Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, bir olmaxon boʻlgan ekan. Qahraton qish kunlaridan birida bir kattakon boʻri kelibdi. U uyning eshigini taqillatibdi:Meni uyingga kirgiz, olmaxon, — debdi.
— Kirgizmayman, — deb javob beribdi olmaxon. Olmaxon hech koʻnmagandan keyin, boʻri yalinishga tushibdi.
— Jon olmaxon, agar oʻzimni kiritishga qoʻrqsang, loaqal oldingi oyogʻimning birini kirgiz, — debdi.Boʻri yalinavergach, olmaxon uni oldingi oyogʻidan birini uyga kiritishga rozi boʻlibdi, lekin shu ondayoq bir chelak suvni oʻchoqqa qoʻyib, bitta qop ham tayyorlab qoʻyibdi.
Oradan sal oʻtmay, boʻri yana gʻingʻillabdi:— Faqat bir oyogʻim uyga kirib, ikkinchi oyogʻim tashqarida qolganidan achinib xafa bolyapman, — deb olmaxonni avrabdi.
— Ikkinchi oyogʻimni ham kiritaqol, — deb iltimos qilibdi boʻri. Olmaxon boʻrining ikkinchi oyogʻini kiritibdi. Birozdan keyin boʻri tirjayib gapira boshlabdi.
— Olmaxon, — debdi u, — hech boʻlmasa keyingi oyogimdan bittasini kirgiz. Olmaxon, kirita qol.Boʻri keyingi oyogʻini kiritishga harakat qilibdi. Olmaxon boʻrining gapiga laqqa tushib, toʻrtinchi oyogʻini ham kiritishga rozi boʻlibdi.
Lekin boʻri oxirgi oyogʻini uyga kiritayotganda olmaxon qopning ogʻzini ochibdi. Boʻri qopga kiribdi. Olmaxon shu zahotiyoq qopni bogʻlabdi-da, hovlidagi qor ustiga tashlabdi.
Keyin oʻchoqdagi qaynab turgan suvni olib chiqibdi-da:— Boʻrini qaynoq suvda kuydiraman. Boplab adabingni beraman, — deb boʻrining ustidan quyvoribdi. Nima boʻpti-yu, boʻri qopni teshib chiqibdi. Qopdan, hammayogʻi kuygan, yunglari osilgan, boshidagi yungi batamom toʻkilib, tap-taqir kal boʻlgan bir ahvolda shataloq urib qochibdi.
Shu bilan boʻri olmaxon uyiga ikkilamchi kelmaydigan boʻlib ketibdi. Oʻsha olmaxon tirik boʻlsa, hali ham hayot kechirayotgandir.