← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
BotirlikBolalar uchunSehrliPodsholarOila

Botir

657 soʻz

Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, oʻtgan zamonda Botir ismli bir yigit bor ekan. Qari onasidan boshqa hech kimi yoʻq ekan. Ona-bola kundalik tirikchiliklarini zoʻrgʻa oʻtkazishar ekan.

Kunlardan bir kuni uyda chaksa un ham qolmabdi. Botir yarim qop bugʻdoyni koʻtarib, un qilish uchun tegirmon izlab ketibdi. Yoʻlda xashak orasidan ikkita tuxum topib olibdi. “Bu ham xudoning marhamati”, deb choʻntagiga solib biroz yuribdi. Qarasa, yoʻlda bir xurmacha qatiq turgan emish. Botir sevinib, xurmachani qoʻliga olibdi.

Soʻngra “Buni tegirmonga olib borsam, tegirmonchilar ichib qoʻyishlari aniq, bu yerga qoʻyib ketsam, boshqa yoʻlovchi ichib qoʻyadi”, deb oʻylabdi-da, uni yerga koʻmib ketibdi.Yana biroz yurgandan keyin qarasa, yoʻlda bir xum turgan emish. “Qaytishda olib ketaman”, deb buni ham yerga koʻmib, belgi uchun ustiga bitta choʻp suqibdi-da, yoʻlga tushibdi. Yoʻl yurib, yoʻl yursa ham moʻl yurib, bir tegirmonga yetibdi. Tegirmonning ichiga kirsa, hech kim yoʻq emish. Qop-qop un tiralib turganmish. Botir unlarni koʻrib, shoshib qolibdi. Bugʻdoy olib borgan qopini unga toʻldirib, qaytmoqchi boʻlibdi.

Biroq kun kech boʻlib qolganligidan, shu kechani tegirmonda oʻtkazmoqchi boʻlibdi.Tegirmon devlarniki ekan. Kech kirishi bilan devlar qoʻngʻiroq, doʻmbiralarini chalib, bazm qilib kelishibdi. Botir avvaliga qoʻrqibdi.

Keyin oʻzini tutib olib, ichida: “Kel, nima boʻlsam boʻldim, bularga bir doʻq qilib koʻray”, deb oʻylab, devlarga:— Bu otamning tegirmoni edi. Sizlar buni egallab olibsiz, men sizlar bilan olishib tegirmonni qaytarib olish uchun keldim, — debdi.Devlarning podshosi oʻrtaga tushib:— Qani, kel boʻlmasa, kurashaylik, — debdi. Botir dev bir ursa kul-kul boʻlib ketishiga koʻzi yetib juda qoʻrqibdi.

Shunday boʻlsa ham boʻsh kelmay, doʻq qilaveribdi, devlarga qarab:— Uchta shartim bor.

Shu shartlarni bajarsangiz, maydonda kurashamiz, bajara olmasangizlar tegirmon meniki boʻladi, — debdi.

— Ayt shartingni, — debdi dev.

— Birinchi shartim, mana shu daraxtni qoʻl bilan siqib, suvini chiqarib yuborasiz, — debdi.Devlar hammasi birma-bir, navbatma-navbat, daraxtni siqib koʻrishibdi. Hech qaysisi daraxtning suvini chiqara olmabdi. Botir turib:— Mana, menga qaranglar, — debdi-da, devlardan bekitib choʻntagidan ikkita tuxumni olib, daraxtga qoʻshib siqibdi, tuxum chaqilib ketibdi.

— Ana, sizlar daraxtning suvini chiqara olmadinglar, men boʻlsam, hatto yelimini chiqarib yubordim,— debdi. Devlar hayron boʻlib qolishibdi.

— Ikkinchi shartingni ayt, — debdi ular.

— Ikkinchi shartim, yerni bir tepganda qatigʻini oʻynatib yuborish, — debdi Botir.Devlarning podshosi oʻrtaga tushib:— Bu shartni men bajaraman, — deb gʻazab bilan yerni bir necha bor tepsa ham hech narsa chiqara olmabdi. Izza boʻlgan dev Botirga:— Qani endi oʻzing chiqar-chi!

— debdi.

— Beri kelinglar, — deb Botir devlarni oʻzining qatiq koʻmib qoʻygan yeriga olib boribdi. Koʻmilgan joyni moʻljallab turib bir tepgan ekan, qatiq har tarafga otilib ketibdi. Buni koʻrib devlarning oʻtakasi yorilibdi.Shunday boʻlsa ham, uchinchi shartni eshitmoqchi boʻlishibdi.

— Uchinchi shartim, — debdi Botir, — yerni bir tepishda oʻra qilish.Devlardan biri:— Bu shartni men bajaraman, — deb yerni tepa boshlabdi. Yer oʻra boʻlish u yoqda tursin, bir qarich ham oʻpirilmabdi.Shunda Botir:— Mana endi menga qaranglar, — debdi-yu, yoʻldan topib olgan xumni koʻmib qoʻygan yerga borib, moʻljallab turib, bir tepgan ekan, xumning ogʻzi oʻraday ochilib qolibdi.Botir devlarga qarab:— Agar qattiqroq tepsam, oʻzim ham yer tagiga choʻkib ketar edim, shuning uchun sekin tepdim, — debdi.Devlar qoʻrqib, tegirmonni unlari bilan Botirga tashlab qochib ketishibdi.

Kechasi Botir choponini odam shaklida oʻrab, yerga yotqizib, oʻzi tegirmonni bugʻdoydoniga tushib, bekinib yotibdi. Yarim kechada alamzada devlar qaytib kelishibdi. Odam shaklida boʻlib yotgan choponni obdan urib, Botirni oʻldiga chiqarib ketishibdi. Botir buni koʻrib yotgan ekan. Devlar ketgandan keyin choponini olib qarasa, u dabdala boʻlib ketgan ekan. Botir choponini yelkasiga solib, koʻchaga chiqibdi. Devlar Botirni oʻldi deb xursand boʻlib, bazm qilayotgan ekanlar.

Botir ularning ustiga kelib:— Tegirmonda sichqon juda koʻp ekan, yotganimda choponimni qiymalab, ilma-teshik qilib yubordi. Choponimni sizlardan toʻlatib olaman, boʻlmasa, hammangizni oʻldiraman, — debdi. Devlarning baʼzilari qoʻrqib, qochib ketibdi. Qocha olmaganlari Botir oldiga kelib: “Rahm qiling! Bizlarni oʻldirmang! Nima ish buyursangiz hammasini bajaramiz”, deb yalinib-yolboribdi.

Shunda Botir devlarga qirqta tuya topib kelishni buyuribdi. Devlar bir nafasda Botirning aytganini bajo keltiribdilar.Botir:— Unlarni tuyalarga ortinglar!

— deb buyruq beribdi.Devlar koʻz yumguncha Botirning aytganini qilibdilar. Botir oldingi tuyaga minib, qirq tuya unni uyiga olib kelibdi. Kampir ochlikdan oʻlim toʻshagida yotgan ekan. Oʻgʻlini koʻrib tetiklanibdi. Unlardan non yopib shirin-shirin taomlar pishirib, zoriqish nimaligini bilmay yashay boshlashibdi.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!