Uch ogʻa-ini ovga chiqibdi. Qosh qoraygach, bir oʻrmonzorga kelib yotishmoqchi boʻlishibdi. Birinchi kun kechasi katta akasi poyloqchilik qilibdi. Yarim kechadan soʻng uxlab qolibdi, qozondagi ovqatni kimdir yeb ketibdi. Oʻrtancha ogʻasi poyloqchilik qilgan kechada ham shu hodisa takror-lanibdi. Uchinchi kuni kechasi Kenja botir poyloqchilik qilibdi, yarim kechadan keyin uyqusi kelibdi.
Shunda yonidan pichoqchasini olib, jimjilogʻini biroz qonatibdi. Uning ogʻrigʻiga chiday olmay uxlamabdi. Bir qancha vaqt oʻtgach, oʻrmon ichidan bir narsa chiqib, toʻgʻri qozon tepasiga kelibdi. Kenja botir oʻzini panaga olib, kelgan narsani kuzatib turibdi. Bu maxluqning boʻyi bir qarich, soqoli oʻn qarich ekan. U qozonda pishib turgan goʻshtlarni sekin olmoqchi boʻlib turgan paytda Kenja botir qilich bilan shartta kallasini kesib tashlabdi.
Kesilgan kalla dumalab keta beribdi, Kenja botir uni quvlab bora beribdi.Kalla dumalab-dumalab borib, oʻrmon chetidagi bir oʻraga tushib ketibdi. Kenja botir bir belgi qoʻyib qaytib kelibdi, ovqatni pishirib qoʻyibdi.Ertalab Kenja botir kechasi boʻlgan voqeani akalariga aytib beribdi. Akalarini boshlab, kalla tushib ketgan oʻraning tepasiga olib kelibdi. Qarashsa, oʻra juda chuqur ekan. Oʻrtancha bilan Kenja ogʻa-ini katta akasining beliga arqon bogʻlab, uni tushirishibdi.
U oʻraning yarmiga borgach, “Dod, tortib olinglar!” deb baqiribdi. Ikki ogʻa-ini uni tortib olishibdi.
Keyin oʻrtanchasi beliga arqon bogʻlab tushibdi. U ham oʻraning yarmiga bormay: “Dod, tortib olinglar!” deb qichqiribdi. Uni ham tortib olishibdi.
Nihoyat navbat Kenja botirga kelibdi.Kenja botir belini mahkam bogʻlab akalariga: — Agar men, “dod” deb yigʻlab, baqirsam ham tortib olmanglar, arqonni boʻsh qoʻyib, tushira beringlar!
— debdi. Akalari “xoʻp” deb uni oʻraga tushiribdi. Kenja botir oʻraga tusha beribdi, tusha beribdi Yarim yoʻlda nafas olish ogʻirlashib, dod degisi kelsa ham indamay, tishini-tishiga qoʻyib tushib bora beribdi. Bir vaqt uzun arqon ham tugabdi, yigit ham yer ostiga yetibdi. Yer osti qop-qorongʻi, zim-ziyo ekan. Yigit nima qilishini bilmay, timirskilab, emaklab, soʻqmoq yoʻl bilan boraveribdi. Biroz yurgach, bir shuʼla koʻrinibdi.
Shuʼlaga qarab emaklab boraveribdi. Kenja botir yurib-yurib shuʼla tushib turgan teshikdan yorugʻ bir hovliga chiqibdi, qaddini rostlabdi. Uzoqdan bir uy koʻrinibdi. Uyning derazasi yoniga borib, quloq solib tursa, bir chiroyli qiz haligi kallani qoʻliga olib:— Men sizga ehtiyot boʻling, har kuni yer yuziga chiqavermang, qoʻlga tushib qolsangiz sizni oʻldirib qoʻyadilar, deb aytmabmidim. Mana endi mening aytganim keldi. Tanangiz yer yuzida qoldi, kallangiz mening qoʻlimda.
Endi nima qilamiz, — debdi.
Shu payt Kenja botir qizning qoshiga kirib boribdi. Qiz qoʻrqib qochmoqchi boʻlibdi.
Shunda Kenja botir:— Qoʻrqmang, singlim, men sizni ozod qilgani keldim. Siz kimsiz, qayerliksiz, nima uchun bu yerda yashaysiz?
— deb soʻrabdi. Avval qoʻrqqan qiz, yigitning mehribonligini koʻrib, oʻzini bosib olibdi. Yigitga shunday javob beribdi:— Men yer yuzidagi podshoning qiziman. Togʻ sayrida yurganimda meni devlar oʻgʻirlab, shu yerga keltirishgan. Mana bu kalla Serka botirning xizmatkori, yer osti boyligining egasi ekan. Meni Serka botir xotin qilib olmoqchi edi.Kenja botir qizdan:— Kallaning joni qayerda?
— deb soʻrabdi.Qiz yigitni bir uyga olib kiribdi. Sandiqni ochibdi. Uning ichida kichkina quti, quti ichida paxtaga oʻralgan bir qurt bor ekan. Uni koʻrsatibdi. Yigit qurtni ezib oʻldiribdi, kalla harakatdan toʻxtabdi. Kenja botir qirq hujraning kalitini soʻrabdi, qiz kalitni topib beribdi. Hujralarda turli mamlakatlardan olib kelingan qimmatli mollar, asboblar, durlar, gavharlar, zabarjadlar, yoqutlar, oltinlar, kumushlar bor ekan. Bularning hammasini sandiqlarga solib, yer yuziga chiqarib yubormoqchi boʻlibdi.
U qizga:— Men sizni yovuz kuchlardan qutqardim, endi yer yuziga olib chiqib qoʻyaman, — debdi.Qiz:— Xoʻp, — debdi. Yigit sandiqlarni koʻtarib, oʻraning tagiga olib kelibdi. Arqonga bogʻlabdi. Arqonni qimirlatibdi, akalari arqonni tortishibdi. Sandiqni ochib qarashsa, turli qimmatli mollar. Yana arqonni tushirib, tortishibdi. Yana sandiq ichida dur-u gavharlar…Akalari yana arqonni tushirib, bir sandiqni tortib olibdilar. Uning ichini ochib qarashsa, bir qiz: oy desa ogʻzi, kun desa koʻzi bor, nihoyatda goʻzal.
Aka-uka uni koʻrib, hushidan ketay deb qolibdi. Ular yana arqonni tushirishibdi, arqonni tortib qarashsa Kenja botir chiqayotganini koʻrishibdi.
Shunda ikkisi maslahat qilishibdi. Katta akasi:— Agar ukamiz chiqsa, bizga boylik ham, qiz ham tegmaydi.
Shuning uchun arqonni kesib yuboraylik, — debdi. Ikkisi arqonni kesib yuborishibdi. Bechora Kenja botir yerga yiqilib tushibdi. Juda xafa boʻlib: “Ha, men akalarimga yaxshilik qilsam-u, ular meni shu ahvolga tushirishdi-ya. Bu qanday gap boʻldi. Boshim omon boʻlsa, axir yer yuziga chiqib murod-maqsadimga yetarman”, deb oʻylabdi. Biroz oʻtirib damini olgach, hovliga qaytib kirib, u yerdan kerakli narsalarni olib, yer osti boʻylab yoʻlga chiqibdi. Bir qancha vaqt yoʻl yurgandan soʻng uzoqdan “hoʻ-hoʻk” degan tovush eshitilibdi.
Tovush kelayotgan tomonga borsa, bir chol-dehqon qoʻsh haydayotgan ekan. Yigit cholning oldiga borib:— Assalomu alaykum, ota!
— debdi.Chol:— Sekin, sekin, oʻgʻlim, devlar sezib qolmasin, koʻrib qolsa seni sogʻ qoʻymaydi. Sen bu yerda nima qilib yuribsan. Axir bu yer odam yursa oyogʻi, qush uchsa qanoti kuyadigan joy-ku!
— debdi. Yigit cholga:— Ota, men adashib qoldim, yer yuziga chiqish yoʻlini koʻrsating!
— debdi. Chol:— Oʻgʻlim, mana shu yoʻl bilan ehtiyot boʻlib borasan. Uzoqda bir chinor koʻrinadi.
Shu chinorda Semurgʻ qushning uyasi bor.
Shu kunda Semurgʻ bola ochadi. Semurgʻ bolalariga ovqat keltirish uchun ketganda bir ajdaho kelib bir bolasini yeb ketadi. Agar sen botir boʻlsang, shu ajdahoni oʻldirsang, balki Semurgʻ seni yer yuziga olib chiqib qoʻyar, — debdi. Yigit chol koʻrsatgan yoʻl bilan chinor yaqiniga boribdi, oʻzini panaga olib yotibdi. Bir vaqt ajdaho oʻrmalab kelib, chinorga chirmasha boshlabdi.
Semurgʻ bolalari ajdahoni koʻrib chirqillashibdi.Kenja botir sekin oʻrnidan turib, qoʻliga qilichini olib, chinor tagiga borib ajdahoni shartta ikkiga boʻlib tashlabdi. Ajdaho oʻlibdi.Semurgʻ bolalari sogʻ qolibdi. Semurgʻ bolalaridan biri Kenja botirni oʻz qanoti ostiga olib saqlabdi. Kechga yaqin osmonda Semurgʻ guvillab uchib kelibdi. Semurgʻ bolalari onasiga boʻlgan voqeani aytib beribdilar. Semurgʻ bolalaridan:— Qani oʻsha sizlarni ajdaho changalidan qutqarib qolgan odamzod?
— deb soʻrabdi. Kenja botirni qanoti ostida yashirib oʻtirgan Semurgʻ bolasi yigitni koʻrsatibdi. Semurgʻ yigitga:— Ey, odamzod, mening bolalarimni oʻlimdan qutqarib qolibsan. Tila tilagingni, — debdi. Yigit Semurgʻdan yer yuziga olib chiqib qoʻyishini soʻrabdi. Semurgʻ:— Qiyin ishni soʻrading-ku. Ha, mayli, buning uchun ikki mesh tayyorla. Bir meshda suv, bir meshda goʻsht boʻlsin. Men suv desam, goʻsht berasan, goʻsht desam, suv berasan. Men seni yer yuziga olib chiqib qoʻyaman, — debdi.Yigit Semurgʻning aytganiga rozi boʻlibdi.
Uning hamma narsalarini tayyorlabdi. Semurgʻ qush ustiga meshdagi suv bilan goʻshtni joylab oʻzi ham chiqib olibdi. Semurgʻ parvoz qilibdi. Bir qancha vaqt oʻtgach, Semurgʻ yigitdan:— Yer osti qanday koʻrinyapti?
— deb soʻrabdi. Yigit:— Qutichadek, — deb javob beribdi.Semurgʻ yana uchishni tezlatibdi. Biroz oʻtgach “Endi-chi”, deb soʻrabdi. “Danakdek” deb javob beribdi yigit.
— Endi oz qolibdi, — debdi uchib keta turib Semurgʻ, — Suv!
— debdi. Goʻsht tamom boʻlgan ekan. Yigit shartta sonidan kesib Semurgʻga beribdi. Semurgʻ uning mazasidan odam goʻshti ekanini bilib, tilining tagiga tashlab qoʻyibdi.Semurgʻ uchib-uchib yer yuziga yetibdi. Yigitni ustidan tushiribdi. Semurgʻ yigitga:— Keyingi bergan goʻshtni qayerdan olding?
— deb soʻrabdi. Yigit:— Meshdagi goʻshtdan, — debdi. Semurgʻ ishonmabdi.
— Mendan yashirma, toʻgʻrisini ayt!
— debdi.
— Meshdagi goʻsht tamom boʻlgan edi. Oʻng sonimdan kesib bergan edim, — debdi.Semurgʻ tili ostida saqlagan goʻshtni olib yigitning soniga yopishtiribdi.
Keyin:— Xayr, yigit, men seni yer yuziga olib chiqib qoʻydim, — debdi-da, oʻz bolalari yoniga uchib ketibdi.Yigit yer yuzida yura-yura ovora boʻlib, oʻz akalari turgan oʻrmonga yetib kelibdi. Qarasa, ikkala akasi oʻrmondagi oʻsha oʻra tepasida oʻtirgan emish. Toʻngʻich akasi: “Qizni men olaman”, deb aytsa, oʻrtanchasi: “Men olaman”, der emish. Yigit akalarining janjallashib turgani ustidan chiqib qolibdi. Qiz Kenja botirni koʻrgan zamonoq, unga oʻzini otibdi. Akalari hayron boʻlib, uyalib qolishibdi.
Ikki ogʻa-ini Kenja botirga xiyonat qilgan boʻlsa ham, u akalariga jazoni ravo koʻrmabdi. Kenja botir ularga ham oltin, kumushlardan beribdi, oʻzi qizni nikohlab olibdi, murod-maqsadiga yetibdi.