← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunSehrliPodsholarMehr-oqibatAql-zakovatJasoratTabiatOilaTijoratUzun

Devbachcha

1709 soʻz

Qadim zamonda bir boy bor ekan. U boyning farzandi yoʻq ekan. Boy koʻp xotin olibdi.

Oxirida bir xotinidan oʻgʻil koʻribdi. Boy borgan sari kambagʻallashib qolibdi, oʻgʻli esa katta boʻlaveribdi. U boyning joʻralari koʻp ekan, boy doʻstlarining tuz-namagini koʻp yegan ekan.

Biroq oʻgʻlini toʻy qilish uchun boyning hech narsasi qolmabdi.Boy joʻralari bilan maslahatlashib, toʻyni oʻtkazmoqchi boʻlibdi. Joʻralari qarz berishga vaʼda qilishibdi. “Qachon toʻy qilsang, bizga xabar ber”, deb ketishibdi.

Oradan bir necha yil oʻtgach, boy toʻy qilmoqchi boʻlib harakat qilibdi.

Biroq u joʻralarini esidan chiqarib yuborgan ekan.

Kunlardan bir kun toʻydan xabar olish uchun uch joʻrasi oʻz xizmatkorlarini yuboribdi. Ular kelib boyning hovlisidan:— Boy aka toʻyini oʻtkazdimi, yoʻqmi?

— deb soʻrabdi.

Shu vaqt boyning oʻgʻli tomda shoxdor uchirib turgan edi. Bola “Nima ishingiz bor, toʻy allaqachon boʻlib oʻtgan”, deb achchigʻlanib javob beribdi. Ular esa: “Bizlar shuncha yaxshilik qildik, u bilmadi”, deb qaytib ketibdilar. Bu qoʻpol harakatdan xabar topgan boyning joʻralari achchigʻlanib, boyning qishlogʻiga bostirib kelibdilar. Boy nihoyatda kambagʻallashib qolgan ekan. U yugurib oʻgʻlining oldiga kelib:— Ey, oʻgʻil, endi nima qilamiz? U boylar kelib bizning kulbamizni koʻkka sovuradi, — debdi.

Oʻgʻli otasiga:— Qoʻrqmang, ota, — deb butun roʻzgʻor-anjomni bir arqonga bogʻlabdi. Otasini oʻng kiftiga, onasini chap kiftiga koʻtarib, huv-yo manhu, — deb bir choʻl-biyobonga joʻnab ketibdi. Koʻp yoʻl yuribdi, yoʻl yursa-da, moʻl yuribdi. Bir daryoning labiga yetib kelibdi.U yer turli mevalar bilan toʻla, olmalar pishgan, tagiga tushgan, bir jannatmakon yer ekan. Bola ota-onasidan:— Shu yerda yashaymizmi?

— deb soʻrabdi. Ular rozi boʻlishibdi.Oʻsha oqshom bolaning otasi qattiq kasal boʻlib oʻlibdi. Bola otasini kafanlab, goʻr qazib koʻmibdi. Oʻzi esa otasining goʻriga goʻrbon boʻlib yotibdi. Yarim kecha boʻlganda bir bahaybat dev kelib otasining goʻrini timdalayveribdi, aqqa-baqqa tuprogʻini otibdi. Botir oʻrnidan turib:— Sen qanday bahaybat jondor, oʻlik bilan nima ishing bor. Men bilan gaplash, — debdi. Dev quloq solmay goʻrni kavlayveribdi.

Shu choq botirning achchigʻi kelib, qoʻliga bir katta tosh olib devni quvlab ketibdi. Dev qochibdi, bola quvlayveribdi. Borib-borib dev bir baland togʻning tagidagi gʻorga kirib ketibdi. Botir ham gʻorga kiribdi. Qarasa, gʻorning ichida qirq uy bor emish. Hammasiga tilla qulf urilganmish. Qirq uyning kaliti bir mushukning boʻyniga taqilgan emish.Botir mushukni avaylab ushlab olibdi. Kalitdan bittasini olib, bir xonani ochibdi.Qarasa, dunyodagi hamma narsadan bor emish.

Uyni qulflab qaytib chiqib, gʻorning ogʻzini bir tosh bilan bekitib, onasining oldiga boribdi. Borsa, onasi uxlab yotgan emish. Nima boʻlganini, koʻrganini aytmasdan, onasini yelkasiga koʻtarib gʻorga qarab joʻnabdi. Gʻorning ogʻzini ochib. onasi bilan ichkari kiribdi.

— Ona, shu yerda yashaymiz, — deb onasini qoʻyib, oʻzi otxonadan bir ot olib minib, shikorga chiqib ketibdi.

Oradan bir necha oylar oʻtibdi. Botir bir kun ovdan kelayotsa, yoʻlda bir chaqaloq yigʻlab yotgan emish.Botir onasining oldiga kirib:— Bir chaqaloq yigʻlab yotibdi.

Shuni senga olib kelib bersam, boqib katta qilib berasanmi, u senga hamroh boʻlar edi, — deb maslahat qilibdi. Bu chaqaloqni onasining oʻzi tugʻgan ekan. Bola erining goʻrini kavlagan devdan boʻlgan ekan. Oʻgʻlidan qoʻrqib, u keladigan yoʻlga yotqizib qoʻygan ekan.Kundan-kun, oydan-oy oʻtib, bola yoʻrtma boʻlibdi. Devni Botir ovga ketgan vaqtda onasi choʻyan sandiqqa solib qulflab qoʻyar ekan. Haligi yoʻrtma boʻlib qolgan bola “Ota, ota, sandiqdan baqqa chiq”, — deb chaqiribdi.Akasi fahmlab:— Ona, bu sandiqda nima bor?

— deb sandiqni bir urib uch boʻlak qilib tashlabdi. Ichidan dev chiqib botir bilan olishib ketibdi. Bola devni yiqitib goʻshtini maydalab, terisidan bir tasma olib, beliga bogʻlab, onasini ham, dev ukasini ham tashlab “hayo-hu, man-hu”, deb chiqib ketibdi. Botir koʻp yoʻl yuribdi, yoʻl yursa ham moʻl yuribdi. Bir choʻlga — bir ravotga yetib boribdi. Ravotning bir chekkasiga otini bogʻlab, aqqa-baqqa qarab, quloq solsa, ravotning ichidan odam tovushi chiqayotgan emish. Bu joy gʻirt oʻgʻrilarning makoni ekan.

Oʻgʻrilar suhbat qilib, “Bizlar koʻp kishimiz. Oramizda birorta mullabachcha yoʻq”,— deb turgan ekan. Bu soʻzni botir eshitib, oʻzini mulla qilib koʻrsatibdi:— Assalomu alaykum, — deb ularning oldiga kirib boribdi.

— Agar saloming boʻlmasa, ikki yamlab bir yutardik, — deb oʻgʻrilarning kattasi gap soʻrabdi. Botir:— Men falon shaharda mullabachcha edim, koʻp turdim, dunyoning boshqa yoqlarini ham koʻray deb sayohatga chiqib, shu yerlarga kelib qoldim, — deb javob beribdi.

— Tilagimiz shu edi, — deb oʻgʻrilar suyunib ketibdi. Botir bular bilan yuraveribdi.Endi gapni gʻordagi onasi bilan ukasidan eshiting. Ukasi katta boʻlib, aqlini tanigandan keyin, onasiga gʻazab bilan:— Mening otam, akam, hech kishim yoʻqmi?

— deb soʻrabdi. Onasi:— Bir qoshiq qonimdan oʻtsang aytaman, — deb hikoya qila boshlabdi.

— Sening bir odamzod akang bor edi. Juda badjahl botir edi. Seni men devdan tugʻgan edim, otangni choʻyan sandiqqa solib qulflab qoʻyar edim.

Bir kun sen borib: “Ota, ota sen baqqa chiq”, deb chaqirganingda akang, sandiqni urib sindirib, otangni oʻldirib, oʻzi chiqib ketgan.Bu soʻz bolaga taʼsir qilib:— Boʻlmasa, men ham akamni axtarib boraman,— deb otxonadan ot olib, akasining libosiga oʻxshash libosni kiyib ketidan joʻnabdi. Bola yura-yura akasi turgan ravotga yetibdi. Borsa, oʻgʻrilar yoʻq ekan, salom berib kiribdi, akasidan hol-ahvol soʻrab tanishibdi. Birozdan keyin, akasi:— Uka, sen mening oʻrnimda mullavachcha boʻlib, mening xizmatimni bajaraver, men mamlakatning yana boshqa yeriga boraman.

Lekin bir boʻrtma shartim bor: hujraga ikki tovoq osh qoʻydim, kuniga uch marta xabar ol, osh aynimasa men sogʻ boʻlaman. Oshning biri qonga, biri yiringga aylansa, mening ketimdan albatta bor. Oʻshanda sen menga yaraysan, deb joʻnab ketibdi.Botir yura-yura bir qishloqqa yetibdi. Katta koʻchada boʻlayotgan bazm, toʻpolon ustidan chiqibdi. Botir bir kishidan soʻrasa, shu shahar podshosining toʻyi ekan. Toʻy ekan-da, deb Botir oʻtib ketaveribdi. Botir koʻp yoʻl yurgandan keyin bir shaharga yetib boribdi.

Bu shaharda katta va kichik hamma yigʻlar emish. Botir oʻzicha oʻylab: “Bu qanday hodisa, u shaharda oʻyin-kulgi, bu joyda yigʻi-sigʻi”, deb bir kampirdan soʻrabdi.Kampir:— Hu togʻda bir ajdarho bor, har oqshom bir kishini yutadi. Bu oqshom podshohimizning birdan-bir qizini yutmoqchi.

Shuning uchun hamma shahar xalqi yigʻi-sigʻida, — debdi.

Shunda botir:— Ajab qiziq, shuncha xalq bitta ajdarhodan qoʻrqib, bitta odam yutqizasizlarmi?

— deb kampirga qarab kulibdi. Kampir:— Boshingga tushsa, shunda bilasan, — deb javob qaytaribdi. Botir oʻsha ajdarho turgan tepaga qarab yoʻl olibdi. Yoʻlda oʻlib yotgan eshakni koʻrib qolib oʻz kuchini sinash uchun eshakning dumini tortibdi. Eshak dumi qoʻliga uzilib chiqibdi. “Sen kerak boʻlib qolarsan”, deb dumni olib borayotsa, podshohning qizi ajdarhoning yoʻlida turgan ekan. Qiz yigitni koʻrib:— Hoy yigit, kelma, juvonmarg boʻlasan”,— deb qichqiribdi.

Yigit “Botir kishi ajdarhodan qoʻrqadimi”, deb qilichini yalangʻochlab, qizning oldiga boribdi. Qiz bilan xayrlashib:— Men charchaganman, bir uxlab olay, — deb qizning tizzasiga boshini qoʻyib, qattiq uyquga ketibdi. Ajdarho kelar mahal boʻlib qolibdi. Ajdarho damiga torta boshlabdi, togʻ-toshlar titrab, larzaga kelib, toʻpolon boʻlibdi. Qiz yigitni asta uygʻotibdi. Botir hech uygʻonmabdi.

Shu chogʻ qiz yigʻlab turgan ekan, bir tomchi koʻz yoshi yigitning yuziga tomibdi, yigit seskanib uyqudan turibdi. Qarasa, vahimasi zoʻr ajdarho kelayotgan ekan. Yigit ajdarhoning yoʻlini toʻsib turibdi.Ajdarho yigitni damiga tortgan ekan, yigit oʻrnidan qimirlamabdi. Ajdarho: “Bunday zoʻr kishini shu yoshga kirgunimcha koʻrganim yoʻq edi”, deb vahimaga tushibdi. Ajdarho tantilik uchun yigitning oldiga kelibdi. Yigit: “Mening bir shartim bor, ajdarho.

Shuni bajarsang, meni yutarsan. Menga oʻz yungingdan bitta yulib berasan, joning ogʻrimasa, meni yutasan”, debdi. Ajdarho “Ha, xoʻp”, deb koʻp azob bilan bir tukidan olib botirga beribdi. “Hali sening bergan tuking shumi”, deb qoʻltigʻidagi eshak dumini ajdarhoga otibdi. Ajdarho qoʻrqib keyinga chekinib, qochayotganida botir qilichi bilan urib uch boʻlak qilib, ajdarhoning dumini qizning qoʻliga olib kelib beribdi.Yigit qizga qarab:— Sen meniki, men seniki,— deb vaʼdalashibdi. Yigit:— Sening otang toʻy qilmoqchimi?

— desa, qiz:— Mening bir shartim bor, kimki shu shartimni bajarsa, shunga tegaman, — deb joʻnab ketibdi.Yigit bir sarhovuzning boʻyida dam olib yotibdi. Podshoh qizimning oʻlik-tirikligi xabarini kim olib kelsa, tirik boʻlsa ham qizimni beraman, ham oʻz oʻrnimga podshoh qilaman, — deb jarchi qoʻydiribdi. Hech kim ajdarho qoshiga qoʻrqib bormas emish.

Shunda bir mard kal bor ekan:— Men boraman, — deb joʻnab ketibdi. Qoʻrgʻonga borsa, qiz sogʻ-salomat oʻynab-kulib oʻtirgan ekan. Kal qizdan soʻrabdi:— Dahshatli ajdardan qanday qutulding?

— Meni bir azamat botir yigit kelib qutqardi, — deb javob beribdi. Kal:— Ishonmayman, bu yolgʻon, — debdi.

Shunda qiz:— Ishonmasang, mana ajdarhoning dumi, — deb kalning oldiga tashlabdi. Kal dumni olib qochibdi. Kal podshoh oldiga borib:— Mana men ajdarhoni oʻldirib keldim, — deb oʻzini maqtabdi.Podshoh suyunib qirq kecha-yu qirq kunduz toʻy-tomosha qilib qizni kalga bermoqchi boʻlibdi.Toʻy boshlanib, tamom boʻlar oqshomi qiz otasidan:— Meni kimga beryapsizlar?

— deb soʻrabdi. Podshoh:— Seni falonchiga beryapman,— deganda, qiz:— Mening bir shartim bor, kim shu shartimni bajarsa, oʻshanga tegaman: Kimdaki, qirq daraxtni tomiri bilan qoʻporib olib boshqa joyga oʻtqazsa, daraxtning uchiga nosqovoqni osib, oʻq yoy bilan nos qovoqni sindirsa, oʻsha kishiga tegaman, — debdi.Podshoh xavflanib hammayoqqa yana jarchi qoʻyib: “Kim shu shartlarni bajarsa, oʻsha kishiga ham qizimni, ham taxtimni beraman”, — debdi.

Hech bir azamat bu shartlarni bajara olmabdi.Podshoh vazirlaridan: “Shaharda hech kim qolmadimi?”— deb soʻrabdi. Vazirlardan biri: “Hovuzning boʻyida bir nomaʼlum yigit yotibdi, faqat shu kishi qoldi”,— debdi. Podshoh:— Chaqirib kelinglar, — deb buyuribdi. Yigitni olib kelibdilar.Shartni unga tushuntiribdilar. Qirq daraxtni tomiri bilan sugʻurib olib boshqa bir joyga oʻtqazibdi-da, uchiga nosqovoqni bogʻlab, oʻq yoy bilan urib, nosqovoqni sindiribdi.

Podshoh oʻz vaʼdasida turib, qizini haligi botir yigitga beribdi.Yarim kechada botir dalaga chiqsa, oy ikki tomondan chiqqan emish. “Tahsin, xosiyat”, deb qizdan soʻrabdi.

— Oyning bittasi oy, bittasi qoʻshni podshohning qizi. U yerga odam borsa oyogʻi, qush uchsa qanoti kuyadi, u yerga hech qanday maxluq borolmaydi. Kim borsa, oʻsha qizni yiqitsa, oʻsha yigitga tegadi — sharti shu, — deb javob beribdi xotini.

— Boʻlmasa men boraman, — deb botir u yerdan joʻnab ketibdi. Botir u shaharga bora solib haligi qiz bilan olishibdi. Uch kun olishib qiz yigitni yiqitibdi. Oʻldirmoqchi boʻlib boʻgʻa boshlabdi.

Shu payt podshoh xabardor boʻlib yetib kelibdi.Bu yigitni oʻldirma, bu koʻp zoʻr yigit ekan, — deb yigitni qizi qoʻlidan ayirib olib zindonga tashlabdi.Endigi gapni oʻgʻrilar qoʻlidagi Mullabachcha ukasidan soʻrang. U akasining shartini qilib, hujrasidagi oshga kuniga uch marta qarar ekan. Bugun kirib qarasa, oshning biri qonga, biri yiringga aylanibdi. “Obbo, akam yomon ahvolga tushibdi”, deb otlanib izidan joʻnab, akasi xotin olgan shaharga boribdi.

Bu ham akasiga oʻxshar ekan.Podshohning dargohiga borib, oʻzini bildirmay akasi xotinining hujrasiga kiribdi.Qiz “Bekorga borib, ovora boʻlib keldingiz”, deb gap ochib sir bildiribdi. Yigitning ukasi fahmlasa, shu ayol akasining xotini ekan. “Xoʻp” deb oʻsha kuni yotib bir tush koʻribdi. Tushida akasi juda yomon ahvolga tushib qolgan emish. Oʻngida oʻsha tomonga qarab yoʻl olibdi. Borsa, qiz birdan yigit bilan olisha ketibdi.

Olti kecha, olti kunduz olishgandan soʻng botirning ukasi devbachcha qizni agʻdarib yiqitib, sochi bilan uni boʻgʻa boshlabdi. Birdan podshoh bu ishdan xabardor boʻlib, qizni ayirib olibdi. “Botir akamni topib ber”, deb podshohga gʻazab solibdi. Podshoh botir yigitni zindondan chiqartiribdi. Qirq kecha-yu qirq kunduz toʻy qilib kenja botirga oʻz qizini berib, oʻz oʻrniga podshoh qilibdi. Botir akasi esa, oʻzi sevgan yori bilan topishib murod-maqsadiga yetibdi.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!