← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
Hayvonlar haqidaBolalar uchunSehrliPodsholarDehqonlarAdolatSabrAql-zakovatJasoratTabiatOilaTijoratUzun

Bulbuligoʻyo

3990 soʻz

Qadim zamonda bir zolim podshoh bor ekan. U birmuncha kun, birmuncha yil xalqni ezib, yanchib, yeydigan ovqatining yarmini olib sotib, oltin-kumushni yigʻib, xalqdan yigʻgan pul bilan oʻz oʻrdasiga bir tup chinor qildiribdi. Ustalarni yigʻib: “Bu chinorning tanasi yoqutdan, shoxchalari zumraddan, barglari zabarjaddan, mevalari gavhar-u shamchiroqdan boʻlsin!” deb amr qilibdi. Shahar xalqi buni eshitib: “Bu daraxt bitguncha bosh qashigani tirnogʻimiz ham qolmasa kerak”, deb qaygʻuribdi.Chinorni yetti yilda tayyor qilibdilar.

Bir kun podshoh chinor tagida uxlabdi.

Shunda oʻng betiga issiq oʻtibdi. Koʻzini ochib qarasa, tangadek oftob tushib turibdi. Birdan podshoh yurtini chaqirtiribdi:— Kimki shu daraxtning bargini olgan kimsani topsa, podshohligimga sherik qilaman. Aytganim topilmasa, bunday shahar menga kerak emas, shaharning kulini koʻkka sovuraman, — debdi. Oʻng qoʻl vaziri:— Bu kecha poylash uchun odam qoʻying, uddasidan chiqolmasa, keyin bunday siyosat qiling, — debdi.Qirq yigitni qoʻliga yarogʻ-aslaha berib poylatibdi.

Ular yarim kechaga borib yakka-dukka boʻlib uxlab qolibdilar. Podshoh uyqudan uygʻonib qarasa, bir mirilik chaqadek daraxtning bargi yoʻq. Podshoh gʻazablanib har tana moʻyi nishtarday boʻlib, tojini tepib:— Jallod!

— deb qichqiribdi.Oʻn toʻrt jallod, murgʻi salovat, qilichi burro, tili goʻyo “Kimning ajali yetdi, oftobni soyaga yetkazmay, jonini olay!” debdi.

— Bularning boshini tanidan judo qil!Vazir:— Har kuni qirqtadan bosh kesaversangiz, shaharda odam qoladimi? Bularni hozircha zindonga soling, boshqa kishidan poyloqchi qoʻying, — debdi.Podshoh:— Bu kecha daraxtimni kim poylaydi? Hech kim menga shu sirni oshkora qilmasa, shahar xalqini tigʻdan oʻtkazib, tuproq bilan barobar qilaman, — debdi.Podshohning uch oʻgʻli bor edi. Katta oʻgʻli:— Bu kecha men poylay, — deb daraxtning tagiga boribdi. Yarim kechada bu ham uxlab qolibdi.

Tong otib podshoh qarasa, kechagidan kattaroq oftob tushib qolibdi. Podshoh katta oʻgʻlini zindonga hukm qilibdi. Oʻrtancha oʻgʻli otasiga qarab:— Bu kecha men poylay, sirni bilmasam meni ham akamga qoʻshib oʻldiring!

— debdi. Oʻrtancha oʻgʻli ham kechasi bilan daraxt tagida turibdi, tongga yaqin koʻzini uyqu olib, uxlab qolibdi. Podshoh ertalab uygʻonib qarasa, daraxt barglari orasida bir burda nondek joyi yoʻq.Har bir koʻzi charvi tiqilgan mushukning koʻziday boʻlib:— Jallod!

— debdi. Oʻrtancha oʻgʻlini ham zindonga tashlabdi.Kichik oʻgʻli:— Ey otajon, ijozat bersangiz, qoʻlimga oʻq-yoyni olsam, bu bargni oladigan kimsaning jigarini pora-pora qilmasam, elu xalqni yorugʻlik jahonga chiqarmasam, podshohzoda boʻlmayman, — deb ahd qilibdi. Podshoh bunga ham ijozat beribdi.Kenja shahzoda qoʻliga oʻq-yoyni olib, chilla-yu kamonga payvasta qilib, oʻngga-soʻlga qarab oʻtiribdi. Ayni saharda koʻzini uyqu olib kelganda, choʻntagidan pichoqchasini olib, bir jimjilogʻini kesib qoʻyibdi. Qoʻli ogʻriqqa turibdi.

Kesgan joyiga tuz-qalampirdan bosib qoʻyibdi. Uyqusi qochibdi. Azonga yaqin osmondan bir parranda uchib kelib, chinorning shoxiga qoʻnibdi. Qushning tumshuqlari yoqutdan, oyoqlari zabarjaddan, qanotlari durri marjondan ekan. U chunon sayrabdiki, zamini-zamon, makini-makon larzaga kelibdi. Shahzoda simobdek eribdi, lekin oʻzini tutib olib, kamonini toʻgʻrilab, qushning koʻkragini moʻljallab otibdi. Oʻq qushning bir tola qanotiga tegib, uni uzib tushiribdi.

Oʻqning sharpasiga podshoh boshliq sarkardalarning hammasi uyqudan uygʻonibdi.Kichik oʻgʻlining oʻng qoʻlida oʻq-yoyi, chap qoʻlida bir qanot: — Men qushga oʻq otgan edim, qanotiga tegdi, — deb otasiga qanotni koʻrsatibdi. Podshoh qoʻliga olib qarasa, bir tola qanot yetti yillik boji-xirojga arziydi. Podshoh:— Kimki shu qushni qoʻlimga keltirsa, taxtimga chiqarib, podshohligimga sherik qilaman, — debdi.Kenja oʻgʻil zindondagi ikki akasi va qirq yigitni ajratib olibdi.Podshoh:— Bu ishga kim qadam qoʻyib boradi?

— deganda, ikki katta oʻgʻli:— Bu xizmat bizdan boʻlsin, ota, — deb, qoʻl qovushtirib turibdi.

— Shahar xalqi, oʻz farzandlarini oʻldirsa, bizni ham oʻldiradi, oʻldirmasa, biz shaharni boʻshatib bir yoqqa ketamiz, — deb maslahat qilibdilar.Podshohning koʻzi tinib, qoʻlidagi piyolasi yerga tushibdi. Noiloj ikki oʻgʻliga javob beribdi. Ikki oʻgʻli qirq tuyadan mol qilib, savdogar suratida boʻlib, shahardan chiqib ketibdi.Oradan uch kun oʻtibdi. Podshohning kenja oʻgʻli tush koʻribdi, tushida bir parcha bulut uzilib qoʻyniga tushibdi. Choʻchib uygʻonibdi va podshohning yoniga kelib:— Ey otajon! Menga ham safar yoʻli tushdi.

Tush koʻrdim, tushimda safarga chiqishni xush koʻrdim. Yaxshilik bilan javob bersangiz ham, yoʻq desangiz ham ketaman, — debdi.Podshoh noiloj bir qancha mol-u amvol berib, kenja oʻgʻlini ham joʻnatibdi. U tez-tez yurib, bir hafta deganda akalariga yetib olibdi. Yurib-yurib bir manzilga yetibdi.Uch yoʻl kelibdi. Biri “borsa kelar”, ikkinchisi “borsa xatar”, uchinchisi “borsa kelmas” ekan.Katta akasining joni boʻshroq ekan.

U “borsa kelarga” ketibdi, oʻrtanchasi “borsa xatarga”, kichkinasi “borsa kelmas”ga xayrlashib joʻnabdi.Oʻrtanchasi: “Bu borsa xatar chatoq. Akamning oldiga borib, birgalashib ketsam boʻlmaydimi?” — deb akasining ketidan ketib, uni topib olibdi. Ikkisi bir shaharga borib, bir supada qatiq ichishib oʻtirgan chogʻida, shu shahar podshohining qizi ravoqda oʻtirib, koʻzi ikkala dangasaga tushibdi. Malika gʻazablanib: “Mening toʻgʻrimda uyalmay oʻtiribdi”, deb ogʻzida yeb turgan olmaning poʻchogʻini katta sahzodaga otibdi.

Ular orqaga qayrilib qarasalar, malika ravoqda oʻtirgan emish.Ular:— Bu podshohning qizi bizga oshiq boʻldi, — deb gumon qilib, qirq tuya molni unga tuhfa qilibdilar. Namoz asrgacha oʻtirishibdi, foyda bermabdi. Malikaning kanizaklaridan biri chiqib:— Nimaga ketmay, bu yerda oʻtiribsizlar?

— debdi. Podshohzoda:— Malika bizga oshiq boʻlib, olma otib, hazil-mazah qilibdi. Biz bir iltifot boʻlmasa ketamizmi?

— debdi.Kanizak:— Bu yerdan tez ketinglar. Boʻlmasa boshingizni kesadilar, — deb qoʻrqitibdi.Ikki shahzoda qoʻrqib, qaltirab, shaharga kiribdilar, kechasi bir doʻkonning taxtasi tagida yotibdilar. Ertasiga biri shoʻrvapazga, biri oshpazga shogird tushib, oʻt qalamoqqa boshlabdi.Ikki kalima soʻzni kenja shahzodadan eshiting:Kechani-kecha, kunduzni-kunduz demay, choʻlma-choʻl, koʻlma-koʻl, biyobonma-biyobon, mazgili marohil yoʻl bosib, bir buloq boshiga yetibdi. Buloq yonida bir chinor bor ekan.

Otni chinorga bogʻlab, xurjunga qoʻlini solib qarasa, bir dona kulcha qolibdi. Suvga solib, roʻmolchasiga ushatib, endi yeyman deb turgan pallada biyobondan bir chang paydo boʻlibdi, soʻng ichidan bir maymun shahzodaga qarab yugurib kelibdi. Shahzoda qoʻrqib, daraxtning tepasiga oʻzini olibdi. Maymun ivigan kulchani yeb, tumshugʻini artib, daraxtga qarab shahzodani imlab:— Tut!

— debdi.Shahzoda:“Nonni yeb toʻymadi, endi meni ham yeydi”, deb qoʻrqqanidan chinorning shoxini ushlab turibdi, maymun bir sakrab chinorning pastki shoxiga chiqibdi. Shahzoda yana daraxtning barglari orasiga yashirinmoqchi ekan, maymun buni sezib:— Yerga tush, — debdi. Shahzoda daraxtdan tushibdi.Maymun:— Qush uchsa qanoti, odam yursa oyogʻi kuyar bu yerlarda nima qilib yuribsan?

— debdi.Shahzoda yerga tushib, mardonalik bilan boshidan oʻtgan voqeani bayon qilibdi. Maymun:— Bir tuz ichgan yerga qirq kun salom. Sening kulchangni yemasam boʻlar edi. Kulchangni yedim, endi tuzingni oqlayman. Otga minaylik, davlat bizga yori bersa, qushingni qoʻlga kiritaylik — debdi. Ikkisi yoʻlga tushibdi. Bir manzilga yetib, otdan tushib, dam olib oʻtirishganda, maymun:— Men shu yerdan laxim kovlab, besh kecha-yu besh kunduzda chiqaman.Besh kecha-yu besh kunduzda chiqmasam, kelgan yoʻlingga qayt, — deb yer kovlagani mashgʻul boʻlibdi.

Oltinchi kuni maymun chiqib:— Sen aytgan jonivor ”bulbuligoʻyo” ekan. Qafasning tagidan chiqdim. Bu gʻorga kirasan. Teshik ogʻziga yetasan. U yerda saroy bor, askarlar koʻp. Yarim soat istiqomat etasan. Askarlar uxlaydi.

Shunda qafasga qoʻlingni uzatasan, tepasini ochib koʻrmasdan olib chiqasan. Podshoh bilib qolsa, oʻn joningdan bir joningni ham qoʻymaydi, — debdi.Maymunning soʻzini uqib, gʻorga kiribdi. Gʻorning ogʻziga borib, sabr qilib turibdi. Posbon-qorovullar beshta-oʻnta boʻlib, yerda uxlay boshlabdilar. Shahzoda gʻordan chiqib, qafasi bilan qushni qoʻliga olib “Otam aytgan yetmish qavat parda ichidagi jonivor shumi yoki boshqami?” deb pardaning bir qavatini koʻtaribdi. Qush chunon sayrabdiki, olam xalqi mast boʻlibdi.

Shahzoda beixtiyor boʻlib, qoʻlidan qafas yerga tushibdi. Koʻzini ochib qarasa, ikki yasovul oldida, uchtasi ketidan haydab podshohning oʻrdasiga yetkazibdi. Podshoh mirgʻazab jallodni chaqirib:— Bu oʻgʻrining ikkala qoʻlini chigʻanogʻidan kes!

— debdi.Vazir podshohga murojaat qilib:— Bir qushni deb shunday yigitni oʻldirasizmi? Bundan gap soʻraylik, — debdi.Shahzodadan voqeani soʻrabdi. Shahzoda boshidan kechirgan voqealarni aytib beribdi. Vazir voqeani eshitib:— Ey podshoh, bu yigitni bir qiyin ishga buyuring, oʻz ajali bilan oʻlib ketsin. Bir qushni deb, bir yigitni oʻldirsak, bizga isnod boʻlib qoladi, — debdi.Podshoh:— Kunbotarda bir shahar bor. Bu shahardan otliqqa toʻqqiz oylik yoʻl. U shahar podshosining bir qizi bor.

Shu qizni menga keltirsang, qafasdagi qushni senga beraman, — debdi. Podshoh bir hamyon tilla berib, shahzodani yoʻlga solibdi. Shahzoda qilgan ishidan maymunni ogohlantiribdi. Ikkovi otga minib, yana safarga ketibdi. Toʻqqiz oy deganda bir katta shaharga yetibdilar. Otni oʻtga qoʻyibdilar. Maymun gʻor kovlash bilan mashgʻul boʻlibdi. Toʻqqiz kecha, toʻqqiz kunduzda gʻorni kovlab, bitirib chiqibdi. Maymun:— Men yer kovlab malika ravogʻining qoq tagidan chiqdim.

Qoʻngʻiroqlarga eski uvadalarni tiqib, qoʻngʻiramaydigan qilib qoʻydim. Malika qirq kanizak oʻrtasida oydek boʻlib oʻtiribdi. Unda bir kichkina oltindan yasalgan taxt bor. Taxt ustida bir quti turibdi. Agar malika uxlamoqchi boʻlsa, xuddi ana shu qutining ichiga tushib uxlaydi. Sen avval bu qutini ochib qara, malikaning koʻzi ochiq boʻlsa, uni ol, koʻzi yopiq boʻlsa tegma, — debdi.Shahzoda gʻorga kirib, maymun aytgan yerdan boshini chiqaribdi.Zinadan chiqib, qirq hujradan oʻtib ravoqqa kirib koʻrsa, qirq kanizak oʻrtasida bir malika dilorom oʻtiribdi.Shahzoda andek sabr qilib turibdi.

Har qaysisi oʻz joyiga oʻtirib uxlay boshlabdi. Shahzoda borib qutini qoʻliga olsa, oʻn toʻrt kechalik oydek barq urib, malika yotibdi. Shahzodaning aqli boshidan uchib, yuragi joʻsh urib, qaynab-toshib, sabr-toqati qolmay, malikaning naqsh olmaday yuzidan bir boʻsa olay, deb yaqin borganda, ogʻzining hovriga malikaning yuzi xiralanib, koʻzini ochib:— Ey odamzod, mening tepamda nima qilib turibsan?

— debdi va kanizaklarini chaqiribdi.Kanizaklar uygʻonib, shahzodani podshohga olib boribdilar. Podshoh dargʻazab boʻlib, oʻlimga buyuribdi. Podshohning vaziri:— Taqsir, bu bolani kechasi oʻldirsak, tong otsa katta-kichik eshitib “podshoh qizining oʻynashini oʻldirib, qizini olib qolibdi, degan isnodga qolamiz. Uni bir xizmatga buyuring, oʻz ajali bilan oʻlib ketsin, — debdi.Podshoh:— Mening bir shartim bor, shuni bajarsang qizimni senga beraman.

Shu yerdan oʻttiz oylik yoʻlda bir daryo-yu qulzum bor, deb eshitaman.

Shu daryoning narigi yuzida Arzaqi degan bir jodugar bor emish.Uning “Qoraqaldirgʻoch” nomli bir oti bor emish. Bir oylik yoʻlni koʻzni yumib, ochguncha bosarmish.

Shu otni menga keltirib bersang, qizim seniki, — deb tilxat beribdi va bir hamyon oltin berib joʻnatibdi.Shahzoda maymunning oldiga kelib zor-zor yigʻlabdi. Maymun:— Ey shahzoda, gʻam yema, davlat bizga yor boʻlsa, jodugarning taxt-baxtini taxta-yu tobutga urib, raxtini buzib, otni senga olib beraman, — debdi. Har ikkisi yoʻlga ravona boʻlibdi. Sahrolarda sayri tomosha qilib, shikor qila-qila, bir daryoning boʻyiga yetishibdi. Bu daryoning u yuzidan bu yuzi aslo koʻrinmas ekan. Maymun:— Bu daryodan qanday oʻtamiz?

— deb soʻrabdi.Shahzoda:— Bu daryodan nima boʻlsa ham oʻtishimiz kerak. Kelgan yoʻlimizga aslo qaytmaymiz, yo oʻtamiz, yoki daryoga tushib oʻlamiz, — debdi.Maymun bolaning himmatiga zavq qilib:— Har ishga qadam qoʻysang, sherdek hayqirib qadam qoʻy. Aslo qoʻrqma! Sen, men omon boʻlsak, murodingga yetasan. Seni oʻz shahringga yetkazaman, — deb daryoning labidan chuqur kovlay boshlabdi.

Qirq kecha, qirq kunduz deganda maymun qaytib chiqib:— Men otning oxuri yonidan teshib chiqdim, oʻzingga hushyor boʻlib, boshingni teshikdan bir marta koʻrsatasan. Ot bir sayha tortib kishnaydi. Jodugar uyqudan turadi, chiqib otni urib, yana uyiga kirib yotadi. Yana boshingni ikkinchi marta koʻtarasan. Jodugar otni urib, qasam ichadi.

Uchinchisida hushyor boʻl, ot kishnaguncha toʻrvadagi kishmishni uning boshiga il: “Ey jonivor, zolimning zulmidan, jodugarning ilgidan qachongacha kaltak yeb yurasan”, deb chaqqonlik bilan otni yechib ol, egar, yugan, toʻqim dema. Jodugar bir uxlasa, qirq kecha-kunduz uxlaydi. Bir uxlamasa qirq kecha-kunduz uxlamaydi. Jodugar shu bugundan boshlab uyquga tushdi, — debdi.Shahzoda maymunning soʻzini uqib olibdi. Gʻorga kirib, daryoning tagidan, otning oxuri yonidan chiqibdi.

Teshikdan boshini chiqarib qarasa, otxonaning toʻrt burchagida toʻrtta oltin qoziq. Toʻrtta oltin qoziqqa bogʻlangan ot qulogʻini qalam, quyrugʻini alam qilib oʻynab turibdi. Ot shahzodani koʻrib, birdan sayha tortib, kishnab yuboribdi. Jodugar uyquga yotgan ekan. U otning ovozini eshitib, uygʻonib ketibdi. Ogʻzidan oʻt sochib, otxonaga kiribdi. Shahzoda koʻrsa, boʻyi minordek, har kifti chinordek, ogʻzi gʻordek, koʻzi eski qopdek, burni misli tandirdek, badani filning badaniga oʻxsharmish.

— Ey, jonivor, bu yerlarda qush uchsa qanoti kuyar, odam yursa oyogʻi kuyar, odamzodning qadami yetmas. Bu yerni Jazirai Olmas deydilar. Odamzodning hidini oldingmi sen?

— deb otga bir qamchi uribdi.

Soʻngra kirib oʻz joyiga yotibdi. Shahzoda yana bir karra boshini chiqaribdi.Ot kishnabdi. Jodugar qaytib chiqib, qoʻlida qamchi:— E harom oʻlgur. Odamzodning isini oldingmi? Yerning ostida, osmonning ustida boʻlsa ham tutib bir yamlab, bir yutaman deb, otga uch qamchi uribdi. Ot qoʻrqqanidan qon siyibdi. Jodugar uyga kirib ketibdi. Shahzoda chaqqonlik bilan chiqib, otning boshiga toʻrvani ilib:— Ey jonivor, zolimning zulmida, jodugarning ilgida qachongacha kaltagini yeb yurasan?

— deb otning boshini-koʻzini silab-siypab, egar-yugan, toʻqimini urib uzasiga oʻzini olibdi. Otning boʻynidan quchoqlasa, bir depsinibdi. Uning ikki biqinidan qanot paydo boʻlib, qarchigʻaydek osmonga koʻtarilibdi. Otning tuyogʻidan chiqqan uchqun jodugarning peshonasiga tegibdi. Jodugar otni bulut orasida koʻribdi. U “Shoshma, odamzod!” deb otning orqasidan changalini yozib uchib, quvlab ketibdi. Otga yaqin yetib, otning dumidan ushlay deb qasd qilibdi. Ot bilib daryoga oʻzini otibdi. Tezpar lochin ot suvga yaqin yetibdi.

Jodugar qoʻlini otning dumiga yetkazib, quyrugʻidan tutib, daryoga uray deb turganda, ot qoʻsh oyoq qilib jodugarning ogʻziga tepibdi. Jodugarning ogʻzi paranjidek yirtilib, joni chiqib, daryoga gʻarq boʻlibdi. Ot qaytadan havoga parvoz qilib uchibdi. Shahzoda koʻzini ochib koʻrsa, oʻttiz oylik yoʻlni uch kunda uchib, boyagi mamlakat ustida ot davra olib turibdi. Shahzoda otning chap qulogʻini uch marta himarib qoʻyibdi. Ot suzilib, boyagi gʻorning ogʻziga tushibdi.

Shahzoda xursand boʻlib, atrofga qarasa, boyagi maymun gʻorning ogʻzida yongʻoq chaqib yeb oʻtiribdi.Maymun:— Endi nima qilamiz?

— deb shahzodadan soʻrabdi:— Otni berib, qizni olamiz, — debdi shahzoda.

— Bu otni shu podshohga berib boʻladimi? Men bir yumalab, bir ot boʻlaman. U meni yoqtirib qoladi.

Soʻngra malikani olib, ilgarigi joyga borib turasan, — debdi. Maymun shu on bir yumalab bir ot boʻlibdiki, buning oldida boyagi ot xachircha ham boʻlmay qolibdi. Shahzoda ikki otni yolpoʻshlab, quloqchinlab podshohning oʻrdasiga boribdi. Podshohning koʻzi otga tushibdi, koʻrsa ikki qoraqaldirgʻoch ot turibdi.Podshoh vazirga qarab:— Chaqir otchini, bizbop ot ekan, sotsa olaylik.Vazir qichqiribdi. Taxtning tagiga kelib otga bir depsinibdi. Taxtning ikki kungurasiga ikki ot qoʻnib, toʻrt oyogʻini juft qilib turibdi.Podshoh hayron boʻlib:— Bu otning bahosi necha pul?

— deb soʻrabdi.Shahzoda:— Pulga sotmayman. Bittasini bir qizga beraman, — debdi. Podshoh:— E nodon bachcha, shu otni bir qizga bersa boʻladimi?

— debdi. Bola qoʻynidan qogʻozni chiqarib podshohning oldiga qoʻyibdi. Podshoh oʻqib koʻrsa: “Kimki shu otni keltirsa, qizimni beraman”, deb yozilgan ekan. Podshoh vazirga qarab:— Nima qilamiz?

— debdi.Vazir:— Mard soʻzidan, yoʻlbars izidan qaytmas. Qizingizni bersangiz shunday yigitga berasiz-da, — debdi.Podshoh:— Biriga pul, biriga qizimni beray, ikki otni menga ber?

— debdi.Bola:— Birini qizingiz uchun beraman, yana birini qizingizning oʻzi shikorga chiqqan paytlarida minadi, — debdi.Podshoh xursand boʻlib otning ikkalasini yalangʻochlab:— Ey vazir, otning qaysisi yaxshi? Tanla!

— debdi. Vazir Arzaqi jodugarning otini yoqtiribdi. Podshoh:— Ey vaziri nodon, mana bu ot yaxshi, — deb maymun-otni yoqtirib olibdi. Chunki maymun-ot har nafasda sayha tortib kishnab turarkan.Podshoh qizini olib chiqib bir qancha tillalar bilan joʻnatibdi.

Endi podshohdan eshiting:Podshoh “otni ertaga ovga minaman”, deb otxonaga olib kirib qoʻyishga buyuribdi. Sayislar otni boylay desa, ot qulogʻini qalam qilib, quyrugʻini alam qilib, soʻligʻini chaynab, oldidan kelganni tishlab, ketidan kelganni tepib, hech kimni tablaga kirgizmabdi. Podshoh xafa boʻlib, otxonaning eshigiga kalladek qulfni solib, oʻzi eshikning tagida, tomga qirqta kishini qoʻyib yotibdi. Maymun-ot devorning teshigidan chiqib badar ketibdi.

Ertalab podshoh eshikning darzidan “otim turibdimi, yoʻqmi” deb qarasa, siniq kurak bilan qashlagʻich ham yoʻq emish. Bularning hammasi tilladan qilingan ekan. Podshoh xafa boʻlib, oʻzini u yoqqa-bu yoqqa urib qolaveribdi. Bir zamon vazirini chaqirib oʻtgan ishlarni bayon qilibdi. Vazir:— Bu ot Arzaqi jodugarning oti ekan. Arzaqi jodugardan dev parilarning hammasi qoʻrqar ekan. Necha-necha podshohlar bu otni olamiz deb jodugarning qoʻlida boshi kesilgan ekan. Yaxshi sizga ziyon yetkazmay, otni olib ketibdi.

Bu ishdan siz xafa boʻlmang. Qizingizni boʻlsa, bir shahzodaga berdingiz. Yana bir ot qizingizning qoʻlida qoldi-ku, — deb podshohning koʻnglini xotirjam qilibdi.Endi soʻzni shahzodadan eshiting.Bulbuligoʻyoni olish uchun gʻor kavlagan joyga borsa, maymun yongʻoq chaqib yeb oʻtirgan emish. Shahzoda otdan tushib oʻltiribdi. Maymun:— Nima qilamiz?

— deb soʻrabdi.Shahzoda:— Qizni berib, qushni olamiz, — deb javob beribdi.Maymun:— Ey, nodon bachcha, bir qushga shu qizni berib boʻladimi? Men bir yumalab qiz boʻlaman. Mening oldimda bu qiz toʻqsonga kirgan kampir ham boʻlmaydi. Podshohning oldiga olib kirasan. U meni yoqtirib olib qoladi.Shahzoda:— Qizni shu yerga qoʻyib, sizning oʻzingizni olib borsam-chi?

— debdi.Maymun:— Yolgʻiz meni olib borsang nomardlik boʻladi. Podshoh ikkimizdan birimizni tanlab olsa, keyin pushaymon qilmaydi, — deb bir qiz boʻlibdi. Shahzoda otni gʻorning ichiga yashirib, ikki qizni ikki qutiga solib podshohning oldiga boribdi. Podshoh uni koʻrgach devona fahmlab, xazinachiga qarab:— Kelgan mehmonga bir narsa berib yubor!

— debdi.Podshohning vaziri:— Ey podshoh, bu oʻrtada turgan yigit devona emas, bulbuligoʻyoning ishqida kelgan shahzodadir, — debdi. Shahzoda qoʻynidan bir xat olib, podshohning oldiga qoʻyibdi. Podshoh oʻqib koʻrsa, oʻzining bergan tilxati. Podshoh:— Ey oʻgʻlim, xizmatni bajo qildingizmi?

— deb soʻrabdi.Shahzoda:— Keltirdim, — debdi.Podshoh, vazir va shahzoda bir uyga kirib oʻltiribdilar. Bola qoʻynidan ikki qutini olib, yerga qoʻyibdi. Podshoh:— Qiz qani?

— deb soʻrabdi.

— Qiz shu qutining ichida. Siz bir qiz deb edingiz, men ikki qiz keltirdim. Ikkalasidan birisini yoqtirib olasiz. Biri oʻzimga qoladi, — debdi.Podshoh kulib:— Qiz qutining ichiga sigʻadimi?

— debdi:Shahzoda qutini ochibdi. Ikki qiz baravar aksa urib, qutidan chiqibdi. Podshohning aqli shoshib, hushi boshidan uchibdi… Oshiqi-beqaror boʻlibdi. Podshoh:— Ey vazir, qaysisini olay?

— deb soʻrabdi.Vazir podshohning qizini yoqtiribdi. Chunki podshohning qizi boshini past qilib, soʻzlamay, odob saqlab oʻtirgan ekan. Maymun-qiz qutidan chiqib, podshohning tizzasiga oʻtirib, boʻyniga qoʻl solib, yuz-koʻzini artib, yuz noz-karashma bilan turar ekan. Podshohga maymun-qiz yoqibdi.Podshoh vazirga: “Ot boʻlsa yoʻrgʻa boʻlsin, xotin boʻlsa satang boʻlmasin-u, satangsifat boʻlsin, deb eshitmaganmisan?” debdi. Podshoh maymun-qizni olib, bulbuligoʻyoni shahzodaga beribdi.

Shahzoda otga minib, qizni oʻng tizzasiga oʻtqizib, chap tizzasiga oltin qafasni qoʻyib joʻnab ketibdi.Endi soʻzni podshohdan eshiting:Podshoh yurtni chaqirtirib, toʻy-tomosha qilibdi, peshin oʻtibdi, xufton boʻlibdi, chiroqlar yoqilibdi. Podshoh qiz turgan uyga kiribdi. Maymun-qiz podshohni alahsitib, uy ichidan bari yaxshi narsalarni yigʻishtirib, bir teshikdan chiqib qochibdi. Podshoh uyqudan uygʻonib qarasa, boshidagi toji, qilichi, kamari yoʻq emish. Qiz ham koʻrinmabdi.

Podshoh vazirni chaqirib voqeani bayon qilibdi.Vazir:— Bu malika bir podshohning qizi boʻlsa, uning sizga oʻxshagan oshiqlari juda koʻp.

Shulardan biri qizni olib, sizni oʻldirmay ketibdi. Bunga hech xafa boʻlmang, — debdi.Endi gapni shahzodadan eshiting.Shahzoda birinchi yoʻldagi chinorning tagiga borsa, maymun birtalay yongʻoqni chaqib yeb oʻtiribdi. Maymun:— Endi nima qilamiz?

— deb soʻrabdi. Shahzoda:— Men ketaman, — debdi.Maymun:— Mening uyimga borib uch-toʻrt kun mehmon boʻlasan, — debdi.Shahzoda:— Sening uying bir togʻning teshigi boʻlsa, men sigʻamanmi?

— debdi.Maymun kulib:— Haliyam mening kim ekanimni bilmas ekansan. Yur, mening uyimni koʻrib ketasan, — deb yoʻl boshlabdi. Ular bir togʻning orqasiga oʻtibdilar. Shahzoda qarasa, bir ajoyib boʻston, bulbullar sayragan, suv ustida sebargalar oʻrnagan; anjir, shaftolilar pishib, tagiga toʻkilgan. Boʻstonning toʻrt burchagida toʻrt oltin taxt. Zar koʻrpachalar soligʻliq. Toʻrt atrofda qator hujralar tuzugʻliq. Har tarafda uch yuz sakson olti hujra bor. Har hujrada parizodlarning bolasi oʻqib, xat yozib oʻtiribdi.

Maymun bir yumalab, bir malika boʻlibdiki, olamda bunday chiroyli qiz onadan tugʻilgan emas. Shahzoda koʻrgan hamon hushidan ketib yiqilibdi. Bir zamondan keyin koʻzini ochib qarasa, maymun parining tizzasiga bosh qoʻyib, taxtning uzasida yotibdi.Maymun pari shahzodani uch kun mehmon qilibdi. Uch kundan keyin:— Qaysi bir parini xohlasang senga beray, —debdi.Shahzoda:— Xohlasang oʻzingni soʻrayman.

— Men er qilmayman, parilar podshohining qiziman. Bu qizlarga men ustoz. Men er qilsam meni oʻldirishadi.

Endi, ketsang taxtga oʻtqizib, shahringga yetkazib qoʻyay, — debdi.Shahzoda:— Oʻzim keldim, oʻzim ketaman, — debdi.Maymun pari bir tola kokilidan kesib beribdi.

— Qachon boshingga mushkul ish tushsa, shu sochning uchini kuydirsang, men shu yerda hozir boʻlaman. Shahzoda undan:— Menga muncha yaxshilik qilib olib kelishingning sababi nima?

— deb soʻrabdi.Maymun pari:— Sen kelmasdan ilgari qurʼada koʻrdim. Kun chiqar tarafda bir zolim podshoh bor, fuqarosining yeydigan ovqatining yarmisini olib, bir tup oltin daraxt yasaydi.

Shu daraxt tufayli shaharni vayron qiladi. Podshohning uch oʻgʻli bor, kichkina oʻgʻli shu daraxtni deb otam shaharni buzsa, el-u xalq koʻchada qolsa, yaxshi boʻlmaydi.

Shu daraxtga ziyon yetkazuvchi qushni olib kelaman, deb shu biyobonga keladi.Bir goʻdak bola bechora xalq uchun jonini fido qilsa, men nechuk taxtda farogʻatda oʻtiray, deb yetti yildan beri shu chinorning tagiga har kuni yetti marta kelaman, — debdi.Soʻngra shahzoda maymun pari bilan xayr-maʼzur qilib joʻnabdi. Necha vaqt, necha zamon yoʻl yurib, uch koʻchaning boshiga yetibdi. “Akalarimdan xabar olay” deb “borsa kelar” yoʻlga yuribdi. Shaharga kirib koʻchama-koʻcha yurib, bir shoʻrvapazning doʻkoniga koʻzi tushibdi.

Katta akasi oʻt yoqib oʻtiribdi. U odamlar yeb tashlagan suyakni gʻajib kun oʻtkazar ekan. Shahzoda:— Ey shoʻrvapaz, shu oʻt yoqayotgan boladan roʻparangizdagi machitning ichiga bir kosa shoʻrva yuboring, — debdi. Shoʻrvapaz katta shahzodaning yuziga bir tarsaki urib, qoʻliga shoʻrva berib:— Oʻzingdan uzoqroq ushla, boshingdagi changlar kosaga tushmasin, — debdi. U shoʻrvani olib borib machitning supasiga qoʻyibdi.Shahzoda:— Oʻtirib oʻzing ich!

— debdi.

— Men oʻtirsam ustam urishadi.

— Urishmaydi, ich shoʻrvani!

— deb shoʻrvani ichkizibdi.

— Sen qayerliksan, asli zoting kim?

— Men shoʻrvapazning shogirdiman.

Shu shaharning bolasiman.

— Mendan yashirma, men seni tanidim. Rost soʻzlasang, oʻz shahringga olib ketaman.Shoʻrvapazning shogirdi yigʻlab, boshidan oʻtkazgan voqealarni aytib beribdi.

— Ukangni koʻrsang taniysanmi?

— Taniyman.

— Qanday bilasan?

— Yoshligimda daryoga ot sugʻorgani borganimda, “Men ham boraman”, deb otga yopishdi. Ot bolaning yelkasiga tepdi. Otning taqasi chap yelkasiga tamgʻa boʻlib qolgan, — debdi.

— Nima uchun ukangni oʻynagani olib bormading?

— Biz ikki oʻgʻil bir onadan, kichik oʻgʻil boshqa onadan edi.Oʻgaylik qilib olib bormadim.

— Ukangning tamgʻasi shunga oʻxshaydimi?

— deb shahzoda chap yelkasini ochib koʻrsatibdi. Akasi ukasining oyogʻiga oʻzini tashlab, zor-zor yigʻlabdi. Kichik shahzoda uni bozorga olib chiqib, usti-bosh va yaxshi bir ot olib beribdi.Shahzoda oʻrtancha akasini axtarib, uni ham shunday ahvolda topibdi.Uchovi oʻz mamlakatiga joʻnabdi. Ikki aka yoʻlda maslahat qilib:— Bu bolani oʻldirsak, otamiz huzuriga malikani, otni, Bulbuligoʻyoni olib borsak yaxshi boʻladi, — deyishib, shahzodaga qasd qilishibdi.Bir daryoning labiga borganda, malika shahzodani chaqirib:— Ikkala akangning dili buzuq, seni oʻldirib, meni olmoqchi.

Bu kecha oʻzingni bir panaga tort, — debdi. Shahzoda bir uxlab turib, yotgan yeriga eski zambilni keltirib qoʻyibdi, oʻzi boshqa joyga borib yotibdi. Ikki akasi zambilni daryoga tashlabdi va “ukamizni yoʻqotdik”, deb oʻylabdilar. Har ikkisi:— Endi malikaning oldiga kirsak, bir bazm orasta qilsak deb turganda, tong yorishibdi. Uzoqdan bir sharpa kelibdi. Qarasa, ukasi daryoning narigi yogʻida betini yuvib oʻtirgan emish. Shahzoda bu sirlarni koʻrib, ikki akasiga qilgan yaxshiligi uchun pushaymon qilib, daryodan oʻtibdi.

Ikki aka maslahat qilib, ilgariroq ketib, bir qum tepaga yetibdilar. Ular oʻtkir qilichning damini osmonga qaratib, qumga koʻmib qoʻyibdilar. Oʻzlari uning yonida belidan pastini koʻmib yotibdilar. Ukasi borib:— Bu qumda yotishning maʼnosi nima?

— deb soʻrabdi. Katta akasi:— Bel ogʻriq, oyoq ogʻriq boʻlmaydi kishi. Sen ham tush, seni ham koʻmamiz. Oyoqlaring yaxshi boʻladi, — debdi.

— Ey aka, qum issiq ekan-ku, — debdi. Akasi:— Oyogʻingni qimillatsang qum soviydi, — debdi.U oyogʻini qimillatibdi, qilich ikkala tizzasidan shartta kesib ketibdi. Shahzoda qoniga belanib, qumda yotib qolibdi. Ikkala aka qizni, otni, qushni olib oʻz mamlakatiga joʻnabdi. Otasi qizni oʻrdadagi qirq kanizakka qoʻshib qoʻyibdi. Otni otxonaga qoʻyibdi. Bulbuligoʻyoni qafas bilan oltin chinorga osibdi.

Qush hech sayramay, boshini qanotining tagiga olib yotibdi.Ot kelgan odamni oldidan kelsa tishlab, ketidan kelsa tepib, hech kimni oldiga keltirmabdi. Malika qirq kanizaklarning ichida boshini koʻtarmay, oltin qutisidan chiqmay yotaveribdi.Endi sizga yosh bersin, bizga hayot. Shahzodadan eshiting.Uch kecha-kunduzdan keyin shahzoda koʻzini ochibdi. Oʻz ahvolini koʻrib hushidan ketib, bir zamondan keyin hushiga kelib, maymun parining bergan tutatqisi yodiga tushib, uchini kuydiribdi.

Koʻzini yumib-ochguncha toʻrt burchini toʻrt pari koʻtargan, tepasida maymun pari oʻtirgan oltin taxt paydo boʻlibdi.

— Ey odamzod, senga bu zulmni kim qildi?

— deb shahzodaning boshini tizzasiga olibdi va makoniga olib ketibdi. Maymun pari shahzodani oltin taxtga oʻtqizib, bir kanizak parini yoniga qoʻyib otasiga xat yozibdi.“Bu odamzod farzandini Bahrul hayot suviga solib, parilarning qoidasida muolija qilib, qirq kunda tuzatib tezlik bilan yuborasiz. Bu odamzod menga bir tugʻishgan ini boʻlib qolgan”, deb muhrini bosib, taxtni parilarga koʻtartirib, Koʻhiqofga joʻnatibdi. Parilar Billur togʻdan oʻtib, uni parilar podshosiga topshiribdi.

Shahzoda qirq kunda sihat topib, ilgarigi husniga necha barobar husn qoʻshilib, parilar yurtidan qaytibdi. Maymun pari: “Seni shu ahvolda otangga yubormayman. Qalandar suratida qishlab olib boraman. Malikani akangga berib, taxtga chiqarib podshoh qilgan boʻlsa, shaharga kirmay qaytmaymiz. Agar otang oʻz oʻrnida turgan boʻlsa, malikani senga toʻy qilib, seni taxtga oʻtkazib kelaman”, — deb bolani uch oy saqlabdi. Uch oyda bolaning sochi oʻsib peshonasiga tushibdi. Tirnoqlari oʻsibdi.

Maymun pari shahzoda bilan taxtga oʻtirib shaharning chekkasiga kelib tushibdi. Shaharning tashqarisida parilarni qoʻyib, shahzodaning qoʻlidan ushlab podshohning oʻrdasiga kelibdi.Podshoh bilan vazir soʻzlashib: “Olti oy boʻldi, men gʻam loyiga botdim, bu qush biror marta sayramaydi. Ot bir marta kishnamaydi. Malika bir luqma taom yemaydi”, deb turganda, podshoh oʻrdasiga kirgan bir qalandar bachchaga koʻzi tushibdi. Podshoh uni koʻrib qaddi-qomatini, zulfi siyohini kichik oʻgʻliga oʻxshatib:— Ey qalandar bachcha, kel beri!

— deb chaqiribdi. Qalandar bachcha koʻrsa, otasining ikki yonida ikki akasi oʻtiribdi. Bildiki, bu akalariga hali amal tekkani yoʻq.Taxtga qadam qoʻyibdi.

Shu on oltin chinordagi bulbuligoʻyo chunon sayrabdiki, xalqi olam mumdek eribdi. Ot otxonada turib uch marta sayha tortib, kishnabdi. Malika qutidan irgʻib chiqib, qoʻliga tilla sozini olib, qirq kanizakning ichida oʻyin-kulgi boshlabdi.Podshoh sevinib:— Bu qalandarning poyqadami yoqdi, — deb qalandarning boshidan bir lagan tilla sochibdi. Qalandar bachcha:— Men qalandar emasman. Malikadan soʻrasangiz ishonasiz yo ishonmaysiz. Qafasdagi bulbuldan, oxurdagi otdan soʻrang, — debdi.Podshoh:— Ey oʻgʻlim, olamda ot bilan qushning soʻzlaganini qachon koʻrding?

— debdi. Oʻsha hamono qush tilga kirib, boʻlgan voqealarni boshdan-oyoq soʻzlab beribdi. Podshoh oʻgʻlining peshonasidan oʻpibdi.U ikki katta oʻgʻlining qoʻlini orqasiga boylab, qoʻy qoʻshoqlagandek qoʻshoq qilib, kichik oʻgʻlining oldiga qoʻyibdi. “Senga zulm qiluvchi shu ikki ogʻangni nima qilsang oʻzing qil!” debdi, taxtiga chiqarib, oʻz tojini unga kiydiribdi. Kenja oʻgʻil otasining oʻrniga podshoh boʻlib, xalqni zulmdan qutqaribdi. Qirq kun yurtga osh-non berib, malikaga uylanibdi.Maymun pari parilar qoidasida toʻyni oʻtkazib, shahzodaga:— Qachon boshingga mushkul ish tushsa, sochimni oʻtga solsang, hozir boʻlaman, — deb xayrlashibdi.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!