Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, bir oʻrmonda bir sher yashar ekan. U shunday pahlavon ekanki, hatto uni kishilar taʼriflashga ojizlik qilar ekanlar. Undan hamma qoʻrqar ekan.
Shuning uchun ham oʻrmondagi barcha hayvonlar, barcha jonivorlar yigʻilib, maslahat qilishibdi, sherni oʻzlariga shoh qilib olishibdi. Sher ham oʻzining hurmati naqadar katta ekanligiga xursand boʻlibdi.Sherning juda yomon bir feʼli bor ekan. Uning odati boʻyicha kuniga bitta hayvonni yemasa, turolmas ekan. Hayvon bechoralar sira tinchlik koʻrishmabdi. Kundan kun, oydan oy oʻtaveribdi. Sherning makonida bir sichqon paydo boʻlibdi. Sichqon bir odat chiqaribdi. U sher kechasi uxlaganda tumshugʻini qitiqlab, uyqudan uygʻotar ekan.
Shunda sher boʻkirib yuborar ekan. Sherning bu boʻkirishi butun oʻrmonni larzaga keltirar ekan.
Bir kuni sherning boʻkirgan ovozini oʻrmondagi barcha hayvonlar eshitib: “Iye, bu shohimizga nima boʻldi, biror narsa boʻldimi?”, — deb sherning oldiga kelishibdi, undan hol-ahvol soʻrashibdi. Sher oʻrnidan turib, hayvonlarga:— Hurmatli hayvonlar, bizning makonimiz, oʻrmonda mendan ham qoʻrqmas, jasur pahlavon paydo boʻlibdi. Sizlarga fotiha beraman. Kimki, mana shu maxluqdan meni qoʻriqlab tursa, ajoyib ovqatlar bilan boqaman.
Keyinchalik xizmatni yaxshi bajarsa, menga sidqidildan xizmat qilsa, uni oʻzimga vazir qilib olaman, — debdi.Shunday qilib oʻrmondagi barcha yirtqich hayvonlar bittadan sherni qoʻriqlashga tushibdi.Biroq hech qaysi hayvon “pahlavon” sichqonni ushlash u yoqda tursin, loaqal, koʻra olmabdilar. Axiri sherning kuch-quvvati qolmabdi. Sherni qoʻriqlash navbati tulkiga kelibdi. Tulki navbatchi boʻlsa ham sher tinch yota olmabdi.Tulki bir narsani sezib qolib, sherga qarab:— Odamlar bilan yashovchi mushukni olib kelsak yaxshi boʻlar edi. Ruxsat etsangiz, — debdi. Sher:— Nimaga?
— debdi. Tulki:— Sizga yordam beradigan maxluq mushukdir. Undan boshqa hayvon hech qachon sizga yordam bera olmaydi, — debdi. Sher tulkiga ruxsat beribdi.Shunday qilib, tulki sichqondan qoʻrqmaydigan mushukni izlab yoʻlga tushibdi. Tulki juda koʻp yoʻl yuribdi, yoʻl yursa ham moʻl yuribdi. Oxiri u mushukni uchratib qolibdi. Tulki roʻy bergan voqealarning hammasini mushukka oqizmay-tomizmay aytibdi:— Agar sen shohimizga yaxshi qarasang, oʻziga vazir qilib tayinlaydi, — debdi.
Buni eshitgan mushuk:— Meni darrov shohning oldiga olib bor, — debdi. Tulki bilan mushuk yoʻlga tushibdilar. Koʻp yurib, oxiri bir necha kun deganda sherning oldiga yetib kelishibdi. Sher mushukni yaxshi kutib olibdi, unga yaxshi ovqatlar beribdi.
Shu kundan boshlab mushuk sherni sichqondan himoya qila boshlabdi. Mushuk kelgan kundan boshlab sichqon inidan chiqmay qoʻyibdi. Sher tinchlanibdi. Maza qilib orom olib uxlabdi.
Shunday qilib, mushuk sherning vaziri boʻlibdi.Kunlar ketidan oylar, oylar ketidan yillar oʻtaveribdi. Mushuk barcha hayvonlarga zulmini oʻtkaza boshlabdi. Oʻrmondagi ayiq, boʻri va boshqalar mushukning parchalab tashlashiga ishonar ekanlar.
Shu bilan birga hayvonlarning barchasi sherdan ham hayiqar ekanlar.Sher mushukni yeb qoʻyishi mumkin ekan-u, lekin sichqondan qoʻriqlab turganligi uchun indamas ekan. Mushuk oʻrmondagi hayvonlarga koʻp zulm oʻtkazavergandan keyin sher uni oldiga chaqirib:— Nega sen hayvonlarga bunchalik jabr oʻtkazasan. Sen juda ham berahmsan, — debdi. Mushuk:— Sizni sichqondan xalos etdim-ku. U endi sizga hech qachon ziyon yetkazmaydi. Sichqonni men oʻsha zahotiyoq yeb qoʻyganman, — debdi. Buni eshitgan sher meni ham yeb qoʻymasin, deb mushukni tutib yeb qoʻyibdi.Shunday qilib, oʻrmondagi hayvonlar ham mushukning zulmidan ozod boʻlishibdi.