← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunSehrliPodsholarDehqonlarAdolatAql-zakovatTabiatOilaTijoratUzun

Ozodachehra

3327 soʻz

Bor ekan, yoʻq ekan, Balx shahrining podshosi bor ekan. Uning farzandi yoʻq ekan. “Farzandim boʻlsa, taxtimga ega boʻlardi”, deb kecha-yu kunduz yigʻlar ekan.Oradan bir qancha vaqt oʻtib, toʻqqiz oy, toʻqqiz kun, toʻqqiz soat, toʻqqiz daqiqa deganda podshoning xotini bir qiz tugʻibdi. Tugʻibdi-yu oʻlibdi. Podsho bolani enagaga berib boqtiribdi. Yetti yoshda qizni maktabga beribdi. Qiz oʻn olti yoshga yetganda bilimli boʻlib chiqibdi. Har yurtdan podsholar qizga sovchi yubora beribdi. Podsho unamabdi.

Kunlardan bir kun podshoning oʻng qoʻl vaziri turib:— E, shohim, qizingiz oʻn olti yoshga yetdi, bittani “oʻpoq” deysiz, bittani “soʻpoq” deysiz, hech kimga qizingizni bermaysiz. Buning maʼnosi nima?

— debdi.

Shunda podsho:— Shu bitta-yu bitta qizimdan boshqa farzandim yoʻq, boʻlak yurtga bersam, uzoqqa ketib qoladi, oʻz shahrimga bersam, har kuni koʻrib turardim. Basharti, bu shaharda oʻzimga munosib kishi boʻlsa, albatta berardim, — debdi.Bir kuni vazir shahar ichida aylanib yurgan ekan, Balxning darvozasiga yaqin joyda Said degan bir savdogarni uchratib, uni podshoga maqtab, qizingizga juda munosib, — debdi.Podsho oʻsha savdogarga qizini beribdi.

Oydan oy, yildan yil oʻtib, podshoning qizi bir qiz tugʻibdi, biroz vaqtdan keyin bolaning onasi kasal boʻlib oʻlibdi. Savdogar qizini tarbiyalash uchun enagaga beribdi. Bu qizga Ozodachehra deb nom qoʻyibdilar. Qiz oʻn toʻrtga kiribdi. Ilmni, sirohigarchilikni bekam-koʻst oʻrganibdi. Oʻzi behad chiroyli ekan: oy desa yuzi bor, kun desa koʻzi bor, qizil gulning novdasidek boʻyi bor.Bir kun savdogar qiziga bunday debdi:— Qizim, sen oʻn toʻrtga kirding, mening ota kasbim savdogarchilik edi.

Endi bir savdogarchilikka borsam, topganimni toʻyga sarf qilib, seni chiqarsam; kelgunimcha seni podsho buvangga omonat topshirsam.Savdogar qaynatasi huzuriga borib, unga salom berib:— Ijozat bersangiz nevarangizni sizga topshirib, oʻzim savdogarchilikka borib kelsam, — debdi.Podsho kuyoviga debdi:— Mening ishim koʻp, qizingdan xabar olib turolmayman. Mening Suhayl degan bir vazirim bor. Bizning podshohlikda bunday yaxshi odam yoʻq.

Qizni ana shu kishiga topshir!Savdogar borib vazirga salom beribdi va aytibdi:— Mening bir qizim bor, taqsir, oʻzim savdoga ketmoqchiman, agar malol kelmasa, qizimni sizga omonat topshirib ketsam, deyman.Vazir savdogarga:— Olib kel, oʻzing oy borib, omon kelsang, qizingni qoʻlingga eson-omon topshiraman, — debdi.Savdogar qizini bir qancha pul, mol bilan vazirga topshirib, oʻzi savdoga joʻnab ketibdi.Vazir bir kuni qoʻl yuvish uchun hovliga chiqibdi. Qarasa, yuziga parda tutgan bir qiz hovli supurib yurgan emish.

“Bu kimning qizi ekan”, deb xayol surib turganda, shamol kelib qizning betidan pardani koʻtaribdi. Bu badbaxt vazir qizni koʻrib oshiqi-beqaror boʻlibdi. Goʻyo oʻtkir tigʻ uning yuragini tilib ketibdi. Vazir fikr qilib: “Har ish qilsam ixtiyor oʻzimda, qorani oq desam, oqni qora desam soʻzimga hamma ishonadi”, deb oltin laganga turli noz-neʼmat toʻlgʻazib kelib, qizga tutqazibdi va “Ol qoʻlimdan”, debdi.

Vazirning toʻrt xotini bor ekan, “Bugun ota-onangizni koʻrib, hol-ahvol soʻrab kelinglar”, — deb ularni uylariga yuborib, uyni xoli qilibdi.Soʻngra:— Kel, qizim, qoʻlimga suv quy, — debdi. Vazirning bir kumush obdastasi boʻlar ekan, hamisha u qoʻl yuvadigan boʻlsa, qiz shu obdasta bilan suv quyar ekan. Qiz odatdagicha vazirning qoʻliga suv quyibdi. Vazir badbaxt esa dilini buzib, qizning bilagiga qoʻl solibdi.

Qiz “Men-dan gunoh oʻtgan boʻlsa, tavba qildim”, deb terakning bargidek titrab, yigʻlab yuboribdi.Vazir: “Gunohingdan oʻtdim, suv quy”, debdi. Qiz suv quyib turganda vazir unga tegishibdi. Qiz vazirning feʼli buzilganini bilib, qoʻlidagi kumush obdasta bilan vazirni shunday uribdiki, obdastaning tagi vazirning peshonasida bir parcha tamgʻa qoldiribdi. Vazir behush boʻlib yiqilibdi.

Qiz betiga niqob tutib podsho oʻrdasiga ketibdi.Vazir hushiga kelib koʻzini ochsa, qonga boʻyalib yotgan emish, shunda dod-faryod qilib podsho huzuriga kiribdi. Vazirning qonga boʻyaganligini koʻrgan podsho undan:— Ey Suhayl, mening zamonamda senga kim zulm qildi?

— deb soʻrabdi. Bunga javoban vazir: ”Dod, zolim qiz dastidan! Men xotinlarimning hammasini ota-onasinikiga yuborib, ”Qizim, uyni poylab oʻtirgin”, degan edim. Birozdan keyin bir xabar olay, yakka qolib xafa boʻlmasin, deb uyga kirsam, bu nobakor qiz mehmonxonada toʻrt yigit bilan bazm qilib oʻtirgan ekan. Meni koʻrib, shu ahvolga soldi. Bu ishlarga sening nabirang sabab boʻldi”, deb yigʻlayveribdi.Podsho qattiq gʻazablanib, boshidan tojini olib uloqtiribdi, yer tepinibdi, oʻng qoʻl vaziriga qarab:— Jallod! U nobakor qizni dorga os!

— deb qichqiribdi. Jallod darhol qizning qoʻllarini orqasiga bogʻlab, har qadamda boshiga qamchi urib, podshoning oʻrdasiga keltiribdi. Oʻng qoʻl vazirning qizga rahmi kelib, podshodan oʻtinib soʻrabdi va:— Shohim, bu beaql qizning ixtiyorini menga bersangiz. Men uni shunday xor-zor qilib oʻldirayki, boshqalarga katta ibrat boʻlsin, — debdi.Podsho oʻng qoʻl vazirining taklifiga rozi boʻlib, nevarasini unga beribdi.Oʻng qoʻl vazir bir xurjunning ikkala koʻzini talqonga toʻlgʻazibdi-da, qizni bir biyobonga olib chiqib: “E, qizim, ishing haq boʻlsa oqliqqa chiq, nohaq boʻlsa goʻshtingni quzgʻunlar yesin”, deb qiz bilan xayrlashib, uni biyobonga tashlab qaytibdi.

Podsho: “Har kim nevaramdan gapirsa, boshi oʻlimda, moli talonda!” degan farmon chiqaribdi.Shu-shu hech kim qiz toʻgʻrisida gapirmaydigan boʻlibdi.Endi ikki ogʻiz soʻzni qizdan eshiting:Qiz kechani kecha, kunduzni kunduz demay, dasht-u biyobonlarda yetti yil sarson-sargardonlikda yuribdi. Giyohlarning ildizlarini yeb kun kechiribdi, lekin biror shahar yo qishloq koʻrinmabdi. Yorugʻ dunyo koʻziga qorongʻi boʻlib, qirq kecha-yu qirq kunduz bir luqma taom, bir hoʻplam suv topib icholmabdi.

Tashnalik va ochlikdan xarob boʻlib, axiri bir koʻkalamzor joyga kelibdi-da, oʻzini tappa tashlabdi.Endi gapni boʻlak joydan eshiting:Bir yurtda bir podsho bor ekan, uning shahzoda Baxt degan oʻn olti yashar oʻgʻli bor ekan. Bola shu yoshga yetguncha ikkita ulfatga qoʻshilib, koʻchada bitta choy ichish u yoqda tursin, qoʻying-chi, uydan eshikka ham chiqmagan ekan.

Podshoning vaziri bir kuni: “E, podshohim, oʻgʻlingiz oʻn oltiga kirdi, maktabga bermadingiz yoki sirohigarchilik ilmini oʻrgatmadingiz; sizdan keyin taxtga kim ega boʻladi?” debdi. Vazirning bu gapi podshoga maʼqul tushib, oʻgʻlini qirq yigit bilan ovga chiqaribdi. Uch kecha-yu uch kunduz yurib ov qilolmabdi, qoʻlidagi qarchigʻayi uchib ketibdi. Shahzoda Baxt qirq yigit bilan qush orqasidan ot qoʻyibdi.

Bir necha kundan keyin yigitlarning oti charchab, har joyda qolib ketibdi. Shahzoda Baxt toʻqqiz kecha-yu toʻqqiz kunduzdan keyin qushni bir tepada koʻribdi. Qush hadeb bir tarafga qarab talpinar emish. Shahzoda Baxt oʻsha yoqqa borib qarasa, bir goʻzal qiz oʻn toʻrt kechalik oydek barq urib, ogʻzidan koʻpik chiqarib behush yotgan emish. Shahzoda Baxt qilichini qinidan sugʻurib, qizning damiga tutgan ekan, qilichining tigʻi xiralanibdi. Shahzoda “Xayriyat, tirik ekan”, deb sevinibdi, yonidan sharbat olib qizning labiga tomizibdi. Birozdan keyin malika koʻzini ochibdi va tepasida bir sohibjamol yigit yigʻlab oʻtirganini koʻribdi.

Shunda qiz:— E, yigit, yigʻlaydigan vaqt emas, meni otingga mindir, yurtingga olib borib, xohlasang choʻri qil, xohlasang sotib yubor, — debdi.Shahzoda Baxt xursand boʻlib, qizni oʻz yurtiga olib boribdi. Qizni uyga qoʻyib oʻrdaga boribdi, ichkariga kirib, otasiga salom beribdi. Otasi hol-ahvol soʻrab turib, debdi:— Oʻgʻlim, hamma yigitlaring quruq keldi, sen ham quruq keldingmi? Qoʻlingda hech narsa yoʻq, qayda eding?Shahzoda otasiga taʼzim qilib, bunday debdi:— E, ota, men biyobondan bir qiz topib olib keldim.

Shuni menga xotinlikka olib bersangiz?Buni eshitgan podsho gʻazablanibdi:— E, ahmoq! Men podshoman, biyobondan topilgan qiz senga xotin boʻlarmidi? Kim biladi uning asli-naslini. Biyobonda yotgan bir choʻl kezar qizdir-da. Men el-xalqdan nomus qilaman.

— Shu qizni olib bermasangiz, — debdi shahzoda, — bu shaharning suvini oʻzimga harom bilib, bosh olib ketaman!Podshoning oʻng qoʻl vaziri turib: “E, podshohim, keksa xotinlar qizning ahvoli bilan tanishsin. Qaysi joydan kelganligini bilsin, oʻgʻlingizga keyin gʻazab qiling”, debdi.Toʻrtta kampir oʻrdaga kirib qizni gapga solishibdi. Qizning ishdan, gapdan kam-koʻsti yoʻq ekan.Qiz soʻz boshlabdi: “Mening otim Ozodachehra. Oʻzim bir savdogarning qiziman, otamdan boshqa hech kimim yoʻq.

Otam savdoga joʻnash uchun qirq tuya mol qildi. Bir tuyaning yoniga bir kajava bogʻlab unga meni oʻtqazdi. Yoʻlda qirq qaroqchiga yoʻliqdik. Qaroqchilar mollarimizni talab, otamni oʻldirishdi. Buni koʻrib tuyadan oʻzimni yerga otib, bir buta tagiga bekindim. Juda qattiq qoʻrqqanimdan oʻzimdan ketib qolibman. Koʻzimni ochsam, tepamda yigʻlab oʻtirgan bir yigitni koʻrdim. Unga: “Xohlasang meni qul qil, xohlasang choʻri qilib sotib yubor”, degan edim.

Bugun uch kundirki, oʻsha yigitni koʻrmayman”, debdi.Kampirlar podsho huzuriga borib, qizning bu soʻzlarini unga birma-bir aytib beribdilar.

Shu onda vazir oʻrnidan turib:— Podshohim, oʻgʻlingiz bilan qiz ikkisi bir-birini xohlasa, darhol toʻyni boshlab yuboring. Bordi-yu, oʻgʻlingiz bosh olib shahardan chiqib ketsa, qiz boshqa yoqqa yoʻl olsa, el-xalqdan bizga koʻp qattiq gap tegar, — debdi.Podsho toʻyga tayyorgarlik koʻra boshlabdi.

Nihoyat, qirq kungacha el-xalqqa osh berib, toʻy-tomoshalar bilan shahzoda Baxtga Ozodachehrani nikohlab beribdi.Oradan bir qancha vaqt oʻtibdi. Ozodachehra bir oʻgʻil tugʻibdi. Podsho bu xabarni eshitib koʻp xursand boʻlibdi. Bolani yaxshi parvarish qilibdilar. Bola yetti yoshga kiribdi.Ozodachehra bir kun kechasi tushida otasini koʻrib, choʻchib uygʻonibdi va chuqur bir oh tortibdi, bu ovoz bilan eri uygʻonib, oʻrnidan turibdi, qoʻliga qilichini olib, Ozodachehraga:— Biyobonda yotganing esingga tushib oh tortdingmi?!

— debdi.Bunga javoban Ozodachehra gap boshlabdi:— Jonim shahzoda, meni kechiring. Sizni aldagan edim. Men Balx viloyati podshosining nevarasi boʻlaman. Qirq kanizim bilan ovga chiqib necha turli qushlarni ov qilib yurganimda, qirning orqasidan bir kiyik yugurib chiqdi. Qoʻlimdagi qarchigʻayni kiyikka solgan edim. Kiyik bir kamarga oʻzini oldi. Qarchigʻay havoda bir aylanib, bir daraxtning tagida yotgan sherga chovut qildi. Sher kerilib oʻrnidan turdi, kela solib meni otim bilan birga koʻtarib havoga otdi.

Koʻzimni ochib qarasam, tepamda siz turibsiz. Qirq kanizim qayda qolganini bilmayman. Asli zotim shu. Balx viloyatidan boʻlaman. Shahzoda tashqariga chiqib otasining eshigini qoqibdi.

— Tunda eshik qoqayotgan kim?

— debdi podsho.

— Oching, men oʻgʻlingiz shahzoda Baxtman.Podsho eshikni ochibdi:— Nima deysan, oʻgʻlim?

— deb soʻrabdi podsho. Oʻgʻli boʻlgan voqeani otasiga aytib beribdi.

— Erta bilan taxtga chiqay-chi, bir maslahat qilarmiz, — debdi podsho.Podsho ertasi kuni barcha vazir-vuzarolarini yigʻib soʻray boshlabdi:— Mening kelinim Balx viloyati podshosining nevarasi ekan. Necha yil, necha zamondan beri ota-onasini koʻrsatmay unga jabr qildik.

Shuni qanday yoʻl bilan yuborsak ekan?Oʻng qoʻl vazir taʼzim bilan soʻz boshlabdi:— Shohim, agar er-xotin borishsa, “Qanday topishdinglar”, deb otasi el-xalqdan nomus qilib, darhol ikkalasini oʻldiradi. Keliningizning oʻzi besh-oʻnta kampir bilan bir qancha sovgʻalar olib borsa shoyadki, podsho qizi bilan kuyovini oʻlimdan qoldirsa.

— Bu ishlarning uddasidan kim chiqadi?

— deb soʻrabdi podsho.Chap qoʻl vazirning yaramas niyatli Bahrom degan oʻgʻli boʻlar ekan. U darhol oʻrnidan turib:— Bu xizmat mendan boʻlsin, — deb qulluq qilibdi.Qirq tuyaga xilma-xil mol, mushki anbar yuklanibdi, bir qancha lashkarni oʻng-u soʻlga qoʻyilib, tilladan arava, atlasdan soyabon yasatibdilar. Malikani besh-oʻnta kampir bilan aravaga oʻtqazib, yetti yashar oʻgʻlining boshiga toj qoʻyib, onasi bilan birga Balxga joʻnatibdilar.

Ular kechani kecha, kunduzni kunduz demay, choʻlma-choʻl, koʻlma-koʻl yurib, axiri bir koʻrkam sabzazorga qoʻnibdilar. Bu joy gullar ochilgan, bulbullar tinmay sayragan, buloqlar qaynagan ajoyib xushhavo bir joy ekan.Bir kuni yarim kechada saroyda malika aylanib yurib eshikka chiqqanda, uxlamasdan yotgan Bahrom Ozodachehrani koʻrib, oshiq boʻlib qolgan ekan.

Keyin surishtirib uning shahzoda Baxtning xotini Ozodachehra ekanini bilgan ekan.

Shundan buyon u Ozodachehrani yoʻldan urish niyatida yurarkan, safarga chiqqanining sababi ham shu ekan. Bu yerga kelishi bilan malikani bir hiyla bilan qoʻlga olish payiga tushibdi. Oʻrnidan turib, yarim kechada malikaning chodirini xanjar bilan tilib ichkari kiribdi. Malika oʻn toʻrt kechalik oyday barq urib, koʻkka qarab uxlab yotgan ekan. Bahrom oʻng tizzasi bilan malikaning qoʻlidan bosibdi. Malika choʻchib uygʻonibdi, jon holatida:— Kimsan?!

— deb soʻrabdi.Bahrom javob beribdi:— Men vazirning oʻgʻli Bahromman. Sizni saroyda bir marta koʻrib, shundan beri kecha-kunduz firoqingizda yigʻlardim. Bugun qoʻlimga tushdingiz.Bahromning oʻng qoʻlida xanjari bor ekan.

— Yonimda yotgan bolamdan tap tortmaysanmi?

— debdi malika.Bahrom buni eshitib, yetti yashar begunoh bolaning boshini oʻsha ondayoq sapchaday uzib tashlabdi.

Shunda malika:— Yaxshi ish qilding. Bu voqeani bola bilsa, ikkimizni ham uyatga qoldirar edi, ammo men bugun oʻlikni saranjom qilay, ertaga sen bilan boʻlay. Podshodan va bu taxt-saltanatdan menga sen afzal, — deb uni aldabdi. Bahrom ertagacha kutadigan boʻlib, chiqib ketibdi.Malika oʻgʻlini yuvib, kafanlab, koʻmibdi. Erkakcha kiyim-bosh kiyib, ehtiyotdan zahar olibdi.

Otga minib, odamlar orasidan chiqib ketibdi.Erta bilan Bahrom qarasa, xotin ham, bolaning oʻligi ham yoʻq emish; ulardan aslo darak topolmay noiloj qaytib ketibdi. Podshoga borib:— Kelin biyobonda oʻgʻli bilan qochib, gʻoyib boʻldi, — debdi. Shahzoda Baxt buni eshitib, koʻzidan yosh oʻrniga qon toʻkibdi, bir uyni xilvat qilib malikaning ishq-u firogʻida yigʻlab yotaveribdi. Bahrom ham shahzodaning yoniga kirib: “Siz yotganda men yurib nima qilaman”, degan boʻlib, aslida u ham malikaning ishqida kuyib yotaveribdi.

Voqeadan bexabar shahzoda Baxt “Bahrom meni deb yotibdi”, deb unga koʻp iltifotlar qilibdi.Endigi soʻzni malikadan eshiting:Ozodachehra bir kecha-yu bir kunduz yoʻl yurib, suvsizlikdan juda qiynalibdi. Axiri, bir baland tepaga chiqib qarasa, uzoqdan bir qoʻrgʻon koʻrinibdi. Ot qoʻyib borib, qoʻrgʻon darvozasini qoqibdi. Qoʻrgʻondan ikki odam chiqib, ot jilovini ushlabdi. Ulardan biri soʻrabdi:— E, mehmon yigit, yoʻl boʻlsin?

— Roʻparamda koʻringan qora daraxtga boraman, chanqab bu yerga suv izlab kelib edim.

— Qani, otdan tushing, suv beramiz.Malika otdan tushibdi. Uchovlari ichkariga kiribdilar. Malika qarasa, gullar ochilgan, bulbullar sayramoqda emish. Xilma-xil mevalar pishgan, buloqlar mavj urgan, bogʻning oʻrtasida shohsupa, unda yakkam qirqta yigit qimor oʻynab oʻtirgan emish, malikani boshlab kirgan ikki kishi bilan ular qirq kishi boʻlishibdi. Qaroqchilar oʻz tillarida “Bizga shunday sohibjamol bola keldi: qirq kungacha bazm qilamiz, keyin uni oʻldiramiz”, deyishibdi.

Malika boʻlsa, ularning soʻzlaridan bu yer qirq qaroqchining makoni ekanligini bilibdi. Dasturxon yozilibdi, sharoblar tortilibdi. Oʻgʻrilardan biri mehmonga bir piyola sharob tutibdi. Mehmon oʻrnidan turib, “Hurmatli otalar, sizlar mendan kattasizlar, men yoshman. Sizlarning qoʻlingizdan qirq piyola sharob ichsam ham mast boʻlmayman. Mening qoʻlimdan bir piyola sharob ichsangiz, qirq piyola oʻrnini bosadi, sharobni men quyib bersam”, debdi. Oʻtirganlarga bu gap maʼqul tushib, koʻzani uning yoniga surib qoʻyishibdi.

Ozodachehra kosagul boʻlibdi. Yonidan zahar chiqarib, sekingina koʻzaga solibdi, koʻzani bir-ikki chayqatib hammaga bir piyoladan sharob tutibdi. Sharob ichganlar birin-ketin yiqila beribdilar.

Shunday qilib, Ozodachehra qirq qaroqchini oʻldirib boʻlib, Balx viloyatiga qarab yoʻl olibdi.Yura-yura oxiri bir choʻponga yoʻliqibdi. Choʻponning ust-boshi bilan itiga malika oʻz ust-boshi bilan otini alishib, choʻpon tusida Balxga kirib boribdi.Otasi Said savdogar koʻcha eshigi oldiga chiqib turgan ekan. Orqasida it, qoʻlida tayoq bilan kelib bir yigit salom beribdi. Savdogar alik olibdi va:— E, bolam, yoʻl boʻlsin?

— deb soʻrabdi.

— Ota, men oʻgʻli yoʻqqa oʻgʻil, qizi yoʻqqa qiz boʻlsam, deyman. Oʻzim bir qoʻychi savdogarning choʻponi edim. Xoʻjayinim: “Bir serkaning junini bevaqt olibsan, sovuqqa oʻladi” deb, meni ura-ura haydab yubordi, — debdi qiz.

— Boʻlmasa mening qoʻyimni boqa qol, — deb savdogar uni uyga boshlab kiribdi. Yigit tusida boʻlgan Ozodachehra qirqta xizmatkorga qoʻshilib qoʻylarni boqaveribdi.Bir kun kechasi Said chiqib qarasa, hamma xizmatkor uxlab yotgan emish.

Ammo bu yangi qarol uxlamasdan, qoʻylarning tagini, oxurlarini supurib, tozalab yurgan emish.Savdogar Ozodachehraning mehnatini, gʻayratini koʻrib, uni qirqta choʻponga bosh qilib qoʻyibdi.Kunlardan bir kuni shahzoda Baxt bilan Bahrom ikkisi: “Bu yotganimizdan foyda yoʻq, endi bu shahardan bosh olib ketaylik”, deb qalandarlar suratiga kirib, ikkovi safarga chiqibdi. Ular bir necha oyda bir qancha yurtlarni kezib, axiri Balx shahriga yetibdilar. Said savdogar bu gal ham koʻchada oʻtirgan ekan, ikki qalandarni koʻrib, ulardan soʻrabdi:— E, qalandarlar, yoʻl boʻlsin?

— Biz darveshmiz, shaharma-shahar kezib yuribmiz.

— Buguncha bizning kulbaga mehmon boʻling, shaharga ertaga kiring. Kaminangizda bola-chaqa yoʻq, gaplashib, hasratlashib oʻtiramiz, — deb Said ularni uyga taklif qilibdi. Ular ham bunga rozi boʻlishibdi.Ozodachehra qoʻyxonadan chiqib kelayotganda koʻzi qalandarlarga tushibdi, ularni tanibdi-yu, indamabdi. Said mehmonlarni oʻtqazib, ular oldiga dasturxon yozib turgan choqda Balx podshosining ikki yasovuli kelib, qalandarlarga “Sizlarni podsho chaqiradi”, debdi.Ulardan biri:— Shohning gadoda, gadoning shohda ishi boʻlmas, — debdi.

Shunda yasovullardan biri aytibdi:— Bundan uch oy ilgari bir yurt podshosining oʻgʻli bilan vazirning oʻgʻli bir kechada yoʻq boʻlgan ekan. Bizning podshoga: “Har qanday musofir shaharga kirsa, uni tutib bizga yuboring”, degan xabar kelibdi. Shaharni axtarib chiqdik, lekin sizlardan boshqa musofirni topmadik.Said ularga javoban:— Podshoga mehmon kerak boʻlsa, oʻzlari shu yerga kelsinlar, har qancha gap boʻlsa mehmondan soʻrasinlar, — debdi.Yasovullar bu gapni podshoga yetkazibdilar.

Podsho: “Meni va qirq vazirim, sirohim, toʻrt yuz akobir-u ulamolarimni mehmondorchilikka chaqirsa, boraman”, — debdi.Said bunga rozi boʻlib, mehmondorchilik kunini tayinlabdi.Tayinlangan kunda podsho oʻziga qarashli odamlari bilan Saidnikiga mehmonga kelibdi.Ozodachehra juda xursand boʻlibdi. Podsho bir chekkada oʻtirgan qalandarlardan:— Qaydan keldingiz, qayoqqa borasiz?

— deb soʻrabdi. Qalandarlarning biri oh tortib:— E, podshohi olam, biz musofirmiz. Bir sozanda mashq qilsa yo bir ashulachi ashula aytsa, hech boʻlmasa, bir ertakchi uch-toʻrt ogʻiz soʻz aytsa, koʻnglimiz ozgina orom olib, soʻngra ahvolimizni sizga bayon qilar edik, — debdi.Bu soʻzlarni eshitgan Ozodachehra sochlarini telpagi ostiga bostirib, belini bogʻlab, eshik oldiga kelibdi va ostonada turib:— Shohim, agar ijozat bersangiz, men kamina qulingiz, dunyoda eshitganlarimdan, koʻrgan-bilganlarimdan baʼzilarini aytib bersam, — debdi.

Podsho Ozodachehraga qarab zaharxanda bilan:— Sen togʻdagi archani-yu, tariqdan boʻza qilishdan boshqa nimani bilar eding?!

— degan ekan, vazir podshoga qarab:— Shohim, choʻponlar ertakka usta boʻladi. Nima, aytsa ayta qolsin, — debdi.

— Bir qoshiq qonimdan kechsangiz, aytaman, chunki har gapimda podsholarga, vazirlarga qattiq tegaman, siz koʻnglingizga olmasangiz aytaman, — debdi choʻpon.

— Xoʻp, — debdi podsho.Choʻpon soʻz boshlabdi:— Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, qadim zamonda sizga oʻxshagan bir podsho bor ekan. Yoshi qirqqa yetganda bir qiz koʻribdi. Qizini katta qilib, mening mana shu xoʻjayinimga oʻxshagan savdogarga beribdi. Savdogar ham bir qiz koʻribdi. Qiz katta boʻlganda savdogar safarga chiqadigan boʻlibdi. “Men kelguncha qizni sizga omonat topshiray”, debdi podshoga. Podsho: “Mening ishim koʻp, lekin bir vazirim bor, qizni shunga topshir”, debdi.

Podshoning mana shu vaziringizga oʻxshagan bir noinsof vaziri bor ekan, — deb vaziri Suhaylni koʻrsatibdi va soʻzida davom etibdi, — Savdogar qizini shu vazirga topshirib, oʻzi joʻnab ketibdi. Vazir qizni koʻrishi bilan unga oshiq boʻlibdi.

Bir kuni xotinlarini har yoqqa joʻnatibdi, uyni xilvat qilibdi. Soʻng qizni chaqirib: “Kel, qizim, qoʻlimga suv ber”, debdi. Qiz vazirning qoʻliga suv quyib turgan paytida vazir qizning bilagiga chang solibdi. Qiz oʻzini orqaga tortib, “Gunohim boʻlsa, tavba qildim”, debdi. Vazir qizni yana suv quyishga buyuribdi, qizga yana tegishibdi, qiz qoʻlidagi kumush obdasta bilan vazirning peshonasiga chunon uribdiki, obdasta tekkan joy mana shu vaziringizning peshonasidagi tamgʻaga oʻxshash tamgʻa boʻlib qolibdi, — debdi. Gap shu yerga kelganda, vazir:— Chiq eshikka. Bu soʻzdan foyda yoʻq!

— deb baqiribdi.Qiz:— Malol kelsa, soʻzimni toʻxtataman, — debdi.Podshoning achchigʻi kelib:— E, bola, ostonadan ichkari kirib, koʻzingni yumib aytaver, — debdi.Ozodachehra ichkariga kirib, soʻzini yana davom ettiribdi:— Qiz qochib oʻz uyiga, otasining oʻrdasiga boribdi. Vazir borib podshoga yigʻlab: “Qizing toʻrt yigit bilan bazm qilib oʻtirgan ekan, men kirib: “Sen podshoning nabirasisan-ku, shu ishni qilasanmi?” desam, meni qiz shu ahvolga soldi”, desa, podsho haqiqat qilmay qizni jallodga buyuribdi, podshoning xuddi ana shu oʻng qoʻl vaziringizga oʻxshagan bir rahmdil vaziri bor ekan, u kishi qizga rahmi kelib: “Bu qizning ixtiyorini menga bering”, deb qizni oʻlimdan qutqarib, sahroga olib chiqibdi: “Ishing haq boʻlsa oqliqqa chiq, nohaq boʻlsa goʻshtingni quzgʻunlar yesin”, deb qizni biyobonga tashlab ketibdi, — debdi.Ozodachehraning soʻzi shu yerga yetganda podsho uni chaqirib:— Yuragimdagi yaraga malham qoʻyayapsan, bolam, gapir, — debdi.“Choʻpon” yana soʻzida davom etibdi:— Qiz dasht-biyobonlarda bir necha yil sarson-sargardon boʻlib, oʻzini bilmay, hushidan ketib bir joyda yotib qolibdi.

Bir yurt podshosining mana shu burchakda oʻtirgan qalandar yigitga oʻxshagan oʻgʻli bor ekan.

Shu shahzoda bir kuni ovga chiqqanda, choʻldan haligi qizni topib olib ketib, xotin qilib olibdi. Undan bir oʻgʻil tugʻilibdi. Bola yetti yoshga kiribdi. Bir kecha xotin erining yonida yotganda bir oh tortibdi. Eri “Nimaga oh tortasan”, deganda, “Ota-onamni sogʻindim, men podshoning nevarasi edim”, debdi. Podsho bilan vazir kengash qilib, “Kelinni otasinikiga kim olib boradi?” deganda, bir vazirning mana shu oʻtirgan qalandar yigitga oʻxshagan xoin oʻgʻli bor ekan, oʻsha “Bu xizmat mendan boʻlsin”, debdi.Hikoya shu yerga yetganda, oʻtirgan qalandar yigit turib:— Chiq tashqariga! Bunaqa soʻzning bizga keragi yoʻq!

— debdi.Shahzoda qalandar: ”Oʻtir joyingga!” — deb sherigini oʻtqazib qoʻyibdi:Malika hikoyasini aytaveribdi:— Bir qancha mol-dunyo bilan ayol yurib-yurib bir joyga kelib tushibdi. Kechasi vazirning oʻgʻli ayolning chodirini xanjar bilan kesib kirib uning qoʻliga tizzasini qoʻyibdi. Qiz koʻzini ochib: “Kimsan?” deganda: “Men vazirning oʻgʻliman, endi qoʻlimga tushdingmi? Xoʻsh, soʻzimga kira-sanmi, yoʻqmi”, debdi.

Ayol: “Yetti yashar bolamdan tap tortmaysanmi”, degan ekan, vazirning oʻgʻli uxlab yotgan bolaning boshini qilich bilan sapchaday uzib tashlabdi. Ayol: “Men bugun bolamga motam tutay, ertaga sen bilan boʻlay”, deb uni aldab chiqaribdi, bolasini yuvib, kafanlab koʻmibdi, erkakcha kiyim kiyib, kechasi yoʻlga chiqibdi. Yoʻlda qirq qaroqchiga uchrabdi. Ular ayolni yigit faraz qilib, u bilan bazm qilmoqchi boʻlishibdi. Ayol bazmda sharob quyib turib, yonidagi zaharni sekingina olib, koʻzaga solibdi.

Sharobni ichgan qaroqchilarning hammasi oʻlibdi. Shohim, ishonmasangiz borib koʻring.

— Sen ertak aytyapsanmi yo koʻrganingnimi, bolam?

— debdi podsho.

— Har nima boʻlsa ham rost gapni aytyapman, — deb soʻzini yana davom ettiribdi malika:— Shundan keyin ayol ust-boshini bir choʻponning ust-boshiga almashtirib, shaharga kiribdi, oʻz otasiga choʻpon boʻlibdi.

Oradan bir hafta oʻtgandan keyin ikki qalandar eshikdan kirib kelibdi. Qarasa, biri — eri, biri — vazirning oʻgʻli emish.

Shuning ustiga podshoning yasovullari kelib, musofirlarni olib ketmoqchi boʻlibdi. Said qalandarlarni bermay, “Podsho oʻzlari shu yerga kelsinlar”, debdi. Podsho oʻziga qarashli hamma kishilari bilan mehmondorchilikka kelib oʻtiribdi. Qalandarlardan savol soʻrabdi. Ular “Bizga bir ertakchi topib bering”, deyishibdi. “Kamina qulingiz hikoya qildi”, — deb malika boshidan telpagini olgan ekan, qirq tola kokili boʻyniga yoyilib tushibdi. Olamni mushk-anbar hidi tutibdi.

— Mendan oʻtgan boʻlsa, maʼzur tuting, — deb malika eshikka chiqib ketibdi. Podsho faryod urib yigʻlabdi, oʻz nabirasiga zulm qilgani uchun vaziri Suhayldan oʻch olibdi, uni azoblab oʻldiribdi. Chap qoʻl vazirning oʻgʻli Bahromni esa dorga ostiribdi. Podsho qirq kungacha toʻy-tomoshalar qilib, Ozodachehrani shahzoda Baxtga qayta nikohlabdi. Ular murod-maqsadlariga yetibdilar.Bizlar ham yetaylik murodga, sizlar ham yeting murodga, oʻqib, eshitganlar ham yetsin murodga, dushmanlar qolsin uyatga.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!