← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunSehrliPodsholarDehqonlarAdolatSabrJasoratTabiatOilaTijorat

Nurilla boyvachcha

1423 soʻz

Oʻtgan zamonda Samarqandda bir katta boy oʻtgan ekan. Uning Nurilla degan yolgʻiz oʻgʻli boʻlgan ekan. Kunlarning birida boy:— Ey oʻgʻlim, men oʻlib ketaman, mening uch yerda dunyoim bor, — deb hammasini koʻrsatibdi.

— Yotib yesang bu dunyo hech narsa boʻlmaydi. Yotib yeyishga togʻ ham chidamaydi, deganlar, — debdi.Boy oʻgʻlining qoʻliga ming tanga pul berib:— Shunga mol olib kelib sotgin, — debdi. Bola pulni olib joʻnab ketibdi. Yoʻlda bir devonaga uchrabdi. Devona odamlarni yigʻib:— Bir soʻzim bor, kimda-kim ming tanga bersa, aytaman, — deb turgan ekan.

Shunda odamlar:— Ming tangani senga mana Nurilla boyvachcha beradi, — debdi.Nurilla boyvachcha:— Men boyvachcha ekanman, — deb choʻntagidan ming tangani chiqarib beribdi.

Shunda devona unga:— Oʻgʻlim, uyingga borsang, xotiningni uygʻotib yotgin!

— debdi.Nurilla kechqurun uyga kelibdi, otasiga:— Ota, ming tangaga loyiq mol olib qoʻydim, yana ming tanga bersangiz, molning hammasini bitta qilib olib kelarman, — debdi. Otasi yana ming tanga beribdi. Nurilla yana yoʻlga tushibdi. Avvalgi koʻchani qoʻyib, boshqa koʻcha bilan yursa, yana haligi devona oldidan chiqibdi. Odamlar uni koʻrib guvillashib: “Ana, ana, Nurilla boyvachcha bu soʻzingga ming tanga beradi”, deyishibdi.Nurilla boyvachcha esa, bu ming tangani ham devonaga beribdi.

Shunda devona aytibdi:— Oʻgʻlim, oshiq maʼshuqqa yaxshi, har kimning sevgani oʻziga yaxshi.Nurilla yana uyiga qaytib kelib:— Ota, ikki ming tangaga mol oldim, yana bir ming tanga berasiz. Uch ming tangalik mol keltiraman, — debdi. Otasi yana bir ming tanga beribdi.Nurilla yana boshqa koʻcha bilan ketibdi. Bu gal ham uning oldidan haligi devona chiqib qolibdi. Odamlar Nurillani koʻrib:— Ana, Nurilla boyvachcha kelib qoldi, undan boshqa hech kim bu pulni topib berolmaydi, — deyishibdi. Nurilla yana ming tangani devonaga beribdi.

— Endi, oʻgʻlim, ertalabki nasibadan qaytma, — debdi devona. Hamma pulidan ajralgan Nurilla boyvachcha uyiga kelmasdan bir joyga borib, hovuz boʻyida yotibdi. Birov uning oldiga kelib:— Otangiz kasal, sizni tez kelsin, dedilar, — debdi.

Shunda Nurilla xoʻp, boraman, deb u kishini joʻnatib yuboribdi. Ertasiga yana birov kelib:— Otangiz qattiq oʻsal boʻlib qoldi, tezda yetib borar ekansiz, — desa, Nurilla “Xoʻp-xoʻp”, deb yana bormabdi. Yana bir kishi ertasiga kelib:— Otangiz oʻldi, — debdi. Nurilla bu soʻzni eshitib borib, otasining oʻligini koʻmib, maʼrakalarini oʻtkazibdi.Kunlardan bir kuni Nurillaning uyiga oʻgʻri kirib:— Ming tanga berasan!

— debdi. Nurilla ming tangani berib yuboribdi.

Bir kuni oʻgʻrilar yana ming tanga soʻrabdi. Yana beribdi.Oʻgʻrilar har kuni ming tangadan pul olib ketaveribdi. Otasining dun-yosi tamom boʻlibdi. Oʻgʻrilarga: Endi nima beraman?

— desa, “Nima boʻlsa-da, topib berasan”, deyishibdi. Nurilla hovli-joyini sotib beribdi.Oʻziga faqat bitta uy qolibdi.

— Bitta uy oʻzimga qoldi, boshqa hech narsa qolmadi — debdi.Oʻgʻrilar uni urib-urib darvozasi oldiga tashlab ketibdilar. Nurilla bechora bir vaqt oʻziga kelib qarasa, darvoza ostida yotgan emish. U sudralib uyga kirib boribdi. Xotini yigʻlab:— Sizga nima boʻldi, nima gunoh qilgan edingiz?

— debdi. Nurilla ikki-uch kun yotib tuzalibdi. Nurilla mardikor bozoriga boribdi, kechgacha hech kim mardikor soʻramabdi. Ertasiga ham borib oʻtiraveribdi, yana hech kim soʻramabdi.Nurilla uchinchi kuni mardikor bozorning bir chekkasida oʻtirgan ekan, bir moʻysafid kelib:— Oʻgʻlim, mardikor ishlaysizmi?

— debdi.

— Ha, ota, ishlayman, — debdi. U:— Kuniga necha pul berayin, oʻgʻlim?

— debdi.

— Necha pul bersangiz oʻzingiz bilasiz, — debdi Nurilla.

— Meni och qoʻysangiz ham mayli, ammo uyimga ketishimda qoʻlimga bitta non bersangiz, oʻgʻlimga olib borar edim.Chol rozi boʻlibdi. Uni olib borib ishga solibdi. Chol kechqurun Nurillani toʻygʻazib, qoʻliga 0 ta non tugib beribdi. Nurilla uyiga yugurib kelibdi. Borsa xotini “Hozir otang non olib keladi”, deb oʻgʻlini ovutib oʻtirgan ekan. Nurilla nonni olib kelib qolibdi. Bolaning xursandchiligi ularning ham koʻnglini ochibdi. Ertasiga ertalabdan kelib Nurilla ishlay beribdi. Yigirma kun ishlabdi.

Bir kun boy:— Biz ertaga savdogarchilikka Qalʼa degan shaharga joʻnab ketayotirmiz. Biz bilan birga boruvchi boylarning quli bor, menda yoʻq, shunga sen borsang, qancha pul beray?

— debdi. Nurilla:— Nima bersangiz oʻzingiz bilasiz, — debdi. Boy:— Haqing uchun oʻzingga yuz tanga, bolalaring uchun oziq-ovqat va yuz tanga pul beray, — debdi. Nurilla rozi boʻlibdi. Bularni olib, eshakka yuklab uyiga kelibdi. Bolalariga:— Men olti oyda kelaman.

Shungacha bu ovqatlarni yeb turasizlar, — debdi.Nurilla ertasiga joʻnab ketibdi. Xotini esa uydagi narsalarni asrab qoʻyib har kimning ishini qilib kun kechiraveribdi. Nurilla boylar bilan Qalʼaga yoʻl tortibdi. Bir choʻlga borganda suv va ovqatlari tugabdi. U yerda bir gʻor bor ekan. Savdogarlarning maqsadi shu gʻorga yetib olish ekan. Ular yetib ham kelishibdi, ammo u yerda suv qurib qolgan ekan.Savdogarlar suv olib chiqish uchun qullarini gʻorning ichiga kirgizib yuboribdilar. Kirgan qul qaytib chiqmabdi.

Endi navbat Nurillaga kelibdi. Nurillaning xoʻjayini:— Bu bola mening qulim emas, mardikorim boʻladi, shuning uchun buning rizoligini oʻzidan soʻrayman, — debdi. Nurilla rozi boʻlibdi.Gʻorga kirib ketibdi. Bir yerga borsa, bir dev suvning boshini boylab oʻtirgan ekan. Kirgan odamlarning hammasini shu dev quritayotgan ekan. Nurilla devning oldiga kelib salom beribdi. Dev undan nima uchun kelganini soʻrabdi. Nurilla suvga kelganini va koʻpchilik odamlar suvsizlikdan oʻlib ketayotganini aytibdi. Dev Nurillaga:— Mening bir savolim bor.

Shu savolimga javob berolsang, suv beraman, — debdi. Dev oldidagi suvning ichida bir qurbaqa, uning yonida esa, bir pari bor ekan. Pari devga qarab kulsa, dev hech qaramas, qurbaqa vaqillasa, dev xursand boʻlib kular ekan. Dev Nurilladan bularning qaysisi yaxshi ekanligini soʻrabdi. Nurilla devonadan sotib olgan gapining birini aytibdi:— “Oshiq maʼshuqqa yaxshi, har kimning suygani oʻziga yaxshi”. Dev bu javobdan xursand boʻlib, unga mukofot uchun bir shamchiroq beribdi. Nurilla eson-omon chiqib kelibdi. Orqasidan suv ham sharillab oqib chiqibdi. Hamma savdogarlar xursand boʻlishib, Nurillaga sovgʻalar berishibdi.

Shu yerda Nurilla oʻziga yettita tuya sotib olibdi. Dev Nurilla bilan gaplashganda “Hamma savdogarlar turli narsalar olishsa, sen faqat qora murch olgin, chunki sizlar borayotgan shaharda vabo bor, odamlar shu murchdan bir-bir yalashsa tuzaladi”, degan ekan. Karvon yana yoʻlga ravona boʻlibdi. Bir shaharga borishsa, bir yosh bola mushukni ushlab oʻtirgan ekan. Nurilla “Bu nima?” deb soʻrabdi. Bola: “Bu yoʻlbars boʻladi”, debdi. Nurilla buni bir tangaga sotib olib joʻnabdi.

Bir necha kun yurib savdogarlar bir qoʻriqqa borib qoʻnishibdi. U yerda sichqon shunday koʻp ekanki, bularning hamma qoplarini teshib tashlabdi. Nurilla “yoʻlbars”ni qoʻyib yuboribdi. Hamma sichqonlar qochib ketibdi. Savdogarlar suyunganlaridan Nurillaga inʼomlar berishibdi. Nurilla savdogarlar qatorida qirqta tuya qilib olibdi. Shaharga yetib borgandan keyin u hamma mollarini sota boshlabdi. Nurilla dev bergan gavhar shamchiroqni sotmoqchi boʻlibdi. Hech xaridor chiqmabdi, chunki bu gavharning bahosi juda ham qimmat ekan.

Odamlar:— Buni podshoga olib bor!

— deyishibdi. Nurilla podshoga boribdi. Podsho qancha berishni soʻrabdi. Nurilla “Nima bersangiz oʻzingiz bilasiz”, debdi. Gavharning bahosi nihoyatda qimmat boʻlgani uchun vazirlardan biri podshoga Nurillani oʻldirib yuborishni maslahat beribdi. Podsho “Qanday qilib oʻldiramiz?” debdi.Vazir:— Ertalab biz buni bogʻga yuboramiz. Bogʻbonga: “Kim ertalab birinchi boʻlib kelsa oʻldiring”, deymiz.

Shu bilan oʻldirib yuboramiz, — debdi.

Ertalab tong otibdi. Podsho Nurillaga bogʻdan bir savat uzum olib kelishni buyuribdi. Nurilla ketayotgan ekan, shu shahardan orttirgan oʻrtoqlari choy ichishga taklif qilishibdi. Nurilla xizmat uchun ketayotganini aytsa ham oʻrtoqlari hech qoʻyishmabdi.Nurillaning esiga boyagi devonaning “Ertalabki nasibadan qaytma” degan gapi tushibdi va oʻrtoqlarining oldiga kelib choy ichibdi.

Shu orada podshoning oʻz odamlaridan biri bogʻga kelibdi. Bogʻbon bu kelgan odamning boshini shartta kesibdi. Uning orqasidan Nurilla borgan ekan, bir savat uzum berib yuboribdi.Nurilla xizmatni bajarib podshoning oldiga kelibdi. Podsho bunga hayron boʻlib, ”Biz qasd qilgan bilan xudo qasd qilmasa bekor ekan”, deb juda koʻp pand yebdi.Nurilla sheriklarining oldiga kelibdi. Hamma molni sotib boʻlibdi.Shu yerdan hamma savdogarlar oʻz ellariga qaytishibdi.

Nurilla esa, oʻz xoʻjayiniga boyagi boy bergan ming tillani va mushukni berib yuboribdi. Oʻzi esa qirq tuyaga yukni ortib boshqa shaharga joʻnab ketibdi.Savdogarlar olti oy yoʻl yurib, oʻz yurtlariga yetib kelibdilar. Boy ming tillani Nurillaning xotiniga berib, mushukni uning oʻgʻliga beribdi. Nurillaning qirq tuyaga murch ortib boshqa shaharga ketganini, yana sakkiz yildan keyin kelishini aytibdi.

Shu yili bularning shahrini sichqon bosib ketgan ekan. Tegirmonlardagi hamma don va qanorlarni nobud qilgan ekan. Odamlar Nurillaning oʻgʻlidagi ”yoʻlbars”ni ishga solib, har bir tegirmondan kuniga besh puddan gʻalla olib beribdilar. Bularning unlari juda koʻpayib ketibdi.Bir kuni podshoning oʻtirgan taxtini ham sichqon bosib ketibdi. Podsho Nurillaning oʻgʻli bilan bitim tuzib, har kuniga mushuk haqi uchun ming tangadan berib turadigan boʻlibdi. Ona-bola juda boy boʻlib ketishibdi.

Juda katta uy qurib, atrofini qoʻrgʻon qilib olishibdi.Endi gapni Nurilladan eshiting:U shu yurgancha toʻgʻri moʻljallagan shahriga yetibdi. Haqiqatan ham u yerda vabo kasali bor ekan. Odamlar Nurillaning yuki nimaligini soʻrashibdi. Nurilla vaboning dorisi ekanini aytibdi. Murchning har bir donasini bir tilladan sotibdi.Odamlar butunlay vabodan qutulishibdi. Nurilla qirq tuya tilla qilibdi, bir yil turib oʻnta qul sotib olib oʻz eliga joʻnabdi. Yana toʻrt yil yurib yarim kechada oʻz uyiga kelibdi. Uyini hech taniy olmabdi.

Juda oʻzgarib ketgan ekan. Bir toʻp qayragʻoch bor ekan, shundan tanibdi. Qayragʻochdan oshib tushsa, xotini oldida bir yigit uxlab yotganmish. Nurilla bu yigitni oʻldirmoqchi boʻlibdi, ammo bir soʻrab koʻray, deb xotinini uygʻotibdi. Bu yigit Nurillaning oʻgʻli ekan. U ham uygʻonibdi. Nurilla xotini va bolasi bilan soʻrashibdi. Xotini tuyaxona ham solib qoʻygan ekan, tuyalarni shu yerga keltirishib, yuklarini tushirib olishibdi.

Shu bilan tinch yashab, murod-maqsadlariga yetishibdi.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!