← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunSehrliPodsholarDehqonlarAdolatAql-zakovatJasoratTabiatOilaTijoratUzun

Hasan va Husan

2493 soʻz

Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, burungi zamonda xoqoni Chin degan tomonda Yu-San-Chin degan podshoh oʻtgan ekan. Uning yaxshi koʻrgan Yu-Chin-San degan dono vaziri bor ekan. Har ikkovining ham yoshlari anchaga borib qolgan boʻlishiga qaramay, farzandlari yoʻq ekan. Kunlarning birida podshoh oʻz ulamolari bilan uzoq tomonlarga ovga ketibdi. Podshoh bilan vazir ikkovlari farzandlari tugʻilganidan xabar kelmaguncha, ovdan qaytmaslikka qaror qilishibdi.

Agar ikkovlarining ham farzandlari oʻgʻil boʻlsa biriga Hasan, ikkinchisiga Husan deb ot qoʻyib, aka-uka qilmoqchi boʻlishibdi. Ikkovi ham qiz boʻlsa, Fotima va Zuhra deb ot qoʻyib, opa-singil, agar biri oʻgʻil, biri qiz boʻlsa, birini Tohir, birini Zuhra deb ot qoʻymoqchi boʻlishib, ahdnomaga imzo chekib, muhr bosishibdi.Kunlar, oylar oʻtibdi.

Bir kuni chopar kelib podshoh bilan vazirga malikalari oʻgʻil tugʻganligi haqida sevinchli xabar keltirib, ularni xursand qilibdi. Ahdlariga binoan podshohning oʻgʻliga Hasan, vazirning oʻgʻliga Husan deb nom qoʻyishibdi. Podshoh bilan vazir uylariga kelib yetti kecha-yu yetti kunduz elga toʻy berishibdi.Bolalarining tarbiyasiga alohida eʼtibor berib, ularning har qaysisiga yaxshi tarbiyachi enagalar, tabiblar qoʻyibdi. Bolalarni bir-biridan ajratmasdan tarbiya berishibdi.

Hatto qaysi biri kimning farzandi ekanini ham bildirmas ekanlar. Bolalar katta boʻlgandan keyin oʻqishga berishibdi. Ularga oʻqish, yozish, harbiy hunar, davlatni boshqarish, dengizda suzish, duradgorlik, chinniy naqqoshlik, temirchilik, qisqasi, oʻsha davrda mavjud boʻlgan hamma hunarning har biridan oʻqituvchi ajratib, hunar oʻrgatila boshlabdi.

Bu bolalar hunarlarni shunchalik qiziqib oʻrganar ekanlarki, hatto oʻqituvchilari ularning qaysi bir hunarni yaxshi oʻrganayotganliklari toʻgʻrisida suhbatlashganlarida, har biri oʻz hunarini yaxshi oʻrganayotganini aytar ekanlar.Bolalar oʻn yetti yoshga kirganda hamma hunarlarni oʻrganib boʻlib, sayohat qilishga qaror qilishibdi. Safarga katta tayyorgarlik koʻrishibdi.

Yaxshi tulpor otlarni minib, xurjunlarini qimmatbaho toshlarga toʻldirib, jangchi qurollari va kiyimlarini kiyib, yonlariga yoʻldosh ham olmay, ikkovi janub tomonga qarab joʻnashibdi. Kun yurib, oy yurib, jarlardan, qorli baland togʻlardan, choʻl-u biyobonlardan oshib, Buxoro degan shaharga kelib yetibdilar. Otlariga dam berib, oʻzlari ham biroz dam olmoqchi boʻlib, shaharning kunchiqar tomonidagi bir kulbaning eshigini qoqibdilar. Chol-u kampir ularga eshik ochibdi.

Hasan bilan Husan odob bilan salomlashganlaridan keyin, oʻzlarining uzoq safardan kelayotganliklarini va shu yerda dam olib ketmoqchi ekanliklarini bildiribdilar. Chol-kampirning farzandlari yoʻq ekan. Bularning oʻzlariga farzand boʻlishini iltimos qilishibdi. Aka-uka ham ularning iltimosini qabul qilib, ota va ona deydigan boʻlishibdi. Oʻzlarining jangchi kiyimlarini yechib qoʻyib, mahalliy kiyimlar sotib olib kiyishibdi.

Bir qancha vaqt shu yerda yashashibdi.Kunlarning birida Husan koʻchaga chiqsa, odamlarning “Ana keldi”, “Qoch, oʻlasan”, “Otadi, yashirin”, degan vahimali hayqiriqlarini eshitibdi. Husanning qoʻlida quroli, ustida jangchi kiyimi yoʻqligi sababli u ham oʻzini pana joyga olishga majbur boʻlibdi.

Keyin kampirning oldiga kirib, koʻchada boʻlgan voqeani gapirib berib:— Ona, koʻchada odamlar nimaga shuncha vahimaga tushib qochadilar?

— deb soʻrabdi. Kampir bu voqeaning ularga hech taalluqli boʻlmaganidan aniq javob bermabdi.

Lekin aka-uka shu boʻlgan voqeani tushuntirib berishni talab qilibdilar.Shunda kampir:— Buxoro xoni — Usmonxonning yakka-yu yagona Mohinbonu ismli chiroyli qizi bor. U haftada bir martaba bezatilgan tuyada soqchilar bilan hammomga boradi. Yuziga yetti qavat parda tutilganiga qaramay, kimki unga qarasa, xon: “Sen nima uchun nomahram koʻzing bilan mening qizimga qaraysan?” deb shu kishini oʻlimga buyuradi.

Shu sababli odamlar qochadilar, — debdi. Hasan bu soʻzni eshitishi bilan Mohinbonuni koʻrmay oshiq-u beqaror boʻlib qolibdi. Ovqat ham yemay, bir necha kun ichida bir necha oy kasal yotgan bemordek ozib qolibdi. Akasining bunday holga tushishi Husanni ham qattiq tashvishga solibdi. Xonning saroyiga sovchi yuborishning iloji boʻlmaganligidan Husan Mohinbonu bilan qanday boʻlsa ham gaplashish yoʻlini qidira boshlabdi. Mohinbonuning Zulhijja degan oʻqituvchisi borligini surishtirib bilib, uning turar joyini aniqlabdi.

Bozordan bir gaz shoyi sotib olib onasiga berib, uchta xalta tiktiribdi. Har bir xaltani qimmatbaho toshlar bilan toʻldiribdi.

Bir kuni kechasi xaltalardan birini olib, shu oʻqituvchisining uyiga boribdi, u derazani ochib qoʻyib uxlab qolgan ekan. Husan xaltani sekin derazaning ustiga qoʻyib ketibdi. Oʻqituvchi erta bilan deraza ustida bir xalta qimmatbaho toshlarni koʻrib hayron qolibdi.

Ammo kim, nima uchun bu xaltani qoʻyib ketganligini bilmabdi. Ertasi kuni sinash uchun derazani yana ochiq qoldirib uxlamay poylab yotibdi.

Lekin uyqu zoʻrlik qilib uxlab qolibdi. Erta bilan qarasa, yana bir xalta paydo boʻlibdi. Uchinchi kuni derazani ochiq qoʻyib poylab yotibdi. Uyqusi kela boshlagandan keyin jimjilogʻini pichoq bilan kesib, yarasiga tuz sepib uyqusini qochiribdi. Yarim kechadan oʻtgandan keyin, derazadan bir qoʻl xaltani ichkariga uzatibdi. Oʻqituvchi tezlik bilan qoʻlni tutib olib:— Kimsan, menda nima arzing bor?

— debdi. Husan ichkariga kirib voqeani gapirib beribdi. Oʻqituvchi:— Ertaga tush paytida shahzoda kiyimlarini kiyib kelib, eshikni sekin ochib qaranglar. Agar qiz aylanib qarab muloyimgina ”Bular kimlar, nima qilib yurishibdi?” desa, ichkariga kirib oʻtiringlar. Men unga voqeani gapirib beraman. Agar “Bular kimlar, bevaqt kelibdi?” desa, yaxshisi tezroq qochib ketinglar. Boʻlmasa, sizni ham, meni ham oʻldiradi, — debdi. Husan kalavaning uchi topilganligidan xursand boʻlib, uyiga borib voqeani akasiga gapiribdi.

Aka-uka ertasi kuni oʻqituvchining uyiga kelishibdi. Sekin eshikni ochib qarashibdi. Qiz ularga qayrilib qarab, bir seskanib ketibdi, muloyimgina:— Bular kimlar, nima qilib yuribdilar, — deb soʻrabdi. Eshik oldida qimirlamay turgan aka-uka qoʻgʻirchoqqa jon kirganday birdan qoʻzgʻalib ichkariga kirib oʻtiribdi. Oʻqituvchi boʻlgan voqeani qizga gapirib beribdi.

Shunda qiz bir chuqur oh tortib:— Meni otam ertaga arab xalifasining oʻgʻli Abdulmalikka toʻy qilib berib yuboradi. Men qanday qilib sizga vaʼda qilaman, agar Husan meni akasiga olib berishni istasa, bir shartimni bajarsin. Meni ertaga karvon bilan Arabistonga olib ketayotganlarida mozor yonidan oʻtamiz, oʻsha vaqtda men onamning qabrini koʻrib ketishni soʻrayman. Sizlar shu mozorga borib oʻtirasiz. Men mozorga kirishim bilan Husan mening ust-boshimni kiyib chiqib mening oʻrnimga karvon bilan oʻtirib ketadi.

Keyin Husan oʻzini qaysi yoʻl bilan boʻlsa ham qutqarib oladi. Biz esa Hasan bilan mozorda qolamiz, — debdi.Ertasi aka-uka moʻljallangan vaqtda mozorga borib, qizning kelishini kutib oʻtirishibdi. Mohinbonu esa mozorga yaqinlashish bilan “dod” deb yigʻlab yuboribdi-da, onasining yaqinda oʻlganini, uning qabrini ziyorat qilib ketishi kerakligini aytibdi. Karvonlar tuyalarini choʻktirib kelinni tuyadan tushiribdilar. Mohinbonuning mozorga kirib ziyorat qilishiga javob beribdilar.

Mohinbonu mozorga kirishi bilan Husan uning kiyimlarini kiyib, paranjisini yopinib yigʻlab-yigʻlab tuyaga minib, Arabistonga ketibdi. Borgandan keyin kelinni yaxshi kutib olishibdi. Yetti kecha-yu yetti kunduz toʻy berib, kuyovni keltirishibdi, shunda “kelin” onasining yaqinda oʻlganligi uchun qirq kecha-yu qirq kunduz aza tutishini, aza vaqtida erkak kishi qarasa gunoh hisoblanishini aytib, qirq kunga muhlat soʻrabdi. Kuyov ham rozi boʻlibdi. “Kelin” zerikib qolmasin deb, singlisi Zulayhoni yoniga qoʻyibdi.

Bir necha kun oʻtgandan keyin Husan Zulayhoga oʻz sirini ochib, undan yordam soʻrabdi. Zulayho oʻzining undan ajralishini istamay, u bilan birga ketmoqchi boʻlganligini aytibdi. Ikkovi qochmoqchi boʻlishibdi. Zulayho otasi va akasi oldiga borib, kelin oyisi bilan bir hafta sayohat qilib kelishga ruxsat olibdi. Otasi ularni tulpor otlarga mindirib, bir necha kanizak, bir necha soqchilar bilan sayohatga joʻnatibdi. Bir qancha yoʻl yurib, sayohat tayinlangan joyga yetibdilar. Xushmanzara bir joyni tanlab, chodir quribdilar.

Kechasi ovqatdan keyin yotib uxlashibdi. Faqat “kelin” bilan Zulayho hamda sezgir soqchilar uxlashmabdi. Soqchilarning uxlashini kutib koʻp vaqt poylab oʻtirishibdi.

Lekin soqchilar hech uxlamagandan keyin Husan chiqib ustalik bilan ularni uhlatibdi. Ikkovi ham erkaklar kiyimini kiyib, qurollarini olib, otlariga minib “Yo Buxoro, qaydasan” deb yoʻlga tushibdi. Daryo-yu koʻllar, dasht-u choʻllar, adir-u togʻlar, gulzor-u bogʻlarni oʻtib, eson-omon manzillariga yetibdilar.Arab xalifasi kelin bilan qiz sayohatdan qaytib kelmagandan keyin ularni qidirib topishga choparlar yuboribdi. Choparlar kelib koʻrib, xalifaga voqeani borib aytibdi.

Xalifaning jahli chiqib, jahonni buzgudek boʻlib, Buxoro xoniga qarshi urushga tayyorlanibdi. Lashkar toʻplab yoʻlga chiqibdi. Tez kun ichida Buxoroga yetib, qalʼani qamal qilib, xonga noma yuboribdi. Nomada: “Bir kecha-yu kunduz ichida Buxoro soʻzsiz taslim boʻlmasa, beshikdagi boladan tortib, eng qari chollarigacha qilichdan oʻtkazaman, shaharning kulini koʻkka sovuraman”, deb yozibdi.Bu voqeadan bexabar Buxoro xoni oʻzicha mulohaza qilib: “Bu badnafs xalifaga xiroj toʻlasam, qizimni bersam, yana mening taxt-u baxtimga chang solmoqchi.

Nomardlarcha dorda quzgʻunga yem boʻlguncha, jang maydonida mardlarcha jang qilib oʻlmoq aʼlo”, deb tezlik bilan lashkarlarini toʻplab qarshi chiqibdi. Arab lashkarlari uzoq yoʻl yurib charchaganliklariga qaramay, koʻp jang qilib chiniqqan, intizomli, berahm kishilar boʻlgani uchun Buxoroga bostirib kirib xonning saroyiga yaqinlashibdilar. Mohinbonu bu voqeani eshitib Hasan bilan Husanga qarab:— Sizning mardligingizdan shu yerga kelgan edik, nomardligingiz tufayli mamlakatimiz qonga belanib, dushmanga oyoq osti boʻlmoqda!

— debdi. Mohinbonuning bu soʻzidan taʼsirlangan Hasan bilan Husan urush kiyimlarini kiyib, nayza va qilichlarini olib, otlarini minib, jang maydoniga chiqibdilar. Koʻp vaqtdan beri toʻplanib qolgan kuchlarini ishga solib, ustalik bilan jang qila boshlabdilar. Buxoroliklar notanish lashkarboshilarning jang maydoniga kirganlarini koʻrib qatʼiy hujumga oʻtibdilar. Arablarni qalʼadan tashqariga suribdilar. Choparlar kelib oʻz xonlaridan suyunchi olibdi. Kutilmagan gʻalabadan xon juda xursand boʻlibdi.

Shu bilan Arab askarlari zoʻrgʻa qochib qutulibdi.Jang tamom boʻlgandan keyin Buxoro xoni yasovullar boshligʻini chaqirib, xonlikni ogʻir ahvoldan qutqarishga yordam bergan ikki qahramonni topib kelishga buyuribdi.

Lekin qancha qidirsalar ham topa olmabdilar. Jang maydonida ularni koʻrgan jangchi va lashkarboshilar, ular jang maydonida qanday paydo boʻlgan boʻlsalar, shunday gʻoyib boʻlganliklarini aytibdilar. Shaharning hamma karvonsaroy, mehmonxona, musofirxonalarini tekshiribdilar. Hech qayerdan topa olmabdilar.Shunda xon: “Ular kim boʻlsa ham yurtimizning kishilari emas”, deb tezlik bilan topishni talab qilibdi. Oʻlimdan qoʻrqqan yasovulboshi hamma yasovullarini toʻplab qidirishga kirishibdi.

Hamma joyni qidirib topa olmaganlaridan keyin yasovullarning bir keksasi faqat shaharning narigi chekkasidagi bir chol-u kampirning uyi qolganligi, lekin ularning oʻgʻli yoʻqligini aytibdi. Yasovulboshi shu chol-kampirning uyini ham borib koʻrishni yasovullarga buyuribdi. Bu tashlandiq kulbadan quvonchli natija chiqishiga umid qilmasalar ham, buyruqni bajarishga majbur boʻlishib, yasovullardan uch kishi joʻnabdi.

Borib u yerda xonning qizi Mohinbonu bilan arab xalifasining qizi Zulayho va ikki notanish pahlavon yigit oʻtirganini koʻrishibdi. Bu sevinchli voqeani xonga yetkazishibdi. Xon ularni olib kelishni buyuribdi. Ular kelgandan keyin xon: “Mening xonligimni halokatdan qutqarib qolganingiz uchun sizlardan biringiz xonlik qilishingiz lozim”, debdi. Aka-uka qarshilik qilishiga qaramay, tojini Hasanga kiydiribdi. Husanni oʻng qoʻl vazir, xon oʻzini chap qoʻl vazir, cholni esa xazinachi qilib tayinlabdi.

Qirq kecha-yu qirq kunduz toʻy qilib, tinch hayot kechira boshlabdilar.Kunlarning birida aka-uka gaplashib oʻtirib: “Vatanimizdan chiqib ketganimizga koʻp yillar boʻlib ketdi. Ota-onalarimizning holidan xabar ham olganimiz yoʻq”, deyishibdi-da, Husan borib ota-onalaridan xabar olib kelmoqchi boʻlibdi. Bu xabarni eshitgan Zulayho ham: “Men sizdan ajralib qolmayman”, debdi. Husanning yoʻl uzoq va ogʻir deyishiga qaramay, oʻz soʻzida mahkam turib, Zulayho ham, kanizak va soqchilarini olib yoʻlga chiqibdi.

Bir joyda toʻxtab ovqatlanishibdi. Biroz uxlagandan keyin Husan uygʻonib qarasa, Zulayhoning bilagiga bogʻlab qoʻyilgan Husanning oti yozilgan qimmatbaho uzukni bir zagʻizgʻon kelib yechayotganini koʻribdi. Husan oʻrnidan turib zagʻizgʻonni haydab yubormoqchi boʻlganda, zagʻizgʻon roʻmolchani yechib olib ketibdi. Husan uning orqasidan quvlabdi.

Tongotar paytida zagʻizgʻon bir ravotga kelib tushibdi. Husan ravotni aylanib yurib kirishga na eshik, na daricha topa olmabdi. Qarasa, bir ariq orqali ravotga suv oqib kirayotibdi. Husan shu ariqdan ichkariga kiribdi. Ravot ichida soch-soqoli oqargan, kiyimlari juldur boʻlib ketgan bir chol turgan emish, cholga salom beribdi. Chol Husanni koʻrib hayron boʻlib:— Ey odamzod, bu yerga qaydin kelding?

— debdi. Husan:— Men bu yerga Buxorodan keldim, — debdi. Chol:— Ey oʻgʻlim, Buxoro bu yerdan olti oylik yoʻl. Bu joy esa, devlarning makoni, — deb, Husanning qanday kelganini soʻrabdi.Husan boʻlgan voqeani aytib beribdi. Chol:— Sen zagʻizgʻonni emas, devni quvlabsan, quvlaganing ham yoʻq, yelkasiga minib kelgansan. Sening koʻzingga shunday koʻringan, — debdi va oʻzining Eron podshosining oʻgʻli Umar al-Amal Firuziy ekanini, u ham xuddi shunday qilib kelib qolganini hikoya qilibdi. Bitta edim, ikkita boʻldik.

Endi zerikmaymiz, insonlarcha gapirish ham esimizdan chiqmaydi, — deb xursand boʻlibdi.

Shunday qilib ular birga yashay boshlabdi.

Endi gapni Zulayhodan eshiting.Zulayho qarasa, yonida Husan yoʻq. Biror yerga ketgandir, deb biroz kutibdi.

Lekin Husan kelmaganidan keyin “Meni safarga birga olib ketishga rozi boʻlmagan edi.

Shuning uchun meni yolgʻiz tashlab ketgan boʻlsa kerak”, deb oʻylabdi. Qarasa, Husanning jangchi kiyimlari shu yerda qolibdi, hayron boʻlib endi nima qilish kerakligini oʻylabdi. Vaqt juda qisqa boʻlganidan, tezda bir qarorga kelibdi. Husanning jangchi kiyimlarini kiyib, bir necha kunlik ovqat olib, yaxshi tulpor otini minib Husanni qidirib ketibdi. Soqchilar uygʻonib, nima hodisa boʻlganini tushunib olgunlaricha Zulayho qorongʻu tunda uzoq joylarga ketib qolibdi.

Soqchilar qancha bosh qotirsalar ham nima hodisa boʻlganini bila olmabdilar. Faqat Husan bilan Zulayho va bir ot yoʻq, Zulayhoning kiyimlari shu yerda qolibdi. Soqchilar: “Buxoroga qaytib borsak, nima voqea boʻlganligini aytib bera olmasak, aybdor boʻlib quzgʻunlarga yem boʻlgandan koʻra, hammamiz har tomonga tarqalib ketganimiz yaxshiroq”, deb maslahatlashib har tomonga tarqalib ketishibdi. Kanizaklar ham ketibdi.Zulayho koʻp ogʻir yoʻllardan oʻtib, Hindiston mamlakatiga boribdi.

Oʻzini arab xalifaligidan norozi boʻlib qochib ketgan lashkarboshi — Zohir Botir Zululi deb tanishtiribdi. Bu xabarni hind shohi Radj Chandraga bildiribdilar. Hind shohi uni yoniga chaqirib olib, oʻzining qarib qolganligini, oʻgʻli yoʻqligi, faqat Radxa ismli qizigina borligini, shu qizi Radxaga uylanib oʻz taxtiga oʻtirishini taklif qilibdi. Zohir Botir noiloj rozi boʻlibdi. Shoh yetti kecha-yu yetti kunduz toʻy qilib, qizini beribdi. Toj kiydirish marosimini ham oʻtkazibdi.

Toʻydan keyin Zohir Botir Radxaga oʻz sirini ochib, boshidan oʻtgan voqeani gapirib beribdi. Agarda Husan topilsa uning bilan birga yashab, Radxani esa oʻzining akasi Abdulmalikka olib berishga vaʼda beribdi. Har ikkisi bu gaplarni sir saqlashga ahd qilishibdi.Kunlarning birida Husan ravotda gullarga qarab yurganida ikki zagʻizgʻonning quvlashib kelganini va biri boshqasini oʻldirganini, ikkinchi joyda esa bir tugunchani koʻmib ketganini koʻrib qolibdi.

Husan borib tugunchani olib qarasa, oʻzining Zulayhoga bergan uzugi chiqibdi. Bu voqeani cholga borib aytibdi. Chol:— Bizning devning dushmanlari koʻp edi. Ular uni oʻldiribdilar, endi sen qutulibsan. Ketishing mumkin.

Shu yaqin joyda bir daryo bor. Har uch oyda bir martaba kema keladi, — debdi. Husan devning xazinasidan bir xaltachaga qimmatbaho toshlarni toʻldirib, uzukni ham shu xaltachaga solib, kema kelar vaqtida daryo tomonga ketibdi. Daryo yoniga kelsa, kema kelib turgan ekan. Xaltachani kemaga qoʻyib, chol bilan xayrlashib kelish uchun qaytibdi. Kema kelganini aytib, choldan oq yoʻl tilashini soʻrabdi.

Shu vaqtda chol: “Yana bir oʻzim qolaman, endi qanday qilib turaman?” deb yuragi yorilib oʻlib qolibdi. Cholning oʻligini koʻmmay qoldirib ketish insofdan emas, deb cholni koʻmishga kirishibdi. Cholni koʻmgandan keyin daryo yoniga borsa, kema ketib qolibdi. Kemachilar bir emas, bir yarim soatgacha kutib, oxiri kelmaganidan keyin ketib qolgan ekan. Husan endi qay yerga borishini, nima qilishini bilmay, daryo yonidagi bir tosh ustida oʻtirganicha qolaveribdi.Zohir Botir davlat ishining hamma sohalari bilan birma-bir tanishibdi.

Kunlarning birida oʻtkinchi kemalardan tushgan xirojlarni tekshirmoqchi boʻlib, kemalar toʻxtaydigan joyga boribdi. Kelgan savdo kemalarini tekshira boshlabdi. Hamma mollarni tekshiribdi. Bir xaltaning egasi topilmabdi. Kemachilardan xaltachaning egasini soʻrabdi. Kemachilar bir odam xaltani kemaga qoʻyib ketganini, bir soatdan keyin kelaman deb, qaytib kelmaganini aytishibdi. Zohir Botir xaltani ochib qarab, oʻzining uzugini koʻribdi. Nima qilishini bilmay kema boshligʻini chaqiribdi.

Tezlik bilan kemani boʻshatish va uch kun muhlat ichida xaltaning egasini topib kelishni buyuribdi. Kemachi noiloj buyruqni bajarishga majbur boʻlibdi. Kemachilar qaytib borib qarasalar, Husan hali ham shu tosh ustida oʻtirgan ekan. Kemachilar yigitga: “Sen bizni shuncha ovora qilding, ahmoq”, — deb urib-soʻkib kemaga solib olib ketishibdi, kemani moʻljallangan vaqtda yetkazishibdi. Zohir Botir kemachiga javob berib yuborib, Husanni yuvintirib, kiyintirishni xizmatkorlariga buyuribdi.

Husanning topilganligi toʻgʻrisida Radxaga xabar yuboribdi.

Keyin bu voqeani otalariga ham bildirib, oʻzlarining maqsadlarini aytishibdi. Radj Chandra avval ularning gaplariga ishonmabdi, soʻngra “Aqllaringga balli, qizlarim, sizga ofarin” deb ulardan juda xursand boʻlibdi. Husanni podshohning oldiga olib kelishibdi. Zohir Botir Husanni sinamoqchi boʻlib: “Yaxshi yigit, qayerliksiz, qaysi tomonga ketayotibsiz?” debdi. Husan oʻzining boshidan oʻtgan voqeani aytib beribdi. Zulayho: “Agar xotiningiz topilsa, nima qilar edingiz?” debdi. Husan: “Agar meni kutgan boʻlsa, albatta, yana uning bilan oʻz hayotimni bogʻlar edim”, debdi.

Shunda Zulayho boshidagi tojini olib, toj ostidagi yashirib qoʻygan sochlarini tushirib yuboribdi. Ikkovi topishib bir-biri bilan koʻrishib, boshlaridan oʻtganlarni bir-biriga gapirib berishibdi. Ertasi kuni Husanga toj kiydirish marosimi oʻtkazilibdi. Husan boʻlib oʻtgan voqealarni bayon qilib Xitoyga, Buxoroga, Arabistonga choparlar yuboribdi.Arab xalifasi nomani olgan zamono oʻgʻliga Radxani soʻrab sovchi yuboribdi. Bir qancha kundan keyin katta toʻy-tomoshalar boʻlibdi. Toʻyga Xitoydan, Buxorodan mehmonlar kelibdi.

Toʻydan keyin toʻrt mamlakat vakillari bir joyga toʻplanib, bundan keyin bir-birlari bilan urushmaslik hamda savdo aloqalarini yaxshilash haqida ahdnoma tuzib, muhr bosibdilar.

Shu bilan hammalari murod-u maqsadlariga yetishibdi.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!