagi koʻhna cholning qizi Gulchehraman, koʻzingni kattaroq och! Bu bola Suhrobning oʻgʻli Barzoyi Dajam — dehqon, — debdi. Barzo onasiga:— Ey, onajon, nimaga ilgari Afrosiyob olib ketgan vaqtda menga aytmadingiz, — deb Afrosiyobga qarshi borib, askarlarini kaptar toʻzitganday toʻzitib, Xoqoni Chin tomonga haydab yuboribdi.
Shundan keyin hammalari topishib, Qovunchida yashay boshlashibdi. Qovunchi shahar boʻlibdi, uni oʻzlariga poytaxt qilishibdi.