← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunSehrliPodsholarDehqonlarMehr-oqibatAdolatAql-zakovatTabiatOilaTijoratUzun

Quloqboy

2402 soʻz

Bor ekan-da yoʻq ekan, och ekan-da toʻq ekan, bir chol bilan kampir bor ekan. Ularning farzandi yoʻq ekan. Kundan kun, oydan oy oʻtib, cholning xotini homilador boʻlibdi.

Kunlardan bir kun kampirni toʻlgʻoq tutibdi. Chol shunday qarasa, xotini yettita quloq tugʻgan emish. Er-xotin bu yetti quloqni koʻrib juda xafa boʻlibdi. Kundan kun, oydan oy oʻtibdi. Quloq bolalar oʻtiradigan, yuradigan boʻlib, tili chiqibdi. Non-osh yetmaydigan boʻlibdi. Ularning surati quloqqa oʻxshasa ham ogʻzi, koʻzi bor, ovqat yer ekan. Har biri bir odamning ovqatini yeb qoʻyar ekan. Ovqatsiz oʻtira olmas, ovqat yemasa och qoldim deb chirqillar ekanlar. Bolalarni boqish uchun chol hech narsa topolmay qiynalibdi. Chol xotiniga aytibdi.

— Bu bolalaringning qiligʻi menga yoqmadi, qoʻllaridan ish kelmasa, ovqat deyishni qoʻymasa, men ovqat topib berolmasam, bu qanday gap, axir. Bulardan bezor boʻldim-ku!

Endi nima qilaman, — debdi. Xotini bilan chol ikkovi maslahat qilishibdi.

— Siz shoʻrlikka qiyin boʻldi, bularga ovqat topib beraman deb oʻlasizmi. Bularni yoʻqoting!

— debdi kampir.

— Unday boʻlsa, qanday qilib yoʻq qilaman?

— debdi chol kampirga.

— “Toʻyga olib boraman”, deb yettovini olib borib bir chuqurga tashlab, koʻmib keling, — deb maslahat beribdi kampir.Chol kampirning soʻzini maʼqul bilib, quloq bolalariga:— Ey, bolalarim, yuringlar, toʻy bor, olib borayin, qornilaringizni toʻygʻazib kelasizlar, — debdi va ularni olib joʻnabdi.Cholning otasidan qolgan bir parcha yerida oʻra bor ekan. Bolalariga oʻrani koʻrsatib:— Shu yerga tushib oʻtiringlar, osh olib kelaman, — debdi. Ular oʻraga tushibdilar.

Quloq bolalar oʻraga tushgandan keyin chol ularni tashlab qochibdi. Bolalari yigʻlab qolishibdi. Chol bir joyga borib, choponini yelkasiga tashlab, kavushini qoqib kiymoqchi boʻlsa, uning ichidan eng kichik quloq bolasi chiqib.

— Ota, men qoldim, — debdi. Otasi:— Sen qolgan boʻlsang, yaxshi boʻpti. Yur, oʻgʻlim, menga ermak boʻlarsan, — debdi. Quloqboyni qoʻliga olib uyiga kelibdi. Oqshom yetibdi. Erta bilan tong otibdi. Chol qoʻshga ketibdi. Kampir non yopibdi.“Agar cholimga non olib borayin desam uyim ovloq qoladi. Non olib bormasam cholim och qoladi, nima qilsam ekan, men shoʻrlikning oʻgʻlim, qizim boʻlmasa, deb, koʻngli buzilib yigʻlabdi. Enasining yigʻlaganini Quloqboy koʻrib:— Qizim, oʻgʻlim yoʻq deb yigʻlamang, ena, men-chi?

— debdi. Enasi:— Sen kichkinasan, qoʻlingdan hech nima kelmaydi, — debdi.

— Ena, nonni menga bering, otamga men olib boraman, — debdi u.Onasi:— Bolam Quloqboy, nonni qanday qilib olib borasan?

— desa, quloqboy:— Non bilan meni mana bu qovoqqa solib qoʻying, olib keta beraman, — debdi.Kampir Quloqboyning soʻzidan dimogʻi chogʻ boʻlib, non bilan uni qovoqqa solib eshikdan chiqarib yuboribdi. Quloqboy qovoqni yumalatib nonni olib ketibdi. U qovoqni yumalata-yumalata otasining oldiga boribdi. Otasiga salom beribdi.

— Ey, ota, men sizga bugun non olib keldim, — debdi.Otasining dimogʻi chogʻ boʻlib:— Balli, bolam, — debdi.Shunda quloqboy nonni qovoqdan chiqarib otasining oldiga yumalatib olib boribdi. Otasi: “Nonni yeyay desam qoʻshim qoladi, qoʻsh hayday desam qornim och qoladi”, deb oʻylabdi.Quloqboy darrov buni payqab olibdi. Otasiga qarab:— Ey, ota, siz nonni yeng, men qoʻshingizni haydab turayin, — debdi.Chol:— Oʻgʻlim, sen haydolmaysan-da, — debdi.

Quloqboy esa:— Ey, ota, siz nonni yeng, men haydab turaman, — deb omochning bir yorigʻida turib qoʻshni hayday beribdi.Bu yer katta yoʻlning yoqasi ekan. Bozordan qaytib kelayotgan ikki yoʻlovchi hoʻkizning oʻzi qoʻsh haydayotganligini koʻrib qolibdi. Tomosha qilib turishibdi. Ulardan biri:— Zap qiziq ish, hoʻkizlarning oʻzi yer haydamoqda. Egasi boʻlsa bemalol nonushta qilmoqda. Bu hoʻkizlar yaxshi hoʻkizlar ekan, — debdi.

— Buni sotib olish kerak ekan. Egasi sotarmikan, — debdi ikkinchisi. Ikkisi cholning oldiga kelishibdi.

— Hormang bobo!

— debdi biri.

— Bor boʻlinglar, — deb javob beribdi chol.

— Xoʻkizlaringizni sotasizmi?

— deb soʻrabdi ikkinchisi.

— Sotmayman, — debdi chol,Ulardan biri cholning holi-joniga qoʻymay:— Hoʻkizlaringizni menga soting, qancha pul desangiz berayin, qoʻsh haydaydigan odamim yoʻq, — deb yalinib-yolvoribdi. Qoʻyarda qoʻymay oʻn tillalik hoʻkizlarni ellik tilladan sotib olibdi-da, qoʻshdan chiqarib haydab ketibdi. Quloqboy bilan omoch qolibdi. Bozorchilar quvonib: “Bu miyasi aynab qolgan cholni xoʻp bopladik-da”, deb keta beribdilar.Bozorchilar oʻz qishloqlariga borib, koʻrgan-bilganlarini, hoʻkizni arzon olganlarini bola-chaqalariga aytibdilar.

Hoʻkizni sotib olgan bozorchiga qarindoshlaridan biri:— Unday boʻlsa, xoʻp oʻxshatibsan-da, hoʻkizlarning oʻzi yursa yuz tillaga ham arzon, — debdi.Chol hoʻkizlarni sotib: “Xoʻp pullab oldim, oʻxshatdim, yur endi, oʻgʻlim Quloqboy” deb bolasini ergashtirib kampirning .oldiga boribdi. Quloqboy qoʻsh haydaganini, hoʻkizni sotganini kampirga aytibdi. Kampir ham bu soʻzni eshitib, Quloqboyning ishidan dimogʻi chogʻ, vaqti xush boʻlibdi.

Shunday qilib, chol-kampir hoʻkizlarning pulini sarf qilib yura beribdi.Endi gapni bozorchilardan eshiting. Hoʻkiz olgan bozorchi hoʻkizni qoʻshga qoʻshibdi, hoʻkizlar qoʻshda yurmabdi. Koʻp harakat qilibdi, hoʻkizlar sira yurmabdi. Hoʻkizlar birov haydasa yuribdi. Qarab tursa, yurmabdi. U “Bu hoʻkizlarning tilini bilmadikmi?” deb oʻylabdi. Aynab, olib borib berayin desa koʻzi qiymabdi. “Endi har nima boʻlsa ham hoʻkizlarni xoʻp sinab koʻraylik”, deyishibdi ular.

Oradan olti oy oʻtibdi. Hoʻkiz olgan bozorchi bilan sherigi aynashib, hoʻkizni haydab cholning uyiga qarab joʻnabdilar. Necha kun yoʻl yurib cholning uyini soʻrab topishibdi. Cholga voqeani aytibdilar. Chol:— Men bu gaplaringizga ishonmayman, mening hoʻkizlarim qoʻshda yurib yer haydaganligini oʻzingiz koʻrgansiz. Hoʻkizlarni yomon oʻrgatib qoʻygansiz. Olganlaringizga olti oy boʻldi. Yomon chiqqan boʻlsa olti oydan beri nimaga olib kelmadinglar.

Endi bu soʻzlaringiz oʻrinsiz, — debdi.Orada katta janjal boʻlibdi. Ikkovi birga qoziga borishibdi.

— Nima gap?

— deb soʻrabdi qozi.

— Taqsir, men bundan olti oy ilgari ikki hoʻkizimni bu odamga sotgan edim, olti oydan beri bu odam hoʻkizimni qoʻshga qoʻshib, endi “Aynadim”, deb olib kelibdi. Men kambagʻal odam, hoʻkizlarning pulini ham yeb boʻlganman. Hozir hech narsam qolmagan, — debdi chol.Qozi hoʻkiz olgan bozorchiga qarab:— Sen nima deysan?

— debdi.Bozorchi aytibdi:— Ey, taqsir, bu odamning soʻzi maʼqul, lekin boshqa soʻz ham bor.

Voqea shunday boʻlgan: chol menga ”Hoʻkizimning oʻzi yuradi”, deb sotgan. Hoʻkizining oʻzi yurmayotir, ahmoq boʻlganimga alam qiladi, — debdi.

— Oʻzi koʻrib, bilib, meni qoʻyarda-qoʻymay sotib olgan edi, — debdi chol.Qozi oʻylab turib:— Har ikkingizning soʻzingiz aqlga sigʻmaydi. Hoʻkizning oʻzi ham qoʻsh haydaydimi? Bu boʻlmagan gap, — deb bularni qozixonadan chiqarib yuboribdi. Cholning vaqti xush boʻlib uyiga kelibdi-da, xotiniga:— Xotin, qolgan pulga nima olsam ekan?

— debdi.

— Bugʻdoy olish kerak, — deb javob beribdi kampir. Chol bugʻdoy olib gʻamlab qoʻyibdi.

Kunlardan bir kun kampir un tamom boʻlganini aytibdi. Chol:— Tegirmonga borib un tortib kelayin desam, ishim qoladi. Tegirmonga bormasam, un boʻlmasa, nima qilaman endi, — deb xafa boʻlibdi. Quloqboy otasining xafa boʻlganini bilib, aytibdi:— Ey, ota, katta tuyaga bugʻdoyni yuklab bering! Men tegirmonga borib, un torttirib kelaman.Chol:— Bolam, sen un tortib kelolmaysan-da, — debdi.

— Tortib kelaman, dedim, tortib kelaman, — debdi Quloqboy.Otasi noiloj ikki qop bugʻdoyni tuyaga yuklab beribdi. Quloqboy tuyaning qulogʻiga kirib olibdi. Tuyaning qulogʻida turib burnidagi iridan tortib, yetaklab, tegirmonga ketibdi. Tegirmon olis ekan. Uch kecha-yu uch kunduz yoʻl yurib boribdi. Tegirmon yonida tuyani toʻxtatib:— Tegirmonchi, bormisan, tegirmon boʻshmi?

— deb qichqiribdi Quloqboy. Tegirmonchi eshikka chiqib qarasa, ikki qop bugʻdoy ortilgan tuya turgan emish, boshqa hech kim yoʻq emish-u, faqat tegirmonchini chaqirgan tovush kelar emish. Tegirmonchi hayron boʻlibdi. “Bu qanday sir boʻldi”, deb turgan ekan, Quloqboy unga:— Qoʻrqma, tuyadagi yukni tushir, koʻp alanglama! Bugʻdoyni tortib ber!

— debdi. Buni eshitgan tegirmonchi qoʻrqqanidan yukni tushirib tortib, yana tuyaga yuklab, haq olmay joʻnatib yuboribdi. Yuboribdi-yu: “Bu qanday sir boʻldi? Bu koʻrganim tushimmi, oʻngimmi”, deb oʻylab qola beribdi. Quloqboy yukni orttirib joʻnab keta beribdi. Bir qancha yoʻl bosgach, Quloqboy dam olmoqchi boʻlibdi. Tuyani toʻxtatib, boʻynidan pastga sirgʻalib tushibdi. Tuya uch kundan beri och ekan. Quloqboyni yonida turgan yantoqqa qoʻshib yeb yuboribdi. Tuya bir necha kun adashib yurib, oxiri egasining uyiga yetibdi.

Quloqboy tuyaning ichida turib:— Ey, ota, tuya meni yeb qoʻydi, tuyangizni yaxshi koʻrasizmi yo meni yaxshi koʻrasizmi? Meni tuyangizning ichidan chiqarib oling, — debdi.Otasi bu soʻzni eshitib darrov tuyani choʻktirib, yuklarni tushirib olibdi. Tuyani boʻgʻizlabdi. Tuyaning ichidan oʻgʻlini qidiribdi, topolmabdi. Tuyaning goʻshtini olib, ichak-chovoqlarini itga tashlabdi. Quloqboy ichak-chovoq ichida ekan, itning qorniga kirib ketibdi.

It qornini toʻygʻazib, oftobda yaslanib yotgan ekan, Quloqboy qichqiribdi:— Ota, meni yaxshi koʻrasizmi yoki itingizni yaxshi koʻrasizmi? Meni yaxshi koʻrsangiz, itning ichidan chiqarib oling!

— debdi u. Chol:— Voy, bolam, seni yaxshi koʻraman-da, — debdi va itni oʻldiribdi.Itning qornini yorib Quloqboyni toza qidiribdi, topolmabdi. Kun kech boʻlibdi. Itning oʻligi dalada qolibdi. Kechasi bir och boʻri kelib, uni yeb ketibdi. Quloqboy boʻrining ichiga kirib ketibdi. Boʻri ov qilib, qaysi qoʻtonga borsa, Quloqboy: “Hoy, choʻponlar, qoʻtonga boʻri kelayotir, boxabar boʻlinglar!” deb qichqirar ekan. Choʻponlar buni eshitib, itlarini ol-kishlab, boʻrini quvib qoʻtonga kiritmas ekanlar.

Bir necha kun oʻtibdi.Boʻri juda och qolibdi, bir boʻrini uchratib, unga:— Ey, oʻrtoq, men shu kunlari bir baloga uchradim, qaysi yerga borib ovqatlanay desam, ichimdan “Hoy, choʻponlar, qoʻtonga boʻri kelayotir, boxabar boʻlinglar!” degan tovush chiqadi. Choʻponlar xabar topib meni quvib, koʻp abgor qilayotirlar, qanday qilsam bu balodan qutular ekanman, — debdi. Ikkinchi boʻri:— Ishing yomon boʻlibdi-ku, hammadan ochlik qiynaydi, — debdi.

— Ey, doʻstim, endi sen kun qizigan paytda u yoqqa-bu yoqqa yugura ber, ichingdagi narsa kunning issigʻidan qiynalib, yoʻq boʻlib ketadi.Boʻri oʻrtogʻining maslahati bilan kunning issigʻida rosa yuguribdi, oxiri bir yoʻlning ustida suvsiz, ochlikdan ichi kuyib, oʻlib qolibdi.

Shunday boʻlsa ham Quloqboy boʻrining ichidan chiqmabdi. Ikki otliq yoʻlovchi yoʻldan oʻta turib boʻrining oʻligini koʻrib qolibdi. Ular otdan tushib, “Bizga xudo berdi”, deb boʻrining terisini shila beribdilar. Yoʻlovchidan biri:— Bu qoʻylar qassobining terisini shilib, boylarning qoʻtoniga olib boramiz. Bizga bir qoʻyning pulini beradilar, — debdi. Quloqboy bularning soʻzlarini eshitib astagina boʻrining burnidan chiqibdi.

Yoʻlovchilarning bir-biriga boylovli turgan otlaridan birining oyogʻidan oʻrmalab, qulogʻiga chiqib olibdi. Quloqboy asta-sekin otlarni hayday boshlabdi. Bir yoʻlovchi qarasa, otlar ketayotgan emish. U sherigiga:— Ot ketdi, tez-tez ayir, — debdi. Ikkisi otga qaramay terini shila beribdi. Bir mahal boʻrining terisini shilib boʻlgach biri:— Yugur, ot ketib qolmasin, — debdi. Ikkisi yugurishibdi. Ot ancha joyga ketib qolibdi. Ular yugura-yugura otga yetay deganda Quloqboy otning jilovini siltab yuboribdi.

Otlar chopib ketibdi. Ikkisi otlarga yetolmabdi. Bir boʻrining terisi deb ular ikkita otdan ayrilib qolishibdi. Quloqboy ikki otni yetaklab kechqurun bir boyning eshigiga borib toʻxtabdi:— Gʻovni och, — deb baqiribdi. Boyning bir oʻgʻli chiqib qarasa, gʻovning oldida ikkita ot turganmish. Odamzod koʻrinmasmish. Qarab tursa:— Gʻovni och!

— deb tagʻin tovush chiqibdi. Boyning oʻgʻli hayron boʻlib, qoʻrqa-qoʻrqa gʻovni ochibdi. Otlarini ichkariga olib kirib boylabdi. Xashak solibdi. Oʻzi Quloqboyni koʻrmay bir uyga kirib ketibdi.Quloqboy otdan tushib, mehmonxonaga qarasa, hech qanday koʻrpacha yoʻqmish. “Ha, mayli”, deb endigina mehmonxonaga kirib turgan ekan, boyning ovozini eshitib qolibdi. Boy:— Kelgan odam kim ekan?

— deb oʻgʻlidan soʻrabdi.

— Ikki ot turibdi. Egasi yoʻq, — deb javob beribdi boyning oʻgʻli, — biroq birovning tovushi chiqadi-yu, oʻzi koʻrinmaydi. Hayronman.Shunda mehmonxonadan tagʻin tovush kelibdi:— Koʻrpacha bilan ovqat olib kelmaysanmi? Nega imillaysan!

— Koʻr boʻldingmi? Ana, odam gapirayotibdi-ku! Bor, koʻrpacha olib chiq, — deb baqiribdi boy oʻgʻliga. Boyning oʻgʻli mehmonxonaga koʻrpacha olib kirib, qarasa, yana hech kim yoʻq. Hayron boʻlib, koʻrpachani toʻshab chiqib ketibdi. Oʻgʻli otasining yoniga borib:— Mehmonxonada hech kim yoʻq, — debdi.

Shu vaqt mehmonxonadan yana tovush kelibdi.

— Ovqat olib kel! Boʻl tezroq!Bu tovushni eshitgan boy oʻgʻlini urishib ovqat berdirib yuboribdi. Boyning oʻgʻli mehmonxonaga kirib qarasa, yana hech kim yoʻq. U yoq-bu yoqqa qarabdi, hech kim koʻrinmabdi. Ovqatni mehmonxonadan qaytarib uyga olib kiribdi.

Shu paytda mehmonxonadan tagʻin tovush kelibdi:— Nega ovqatni olib kelmaysan? Olib kel!Boy oʻgʻlini urishib yana ovqatni yuboribdi. Boyning oʻgʻli tagʻin mehmonxonaga kirib, u yoq-bu yoqqa qarasa, hech kim koʻrinmabdi. Ovqatni yana ichkariga qaytarib olib kirib ketibdi. Quloqboy yana qichqiribdi:— Menga ovqat bermaysizlarmi? Nega hayalladingiz?!Boyning oʻgʻli toʻrt marta ovqat olib kirib qaytarib chiqibdi.Quloqboy beshinchi marta chaqiribdi. Qichqirganda boy gʻazablanib:— Oʻzing qanday balosan? Koʻzga koʻrinmaysan. Odamni bunday sarson qilganingdan koʻra oʻlganing yaxshi!

— debdi. Boyning gapi unga botibdi.

— Ha, endi men sendan oʻch olmasam yurgan ekanman, — debdi.Kech boʻlib, hamma uxlabdi. Quloqboy yarim kechada oʻrnidan turib boyning qoʻtoniga kiribdi. Qoʻtonda bir boʻgʻoz echki bor ekan. Ushlab olib echkini soʻyibdi. Undan ikki uloqni olib, birin-sirin sudrab kelib boyning boʻyi yetgan ikki qizining qoʻyniga solib qoʻyibdi, hovlidan bir tebanni topib boy yotgan uyning boʻsagʻasiga qoʻyibdi.

Tagʻin hovlida u yoqdan-bu yoqqa kezib, bir toʻgʻanoqni topib, qora uyning eshigi tepasiga oʻrmalab chiqib, bir yogʻochga mahkam bogʻlab osiltirib, uydan chiqadigan odamning manglayiga tegadigan qilib qoʻyibdi. Oʻzi shu uyning tomiga chiqib qichqiribdi:— Ho boy, choʻpon, bormisan, qoʻyga boʻri keldi!

— Boy bilan oʻgʻillari uygʻonib ketibdi. Shovqin-suron koʻtarilibdi. Boyning kelinlari, qizlari ham uygʻonibdi. Qizlar qarasa, yonida bittadan echki bolasi yotgan emish. Hayron boʻlib dod-voy qilishibdi.

Shu paytda:— Boʻl, ha, boʻl, quv, ha, quv, boʻri keldi!

— degan tovush yana eshitilibdi. Boyning katta oʻgʻli yotgan uydan yalangoyoqligicha shoshilib chiqayotganida teban oyogʻiga “port” etib kirib ketibdi. “Voy, oyogʻim”, deb oʻtirib qolibdi. Boy oʻgʻlining voy-voylaganini eshitib:— Ha, nima boʻldi?

— degan ekan, oʻgʻli:— Boʻsagʻada teban turgan ekan, oyogʻimga kirib ketdi, — debdi.Boy oʻgʻlidan bu soʻzni eshitib, hatlab oʻta qolay deb balandroq hatlagan ekan, manglayini toʻgʻanoqqa urib olibdi. Manglayi yorilibdi. Quloqboy bularning hammasini koʻrib dimogʻi chogʻ boʻlib:— Menday mehmonga xizmat qilmasang, shunday boʻlasan-da, — deb ularni tomosha qilib oʻtiribdi.Boy oʻgʻli, qizi va kelinlari boʻrini quvish uchun dalaga chiqib ketibdi. Bundan choʻponlar ham uygʻonib, qoʻtonning atrofini qarashibdi, hech narsa koʻrinmabdi.

Oʻrtada boyning manglayi yorilib, boyvachchaning oyogʻiga teban kirib, yara boʻlibdi. Boy xotiniga:— Chiroqni yoq, manglayimga tekkan narsa nima ekan, — debdi. Kampir chiroqni yoqibdi. Qarasa, eshikning tepasidagi yogʻochda bir toʻgʻanoq shalvirab osilib turgan emish.

— Bu sabilni bu yerga kim osiltirib qoʻygan edi?

— debdi. Bolalari:— Toʻgʻanoqni bizlar qoʻyganimiz yoʻq, — deyishibdi. Boyning oʻgʻli:— Mening oyogʻimga kirgan tebanni oyoq ostiga tashlagan kim?

— debdi-da, boshqalarni urishibdi. Qizlar aytibdi:— Kimdir, birov bizning qoʻynimizga yangi tugʻilgan uloqni solib qoʻyibdi. Kim bu ishni qiladi? Oʻzimiz bu ishni qilamizmi?Qizlardan biri:— Bu ishlarni birov dushmanlikdan qilgan, — debdi.Hammasi chiroq yoqib qoʻtonlarni qarabdi. Bir echki soʻyilib yotgan emish. Boy va uning bolalari boshqa hech narsani koʻrmay, hayron boʻlib yana dalaga chiqib atrofni qarab, yana ichkariga qaytib kiribdilar. Boy:— Bu qanday sir boʻldi? Bu ishni jin qildimi, odammi? Qanday balo boʻldi?

— debdi. Hammasi hovlida gaplashib oʻtirganida Quloqboy eshik tepasidan sekin pastga tushibdi. Boyning toʻshagi ustiga borib qarasa, bir hamyon turgan emish, uni tishi bilan yechsa, hamyonda tilla bor emish. Tillali hamyonni zoʻrgʻa koʻtarib oʻrmalab, uyning keragasi ostidan olib chiqib, namatning tagida turibdi.Boy va bolalari xafa boʻlib uxlashibdi. Quloqboy ular uxlaganidan keyin hamyondagi tillani sudrab otlar oldiga boribdi. Otning oyogʻidan tirmashib chiqib, hamyonni ot ustidagi xurjunga solibdi-da, otlarining tizginini yechib, kechasi yoʻlga chiqibdi.

Shu yurganicha yoʻl yurib uch kecha-yu uch kunduz deganda oʻz uyiga yetib kelibdi. Otlarni eshik oldida toʻxtatib, otasini chaqirib salom berib:— Ey, ota, bu otlarni boylang, ustidagi xurjunda hamyon bor, uni oling!

— debdi. Otasi xurjunning ichidagi hamyonni ochib koʻrsa, tilla bor emish. Bu tillalarni koʻrib chol bilan kampirning boshi osmonga yetibdi. Har ikkisining dimogʻi chogʻ boʻlib, oʻgʻlidan xursand boʻlibdi. Chol-kampir Quloqboyni yaxshi koʻrib, erkalab:— Quloq boʻlsa ham katta bolalardek ish qiladi. Esiz, esiz, olti Quloq bolamdan ayrilibman, — deb chol oʻlib ketgan bolalariga achinibdi.

— Ha, qolganiga shukr, — debdi kampir. Er-xotin maslahatlashib: “Quloq boʻlsa ham oʻgʻlimiz bizga yordam berayotir. Quloq bolamiz orqasidan hoʻkizimizni koʻp pulga sotib oldik. Tillaga boy boʻldik. “Tegirmon tortib kelaman”, deb oʻzi yoʻqolib ketgan boʻlsa ham oxirida qancha tilla, ikki ot olib keldi.

Shu-da bir odamning topgani”, deyishibdi. “Endi Quloqjonga bir toʻy qilaylik” deb er-xotin kengashibdi.Oradan necha kun oʻtibdi, qarindoshlarini chaqirib, Quloqboyga toʻy qilib berishibdi.Shunday qilib, kampir bilan chol Quloqboydan dimogʻi chogʻ boʻlib, murod-maqsadiga yetibdi.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!