← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
Hayvonlar haqidaBolalar uchunSehrliPodsholarAql-zakovatTabiatQisqa

Dono qush

282 soʻz

Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, boʻri bakovul ekan, tulki yasovul ekan, qargʻa qaqimchi ekan, chumchuq chaqimchi ekan, qirgʻovul qizil ekan, dumlari uzun ekan. Bir podsho bor ekan. U podsho ov qilishni yaxshi koʻrar ekan. Uning butun umri ovchilik bilan oʻtar ekan. Podsho ovga chiqqanda vazirlari bilan chiqmas ekan, yakka oʻzi chiqib ketar ekan. Uning bir qushi bor ekan. U qush juda aqlli qush ekan. U qushni podsho oʻzi bilan ovga olib chiqar ekan.Bir kuni podsho qushini olib, otga minib, ov qilib kelishga joʻnab ketibdi.

U kechgacha yuribdi, hech ov qiladigan narsa topa olmabdi. Podsho yana yoʻlga qarab ketaveribdi. U koʻp yuribdi, koʻp yursa ham moʻl yuribdi. Ovi-ovda qolib, qushini qoʻliga qoʻndirib, suv qidirib ketibdi. Bir joyga borsa, bir quduq bor emish. Uning oldiga borsa, bir chekkasida chakillab suv tomib turgan emish, suvning tagida bir jom turgan emish. Podsho jomdagi suvni koʻrib, suyunibdi. U jom toʻlganda ichaman, deb oʻtirganda, qush haligi jomni suv-puvi bilan agʻdarib yuboribdi.

Podsho qushning suvni agʻdarib yuborganini koʻrib, jon-poni chiqib, nima qilishini bilmabdi, jomni yana suv tagiga qoʻyibdi. Suv jomga chakillab tushaveribdi. Jom toʻlay-toʻlay deganda, haligi qush yana jomni agʻdarib tashlabdi.Podsho dargʻazab boʻlib: “Bu qush menga yaxshilik qilar desam, choʻl-u biyobonda tashnalikdan oʻlib ketishimga rozi ekan,” — deb yonidan qilichini sugʻurib olib, qushning kallasini shartta uzib tashlabdi. Podsho hayron boʻlib, jomni yana chakillab tushayotgan suv tagiga qoʻyib: — Ey, Xudo, — deb osmonga qarabdi.

Qarasa, tepalikda bir ajdarni koʻribdi, chakillab tomib turgan suv oʻsha ajdarning ogʻzidan oqib tushayotgan zahar ekan. Buni koʻrib, podsho hang-mang boʻlib qolibdi. “Qushim menga yaxshilik qilgan ekan. Men bilmasdan uni oʻldiribman. Qush menga zaharni ravo koʻrmagan ekan”, — deb uni begunoh oidirganiga achinib, pushaymon yeb, orqasiga qaytib ketgan ekan.

Shu bilan murod-maqsadiga yetgan ekan.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!