Tovuqlar tulkining ustidan arz qilgani ayiqning oldiga borishibdi.
— Ayiq polvon, — debdi ular, — tulkivoy dastidan bizga kun yoʻq. Har kuni kechasi tovuqlarni qiyratgani-qiyratgan. Hech kimdan hayiqmaydi.
— Tulki-ya… obbo muttaham-yey. Men uning jazosini beraman, — debdi ayiq.U tulkini chaqiribdi. Tulki kelib, dumini silkitibdi.
— Ayiq hazratlari… Men, siz azizning biqiningiz toshga botmasin deb, yostiq keltirdim, — deb u ayiqqa yumshoq yostiq beribdi.
— Bular boʻlsa sizning gʻamingizda yurganimni bilishmaydi.
— Ahmoqlar, boringlar, ikkinchi bemaʼni gaplar bilan araz qilmanglar, — deb tovuqlarni quvib yuboribdi ayiq.Shu kech yana sakkizta tovuqning shoʻri quribdi. Tovuqlar endi boʻriga arzga boribdilar.
— Dod, tulkining dastidan, — deyishibdi ular.Boʻri tulkini tirqiratib haydab keltiribdi.
— Boʻri janoblari, — debdi tulki dumini likillatib, — men biqiningiz yerga botmasin, deb yostiq keltirdim, — U boʻrining qoʻltigʻiga yumshoq yostiq qoʻyibdi.
— Bu popukli ahmoqlar sizning gʻamingizda yurganimni bilishmaydi, — debdi tulki.Boʻri yostiqqa suyanib, rohat qilibdi va tovuqlarga doʻq urib:— Koʻzimdan yoʻqolinglar, badbaxtlar! Tulki ishini bilib qiladi. Bundan keyin xayrli ish qilganlar ustidan arz qilib kelmanglar!
— deb baqirib beribdi.Tovuqlar jonlarini hovuchlab, uylariga qaytishibdi.
Shu kechasi yana uch tovuq tulkiga yem boʻlishibdi.Ertasiga tovuqlar yoʻlbarsga arzga borishibdi. Tulki yoʻlbarsga ham yostiq berib:— Sizning gʻamingizni yeb yurgan edim, — debdi. Yoʻlbars yostiqqa qaramabdi.
— Bu ayyor tulkini yaxshilab kaltaklanglar!
— deb buyuribdi yoʻlbars itlarga.Itlar tulkini oʻrtaga olib, rosa taʼzirini berishibdi.
— Endi choʻlga haydab yuboringlar uni, — debdi yoʻlbars.
— Boʻlmasa tovuqlarning goʻshtini yeb, pati bilan yana koʻplarni aldaydi bu ayyor.Shum tulkini choʻlga quvib yuboribdilar.