Bor ekan-da, yoʻq ekan, qadim oʻtgan zamonda bir chol-u kampir boʻlgan ekan. Ularning bitta qizil xoʻrozi, bitta oq kuchugi va yetti echkisi bor ekan. Ularga yaqin joyda bir boʻri ham yashar ekan. Bir kuni kechasi chol-u kampirning uyiga boʻri kelibdi va ostonadan turib, ulibdi:
Chol-u kampir hur-hur etar,Oqqina kuchuk vov-vov etar,Qizil xoʻroz quq-quq etar,Yetti echki ma-ma etarMen nimani yey, Xudo?
Shunda kampir: — Toshni ye, tuproqni ye, zaharni ye, zaqqumni ye, bitta echkimni yeb ketaqol, debdi. Boʻri bitta echkini yeb, qornini toʻygʻazib ketibdi. Oradan bir kun oʻtgach, yana u kampirnikiga kelibdi va ostonaga oʻtirib olib, ulibdi:
Chol-u kampir hur-hur etar,Oppoq kuchuk vov-vov etar,Qizil xoʻroz quq-quq etar,Olti echki ma-ma etarMen nimani yey, Xudo?
Shunda kampir: — Toshni ye, tuproqni ye, zaharni ye, zaqqumni ye, bitta echkini yeb ketaqol, debdi. Boʻri yana bitta echkini yeb ketibdi. Kampirni Beshta echkisi qolibdi. Oradan yana bir kun oʻtgach, yana boʻri ulibdi:
Chol-u kampir hur-hur etar,Oppoq kuchuk vov-vov etar,Qizil xoʻroz quq-quq etar,Beshta echki ma-ma etarMen nimaniyey, Xudo?
deb nola chekibdi. Kampirning gʻazabi kelib, qichqiribdi:Zaharni ye, zaqqumni ye, toshni ye, tuproqni ye, yana bitta echkini yeya qol, — debdi. Boʻri yana bitta echkini yeb ketibdi. Xullas, boʻri hamma echkini yeb ketibdi va yana kelibdi:
Chol-u kampir hur-hur etar,Oppoq kuchuk vov-vov etar,Qizil xoʻroz quq-quq etar,Men nimani yey, Xudo ?
Shunda kampir: — Zaharni ye, zaqqumni ye, toshni ye, tuproqni ye, kuchugimni yeb keta qol, debdi. Boʻri oq kuchukni yeb ketibdi va oradan bir kun oʻtgach, yana kelibdi va ostonada oʻtirib olib, ulibdi:
Chol-u kampir hur-hur etar,Qizil xoʻroz quq-quq etar,Men nimani yey, Xudo?
Shunda kampir: — Toshni ye, tuproqni ye, zaharni ye, zaqqumni ye, xoʻrozimni yeb keta qol, debdi. Boʻri qizil xoʻrozni yeb ketibdi. Oradan ikki kun oʻtgach, yana kelibdi, ulibdi:
Chol-u kampir hur-hur etar,Men nimani yey, Xudo ? —
debdi.Kampir uni yana qargʻab-qargʻab: Cholimni yeb keta qol, debdi. Boʻri cholni yeb ketibdi. Endi uyda kampirning bir oʻzi qolibdi. U jonini qutqarish maqsadida bitta katta qozonni ayvonga toʻntaribdi va oʻzi ichiga kirib yotibdi, boʻrining kelishini kuta boshlabdi. Bir kun kutibdi, kelmabdi, ikki kun kutibdi, kelmabdi, kampir qozon tagidan chiqmay yotaveribdi. Nihoyat, uchinchi kun boʻri kelibdi, hammayoqni titkilab koʻribdi, kampir yoʻq emish. Boʻri toʻntarilgan qozonni koʻrib qolibdi va ustiga chiqib oʻtirib olib, ashula ayta boshlabdi. Boʻrining ovozi shu qadar xunuk ekanki, uni eshitgan kampir beixtiyor qattiq kulib yubordi. Boʻri shu zahoti qozonni agʻdarib, tagidan kampirni tortib olib, yeb olibdi.