← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
Hayvonlar haqidaBolalar uchunSehrliPodsholarTabiatOila

Ilon pari

422 soʻz

Oʻtgan zamonda bir podshoh yakka oʻzi ovga chiqib, ov qilib yurib, uzoqda bir narsa koʻribdi. Podshoh sekin borib qarasa, daraxt tagida bir pari qiz dam olib oʻtirgan emish. U qizni koʻrgan zamon hushidan ketibdi. Birozdan soʻng oʻziga kelib qarasa, pari suv keltirib podshohning yuziga sepib turgan emish. Podshoh uning qoʻlidan suvni ichib, oʻzi bilan birga saroyga olib kelibdi.Podshoh qirq kecha-yu qirq kunduz toʻy-tomosha bilan pari qizga uylanibdi.Oradan bir necha vaqt oʻtgach podshohning darmoni qurib, rangi sargʻayib, tusi oʻzgara boshlabdi.

Nihoyat podshoh vaziriga aytibdi:— Ey vaziri aʼzam, men uylanganimdan buyon darmonim qurib, kuchim borgan sari kamayib, holsizlana boshladim. Nima qilmoq kerak?

— debdi. Vazir:— Toʻgʻri aytasiz, taqsir, rangingiz ham sargʻayib, tusingiz oʻzgarib, oriqlab bormoqdasiz. Bu holni bir sinchiklab tekshirishga toʻgʻri keladi. Taqsir, xafa boʻlmasangiz, men sizga bir sir aytaman, maylimi?

— debdi. Podshoh:— Mayli, ayt,— debdi. Vazir:— Taqsir, tagʻin bu dashtdan olib kelgan qizingiz Ilon pari boʻlmasin. Oʻtmishda qarilar:— Dashtda koʻrma ilon boʻladi. Qirq yil odam koʻrmasa u pariga aylanadi-da, odamga kunduzi pari boʻlib, kechasi ilon boʻlib koʻrinadi, — der edilar. Xotiningiz tagʻin ilon boʻlmasin,— deb gumon qilaman,— debdi. Podshoh:— Unday boʻlsa, nima qilaman?

— deb soʻrabdi.

— Agarda xoʻp desangiz, avval uni aniq bilish kerak, keyin uning chorasini koʻramiz,— debdi vazir.Vazir oʻylab turib podshohga shunday yoʻl koʻrsatibdi:— Taqsir, bir kun kechqurun xotiningizga osh buyurasiz. Qozonga sabzi-piyozni solib qovurib, suvga ketganda, qozonga bir hovuch tuz tashlab yuboring. Oshni pishirib tayyorlab olib keladi, birga yeysiz.Soʻngra osh juda shoʻr boʻlib ketibdi-ku, deb koʻp choy-suv ichadi. Siz ham ichasiz.

Soʻngra qolgan ishni kechasi bilasiz.Podshoh oʻsha kuni vazir aytgandek qilibdi.Xotini sabzi-piyozni qovurib, suvga ketganda, bir hovuch tuzni qozonga tashlab yuboribdi. Osh shoʻr boʻlibdi. Podshoh zoʻrgʻa yebdi. Pari esa uyalganidan oshdan ancha yebdi. Shoʻr boʻlgani uchun koʻp choy va suv ichishibdi. Kechasi yotib uxlashibdi. Yarim kechada podshoh uygʻonib qarasa, yonida katta, uzun ilon yotgan emish, Ilon pari choʻllab, sekin oʻrmalab hovlidagi hovuzga boshini choʻzib suv shimiribdi. Boshi hovuzda boʻlsa, dumi podshohning yonida emish.

Podshoh qoʻrqqanidan hech narsa deyolmay jim yota beribdi. Erta bilan podshoh qarasa, yonida pari yotgan emish. Bu sirni hech kimga aytmabdi. Faqat vaziriga aytibdi. Vazir podshohga:— Taqsir, endi siz bir amallab bu xotiningizdan ajralmasangiz boʻlmaydi. Buning chorasi shunday boʻladi. Bir temir qafasdan uy qurdirasiz. Bir amallab aldab xotiningizni shu uyga olib kirasiz, oʻzingiz chiqib keyin eshikni berkitib, tagidan oʻt yoqtirasiz, shu bilan Ilon pari kuyib oʻladi,— debdi.Podshoh vazirning aytganini qilibdi.

Bir temir qafasdan uy soldiribdi. Uyga xotini bilan birga kiribdi. Birozdan soʻng podshoh qafas uydan chiqib, ustidan qulf solibdi, soʻngra tagidan oʻt qoʻydiribdi. Bir chinqirib Ilon pari kuyib oʻlibdi.

Shunday qilib, podshoh uning tashvishidan qutulib qolibdi.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!