Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, bir zamonda Qilich botir degan bir polvon bor ekan.
Kunlardan bir kun Qilich botir safarga chiqibdi. Bir necha kun yurgandan keyin bir odamga duch kelibdi.Bu odam Qilich botirga:— Yoʻl boʻlsin, ogʻayni,— debdi, Qilich botir unga:— Men Oqbilak oyim oldiga boraman, sen nima qilib turibsan bu yerda?
— deb soʻrabdi.Qilich botirga uchragan odam boʻzchi ekan, u:— Shu tomonda Qilich botir degan bir polvon chiqqan emish. Oʻsha bilan kurashmoqqa chiqib turibman, — debdi.Qilich botir:— Kel boʻlmasa, men ham Qilich botir bilan birga yurgan edim, men bilan bir bel ushlashib qoʻy, — degan ekan, boʻzchi:— Xoʻp boʻlmasa, bir kurashib olaylik,— debdi.
Shu bilan ikkalasi kurash boshlabdi. Koʻp vaqt oʻtmabdi. Qilich botir boʻzchini koʻtarib yerga uribdi.Boʻzchi oʻrnidan turib Qilich botirga:— Kuchingga qoyilman.
Endi senga doʻst boʻlay,— debdi. Qilich botir boʻzchiga ikki dona naycha bera turib:— Mana bu naychalarni ol. Agar biridan qon tomsa, begʻam boʻl, biridan zardob tomsa, tezda qanot bogʻlab, orqamdan uchib yet, — deb yoʻlga tushibdi.Bir qancha yoʻl yurgandan soʻng yana bir odamga duch kelibdi. Bu odam temirchi ekan. Bu ham:— Ha yigit, yoʻl boʻlsin?
— deb soʻrabdi. Qilich botir unga:— Men Oqbilak oyim oldiga bormoqchiman. Xoʻsh, nima uchun sen bu yerda turibsan?
— debdi.Haligi odam Qilich botirga:— Qilich botir degan bir pahlavon kelayotgan emish, shu bilan kurashmoqqa chiqib turibman,— debdi. Qilich botir:— Men ham Qilich botir bilan birga yurgan edim, agar kurashmoqchi boʻlsang, avval men bilan kurashib koʻr, — debdi.
Shunda temirchi:— Kel boʻlmasa, kurashaylik, —deb Qilich botir bilan bel ushlashibdi. Qilich botir temirchini ham yiqitibdi.
Keyin uni oʻrnidan turgʻazib qoʻyibdi. Bunga ham ikki dona naycha beribdi: biridan qon, biridan zardob tomishini, qon tomsa, begʻam boʻlish, zardob tomsa, orqasidan uchib yetish kerakligini aytib, “Bitta eding, ikkita boʻlding, oʻzim bilan uchta boʻldik”,— deb yoʻlga tushibdi.Yoʻl yurib, yoʻl yursa ham moʻl yurib, oxiri bir qishloqqa yetibdi. Bu qishloqda bir suvchi bor ekan, u ham yoʻlga chiqib turgan ekan. Qilich botir u bilan ham soʻrashib, ikkisi kurashibdi. Qilich botir uni ham yiqitibdi. Bunga ham haligi naychadan ikki dona beribdi: “Sen bilan uchta boʻldik, oʻzim bilan toʻrtta boʻldik, toʻrtovimiz ham bir kishi.
Shu naychaning biridan qon tomsa, begʻam boʻl, biridan zardob tomsa, tezda yetib bor”, deb yoʻlga tushibdi. Yurib-yurib sahroda bir gala qoʻy boqib yurgan choʻponga duch kelibdi, u bilan soʻrashib boʻlib:— Bu qoʻylar kimniki?
— deb soʻrabdi. Choʻpon unga:— Oqbilak oyimniki, — deb javob beribdi. Qilich botir:— Oqbilak oyim qayerda? Siz bilasizmi, unga yetish yoʻli bormi?
— deb soʻragan ekan, choʻpon:— E azamat yigit, sizga oʻxshagan boʻz yigitlar, shahzodalar uni kelib ololmay, oʻzlarini nobud qilishdi. Koʻrdingizmi, hov anavi qoʻrgʻon sizga oʻxshaganlarning kallalaridan yasalgan. Siz qanday qilib u yerga bora olasiz?
— debdi.Qilich botir biroz oʻylab turib:— Men albatta boraman, buning uchun nima qilish kerak?
— deb soʻrabdi. Choʻpon javob beribdi:— Siz bozorga borib, bir xurjunning ikki koʻzini toʻlatib kishmish oling. Oqbilak oyimning bir oti bor, u kishmish yeydi. Agar Oqbilak oyimning oldiga biror kishi kirsa, oti kishnab yuboradi. Oqbilak oyim uydan chiqib, kelgan kishining kallasini qilich bilan uzib tashlaydi.
Endi siz shunga bir hiyla qilasiz: uzoqdan yer tagini kavlab borib, xuddi ot turgan joyning tagidan chiqasiz. Bir bordon olasiz. Haligi kishmish bilan birga bordonni olib kelib, teshikning ogʻziga keltirib qoʻyasiz. Kechasi boʻlganda teshikdan chiqib, bordonni teshik ogʻziga tortib, oʻzingiz panada turasiz, buni otga bildirmaysiz, agar buni ot bilib qolguday boʻlsa, sizni pachoq-pachoq qilib yuboradi.
Oqbilak oyim uxlagan vaqtida darrov chiqib, kishmishni ot oxuriga solasiz, shu bilan Oqbilak oyimni qoʻlga kiritasiz.Qilich botir choʻpon bilan xayrlashib, uning aytganlarini birma-bir bajarishga kirishibdi: yerni kavlab borib, otning oxuri yonidan chiqibdi. Otga bildirmasdan, bordonni teshik ogʻziga yopmoqchi boʻlib turganda, ot sezib qolib, birdan kishnab yuboribdi. Buni eshitgan Oqbilak oyim yotgan yeridan tura solib ot yoniga kelibdi:— Ha, jonivor, nima sir bor, kishnab yubording?
— deb otning boshini silabdi, u yoq-bu yoqni koʻzdan kechiribdi, hech narsaning sharpasini sezmagandan keyin, qaytib ketibdi.
Endigina koʻzi uyquga ketgan paytda ot yana kishnabdi. Oqbilak oyim yana chiqibdi. Qarasa, hech gap yoʻq emish.
Keyin:— Sen muncha kishnayverding, uyqumdan bezovta qilding!
— deb otga bir-ikki qamchi urib, soʻngra ichkariga kirib uxlab qolibdi.
Shunda Qilich botir birdan chiqib, otga kishmish solibdi. Ot kishmishni yeya boshlabdi. Qilich botir sekingina uyga kirib qarasa, Oqbilak oyim uxlab yotgan ekan. Tezdan uning boshi tevaragiga qirqta qoziq qoqib, qirq kokilini qoziqlarga bogʻlab qoʻyibdi. Bir vaqt Oqbilak oyim uyqudan koʻzini ochib qarasa, tepasida bir yigit tikilib oʻtirgan emish. Oqbilak oyim Qilich botirga qarab:— Ne uchun kelding? Menda nima qasding bor? Oʻrnimdan tursam, kallangni olaman!
— deb qattiq intilibdi, lekin kokillari qoziqlarga bogʻlangani uchun oʻrnidan turolmabdi va Qilich botirning tadbiriga qoyil qolibdi.
Soʻngra yigitga taslim boʻlibdi, shu bilan ikkovlari birga yashay boshlabdilar.Qilich botir haligi otni minib, ovga chiqib yuribdi.
Oradan bir necha yil oʻtibdi. Har qanday podshoh sovchi yuborsa ham, Oqbilak oyim aslo unamabdi. Axiri Qoraxon degan podshoh sovchilikka bir kampirni yuborib, unga:“Agar oʻsha qizni keltirsang, boʻying barobar oltin beraman”, debdi.Kampir eshakka minib, yoʻlga tushibdi. Qilich botirning ovdan qaytadigan yoʻli ustiga borib, eshakning bir oyogʻini urib sindiribdi-da, oʻzi bir chekkada yolgʻondan yigʻlab oʻtiraveribdi. Sal oʻtmay, Qilich botir ovdan qaytibdi. Kampir qilich botirga yalinib, hoʻng-hoʻng yigʻlabdi, eshakning oyogʻini koʻrsatib:— Bolam, menga rahm qil, bu odamzod yoʻq choʻl-biyobonda qolib ketib, halok boʻlmay, — debdi.
— Qilich botirning kampirga rahmi kelib, uni orqasiga mingashtirib uyga olib ketibdi. Oqbilak oyim erining shu ishiga juda achchigʻlanibdi va erini pana joyga chaqirib olib:— Bu shum kampirni nega keltirdingiz? Boshimizni yeydi-ku!
— degan ekan, Qilich botir:— E buning qoʻlidan nima kelardi deysan. Qaytaga senga dalda boʻlib oʻtiradi, ogʻiringni yengil qiladi, — debdi.Kampir Oqbilak oyimga xizmat qilib yuraveribdi.
Kunlardan bir kun kampir Oqbilak oyimdan soʻrabdi:— Bolam, Qilich botirning joni qayerda boʻlarkin, bilasizmi? Buni bilib olsangiz, yomon boʻlmas.Oqbilak oyim:— Qanday soʻrasam ekan?
— desa, kampir:— Kechqurun botir kelganda, unga roʻyxush bermasangiz, aytadi. Ana shu bilan bilasiz-qoʻyasiz, — debdi.Kechqurun Qilich botir ovdan kelibdi. Oqbilak oyim Qilich botirga roʻyxush bermabdi, otiga ham qaramabdi: bir burchakda toʻmtayib oʻtiraveribdi.Xotinini bu ahvolda koʻrgan Qilich botirning dili siyoh boʻlib, oʻzini qayoqqa urishini bilmabdi.
Keyin sabrsizlanib, Oqbilak oyimdan soʻrabdi:— Nega xafasiz, jonim? Nima boʻldi sizga?
— Shu choqqacha men sizning hech bir nishonangizni bilmayman.
— Xoʻsh, qanday nishonamni?
— Sizning joningiz qayerda turadi?Qilich botir aytmaslikka urinsa ham, hech iloj boʻlmabdi. Axiri noiloj boʻlib:— Mening jonim qilichimda, qilichsiz asti yurolmayman, — debdi.Oqbilak oyim yoshlik qilib, bu sirni oʻsha ondayoq makkor kampirga yetkazibdi.Shum kampir ich-ichidan quvonib, oʻzicha “hmm, murodimga yetar kunim ham bor ekan-a!” debdi.
Ammo sir-boy bermaslik uchun Oqbilak oyimga:— Qoʻying-ye, bolam, bu gapingizga ishonmayman. Sira ham ishonmayman. Eringiz sizni aldagandir. Qani boʻlmasa, botir erta bilan ovga ketishida qilichini olib qoʻying-chi, nima boʻlar ekan?
— debdi.Ertalab Oqbilak oyim eridan qilichini tashlab ketishini soʻrabdi.Qilich botir xotinini xafa qilmaslik uchun qilichini zoʻrgʻa beribdi va otlanib, ovga chiqib ketibdi.Kampir darrov qilichni tosh bilan bukib, soyga tashlabdi. Xuddi shu paytda Qilich botir yoʻlda yiqilib qolibdi. Kampir tezdan yogʻoch ot yasabdi: oʻng qulogʻini burasa, ucharmish, chap qulogʻini burasa, tusharmish. Yogʻoch otni minib, u yoq-bu yoqqa uchirib, Oqbilak oyimni aldash payiga tushibdi.
— Bolam, siz ham minib boqing-chi, qanaqa boʻlarkin. Bahona bilan hamma yoqni tomosha qilib kelasiz,— debdi.Makkor kampir Oqbilak oyimni orqasiga mingashtirib, uchib ketibdi: bir zumda Qoraxon podshohning shahriga yetibdi. Oʻrdaga borib, podshohga taʼzim qilib:— Shohim, mana, xizmatingizni ado qildim: Oqbilak oyimni olib keldim,— debdi.Qoraxon podshoh kampirga koʻtarganicha tilla berib joʻnatibdi.
Keyin qirq kecha-yu qirq kunduz toʻy-tomosha qilibdi.Endigi soʻzni Qilich botirning safarda uchratgan oshnalaridan eshiting.Birdaniga haligi boʻzchi, temirchi va suvchining naychalaridan zardob toma boshlabdi. Bular tezlik bilan Qilich botirning holidan xabar olgani kelibdilar. Qilich botirning eshigi oldiga kelib qarasalar, bir daryo oqayotgan emish.Boʻzchi suvchiga qarab:— Suvni bogʻla!
— debdi.Suvchi suvni bogʻlabdi. Soyga tushib qarasa, botirning qilichi bukilib yotgan emish. Uni temirchiga berib:— Sen buni toʻgʻrilab peshla!
— debdi suvchi.Temirchi qilichni peshlabdi.
Shu bilan Qilich botir oʻz holiga kelibdi. Uyga kelib qarasa, Oqbilak oyim yoʻq emish, uyda esa oshnalari oʻtirishgan emish. Oqbilak oyimni koʻp qidiribdi, hech qayerdan topolmagandan keyin:— Bu nima sir? Attang, Oqbilak oyim qoʻldan ketibdi-da!
— deb qaygʻuribdi.Boʻzchi, temirchi bilan suvchi Qoraxon podshohning shahriga qarab joʻnabdilar. Ular juda koʻp yurib, toʻy boshlanguniga bir kam qirq kun boʻldi deganda Qoraxon podshohning shahriga yetishibdi, podshohning ravogʻi tagidan oʻtaverishibdi. Qarasalar, hamma yoq shovqin, toʻpolon emish.Suvchi Qoraxon podshohning xizmatkorlaridan:— Nima gap oʻzi?
— deb soʻragan ekan, u:— Toʻy boʻlayotir, — deb javob beribdi. Suvchi:— Qanday toʻy?
— deb soʻrasa, xizmatkor:— Qoraxon podshoh Oqbilak oyimga uylanmoqchi, — debdi.Uchovlari voqeadan xabardor boʻlib, uni Qilich botirga aytibdilar.
Keyin hammalari maslahatni bir joyga qoʻyib, Qoraxon podshoh huzuriga joʻnabdilar.Qilich botir dehqon va hunarmandlardan qoʻshin toʻplab, Qoraxon podshohga qarshi qattiq jang boshlabdi. Qoraxon podshoh asir tushibdi. Qilich botir boʻzchini shu mamlakatga podshoh, suvchini unga vazir qilib qoʻyibdi. Oqbilak oyimni otga mindirib, temirchini boshlab oʻz yurtiga ravona boʻlibdi. Bir necha vaqt yoʻl yurib, oxirida Oqbilak oyimning daryo boʻyidagi joyiga yetishibdi.
Shu yerda temirchi ham ular bilan birga yashabdilar.