Uzoq zamonlarda Buxoro elatida bir podsho boʻlgan ekan, uning Erkajon degan oʻgʻli bor ekan. Podsho oʻgʻlini juda yaxshi koʻrar ekan. Usiz tomogʻidan ovqat oʻtmas, koʻziga uyqu kelmas ekan. Podsho oʻgʻlini oʻz oʻrniga taxtga ega qilish uchun jami hunarlarni oʻrgatgan ekan. Unga atab shohona kiyimlar tiktirgan va yaxshi bir toy olib bergan ekan. Erkajon toyini shu qadar yaxshi koʻrar ekanki, hatto egar-qashovini ham birovga ishonmas ekan.Erkajon oʻn besh-oʻn olti yoshga kirganda onasi oʻlibdi, podsho boshqa xotin olibdi.
Bu xotin oʻz oʻgʻillarini ham ketida ergashtirib kelibdi, oʻgay ona Erkajonning boshiga koʻp azob-uqubatlar solibdi. Shohning oʻrniga oʻz oʻgʻillaridan birortasini taxt-u baxt egasi qilmoqchi boʻlibdi.
Lekin oʻrtada Erkajon bor. Oʻgay ona Erkajonni yoʻqotmoqchi boʻlibdi. Unga ikki-uch marta nonga zahar qoʻshib berganida, toyi kelib yedirmabdi. Buni koʻrgan oʻgay ona toyni yoʻqotmoqchi boʻlibdi.
Lekin hech ilojini topa olmabdi, podshoning gʻazabidan qoʻrqibdi.Kunlarning birida podsho vafot etibdi. Oʻgay ona buni Erkajonga bildirmasdan har kungiday maktabiga yuboribdi. Erkajon maktabga ketayotganida toycha kishnabdi va Erkajonga qarab: “Bugun meni soʻyishmoqchi, mening goʻshtim onangning kasaliga davo emish.
Sen maktabdaligingda bir kishnasam, meni soʻyishga taraddud qilayotgan boʻladilar, ikkinchi marta kishnasam qassob mening oyogʻimni bogʻlayotgan boʻladi, uchinchi marta kishnaganimda yetib kelmasang, boʻgʻzimga pichoq qoʻyiladi; unda kech boʻladi. Agar yetib kelsang, onangdan: “Men bir shohona kiyimlarni kiyib, sevimli toyimni oxirgi marta minay”, deb soʻraysan va u yogʻini mening ixtiyorimga qoʻyasan”, debdi. Erkajon bu gapdan xafalanib, maktabga boribdi.
Oʻqib oʻtirganida toy bir kishnabdi, buni eshitgan Erkajon muallimidan tashqariga chiqib kelishga javob soʻrabdi, muallimi javob bermabdi, toy ikkinchi marta kishnaganda yana javob soʻrabdi, muallimi yana javob bermabdi. Erkajon chiday olmasdan, tez chopib uyga kelibdi. U uyga kirishi bilan toy uchinchi marta kishnabdi. Erkajon pichoq qayrayotgan qassoblardan va onasidan soʻymaslikni soʻrab, yolvorib yigʻlabdi. Johil onasi unga quloq solmasdan qassoblarga tezda soʻyishni buyuribdi.
Bola qassobning qoʻlini ushlab yigʻlaganda, uning rahmi kelib, toyiga oxirgi marta minishga ijozat beribdi, toyiga ham yaxshi egar urib, anjomlar bilan bezabdi. U minishi bilan toy saroyning baland devorlari ustidan uchib oʻtibdi va uzoq bir joyga borib tushibdi. Soʻng Erkajonga: “Oʻgay onang avval meni, keyin seni oʻldirmoqchi edi.
Endi sen xatardan qutulding, qachon mening yordamim kerak boʻlsa, mana shu yolimdan bittasini kuydirsang, tezda yetib kelaman”, deb yigitning koʻzidan gʻoyib boʻlibdi.Erkajon uzoqda koʻringan bir chaylaga boribdi, unda bir nuroniy chol gul butoqlarini kesib yurgan ekan. Cholning oldiga borib, odob bilan salom beribdi, chol undan kimligi va qayerdan kelganligini soʻrabdi. Erkajon cholga shahzodaligini bildirmay: “Bir kimsasiz bechoraman”, debdi.
Cholning unga rahmi kelib, oʻz yonida qolishini soʻrabdi, yigit bunga jon-dili bilan rozi boʻlib, gulbutalarga, qovun-tarvuzlarga qarashib yuribdi.Yigit kelib tushgan elat podshosining uch qizi bor ekan. Ular bir-biridan goʻzal ekan-u, lekin hali baxtlari ochilmagan ekan. Har kuni erta bilan chol shu uch qizga bir savat gul eltib berar ekan. Yigit bir kuni bir dasta gulni cholga bildirmay, savatga qoʻyib yuboribdi. Podshoning kichik qizi gullar orasida choldan boshqa kishi tomonidan yuborilgan guldastani koʻrib qolibdi.
Kunlarning birida qiz ikki opasi bilan cholning bogʻiga kelibdi.
Shunda u kiyimlari bir holatda boʻlsa hamki, qaddi-qomati kelishgan, chiroyli yigitni koʻrib, choldan kimligini soʻrabdi. Chol ham koʻp oʻylamasdan, “Bir yetimcha qul-da, ishlarimga qarashib yuradi”, deb javob qaytaribdi. Qiz oʻzicha, “Oʻzi qul boʻlsa ham qoʻllari gul, mehnatsevar ekan”, deb oʻylabdi. Qizlar kechgacha oʻynab-kulib, bogʻlardan gullar terib boʻlganlaridan keyin qaytmoqchi boʻlibdilar va choldan bittadan yaxshi qovun tanlab berishni soʻrabdilar, shohning kichik qizi yigitdan bir qovun tanlab berishni soʻrabdi.Shunday qilib uch qiz uch qovunni koʻtarib uyga qaytibdilar.
Shohning katta qizi qovunini otasiga beribdi. Otasi soʻyib koʻrsa, bemaza ekan, soʻngra oʻrtancha qizi uzatibdi, bu qovun ham bemaza chiqibdi. Oxiri kichik qizi uzatgan ekan, otasi unga qarab:— Opalaringning qovunini yeb maza topmadim, seniki nima boʻlar edi, — deb olgisi ham kelmabdi.
Lekin qizining xafa boʻlganini koʻrib qovunni olib soʻyibdi. Qarasa, juda shirin ekan. Shoh qizlari chiqib ketgach, boʻlgan voqeani vaziriga gapirib beribdi, vazir shohga qarab:— Ikki katta qizingizni erga berish vaqti oʻtibdi, kichik qizingizning vaqti yetibdi, — debdi. Shoh vazirining gapini toʻgʻri topibdi va qizlarini erga berish toʻgʻrisida maslahat soʻrabdi.Shoh odil shoh ekan, mol-davlati oʻziga yetib ortar ekan.
Shuning uchun uni davlatmand kuyov emas, baxtli kuyov qiziqtirar ekan.Tez orada shaharning oʻrtasida bir chortoq qurib, atrofiga qimmatbaho pardalar tutib bezatibdi. Ustiga qizlarini chiqarib oʻzlariga kuyov tanlashni soʻrabdi. Shaharning butun yigitlari bitta-bitta shu chortoq yonidan oʻtibdilar. Shohning katta qizi qoʻlidagi olmasini bir savdogarning oʻgʻliga otibdi, oʻrtancha qizi olmani bir amaldorning oʻgʻliga otibdi, kichik qizi esa hech kimga otmabdi.
Buni koʻrgan shoh kishilardan yana shaharda kim qolganligini soʻraganida, ular qovun boshidagi bir koʻrimsiz uvada kiygan quldan boshqa hech kim qolmaganligini aytibdilar. Shoh tezda olib kelishni buyuribdi. Hech gapdan xabarsiz boʻlgan yigit chortoq yonidan oʻtayotganida boshiga bir olma kelib tegibdi, buni koʻrgan shoh, qizim oʻylamay qilayotgandir, deb ikkinchi marta oʻtkazishni buyuribdi. Unga qiz yana olma tashlabdi, shoh oxiri koʻnishga majbur boʻlibdi.Podsho qirq kecha-kunduz toʻy-tomosha qilib, uch opa-singilni erga beribdi.
U ikki kuyovidan rozi, lekin uchinchi kuyovi uchun ikki qizidan koʻp taʼna eshitibdi. Xafa boʻlib, oxiri kichik qizi bilan kuyovini ikki katta qizidan ajratib, uzoq joyga eltib joylashtiribdi. Kunlarning birida podsho ikki kuyoviga shikorga chiqib bittadan qush otib kelishni buyuribdi. Ikki kuyov yaxshi otlarda, shohona kiyimlarda shahar oʻrtasidan oʻtib ketibdilar. Shohning kichik qizi buni koʻrib, eriga: “Siz ham ularga qoʻshilib borsangiz-chi, qush olib kelib otamga maʼqul boʻlardingiz”, debdi.
Yigit oldin unamabdi, soʻngra chiqishga rozi boʻlibdi. Shahar oʻrtasidan qirchangʻi otda oʻtib ketayotganida uni koʻrgan kishilar kulibdilar. Yigit shahardan chiqib, toyning yolini kuydiribdi, tezda toyi yetib kelibdi. Yigit podshoning qush ota olmay charchab kelayotgan ikki kuyovi oldiga kelibdi-da, boshlari ustida uchib yurgan qushlardan ikkitasini otibdi, boshini kesib, tanasini ularga tashlab ketibdi. Ular qushlarni shahardan tantana bilan olib oʻtibdilar va shohga beribdilar.
Shoh ularga minnatdorchilik bildiribdi.Endi gapni shohning kichik kuyovidan eshiting.U yana oʻsha choʻloq otida, ikki qushning boshini irga bogʻlab, yelkasiga tashlab kelibdi. Buni koʻrgan kishilar yana kulibdilar.Erkajonning qaynatasi bilan uning ona yurtidagi podsho bir-biriga yov ekan.
Oradan koʻp oʻtmay bu yurtga dushman podsho oʻz lashkarlari bilan bostirib kelibdi. Podsho lashkari bilan ikki kuyovini jangga yuboribdi. Jang boshlanibdi. Erkajon yana bir oʻzi choʻloq oti bilan jangga chiqayotganda, boshqalarga kulgi boʻlibdi. U jang maydoniga yetar-yetmas otining yolini kuydiribdi. Koʻz ochib-yumguncha toyi yetib kelibdi. Erkajon shohona kiyimlarni kiyib, toyiga minib, jangga kiribdi. Dushman lashkarini bir boshdan qirishga tushibdi, podshoning ikki kuyovini oʻlimdan qutqaribdi.
Bir joyga borsa, podshoning bir oʻziga oʻgay onasining ikki oʻgʻli hamla qilayotgan ekan, tezda yetib borib, ularni oʻldiribdi. Erkajon ular bilan olishayotganida qoʻliga shamshir tekkan ekan. Podsho uning yarasini boshidagi sallasi bilan bogʻlabdi. Dushman yengilgach, yigit yana koʻzdan gʻoyib boʻlibdi. Podsho ikki kuyovi bilan yigitni koʻp axtaribdi va topa olmaganiga achinib, eliga qaytibdi. Xalq uni gʻalaba bilan qutlabdi.
Saroyga bora turib yoʻlda kichik qizinikiga kiribdi, uyga kirgach, uning sallasi bilan qoʻli bogʻliq yotgan yigitni koʻribdi va kichik kuyovi ekanligini bilib, uni quchoqlabdi.Oradan koʻp vaqt oʻtmay, Erkajon oʻz eliga qaytibdi, oʻgay onasi va oʻgʻillari dastidan azob chekkan xalqlarga ozodlik beribdi va otasining oʻrniga podsho boʻlib murod-maqsadiga yetibdi.