← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
Hayvonlar haqidaBolalar uchunSehrliPodsholarAdolatTabiatOilaTijorat

Burgutlar

542 soʻz

Bir togʻ etagidagi gʻorda bir shahzoda, bir ayiq, bir tulki va bir burgut yashar ekanlar. Burgut butun dunyodagi burgutlarning podshohi ekan. Ayiq ham butun dunyodagi ayiqlarning podshohi ekan. Tulki ham dunyodagi barcha tulkilarning podshohi ekan.

Kunlardan bir kuni tulki va burgut bir shaharga kelibdilar. U shahar podshohining bir goʻzal qizi bor ekan. Tulki aylanib yurib, shu qizni koʻrib qolibdi va gʻorga kelib shahzodaga qizni juda yaxshilab taʼriflab beribdi. Shahzoda shohning qiziga gʻoyibona oshiq boʻlibdi. Qizning vasliga yetolmay, koʻp vaqt xafa boʻlib yuribdi.

Shu vaqtda burgut, ayiq va tulkilar undan nima uchun xafa ekanligini soʻrabdilar. Shahzoda: «Menga oʻsha shohning qizini olib bersalaringiz shunda mening vaqtim chogʻ boʻladi», debdi. Burgut oʻrnidan turib: «E shahzodam, aslo tashvish qilmang, bu ishni tulki bilan ikkimiz bajaramiz», debdi.Shahzoda juda xursand boʻlibdi. Tulki va burgut shaharga kelibdilar. Tulki shohning saroyiga kirib, qizning oldida dumini qilpillatib yuribdi. Burgut esa, qizning ravogʻi ustida poylab turibdi. Shohning qizi tulkini koʻrib quvlabdi, tulki sekin-sekin qizni aldab koʻchaga olib chiqibdi.

Shunda burgut osmondan kelib qizni koʻtarib uchibdi va shahzodaning oldiga olib kelibdi. Tulki ham sekin kirib kelibdi. Oxiri qizni yigitga nikoh qilibdilar. Shahzoda va qiz baxtli hayot kechira boshlabdilar. Ular har kuni qizni gʻorga qoʻyib, ayiqni unga poyloqchi qilib, oʻzlari oʻrmonga ov qilgani ketishar ekan.

Oradan oz vaqt oʻtgach, qizning otasi shaharga jar chaqirtiribdi.

Biroq, u qizidan darak topa olmabdi.

Shunda bir jodugar kampir shohning oldiga kelib: «Shohim, qizingizni men topib beraman, sevinchisiga nima berasiz?» debdi. Shoh: «Nima maqsading boʻlsa, shunga yetkazaman», debdi. Kampir shohdan bir uchar ot olib, yoʻlga ravona boʻlibdi. Kampir borib-borib, haligi qiz turadigan gʻorning roʻparasidagi oʻrmonga yetibdi. Jodugar otini oʻrmonga yashirib, oʻzi bir musofir odam boʻlib, qizning oldiga kelibdi.

Shu vaqtda shahzoda, burgut va tulkilar kelib qolibdilar. Kampir ularga hiyla qilib: «Men musofirman, pulim, molim yoʻq, meni sizlar shu yerda olib qolinglar, men sizlarning ovqatlaringizni pishirib berib yuray», deb yigʻlabdi. Shahzodaning kampirga rahmi kelib, gʻorga olib kirib ketibdi. Gʻorda har kuni kampir bilan qiz qolib, ular esa ovga boribdilar.

Kunlardan bir kuni kampir, qizni oʻrmonga tomosha qilish uchun olib chiqibdi. Sungra jodugar qizga uchar otni koʻrsatib: «Qani, shu otga bir minib koʻraylik-chi», deb qizni mindiribdi va oʻzi ham minib, qizni otasi — shoh oldiga olib kelibdi. Qiz shahzodadan ayrilganiga juda xafa boʻlib yuribdi.

Kechqurun shahzoda, ayiq, tulki va burgutlar ovdan qaytishib qarasalarki, qiz va kampir yoʻq. Shahzoda yana xafa boʻlib tursa burgut va tulkilar avvalgidek qilib, yana qizni olib kelibdilar. Bular yana farovon turmush kschira boshlabdilar.Shoh koʻrsaki, qizi yana yoʻq. U darhol butun askarlarini toʻplabdi. Jodugar kampir yoʻl koʻrsatibdi, soʻngra shoh barcha askarlari bilan gʻor oldiga kelibdi va: «Hoy, shahzoda! Nima uchun sen mening qizimni olib qochding, kel, urush qilamiz, qani, askarlaringni chaqir!»

deb dahshat solibdi. Shahzoda boshini quyi solib turarkan, ayiq bir uvillabdi, butun dunyodagi ayiqlar toʻplanishib, bir tomonga saf tortib turibdilar. Tulki ham bir uvillagan ekan, hamma tulkilar kelib bir tomonda turibdilar. Burgut esa, bir qichqirgan ekan, butun dunyodagi burgutlar togʻlardan toshlarni koʻtarib kelib tepada turibdilar.

Shu vaqt shoh vaziriga ayiq va tulkilarni koʻrsatib: «Askari oz ekan urushni boshlaymiz», debdi. Vazir dono ekan, yuqoriga qarab, burgutlarni koʻrib, yuragi yorilguday boʻlibdi. Vazir shohga qarab:— Shohim, tepangizga qarang! Uni koʻryapsizmi? Urush qilmaymiz, shahzoda bilan yarash qilamiz, — debdi. Shoh bu holni koʻrib, darrov shahzoda bilan yarashibdi va u shahzodani oʻz yurtiga kuyov qilib olib ketibdi.

Soʻngra hammalari murod maqsadlariga yetibdilar.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!