Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, qadim zamonda bir kampir boʻlgan ekan. Uning sakkizta echkisi bor ekan. Kampir har kuni uxlagani uxlagan ekan. Echkilari qurt-qurt oʻt-oʻlan chaynagani chaynagan ekan.Kunlardan bir kuni kampirning echkisiga bir ochkoʻz boʻri ilashib qolibdi. Bir kuni boʻri kelsa, kampir uxlab yotgan ekan. Echkilarining hech nimadan xabari yoʻq, oʻt yeb yotgan ekan. Shunda boʻri ostonaning tagiga borib:
— Kampir pish-pish uxlaydi,Echki qurt-qurt kovshaydi, —
deb qoʻshiq aytibdi. U echkilardan bittasini yeb ketibdi. Kampir koʻrsa, echkisining bittasi yoʻq. U boʻrini qargʻab-qargʻab, yana yotibdi. Boʻri yana kelib ikkinchi echkini yeb ketibdi. Shunday qilib, boʻri kampirning sakkizta echkisini yeb qoʻyibdi. Endi kampirning oʻzi qolibdi. Kampir uxlab yotsa, yana boʻri kelib, kampirni yemoqchi boʻlib, ostonadan kirgan ekan, kampir bir yoʻtalibdi. Boʻrining oʻtakasi yorilib oʻlibdi. Qornidan kampirning sakkizta echkilari tirik chiqibdi. Kampir suyunib, ularni yana boqa boshlabdi.