← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
Hayvonlar haqidaBolalar uchunMehr-oqibatSabrTabiatOila

Och boʻri (2)

1093 soʻz

Ilgari vaqtda bir chol-u kampir boʻlgan ekan. Ularning bir ola sigiri boʻlgan ekan. Bir kuni chol kampirga:— Ey kampir, ola qopning unidan, ola sigir moyidan bir kulcha non qilgin, debdi. Kampir ola qopning unidan, ola sigir moyidan bir kulcha qilibdi. Kulchani olib kelib, chol-u kampir ikkovi oʻrtaga qoʻyibdilar. Kampir:— Qani chol, sindiring, — debdi. Chol, bismillohir rahmonir rahim, deb sindirmoqchi boʻlgan ekan, kulcha yugurib qochib ketibdi. Kulcha yugurib qochaveribdi, chol bilan kampir quvalayveribdi. Ikkovi qoʻrgʻonni uch aylanib quvlashibdi. Kulcha darvozadan chiqib, koʻchaga qochibdi. Koʻchaga chiqqanda chol bilan kampir kulchani topa olmay qolibdi. Kulcha qochib bir yilqichining oldiga borib, uni chaqiribdi:— Hoy yilqichi, ola qopning unidan, ola sigir moyidan boʻlgan meni ye, meni ye, meni ye. Yemasang, ota-onangning etini ye! — debdi. Shunda yilqichi bir otini minib, bir otini yetaklab kulchani quvlab qolibdi. Yilqichi kulchaga yeta olmay qolibdi.Kulcha qochib bir podachining oldiga boribdi. Kulcha podachini chaqiribdi:— Hoy podachi, ola qopning unidan, ola sigir moyidan boʻlgan meni ye, meni yemasang ota-onangning etini ye! — debdi. Shunda podachi bir hoʻkizni minib, bir hoʻkizni yetaklab quvalab, yeta olmay qolibdi.Kulcha ketaveribdi. Bir tulki uyasini kovlayotgan ekan. Kulcha tulkini chaqiribdi:— Hoy tulki, ola qopning unidan, ola sigirning moyidanman, meni ye, meni ye. Meni yemasang, ota-onangning etini ye, — debdi. Kulcha tulkini ikki marta chaqiribdi. Tulki qaramay, indamay, uyasini kovlayveribdi. Kulcha tulkining yaqiniga kelib:— Ha tulki, ola qopning unidan, ola sigir moyidan meni ye, meni ye. Yemasang, ota-onangning etini ye! — debdi. Bir vaqt tulki kulchaga qarab qulogʻini munday-munday qoqib:— Mening qulogʻim kar, eshitmayman, — debdi. Men mana shu qulogʻimni toʻsib turaman. Bu qulogʻimga gapirsang, eshitaman, — debdi. Kulcha tulkining oldiga kelibdi. Tulki bir qulogʻini toʻsib turibdi. Shunda kulcha ikkinchi qulogʻining tagiga kelib qattiq gapiribdi. — Ey tulki, meni ye, meni ye, meni yemasang, ota-onangning etini ye! — degan ham ekanki, tulki lip etib kulchani ushlab olibdi. Tulki kulchaning chekkasidan kichkinagina teshib, ichidagi magʻzini-moyini yeb toʻyibdi. Kulchadagi teshik ogʻzini mahkam berkitibdi. Tulki kulchani koʻtarib, bir qoʻychivonning oldiga olib boribdi. Tulki aytibdi:— Ey qoʻychivon, men senga bir sovgʻa olib keldim, shunga nima berasan, — debdi. Qoʻychivon:— Nima berayin, — debdi. Tulki:— Bitta yaxshi qoʻzi berib qoʻya qolgin, — debdi. Qorni ochib turgan qoʻychivon, bitta qoʻzi berib, kulchani olibdi. Tulki:— Ey qoʻychivon, men qoʻzini yetaklab, huv anovi qirdan oshib ketganimdan keyin kulchani sindirgin, — debdi. Tulki qoʻzini yetaklab, qirdan oshibdi. Qoʻychivon kulchani sindirib qarasa, ichida hech nima yoʻq, tulki ichini yeb qoʻygan ekan, qoʻychivon xafa boʻlibdi. Tulkining bitta boʻridan oʻrtogʻi bor ekan. U tulkining oldidan chiqib qolibdi. Boʻri qoʻzini koʻrib, xursand boʻlibdi. Boʻri tulkidan:— Ey tulki, qoʻzini necha pulga olding? — debdi. Tulki:— Ey, qoʻzini shuncha pulga oldim, — debdi-yu, oʻtib ketaveribdi. Tulki borib qoʻzini uyiga bogʻlab qoʻyibdi. Keyin qirga borib, qoʻziga bir tutam shuvoq olib kelibdi. Tulki qoʻzini chaqiribdi:

Uydan uyga yugurdim,Uy shuvogʻin sugʻurdim.Qirdan qirga yugurdim,Qir shuvogʻin sugʻurdim.Jonivorim qoʻzichoq,Eshik och, eshik och, —

debdi. Qoʻzi tovush bermabdi. Uch marta chaqiribdi. Tulki shoshilib eshikni buzib, uyga kiribdi. U uyga kirsa, qoʻzining kallasi oʻrta ustun tagida turganmish. Toʻrt buti uyning toʻrt burchagida turibdimish. Tulki buni koʻrib kayfi uchib ketibdi, koʻp xafa boʻlibdi. Badbaxt boʻri doʻstim, yoʻlda qoʻzini yetaklab kelayotganimni koʻrgan edi, qoʻzini qanchaga olding, deb soʻragan edi. Shu soʻragandayoq, yeb qoʻyishi koʻnglimga kelgan edi, — deb koʻp achinibdi. Tulki yana: “Endi seni bir boplayin”, — debdi-da, uyning toʻriga oʻra kovlabdi. U oʻraning ichiga toshkoʻmir solib choʻgʻ qilibdi. Oʻraning betiga bir kichkina yogʻochni qoʻyib, bir boʻyrani solibdi. Boʻyraning ustidan bir koʻrpachani solibdi. Oʻsha kuni qoʻzichoqning kallasini qozonga solib qaynatgan edi. Tulki boʻri doʻstining oldiga kelibdi:— Ey boʻrivoy doʻstim, biznikiga yur. Men seni bugun ziyofatga chaqiraman, — debdi. Boʻri:— Ey doʻstim, bugun mening tobim yoʻq, kasal boʻlib qolibman, boshim ogʻrib, zoʻrgʻa yotibman, — debdi. Tulki:— Ey doʻstim, turgin. Kechagi qoʻzini soʻygan edim. Qoʻzining kallasini qozonga solgan edim. Borsang, issiq-issiq shoʻrva ichamiz, tuzalib ketasan, — debdi.Tulki boʻrining unamaganiga qoʻymabdi. U boʻrini boshlab uyiga olib kelibdi va koʻrpacha ustiga taklif qilibdi. Boʻri kelib koʻrpachaning chekkasiga oʻtiribdi. Tulki:— Ey oʻrtoq, koʻrpachaning oʻrtasiga oʻtiring, yozilib oʻtiravering, debdi. Boʻri koʻrpachaning oʻrtasiga oʻtiray, deb turgan ekan, tulki boʻyraning chekkasidan tishlab turib tortibdi. Oʻraning betidagi kichkina yogʻoch oʻraning ichiga tushib ketibdi, boʻri ham oʻraga tushib ketibdi. Tulki koʻchaga qarab qochib ketibdi. Boʻri oʻraning ichida shoshib qolibdi. Irgʻib chiqaman, deb chalqanchasiga dumalab, choʻgʻning ustiga tushibdi. Boʻrining hamma junlari kuyib, goʻshti chiqib qolibdi. Boʻri oʻlmasdan, goʻsht boʻlib, oʻradan chiqibdi. Chiqib qarasa, tulki qochib qolibdi. Boʻri kelib bir qirning orasida yotibdi. Tulki boʻlak tulki sifatida boʻlib, boʻrining oldiga kelib, hol-ahvol soʻrabdi. Boʻri aytibdiki: — Mening bir tulki doʻstim bor edi. Uning qoʻzisini yeb qoʻygan edim. Meni aldab oʻraga tashlab, oʻzi qochib ketdi. Endi azob yeb yotibman, — debdi.Tulki: — Bay-bay, yaxshi ish qilmabdi, nahotki sizga azob bersa. Men tabibman. Bunday yaralarning koʻpini tuzatganman. Mana shu changal tikanakning ichiga kirib yugurasan. Shunda changaldagi tikanak mana bu yarangizdagi zardoblarni oqizaveradi. Uch kunda tuzalib ketasiz, — deb ketaveribdi. Shunda boʻri oʻrnidan turib, changallarning ichida yuguraveribdi. U yoqqa-bu yoqqa yugurib, badanlari teshilib, oʻladigan boʻlibdi. Boʻri kelib, choʻzilib yotibdi. Ertasiga tulki yana boʻlak tusda kelibdi. U boʻridan hol soʻrabdi. Boʻri aytibdiki:— Kecha bir tulki kelib, “changalda yugurasan”, dedi. Men yugurdim, Oʻladigan boʻldim, — debdi. Tulki:— Ular togʻ tulkisi, biz qir tulkisimiz. Ular davolashni bilmaydi, men bilaman, — debdi. Soʻng tomirini ushlab turib: — Siz kulga agʻanayvering, — debdi. Boʻri kulga yotib agʻanayveribdi, badanlariga kul kirib, juda azob tortibdi, oʻladigan boʻlibdi. Boʻri badanining achiganiga chiday olmasdan, dod solibdi.Ertasi kuni tulki yana boʻlak tusli boʻlib boʻrining oldiga kelibdi: — Ey boʻrivoy, nima boʻldi sizga? — debdi Boʻri:— Mening bir oʻrtogʻim bor edi. Uning qoʻzisi bor edi, uni men yeb qoʻygan edim. Oʻrtogʻim meni ziyofatga boshlab borib, oʻraga tashlab, oʻzi qochib ketdi. Mening badanim kuyib, chiday olmay yigiab yotsam, bir tulki keldi. Bu tulki aytdiki, men tabibman. Siz mana shu changalda yuguravering, tuzalib ketasiz, dedi. Changal badanimni teshib oʻladigan boʻldim. Shuning ogʻrigʻiga chiday olmay yotgan edim. Yana bir tulki kelib, seni changalda yugurtirgan togʻ tulkisi ekan, men qir tulkisiman, kulga agʻanagin, dedi. Men kulga agʻanab, kullar badanimga kirib, undan battar oʻladigan boʻldim, — debdi. Shunda tulki:— He, ilgarigi tabib togʻ tulkisi, keyingisi qir tulkisi, men uy tulkisi boiaman, — debdi. — Bu jarohatni men davolayman, — deb boʻrining tomirini ushlab koʻribdi-da:— Sen daryoning muzini teshib, bir kosani olib, shu kosa bilan boshingga suv quyasan, shunda tuzalasan, — deb qochib ketaveribdi. Boʻri bitta kosani qoʻliga olib, daryoning muzini teshib, muzning ustiga oʻtirib olib, suvni boshiga quyaveribdi. Bir vaqt boʻrining badani muzlabdi. Boʻri muzga chidamasdan, qochaman desa, tura olmasdan, dumi ham muzga yopishib, muzlab qolibdi. Muzdan qutula olmasdan iljayib, ishshayib oʻlib qolibdi. Tulki kelsa, boʻri oʻlib yotganmish. Tulki:— Oʻl-oʻla, sen yomonligingni qoʻymading. Sen yomonligingni qoʻyganingda bunday boʻlib, oʻlib yotmas eding, — deb ketib qolgan ekan.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!