← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
Hayvonlar haqidaBolalar uchunPodsholarMehr-oqibatAdolatTabiatOilaTijorat

Faqirning echkisi

1381 soʻz

Oʻtgan zamonda bir faqir odam bor ekan. Uning xotini ham bor ekan. Bularning bisotida bitta echkisi bor ekan. Faqir echkiga har kuni bir siqim quruq xashak berar ekan, xolos. Faqirning xotini bir siqim xashakni berib, yelinlariga mushtlab-mushtlab, kuniga bir kosa sut sogʻib olar ekan. Ularning ovqati shu bir kosa sut bilan oʻtar ekan. Lekin ular bechora echkiga har haftaning bir kunida dam berib, boʻshatib yuborishar ekan. Echki shu kuni boʻshalib borib, erkin yurib, tirikchilik qilar ekan.Echki erta bahorda, dam olish kunlarining birida, qishloqqa yaqin bir oʻrmonzorda oʻtlab yurar edi. Nogahon unga bir sovliq qoʻy kelib salom berdi. Echki bunday qarasa, bir shoʻring qurgʻur sovliq bechoraning holi xarob, bagʻri kabob koʻrindi. Oriq, terisi borib suyagiga yopishib, har qovurgʻasi, mana men, deb sanalib turibdi. Echki sovliqning salomiga alik olib, undan soʻradi:

Koʻzing oʻzini chuqurga solib,Yuzingga boqqali uyalib.Poʻstingda unda-bunda bir tuk,U ham boʻlsa oʻzingga yuk, —

dedi. Echkidan bu gapni eshitib, sovliq hayron boʻlib, uning yuziga qarab:— Ey, oʻrtoq echki: “Sen oldin oʻzingga boq, soʻng nogʻora qoq”, “Oʻzingni bil, oʻzgani qoʻy”, degan gaplarni eshitganing yoʻqmi? Ishtoni yoʻq, tizzasi yirtiqqa kulmay qoʻya qolsin. U aytgan bayting oʻzingga mos keladi, — dedi.Undan keyin bular bir-birlari bilan tanish-bilish boʻlib, gaplashib ketdilar. Har ikkalalari bir-birlarining boshlaridan oʻtganlarini aytishdilar. Echki aytdi:— Mening xoʻjayinim bor. Xoʻjayinimning mendan boshqa hech narsasi yoʻq. Yeydigan ovqati ham yoʻq. Faqat er-u xotin menga bir tutam quruq xashak topib berib, yelinimga mushtlab urib, bolam uchun tayyorlagan bir kosa sutimni sogʻib olib, shuni ovqat qilishadi. Haftasiga zoʻrgʻa bir kun ozodlikka chiqaradi. Faqat shu juma kunlari emin-yerkin yurib oʻynayman. Yuragimning chigilini ancha boʻshatib ketaman, — dedi. Echkidan keyin sovliq qoʻy ham boshidan oʻtganlarini gapirdi. Uning turmushi ham echkining turmushiga oʻxshash ekan. Unga ham faqat juma kuni dam berib, boshvogʻini olib qoʻyib yuborar ekan. Shunda bular xoʻjayinlarining jabr-zulmidan qutulish yoʻlini axtardilar. Oxiri bular bir joylarga qochib ketishga maslahat qilishdi.— Endi qayerga qochamiz, — dedi sovliq. Echki atrofga qarab olib aytdiki:— Mening otam: “Hov oʻsha koʻringan togʻ, juda ham oʻtloq joy, suvlari yaxshi, havosi undan yaxshi. Bir iloj qilib oʻsha joyga yetib olsak, umrbod rohatda yashar edik. Bu yerda koʻrgan bunday azoblarimiz ham esimizdan chiqib ketar edi”, — degan edi. Lekin otam rahmatlik shu yerga yeta olmay, bizni ham yetkaza olmay olamdan oʻtib ketdi. Shunda ham otam menga: “Bolam boʻlsang, oʻsha joylarga borsang, keng yaylovlarda mening uchun ham u yoq, bu yoqlarga yugurib, arvohimni shod qilib qoʻyarsan”, — deb vasiyat qilib ketgan edi. Endi shu joyga borsak koʻp yaxshi boʻlar edi, — dedi.Bu gap sovliqqa juda maʼqul keldi. Ikkisi hayyo-hayt deb oʻsha koʻringan toqqa qarab joʻnashdi. Bular yoʻlda ketayotgan edi. Uzoqdan bir narsaga koʻzlari tushdi. Bu qanday narsa ekan, deb borishgan edi, u narsa hoʻkiz boʻlib chiqdi. Hoʻkiz tinkasi qurigan ekan, sekin-sekin salanglab yoʻl bosib kelaverdi. Echki bilan sovliq bu yoqdan yetib borib qarashdi: bir kengfeʼl hoʻkiz, soni xuddi bir quloch keladi. Juda ham oriqlab ketibdi. Koʻzlari shokosaday, shopoq bosgan, boʻyni qingʻir tolday yerga egilgan, choʻqqisi qirday irgʻib chiqqan, yurishga ham madori qolmabdi. Echki salom bergan edi, hoʻkiz boshini bir doʻkanglatib, arang alik olibdi. Gapirgani majoli ham yoʻq. Hoʻkiz bulardan:— Ha, bolalar, yoʻl boʻlsin, — deb soʻrabdi. Echki:— Ulugʻimiz sizdan boʻlsin, — dedi.— Hafta ishladik, ertaga shanba boʻlsa, bugun bir hordiq qilib, sal tiklanib olay, deb kelayapman, — dedi. Undan keyin echki bilan sovliq ham boshlaridan oʻtkazganlarini aytib, oxirida xoʻjayinlari bilan xayr-maʼzurni nasiya qilib, oʻsha koʻringan toqqa qarab ketayotganliklarini aytishdi. Shunda hoʻkiz:— Dunyoning gʻam-tashvishidan junjikdim. Bizning ota-bobomiz zab kishilarga boylab bergan ekan-da. Sahardan to namozshomgacha ishlaysan, ancha-ancha yerni haydaysan, kech kirib, darmonsizlanganingda qoʻshdan chiqaradi. Oʻlganning ustiga tepgan, deganday, ketishda quruq ketmasin, deb bir arava choʻp-hashakni ham yuklab ketishadi. Uyga borsang, tuzuk-quruq ovqat yoʻq. Bir bogʻ quruq-buruqdan boshqa narsa yoʻq. Endi badanda jir tugadi. Quvvat ketdi. Bu jabr-zulmlardan qanday qilsam qutular ekanman, deb koʻp vaqtlardan beri oʻylanar edim. Yaxshi boʻldi, endi men ham sizlar bilan ketaman, — dedi. Ular xoʻp, boʻpti, deyishdi. Shunday qilib, bular uchchalasi toqqa qarab yurishdi.Bular yoʻl yurib, yoʻl yursa ham moʻl yurib, oxiri bir kun toqqa yetishdi. Toqqa borishib, bu togʻ echki aytganday juda ham obod ekan. Istagan ovqat topiladi. Havosi toza, suvlari tiniq. Bular yaxshilab qorinlarini toʻqlab olib, bir adirlikda, katta bir chinor bor edi, shu chinorning tagida makon qurib yotaverishdi. Shu kuni saharda echki uyqusida bosinqiradi. Uning tushiga xoʻjayinlari kirib: “Sen qayoqqa yoʻqolding, sendan necha kunlik sutni sogʻib olamiz”, — deb uni tushovlab sogʻa boshlabdi. Bir kosa sut chiqqanidan keyin sut chiqmay qolibdi. Shunda xoʻjayini: “Sen qolgan sutlaringni nima qilding”, — deb katta soʻyilni olib, urgani tushdi. Shunda echki ovozini boricha dod, deb qichqirdi. Buning ovozini sovliq bilan hoʻkiz eshitib, nima boʻldi, deb uni uygʻotishdi. Echki uygʻonib, darrov ichiga tupurib, Xudoga shukur-yey, tushim ekan, tushimda hadeb xoʻjayinim urayapti, — dedi. Hoʻkiz aytdi:— Ey echki, bu tush, xolos. Endi xoʻjayining ham yoʻq, xoʻjayiningning katta soʻyili oʻzi bilan birga qoldi, — debdi. Shunday qilib, bular bu yerda juda yayrab qolishdi. Kundagiday sahar uygʻotish, boʻyningga arqon solish, qiynash yoʻq. Ovqat serob, tergaydigan odam yoʻq. Bular tez kunda juda ham semirib ketishdi. Hoʻkizning savlatini koʻrganda har qanday yovvoyi hayvon ham qochadigan boʻldi. Bir kuni hoʻkiz sheriklariga aytdi:— Men har kuni ichkarida yotib, koʻp issiqlab qolyapman. Bugun chinorning tagida yotaman, — dedi. Shu kuni echki bilan sovliq qoʻy ichkarida yotishdi. Hoʻkiz tashqarida yotdi. Kechasi qattiq sovuq boʻlib, hoʻkiz yotgan joyda shamday qotib qoldi. Erta bilan oʻrtoqlari chiqib, hoʻkizni chaqirishdi. U tovush bermabdi. Nima boʻldi ekan, deb uning oldiga borib qarashsa, sovuqdan shodiyon qoqisi boʻlib muzlab qolibdi. Endi nima qildik, deyishdi. Oxiri buni oʻtda isitmasak boʻlmaydi, deb echki darrov chinorning ustiga chiqib, u yoq-bu yoqqa qaradi. Qarasa, yaqin bir pastlikdagi oʻngurda tutun chiqib turibdi. U chinordan darrov tushdi. Echki bilan sovliq ikkalasi hoʻkizni arang tortishib tutun chiqqan tarafga boshlashdi. Yoʻlda ketayotsa, bir joyda bir yoʻlbars, bir boʻri, yana bir tulki terisi yotibdi. Echki terilarni olib hoʻkizning ustiga yopdi. Ular yana joʻnashdi. Bular tutun chiqqan yerga yetib borib qarashsa, bu joy butun vahshiy hayvonlar oʻtiradigan joy ekan. Bular shu yerda toʻplanib olib, gap yeyishar ekan. Sovliq bilan hoʻkiz qoʻrqib, orqalariga qaytmoqchi boʻldilar. Echki ularni toʻxtatib, hoʻkizning ustidan boyagi yoʻldan topgan terilarni olib oʻngurning ogʻziga tashlab, ichkariga salom berib kirdi. Hoʻkiz bilan sovliq ham kirdi. Ichkarida boʻri, arslon, tulki, sherdan tortib hamma vahshiy hayvonlar bor. Yoʻlbars podsho ham taxtida oʻtiribdi. Bu kun tulki gap beradigan kun ekan. Bular tulkini oʻrtaga olib, nimaga ovqat topib kelmading, deb turgan ekan. Tulki:— Hamma joyni qidirib keldim, sira ovqat uchramadi, Xudo oʻzi yetkazmasa, bandasi nima qilar edi, — deb turgan ekan. Shunda birdan bular kirib qolishgan edi. Tulki echki, sovluq, hoʻkizni koʻrib, xursand boʻlib ketibdi.Tulkining xursandligini koʻrib, echki choʻnqayib, podshoga qarab shu baytni aytdi:

— Namangan shahrida qassob edim, doʻstlar,Oltmish yoʻlbars, oltmish boʻri, oltmish tulkiga.Qoʻl qoʻygan pudratchi edim. XudoyimdanOʻrgilay, endi koniga keldim ishonmasang,Chiqib qara, andi boʻldi bittadan, —

dedi. Shundan keyin vahshiy hayvonlar birin-birin chiqib qaradi. Ular boyagi terilarni koʻrib, qaytib kirmasdan ketaberdilar. Oxiri yoʻlbars podsho oʻzi yakka qolib, qoʻrqqanidan u ham chiqib ketayotgan edi. Hoʻkiz yugurib borib, yoʻlbarsning qornidan suzib, taqab turib qoldi. Buni koʻrib echki bilan sovliq ham zavqqa keldi. Ular ham borib tisarilib turib, oldinga qarab yugurib, yoʻlbars podshoni suza boshladi. Yoʻlbars qarasa, bular oʻldirib qoʻyadi. Oxiri yalingani tushdi. Yoʻlbars aytdi:— Jon akalar, endi bundan buyon sizlarga hech beadabgarchilik qilmayman. Sizlar turgan joyga birorta begona hayvonni qadam bostirmayman, meni qoʻyib yuboringlar, — dedi. Bular yoʻlbars podshodan vaʼdani olib, uni urib-urib, haydadilar. Vahshiy hayvonlar ketganidan keyin bular bu joydagi oʻljalarni olib, hoʻkizga yuklashib joylariga qarab ketdilar.Boyagi vahshiy hayvonlar bulardan qochib borib, bir yerga toʻplanishdilar. Bular shu uchta goʻshtdan qochdikmi, deb pushaymon qilibdilar. Ular bularning orqasidan quvib bormoqchi boʻlib joʻnadilar. Echki bularning kelayotganini koʻrib, u darrov qoʻy bilan hoʻkizning oldiga kelib va ularni chinorning ustiga chiqarib yuboribdi. Oʻzi bir balandlikka chiqib turdi. Echki qoʻy bilan hoʻkizga: “Haligi vahshiy hayvonlar bilan izlab kelib topa olmay, shu yerda oʻtirib qolishsa, qattiq ovoz chiqarib chinordan oʻzlaringni tashlanglar”, — deb oʻrgatgan edi. Boyagi vahshiy hayvonlar izlab kelib qoldi. Ular chinorning tagiga kelganda tulkiga:— Sen romchi eding, bir rom ochib koʻr-chi, ular qayda ekan, — dedilar. Tulki ham choʻnqayib oʻtirib olib, rom qarab ketdi. Qolgan hamma hayvonlar uning ogʻziga qarab oʻtirishgan edi. Birdan yuqoridan allaqanday ovoz chiqib, bir narsalar tushib kelib qolibdi. Ular boyagi hoʻkiz bilan qoʻy edi. Shu holda birdan narigi yoqdan:— Romchini ushla, romchini ushla, — degan ovoz kelib qoldi. Bu ahvoldan qoʻrqib vahshiy hayvonlar orqa-oldiga qaramasdan qochib ketishdi. Bundan keyin ular bu joylarga butunlay kelmaydigan boʻlib ketdi. Shu bilan hoʻkiz, echki, qoʻylar bu joyda umrbod yashab qolishdi.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!