Bor ekan, yoʻq ekan, Qoʻqon tomonda Yangi qishloq bilan Toshkent guzari oʻrtasida Tojik qishloq degan joy bor ekan. U Tojik qishloqda Boymat degan bir boy bor ekan. U boyning yuzta qoʻyi bor ekan. Boy qulogʻi eshitmaydigan kar ekan.Bir kuni boy qoʻychivonini “Qoʻyni tuzuk boqmaysan”, deb soʻkib, kaltak bilan urib, tumshugʻini burib, nariroqqa ketkizvorgan ekan.“Qoʻyim och qolmasin”, deb haligi garang boyning oʻzi qoʻyini olib, oldiga solib, haydab ketkizib, dalaga yetkizib, qoʻyni yayratib yoyib, oʻzidan koyib, bir tolning tagida uxlab qolgan ekan.Uygʻonib, oʻrnidan turib, aqqa-baqqa qarasa, qoʻyi koʻrinmas emish.
“Bu qoʻyni qanday qilib topaman”, deb koʻp xafa boʻlib aqqa-baqqa qarasa, uzoqdan bir odam kelayotgan ekan.U kelayotgan ham garang ekan. U garangga bu garang: “Hoʻ… oʻrtoq, oʻsha yoqda qoʻy-poʻy koʻrdingmi?” deb soʻrabdi. ”Qayerdan kelayotibsan?” deb soʻradi shekilli, deb qoʻlini ishora qilib “Men, xoʻ… Achavotdan kelyapman”, deb qoʻlini siltabdi ikkinchisi.Garang boy “Qoʻy shu yoqda boʻlsa kerak”, deb nariroqqa borib, qoʻyni koʻrib qolibdi.Qoʻylarning bir chuqurda oʻtlab yurganini koʻrib, xursand boʻlib, haligi garangni yetaklab, qoʻylari oldiga olib boribdi.
Garang boy unga: “Siz mening qoʻylarimni mana bu yerda yurganini koʻrsatib qoʻymaganingizda, men boshqa yoqni izlab ketardim. Qoʻylarni koʻrsatib qoʻyganingiz uchun mana bu choʻloq qoʻyni sizga berdim, olib borib, bola-chaqangiz bilan meni duo qilib, soʻyib yeng”, debdi.Garang kishi bu soʻzlarni eshitmay: “Men sening qoʻyingga tosh otganim yoʻq. Oʻzi choʻlogʻ-u, nega menga tovonini toʻlagin, deb aytasan”, debdi.Garang boy:— Mening qoʻyimni “Hoʻ, atta”, deb koʻrsatganing uchun shu choʻloq qoʻyni beraman.
Semizini bermayman, — deb ikkovi surishib, bir-birovi bilan urishib turganida bir odam shu yerdan eshak minib oʻtib ketayotgan ekan. U ham garang ekan.
— Aka, mana bu kishiga “Hoʻ ana u yerda qoʻying yotibdi”, deganiga shu choʻloq qoʻyni bersam, semizini berasan, deb janjal qilib oʻtiribdi, shu degani tuzukmi?
Shu choʻloq qoʻyni olsa, indamay qolsa boʻlmaydimi?
— debdi.Garang kishi esa:— Tosh otganim yoʻq, oʻzi asli choʻloq boʻlgan qoʻyning tovonini bergin, deb meni ushlab, jagʻimga mushtlab oʻtiribdi.
Shu qilgani durustmi?
— debdi.
— Bu eshagimni uch tillaga sotib olganimni mahalladagilarning hammasi biladi, — deb eshak mingan garang ikki garangning gapini eshitmasdan, eshakdan tushib bular bilan mushtlashib, bir-birini ushlashib, nariroqqa borsa, bir paxsakash paxsa urayotgan ekan, sherigi arazlab ketib qolgan ekan, paxsakash ham garang ekan.
Uchalasi unga arz qilibdi.Garang boy:— Qoʻyni “Hu ana shu yerda” deb koʻrsatganiga choʻloq qoʻyni bersam, olmasdan, semizini ber, deb meni qistab oʻtiribdi, — debdi.Ikkinchi garang esa, “Men tosh otganim yoʻq, choʻloq boʻlgan qoʻyning tovonini toʻlab ber, deb turibdi”, debdi.Eshak mingan garang: “Shu eshakni uch tillaga sotib olganimni mahallada hamma biladi, eshak oʻzimniki, mana bu meniki, deb olmoqchi-yu, eshak meniki deb bunisi mendan eshakni shunga olib bermoqchi-yu, men piyoda qolmoqchi.
Shuni siz ajrim qilib bersangiz” desa, bularning gapini paxsakash garang eshitmasdan: “Egasi oʻlchab bergan, ellik yetti quloch devor, egasi kelib “barakalla”, deb ketadi. Sen loyini pishirmabsan, qiyshiq-qingʻir uribsan, deysan”, deb belkuragi bilan uchovini urib, boshini yorib, toʻrttovi bir-biri bilan mushtlashib, bir-birini ushlashib, qozining oldiga borgan ekan.Borishsa, qozi ham garang ekan. Qoziga toʻrtovi enkayib taʼzim qilibdi. Qozi:— Arzlaring boʻlsa, aytinglar!
— debdi.Eng oldin qoʻylik boy arz qilibdi: “Men dalada qoʻy boqib yurib oʻnta qoʻyni yoʻqotib qoʻygan edim. Qoʻyimni yoʻqotib aqqa-baqqa qarab tursam, koʻzimga bu kishi koʻrinib qoldi. Ushogʻda qoʻy-poʻy koʻrdingmi desam, “Qoʻying hu… anitta yuribdi”, dedi. Borib qoʻyni koʻrib, xursand boʻlib, choʻloq qoʻyni bersam, olmaydi “Semizini berasan”, deydi.
Shu degani tuzuk boʻladimi, taqsir?
Shu choʻloq qoʻyni olsa, tinch qolsa boʻlmaydimi?” debdi.Qozi bularning gapini eshitmasa ham, lablarini qimirlatayotganini koʻrib, kallasini likillatib, garangligini bildirmay, bularni nariroqqa jildirmay turganida, ikkinchisi arz qilib ketibdi:— Taqsir, shu insofdanmi, men indamay oʻtib ketayotuvdim, mening etagimdan ushlab choʻloq qoʻyni koʻrsatib, sen shu qoʻyga tosh otib choʻloq qilgansan, deb menga shu qoʻyning tovonini berasan, deb ushlab, boshimga mushtlab, tuhmat qilib oʻtiribdi!
Shunga nima deysiz?
— debdi.Eshak mingan garang arz qilib ketibdi:— Taqsir, mening uch tillaga sotib olganimni butun mahalla biladi. Eshakni mana bular olmoqchi, meni piyoda qoʻymoqchi, shu tuzukmi?
— debdi.Toʻrtovining soʻzini eshitmasdan, qozi bularning arziga javoban:— Toʻrtoving kelgan boʻlsalaring, bu gaplaringning mazmunidan men shuni bildimki, ikkitalaring yangi oy koʻrgan boʻlsalaring kerak, ikkitalaring guvohlikka oʻtgani kelganga oʻxshaysizlar. Boʻlmasa, asliga qaraganda arafa ertaga boʻlishi kerak edi.
Endi ikkitalaring yangi oy koʻrib kelgan boʻlsalaring, ikkitalaring guvoh boʻlib kelgan boʻlsalaring, oʻzlaring borib karnaychilarga xabar beringlar. Qozi ruxsat berdilar, bugun arafa boʻlsin, deb aytinglar. Boringlar, karnaychilarni xabardor qilinglar, — debdi.Shu toʻrt garangning gapi bilan, qozining garangligidan oʻsha yili roʻzaning yigirma sakkizida arafa, yigirma toʻqqizida hayit boʻlib qolgan ekan.