Oʻtgan qadim zamonda, quyosh chiqar tomonda bir kambagʻal odam yashagan ekan. Uning Hotam degan yoshli oʻgʻli bor ekan. Kambagʻal oʻlgandan keyin uning xotini oʻgʻli Hotamni boqolmay Dadaboy degan kambagʻalga topshiribdi. Dadaboy ham Hotamni boqolmay bozorga olib borib, Jalol degan boyga sotibdi. Jalolboy Hotamni uyiga olib borib ishlatib yura beribdi.Oradan ikki-uch yil oʻtibdi.Jalolboy qirq tuyaga mol ortib karvonlarga qoʻshilib, uzoq bir shaharga joʻnab ketibdi.
Hotam yoʻlda Jalolboyning xizmatini qilib yuribdi.Karvon kecha-yu kunduz yoʻl yurib, bir choʻl-u biyobonda ketayotgan ekan, qorongʻi tushibdi. Choʻlda bir vayrona qoʻrgʻon bor ekan, Jalolboy karvonlarga, “Shu qoʻrgʻonda tunaylik”, debdi.Savdogarlar: “Bu choʻl-biyobon boʻlsa, oʻgʻrilar kelib tagʻin bizga ziyon-zahmat yetkazmasin”, deb qoʻrqishibdi va yoʻlga ravona boʻlishibdi.Jalolboy oʻz xizmatkorlari bilan shu qoʻrgʻonga qoʻnibdi. Ovqat yeb boʻlgach, boy xizmatkorlari bilan bir hujraga kirib yotibdi.
Hotam esa, otlar va mollar yonida qoʻliga xanjar ushlab poyloqchilik qilibdi. Yarim kechada bir katta qora dev qoʻrgʻonga kirib kelibdi-da, boy yotgan hujraga qarab yura boshlabdi. Hotam devni koʻrib turgan ekan. Sekin orqasidan borib xanjar bilan devning kallasini uzib tashlabdi.Devning kallasini dast koʻtarib qoʻrgʻondan chiqibdi va xandaqqa tashlabdi. Hotam yana otlar va tuyalar yoniga kelib yotibdi. U oʻzicha oʻylabdi: “Men-ku buni oʻldirdim, lekin bu dev yolgʻiz boʻlmasa kerak.
Sheriklari ketidan qidirib kelishlari va bizga ziyon yetkazishlari mumkin. Men buning oldini olishim kerak, albatta”.Hotam bu sirni hech kimga bildirmasdan qoʻrgʻondan tashqariga chiqib, u yoq-bu yoqqa qarabdi: “Dev shu tomondan kelgan boʻlsa kerak, deb tusmol bilan qarshisidagi togʻga qarab joʻnabdi. Hotam yoʻl yurib, yoʻl yursa ham moʻl yurib, togʻga yetibdi. Qarasa, togʻning bagʻrida bir gʻor bor emish.
Shu gʻorning ichida bir sir yoʻqmikan, deb gʻorning ichiga kiribdi. Bir tomondan yorugʻlik koʻrinibdi. Oʻzini bir chekkaga olib quloq solibdi. Ichkaridan: “Bizning sherigimiz shu vaqtgacha kelmadi. Nima boʻldi ekan, hammamiz borib undan xabar olishimiz kerak”, degan tovush eshitilibdi.Hotam xanjarini yalangʻochlab mahkam ushlagan holda gʻorning ogʻzida oʻzini panaga olib turibdi. Devlar birin-ketin gʻordan chiqa boshlabdilar. Hotam gʻordan chiqqan birinchi devning kallasini uzib tashlabdi.
Qolgan devlarning ham birma-bir kallasini olib tashlay beribdi.Hotam devlarni saranjomlab boʻlgach, gʻorning ichkarisiga kiribdi. U yoq-bu yoqqa qarasa bir eshik koʻrinibdi. Eshikni ochib ichkariga kirsa, bir chiroyli bogʻ, unda gullar ochilgan, qushlar sayragan, shohona supalar yasatilgan, bir supada qip-qizil choʻgʻday gilamlar, koʻrpachalar ustida toʻrt chiroyli qiz uxlab yotibdi. Hotam qizlar uygʻonib ketmasin, deb sekin supaning bir chetiga borib oʻtiribdi. Biroz vaqt oʻtgach, qizlardan biri choʻchib uygʻonibdi.
Hotamni koʻrib hayron boʻlibdi:— Ey, odamzod, bu joy toʻrt devning makoni-ku, qanday qilib kelib qoldingiz, hozir devlar keladi, ular koʻrsa oʻn joningizdan bir joningiz ham qolmaydi. Bu yerdan tezroq keting!
— debdi.Hotam qizga:— Toʻrt devning ajali mening qoʻlimda edi. Bugun hammasini oʻldirdim. Sizlar kim boʻlasizlar, bu yerda nima qilib yuribsizlar?
— deb soʻrabdi.Bularning soʻzidan uxlab yotgan qizlar ham uygʻonib, oʻrinlaridan turib oʻtirishibdi. Qizlardan biri:— Biz toʻrt podshoning qizimiz. Bizlarni devlar shu yerga olib qochib kelgan. Birimizning kelganimizga uch yil, ikkinchimizga ikki yil, uchinchimizga ikki yarim yil, toʻrtinchimizga toʻrt yil boʻlgan, — debdi.Qizlar Hotamga oʻz ahvollarini hikoya qilib berishibdi. Hotam ularni tashqariga olib chiqib, oʻldirilgan devlarning jasadlarini koʻrsatibdi. Qizlar Hotamning botirligiga qoyil qolib, minnatdorlik bildirishibdi.
— Bizni ham oʻzingiz bilan birga olib keting, — deb yalinishibdi.
— Men sizlarni hozir olib keta olmayman. Sizlar hozircha shu joyda yashab turinglar. Men ishimni bitirib qaytgach, sizni bu gʻordan olib chiqib oʻz uylaringizga olib borib qoʻyaman, — deb javob beribdi Hotam. Qizlar xursand boʻlishibdi.Hotam gʻordan chiqib, gʻorning ogʻzini katta tosh bilan bekitib qoʻyibdi va qoʻrgʻonga qaytib kelibdi. Birozdan soʻng, tong otibdi. Qoʻrgʻondagilar turguncha choy qaynatib tayyor qilibdi. Jalolboy va uning xizmatkorlari erta bilan nonushta qilib yoʻlga tushibdilar.
Hotam kechasi boʻlib oʻtgan sirni hech kimga soʻzlamabdi. Karvon bir necha kun yoʻl yurib bir shaharga yetibdi, saroyga tushishibdi. Ertasi boy mollarini bozorga olib chiqibdi. Shahar suv quygandek jimjit, shodlik alomatlari koʻrinmaydi. Odamlar xafa, hech kimning mol bilan ishi yoʻq. Jalolboy hayron boʻlib bir odamdan:— Bu shaharda nima voqea boʻlgan, odamlar xafa, bir-biri bilan soʻzlashmaydi?
— deb soʻrabdi. U odam esa:— Shahrimiz podshosining Malika degan qizi bor edi, bundan uch yil ilgari uni devlar olib qochib ketgan. Yurtning azamatlari qizni shu vaqtgacha hech qayerdan topa olmaydi, shuning uchun shahar xalqining tinchligi buzilgan, — deb javob beribdi.Jalolboy bozordan saroyga qaytib kelib eshitgan gaplarini Hotamga soʻzlab beribdi.
— Bu shaharda savdomiz yurishmadi, endi boshqa shaharga joʻnaymiz, — debdi Jalolboy va shu kunning ertasigayoq tong otishi bilan mollarini tuyalarga ortib boshqa shaharga joʻnabdi. Karvon bir necha kun yoʻl yurgandan keyin, boshqa bir shaharga yetib boribdi. Karvonsaroyga tushib dam olishibdi. Ikkinchi kuni Jalolboy bozorga chiqibdi. U shahar xalqining ham qovogʻi soliq, barchasi qaygʻuda ekan!
Bu yerda ham savdoning mazasi boʻlmabdi.Jalolboy odamlardan bu holning sababini surishtirib koʻrsa, shahar podshosining Huriniso degan qizi bor ekan. Uni ham devlar bundan ikki yil ilgari olib qochib ketgan ekan. Xafa boʻlgan podsho savdo-sotiq ishlarini toʻxtatib qoʻygan ekan. Boy savdoning yurishmaganidan xafa boʻlib saroyga qaytib kelibdi. Shahardagi voqeani Hotamga aytib beribdi. Boy ikkinchi kuni mollarini tuyaga ortib bu shahardan ham joʻnab qolibdi.Yoʻl yuribdi, yoʻl yursa ham moʻl yuribdi.
Choʻl-biyobonlarni kezib karvon bir shaharga yetib, saroyga tushibdi.Bu safar Jalolboy bozorga bormay, saroybondan shahar ahvolini soʻrabdi.Saroybon:— Podshohimizning Poshshoxon degan bir qizi bor edi. Devlar olib ketganiga ikki yarim yil boʻldi. Shahar xalqi qizni qidirish bilan ovora.
Shu sababli doʻkonlar berk, savdo ishlari toʻxtab qolgan, — debdi. Boy buni eshitib, juda xafa boʻlibdi. Bozorga chiqmay, shu kunning oʻzidayoq boshqa shaharga joʻnabdi.Koʻp kunlar, oylar yoʻl yuribdi. Bir shaharga bir kunlik yoʻl qolganda, yuklarini tushirib, ot va tuyalarni xashakka qoʻyibdi. Xizmatkorlariga tayinlab, oʻzi shaharning ahvolini bilib kelish uchun Hotam bilan birga ot minib yoʻlga chiqibdi. Shaharga borguncha kech kiribdi.
Ikkisi shahar darvozasidan kirmay, chetdagi bir kambagʻal kampirning uyiga kelib, bir kecha yotib ketish uchun joy soʻrashibdi. Kampir rozi boʻlibdi. Boy kampirning uyiga kirib oʻtiribdi. Hotam esa, otlar yonida qolibdi. Jalolboy kampirdan shahar ahvolini soʻragan ekan. Kampir:— E, bolam, shaharning ahvolini soʻrab nima qilasiz? Podshohimizning oy desa ogʻzi bor, kun desa koʻzi bor juda chiroyli bir qizi bor edi. Uning oti Dilorom edi.
Bundan toʻrt yil burun Diloromni devlar olib qochib ketgan, uni yetti yoshdan yetmish yoshgacha boʻlgan odamlar kecha-yu kunduz qidiradi, hech qayerdan topolmaydi. Podsho, hatto shaharga kelgan yoʻlovchilarni ham toʻxtatib oʻz qizini topib kelish uchun yuboradi. Buning uchun qancha yasovullar tayinlab qoʻygan. Shaharning ahvoli ana shunaqa, oʻgʻlim, — debdi.
Shunday debdi-yu, Diloromning suratini Jalolboyga koʻrsatibdi. Jalolboy suratni koʻrishi bilanoq qizga oshiq-u beqaror boʻlib hushidan ketibdi.Hotam uyga kirsa, Jalolboy yiqilib behush boʻlib yotganmish. Kampir boʻlgan voqeani soʻzlab, Diloromning suratini unga koʻrsatibdi. Hotam suratni qoʻliga olib koʻrishi bilanoq, gʻordagi qizlardan biri shu Dilorom ekanligini bilibdi. Hotam Jalolboyga suv sepib hushiga keltirib, hol-ahvol soʻrabdi. Boy aytibdi:— Men shu podsho qiziga oshiq boʻlib qoldim. Nima boʻlsa ham uni qidirib topishim kerak.
— Buni topish bir gap boʻlar, siz avval podshoning saroyiga boring, agar qizni topsak, sizga beradimi, yoʻqmi, shuni biling. Agar qizini sizga beradigan boʻlsa, uni men topaman-da, toʻgʻri oʻz shahrimizga olib ketamiz, — debdi Hotam.Jalolboy Hotamning bu soʻzidan xursand boʻlibdi. Ertasiga oʻrnidan turib podshoning oʻrdasiga boribdi. Podshoning huzuriga kirib, oʻzining kim ekanligini va nima uchun kelganligini aytibdi. Podsho qizi Diloromni topib kelgan kishiga bermoqchi ekanligini aytibdi.
Boy qizni topib kelish uchun muhlat olib, kampirning uyiga qaytib kelibdi. Podsho bilan oralarida oʻtgan soʻzni Hotamga aytib beribdi.Hotam bilan Jalolboy yoʻl yurib, yoʻl yursalar ham moʻl yurib, podsho qizlari yashagan gʻorga kelishibdi, otlarini bogʻlab, gʻorning ichidagi gulzorga kirishibdi. Jalolboy qizlar orasida turgan Diloromni tanib, yana hushidan ketibdi. Hotam unga suv sepib oʻziga keltiribdi.Hotam Diloromga qarab:— Singlim, endi sizni bu yerdan olib ketgani keldim.
Oʻz uyingizga, ota-onangizning yoniga borasiz. Tayyorlaning!
— debdi. Dilorom xushvaqt boʻlib ketishga hozirlanibdi.Hotam boshqa qizlarga:— Men Diloromni ota-onasiga olib borib topshiraman, sizlar shu yerda yashab turinglar, keyin sizlarni ham olib ketaman, — deb ularni tinchlantiribdi, soʻngra Hotam, boy va Dilorom birga yoʻlga chiqibdilar. Yoʻl yurib, bir necha muddatdan soʻng shaharga yaqinlashganda Hotam ulardan ilgari ot chopib, shaharga kiribdi. Podsho saroyiga borib Diloromning kelayotganidan xabar beribdi. Podsho qizining sogʻ va salomat kelganiga xursand boʻlib kutib olibdi. Bir necha kun toʻy-tomosha qilibdi.
Kunlardan bir kun podsho Diloromni yoniga chaqirib:— Qizim, kim qizimni topib kelsa, oʻshani kuyov qilaman, deb ahd qilgan edim. Bu ahdimni butun xalq biladi. Seni Jalolboy degan odam topib keldi.
Endi men Jalolboyni oʻzimga kuyov qilaman, nima deysan?
— debdi.
— E, ota, — debdi Dilorom, — meni devning qoʻlidan qutqargan odamga bersangiz roziman.
Lekin meni qutqargan Jalolboy emas. Meni devdan qutqarib olib kelgan odam Hotamdir. Ahdingizga muvofiq, Hotamga tegishim kerak.Podsho bu soʻzni eshitib hayron boʻlibdi, Jalolboy bilan Hotamning oldiga chiqib, Diloromning soʻzini aytibdi. Hotam oʻrnidan turib podshoga.
— Hurmatli hukmdor, men hali yoshman, hozir uylanadigan vaqtim emas. Diloromni devlar qoʻlidan men xalos qilgan boʻlsam ham xoʻjamning istaklari yerda qolmasin.
Shuning uchun meni maʼzur tutib qizingizni xoʻjamiz Jalolboyga bersangiz, — debdi.Podshoga bu soʻz maʼqul tushibdi, qirq kecha-yu qirq kunduz toʻy-tomosha qilib, qizini Jalolboyga beribdi. Podsho oʻz vazir-vuzarolarini chaqirib, ularga:— Men endi qarib qoldim, podsholigimni Jalolboyga berdim, — debdi va kuyovini podsho etib tayinlabdi.Hotam podshoga:— Endi menga ruxsat bersangiz, men ketay, — debdi.
— Hotam, siz ketmang, menga yaxshilik qildingiz, sizni ham uylantirib qoʻyay, — debdi Jalolboy. Hotam bu shahardan ketish uchun podshodan yana javob soʻrabdi. Oxiri podsho rozi boʻlibdi. Hotam shahardan chiqib, qizlar turgan gʻorga yoʻl olibdi. Gʻorga bir kunlik yoʻl qolganda, bir suvning boʻyida ust-boshlari yirtilgan, oyoqlari qavargan uch yosh yigitning uxlab yotganini koʻribdi. Hotam: “Men bu yigitlarning hol-ahvolini bilay, agar qoʻlimdan kelsa yordam beray”, deb oʻylabdi, uxlab yotgan yigitlarning yoniga kelibdi.
Birozdan keyin yigitlar uygʻonishibdi. Oʻrinlaridan turib, Hotam bilan soʻrashishibdi. Hotam ulardan:— Siz kim boʻlasiz, bu choʻl-biyobonlarda nima qilib yuribsiz?
— deb soʻrabdi.Yigitlardan biri:— Biz Kanʼon podshosining oʻgʻillari boʻlamiz. Otamiz uch podshoning uch qizini bizga fotiha qilib unashtirib qoʻygan edi. Bundan uch yil burun bir qizning otasidan, ikki yil burun ikkinchi qizning otasidan, ikki yarim yil burun uchinchi qizning otasidan otamizga “Qizimni devlar olib ketdi, kelin kerak boʻlsa, oʻgʻlingiz qidirib, topib olsin”, degan mazmunda xat keldi. Biz oʻsha xabarni eshitgandan beri uch qizni qidirib yuribmiz. Bugun suv boʻyida yotganimizga ham uch kun boʻldi.
Qizlardan xabar topolmay, sarson-u sargardonmiz, — debdi.Shunda Hotam yigitlarga qarab:— Har biringiz oʻz qalligʻingizning otasidan, qizni topib, devlardan qutqarsangiz, qizini sizga berishi haqidagi vaʼdani tasdiqlaydigan tilxat olib kelingiz, siz kelguningizcha men shu yerda turaman. Kelganingizdan keyin qizlarni topishga qoʻlimdan kelgancha yordam beraman, — debdi.
Yigitlar “Xoʻp-xoʻp”, deb har biri oʻz qalligʻining yurtiga joʻnabdi.Bir qancha kun oʻtgandan keyin yigitlarning har biri uch podshodan rozilik xatini olib kelishibdi va Hotamga koʻrsatishibdi. Hotam uch yigitni boshlab qizlar yashab turgan gʻorga olib boribdi. Gʻorga kirib yigitlarga qizlarni koʻrsatibdi. Yigitlar ularni koʻrib xursand boʻlibdilar. Hotam qizlarga qarab:— Ana, singillarim, sizlarning ham oʻz yurtingiz, ota-onangiz oldiga borish vaqtingiz yetdi.
Qani, tayyorlaninglar, — debdi.Qizlar sevinishib, Hotamga minnatdorlik bildirib, kerakli narsalarni olib, yigitlar bilan gʻordan chiqibdilar. Ular yetti kishi boʻlib Malikaning shahriga borishibdi. Hotam Malikani otasi podshoga topshirib, uni devlardan qanday qilib qutqarganini birma-bir soʻzlab beribdi. Podsho Hotamning botirligi va uddaburroligiga qoyil qolib, qimmatbaho inʼomlar beribdi. Podsho qizi Malikani oʻz vaʼdasiga binoan Kanʼon podshosining oʻgʻliga qirq kecha-yu qirq kunduz toʻy qilib beribdi.
Shahzodani oʻz oʻrniga podsho qilib tayinlabdi.Hotam Huriniso, Poshshoxonlarni ham oʻz yurtlariga olib borib, ota-onalariga topshiribdi. Ular Hotamga minnatdorlik bildirib, izzat-hurmat qilibdilar. Oʻzlarining vaʼdalariga muvofiq ular ham toʻy-tomoshalar qilib, qizlarini Kanʼon podshosining ikki oʻgʻliga beribdilar. Oʻz podsholiklarini ham topshiribdilar.
Shunday qilib, Dilorom, Malika, Huriniso, Poshshoxon oʻz qoʻshganlari bilan murod-maqsadlariga yetibdilar.Oradan bir necha kun oʻtgach, uch shahzoda yigʻilishib Hotamdan maslahat soʻrabdilar. Katta shahzoda:— Endi biz Kanʼonga borib ota-onalarimizni koʻrib kelsak, nima maslahat berasiz?
— debdi.Hotam ajablanib:— Podshoning vazifasi mamlakat ishlari bilan shugʻullanishdan iborat. Siz kechagina podsho boʻldingiz, bugun esa ota-onamizni koʻrib kelamiz, deb oʻtiribsiz. Avval davlat ishiga qaranglar. Sizlar xat yozib beringlar, men ota-onalaringizga olib borib, sizning sogʻligʻingizni, murod-maqsadga yetganingizni bildirayin, — debdi. Shahzodalar xat yozib, Hotamni uch kunlik yoʻlgacha kuzatib qoʻyibdilar. Hotam bir necha kun yoʻl yurib bir togʻning bagʻrida otdan tushib buloq yonida dam olibdi.
Shu payt buloq yonidagi chinorning shoxiga ikki kaptar kelib qoʻnibdi. Kaptarlar oʻzaro soʻzlashibdilar.Biri:— Mana shu togʻning orasidagi bir uyda bir shahzoda necha oydan beri behush boʻlib yotibdi. U parilar podshosining qiziga oshiq boʻlgan ekan.
Shu sababli parilar uni jinni qilib qoʻygan, — debdi.Ikkinchisi aytibdi:— Ey, buning davosi juda oson. Mana shu chinordan yuz qadam narida bir buloq bor. Buloqning yonida ikkita chinor bor. Chinorning bargini qaynatib ichirilsa, shahzoda shu zamon oʻziga keladi.Shu suhbatlardan soʻng kaptarlar uchib ketibdi.Hotam oʻtirgan yeridan yuz qadam olgʻa qarab yuribdi, buloq boʻyidagi ikki katta chinorning barglaridan terib olib xurjunga solibdi, otni minib kaptar aytgan togʻning orqasiga boribdi. Togʻ bagʻrida bir uy koʻribdi.
Uning yoniga borib otdan tushibdi, uyga kirib qarasa, oʻn sakkiz yoshlarda boʻlgan, qaddi-qomati kelishgan bir yigit uxlaganday behush boʻlib yotgan emish. Uyda boshqa hech kim yoʻq ekan. Uydan chiqib u yoq-bu yoqqa qarabdi. Hovlida boshqa bir uy bor ekan. Undan ikki xotin yugurib hovliga chiqibdi va Hotamning oldiga kelib salom beribdi.Hotam xotinlardan:— Bu bola nima uchun behush boʻlib yotibdi?
— deb soʻrabdi. Xotinlardan biri:— Bu bola besh oydan beri behush boʻlib yotibdi, lekin sababini bilmaymiz, biz shu bolaning holidan xabar olib turamiz, — debdi. Hotam xotinlardan bir choydish soʻrab, unga chinordan olib kelgan barglarni solib qaynatibdi.
Soʻngra uni bolaning ogʻziga tomizibdi. Birozdan keyin behush boʻlib yotgan bola oʻziga kelibdi, koʻzini ochib, oʻrnidan turibdi. Bola yana chinor bargining suvidan ichibdi. Hotam bilan koʻrishib, oʻz boshidan oʻtgan sirlarni aytib beribdi:— Men Ibrohim degan shahzodaman.
Kunlardan bir kun sayr qilib parilar podshosining bogʻiga borib qoldim. Bogʻda parilar podshosining qizini koʻrib behush boʻlib yiqilibman.
Shundan boshqa hech narsani bilmayman, — debdi. Hotam shahzodaga:— Endi seni otang oldiga olib borib qoʻyaman. Oʻzim bir ish bilan Kanʼon shahriga ketayotibman, ishni bitirgach, qaytib kelib senga parilar podshosining qizini topishga yordam qilaman, — debdi.Hotam shahzodani olib borib ota-onasiga topshiribdi, oʻzi Kanʼon shahriga qarab joʻnabdi.Bir necha kun yoʻl yurib, yoʻl yursa ham moʻl yurib, Kanʼon shahriga yetibdi. Podsho saroyiga borib, shahzodalarning xatini shohga topshiribdi.
Xatda shunday deyilgan ekan:“Ota, biz sogʻ-salomatmiz. Qizlarni topa olmay, necha vaqt sarson boʻlib yurdik. Choʻl-biyobonda azob-uqubatlar chekib yurganimizda shu xatni sizga olib boruvchi Hotam degan yigit bizga uchrab qoldi. Bizlarni murod-maqsadimizga yetkazdi. Siz Hotamni yoningizda olib qolsangiz juda yaxshi boʻlar edi”.Podsho xatni oʻqib boʻlgach, Hotam bilan boshqatdan quchoqlashib koʻrishibdi. Uni izzat-hurmat qilibdi.
Oradan bir-ikki kun oʻtgach, Hotam podshodan ketishga ijozat soʻrabdi:— Men sizga ijozat bermayman, — debdi podsho.
— Sizni oʻz bolalarimday koʻrib, yonimda olib qolaman. Uylantirib qoʻyaman. Oʻzim endi qarib qoldim. Sizni oʻrnimga podsho qilaman. Ketmang, bolam!
— Hurmatli podshohim, hozir mening bir qancha ishlarim bor, shu ishlarni bitirganimdan keyin, uylanish toʻgʻrisidagi fikringizga koʻnarman. Chala qolgan ishlarimni tugatib kelishga ijozat bering, — deb iltimos qilibdi Hotam.Podsho Hotamni yonida olib qolish uchun koʻp urinibdi. Oxiri nochor ruxsat beribdi. Bir necha kun yoʻl yurib, choʻl-biyobonlar kezib, shahzoda Ibrohimning shahriga kelibdi. Podsho Hotamning kelganini eshitib yoniga chaqirib, ziyofat qilibdi.
Bir qancha vaqt suhbat qilib oʻtirganlaridan soʻng Hotam podshoga:— Endi Ibrohim bilan menga javob bering, vaʼdaga muvofiq, shahzodaning baxt qushini izlaylik, — debdi. Hotam bilan shahzoda Ibrohim podshodan javob olib, yoʻlga ravona boʻlibdi. Bir necha kun yoʻl bosib, parilarning bogʻiga yetishibdi. Hotam otdan tushib shahzodaga aytibdi:— Siz shu joyda turing, men bir bogʻdan xabar olib chiqay.Shahzoda otlarni olib qolibdi.Hotam bogʻga kirib gulzorlarni aylanib yuribdi. Yurib-yurib bir hovuz yoniga kelibdi.
Hovuz yonida katta bir chinor bor ekan. Chinorning yonida yashirinib oʻtiribdi. Bir necha vaqtdan keyin qoʻliga chelak ushlagan bir kampir hovuzdan suv olib, Hotamni koʻrmay, yana ichkariga kirib ketibdi. Hotam sekin eshik yoniga borib quloq solibdi. Uyning ichida ikki ayolning soʻzlashgani eshitilibdi. Bir kampir ikkinchisiga aytibdi:— Esingizda bormi, bundan uch-toʻrt oy ilgari men jodu qilgan shahzoda, oʻsha tuzalib, bugun yana bogʻning eshigiga kelib turgan ekan. Hozir chiqib jodu qilib keldim.
Endi tuzalishi mahol.
Lekin dunyoda bir dori bor, oʻsha bilan tuzatish mumkin: u ham boʻlsa, Hirot podshosining xazinasida. Uni podsho hech kimga bermaydi.Ikkinchi kampir:— Hirot shahrida bir ajdaho paydo boʻlibdi. U kuniga bir odam bilan bir qoramolni yeydi. Yaqinda navbat podshoning qiziga keladi. Ajdahodan podsho qizini kim qutqarsa, dorini oʻsha kishiga berishi mumkin.
Lekin ajdahoni hech kim oʻldira olmaydi, — debdi.Birinchi kampir aytibdi:— Ajdahoni oʻldirish yoʻli juda oson. Hirot shahrining bir chetida zaharlangan ikki chinor bor. Oʻsha chinorni gʻoʻla-gʻoʻla qilib kesib, maydalab talqon qilib, bir hoʻkizning terisiga solib ajdahoning keladigan yoʻliga qoʻyadi. Ajdaho suvdan chiqib hoʻkizni damiga tortadi.
Shundan zaharlanib oʻladi, — debdi.Ikki kampir ovqatlanishga oʻtiribdi.Hotam sekin bogʻdan chiqib, shahzoda yoniga borsa, u ogʻzidan koʻpik sochib, bexush boʻlib yotgan emish. Ahvoli avvalgidan ogʻir emish. Hotam shahzodani otga oʻngarib ilgarigi yotgan joyiga olib boribdi. Yigitni yotqizibdi, tashqariga chiqib bir choʻponni koʻrib, uni oldiga chaqiribdi.
— Ota, — debdi choʻponga Hotam, — bir yilga qanchadan ishlab yuribsiz?
— Bir yilga besh tilladan ishlab yuribman, — debdi choʻpon.Hotam aytibdi:— Men sizga kuniga bir tilla beraman. Bir oylik xizmatim bor. Uyda bir yigit yotibdi, shunga qarab turasiz.Choʻpon rozi boʻlibdi.Hotam choʻponga besh tilla berib, oʻzi Hirotga qarab joʻnabdi. Yoʻl yurib, yoʻl yursa ham moʻl yurib, Hirot shahriga yetibdi. Hotam Hirot podshosining huzuriga kirib, salomdan soʻng:— Bir shahzoda behush boʻlib yotibdi. Sizning xazinangizda joduni qaytaradigan dori bor ekan.
Shu doridan bersangiz, olib borib shahzodani oʻziga keltirsam, katta yordam qilgan boʻlar edingiz, — debdi.
— Men dorimni hech kimga bermayman, — debdi podsho, — kimda-kim mening qizimni ajdahodan qutqarsa, oʻshanga dorini ham, qizimni ham beraman.Hotam:— Agar vaʼdangizda tursangiz, qoʻlimdan kelgancha harakat qilib, qizingizni ajdahodan men qutqaraman, — debdi.Podsho:— Qancha-qancha polvonlar kelib, ajdahoni yenga olmagan, sen bir yosh bola boʻlsang, qanday qilib uni yengasan?
Senga rahmim keladi, qoʻy, baloga giriftor boʻlib yurma, doridan picha beray, olib keta ber, — debdi.Hotam:— Mardning ishi muhtojlarga koʻmaklashish, nochorlarni ogʻir ahvoldan qutqarishdir. Men boshingizga tushgan bir falokatni eshitib turib, sizlarni ajdahodan qutqarmay, bu shahardan ketmayman. Menga ijozat bering, ajdahoni oʻldirganimdan keyin xizmatlarim evaziga dorini olib ketaman, — debdi. Podsho Hotamning botirligiga qoyil qolib:— Mayli, ijozat berdim, — debdi.
— Podshohim, — debdi Hotam, — menga beshta odam bering, — ular shahringizning bir chetidagi ikkita katta chinorni gʻoʻla-gʻoʻla qilib kesib, maydalab tolqon qilib bersinlar. Yana oʻnta mol soʻydirib ularning terilarini butun holda bering!
— debdi. Podsho rozi boʻlibdi.Shu ondayoq beshta xizmatchisini chaqirib:— Sizlar Hotamning aytganlarini bajaringlar, — debdi. Yana bir necha xizmatkorlarini chaqirib:— Sizlar oʻnta mol soʻyib, terilarini butun holda Hotamga keltirib beringlar!
— debdi. Hotam beshta odamni olib, toʻgʻri shahar chetidagi ikki chinorning tagiga boribdi. Chinorlarni kestirib, gʻoʻla-gʻoʻla qilib, maydalab tolqon holida mollarning terisiga tiqib hoʻkiz shakliga keltiribdi. Ularni ajdahoning suvdan chiqadigan joyiga olib borib qoʻyibdi, Hotam bilan podshoning qizi tepalikda tomosha qilib turibdi. Birozdan keyin ajdaho daryodan chiqib, “hoʻkiz”ni damiga tortibdi-yu, shu ondayoq zaharlanib oʻlibdi.
Qiz oʻzini oʻlimdan qutqazgan bahodir yigitga minnatdorchilik bildiribdi, qiz bilan Hotam sevinishib, podshoning oldiga borishibdi. Podsho ishonmay, ajdaho tomonga vazirlarini yuboribdi. Vazirlar borib haqiqatan, ajdahoning oʻlganini koʻrib, podshoga xabar berishibdi. Podsho Hotamning qilgan ishiga qoyil qolib:— Ey, botir, endi men senga qizimni beraman, seni bu shahardan hech qayerga yubormayman, — debdi.Hotam:— Ey, podshohim, men hali yoshman, uylanmayman, dorini bersangiz, kelgan izimga qaytaman, — debdi.
Podsho koʻnmasdan:— Seni hech qayerga yubormayman, — deb turib olibdi.
— Podshohim, — debdi Hotam, — boʻlmasa menga dorini bering, men olib borib oʻrtogʻimni hushiga keltirib, uni murod-maqsadiga yetkazib, keyin qaytib kelaman, uylanish masalasini esa bafurja maslahatlasharmiz.
— Podsho bu soʻzni maʼqul topib, odamni hushiga keltiradigan va behush qiladigan dorilarni Hotamga beribdi. Hotam bir necha kun yoʻl bosib shahzodaning yotgan joyiga kelibdi. Unga dorini hidlatib hushiga keltiribdi. Shahzodaga turli ovqatlar berib, uni darmonga kirgizibdi. Bir-ikki kun dam olgandan keyin Hotam shahzodani parilar bogʻiga olib boribdi. Bogʻning bir chetida otdan tushib:— Shahzoda, siz shu yerda otlarga qarab turing, men bogʻga kirib chiqay, — debdi.
Hotam bogʻga kirib, aylanib, kampirlar yashaydigan uyning eshigi yonida yashirinib quloq solibdi. Hech qanday tovush eshitilmagach, eshikni ochib ichkariga kiribdi. Ikki kampir uxlab yotgan ekan. Sekin kampirlarning yoniga borib, behush qiladigan dorini iskatibdi.Ularning oyoq-qoʻllarini bogʻlabdi. Kampirlarning birini hushiga keltirib:— Sen kimsan, bu yerda nima qilib yuribsan?
— debdi. Oyoq-qoʻli bogʻlangan kampir:— Sen meni boʻshat, aytganingni bajo keltiraman, — debdi.
— Yoʻq, — debdi Hotam, — oyoq-qoʻllaringni yechmayman, avval kimligingni aytasan, boʻlmasa, kallangni olaman.Kampir yalinibdi, yolvoribdi, Hotam boʻsh kelmabdi. Axiri kampir aytishga majbur boʻlibdi.
— Bu bogʻ parilar bogʻi. Parilar podshosining uch qizi va uning uch kanizagi bu yerga yilda bir marta kelib oʻynab-kulib ketishadi. Biz ularga ovqat tayyorlab beradigan xizmatkorlari boʻlamiz.Hotam:— Bu yerga kelgan odamlarni qanday qilib oʻldirasizlar?
— deb soʻrabdi.
— Jodu qilib oʻldiramiz, — deb javob beribdi kampir.Hotam choʻntagidan behush qiladigan dorini olib, kampirga iskatib, uni behush qilibdi.
Endi ikkinchi kampirni hushiga keltiribdi.
— Sen ayt, parilar podshosi qanday qilib, qachon va qay vaqtda keladi?
— deb soʻrabdi Hotam.Kampir:— Parilar podshosining toʻrtta qizi, qirqta kanizagini bir qancha devlar taxtda koʻtarib keladilar.Hotam devlarning kelish vaqtini bilib olgandan keyin yana kampirni behush qilib qoʻyibdi. Ularning ust kiyimlarini yechib olib uydan chiqibdi, bogʻdagi ikkinchi bir hujraga kirsa, uchta yosh yigit ilik qoqib oʻtirgan emish. Hotam ulardan:— Siz kim boʻlasiz, bu joyda nima qilib oʻtiribsiz?
— deb soʻrabdi. Yigitlardan biri:— Ey, aka, siz bu joyga qanday qilib kelib qoldingiz? Tezda chiqib keting! Bu yerda ikkita jodugar kampir bor. Sizni ham jodu qilib oʻldiradi, — debdi. Hotam:— Qoʻrqmang, kampirlarni behush qilib qoʻydim, — debdi. Yigitlar sevinib Hotamga oʻz boshidan kechirgan voqealarni soʻzlab beribdilar. Ulardan biri:— Men bir podshoning oʻgʻliman, bular vazirlarning oʻgʻillari. Biz tomosha qilib yurib shu bogʻga kirib qoldik.
Men parilar podshohining katta qiziga oshiqman, bular esa ikki oʻrtancha qiziga oshiq. Jodu bilan bizni xizmatkor qilib qoʻydi. Biz har kuni ilik qoqib ikki shum kampirga palov qilib beramiz, — debdi. Hotam ularga:— Xafa boʻlmanglar, men sizlarni ham murod-maqsadingizga yetkazaman, — debdi. Hotam tashqariga chiqib, shahzoda Ibrohimni ham ilik qoqib oʻtirgan yigitlar oldiga olib kiribdi va ular bilan tanishtiribdi. Hotam va yigitlar birgalashib ichkaridagi boshqa bir hujraga kirishibdi.
U yerda parilar podshosi qizlarining qirqta kanizagi bilan tushgan suratlarini koʻribdilar. Shahzoda Ibrohim sevgan qizining suratini koʻrib behush boʻlib yiqilibdi. Hotam uni hushiga keltiribdi. Ular bogʻning ichkarisiga borishibdi. Gulzorlar orasidagi bir shohona supada koʻrpachalar soligʻliq, dasturxonlar turli mevalar, xilma-xil ovqatlar bilan toʻla ekan.
Ilik qoqib oʻtirgan shahzoda Hotamga aytibdi:— Parilar podshosining qizlari qirq kanizagi bilan shu supada oʻtirib ovqatlanadilar, soʻngra oʻyin-kulgi qilib qaytib ketadilar.
— Qani boʻlmasa, — debdi Hotam, — Hammamiz dasturxondagi ovqatlardan yeb qorinlarimizni toʻygʻazib, parilar kelishini kutamiz.Yigitlar oʻtirib ovqatlanishibdi. Hotam ikki vazirning oʻgʻliga:— Siz ikkingiz jodugar kampirning kiyimini kiying, kampirlarga oʻxshab, parilar xizmatini qilishga tayyorlaning, — debdi. Ikki vazir oʻgʻli kampir suratiga kiribdi, ikki shahzoda esa, ovqat pishirib tayyorlabdi. Hotamning oʻzi bir eshik orqasiga yashirinib qilichini yalangʻochlab turibdi.Parilar kela boshlabdi. Kampirlar suratidagi yigitlar peshvoz chiqib:— Kelinglar, kelinglar, hamma yoq tinchlik, kichik eshikdan kira beringlar!
— debdilar.Parilar podshosining buyrugʻiga muvofiq, hamisha avval devlar kirar ekan, keyin podsho bilan qizlari, kanizlari kirar ekan. Devlar kichkina eshikdan birma-bir kira boshlabdi. Hotam eshikdan kirgan devning boshini birma-bir kesib tashlay beribdi.
Shunday qilib Hotam hamma devni oʻldiribdi. Peshvoz chiqqan yigitlardan biri parilar podshosiga:— Podshohim, siz bu tarafdan kiring!
— debdi. Podsho qizlari va qirq kanizi bilan boshqa eshikdan kiribdi. Ovqat tayyorlagan shahzodalar ovqatni suzib, podshoning oldiga olib kelayotganlarida, yaxshi koʻrgan qizlarini koʻrib qolib hushlaridan ketib qolibdilar. Buni koʻrgan podsho: “Bu yerga chetdan odam kirib qolgan ekan-da”, — deb qahri kelibdi: —Jallod!
— deb qichqiribdi:Hotam qilichini yalangʻochlab podshoning oldiga kelibdi.
— Ha, mana men jallod, sizning jallodlaringizni qirib tashlab, oʻrniga oʻzim qoldim, — debdi. Podsho hayron boʻlib:— Bu nima deganing, qani, qayerda oʻldirding?
— debdi. Hotam:— Koʻrishni istasangiz, yuring!
— deb podshoni boshlab olib borib, oʻlib yotgan devlarni koʻrsatibdi. Podsho Hotamning botirligiga ajablanibdi. Birgalashib qizlarining oldiga boribdi. Hotam podshoga qarab, yigitlarni koʻrsatib:— Mana bu shahzodalar sizning toʻrtta qizingizga oshiq-u beqaror boʻlib, ularga yetishish umidida turli mashaqqatlarga uchrab, jodugar kampirlar qoʻlida abgor boʻlibdilar. Qizlaringizni shu shahzodalarga berasizmi, yoʻqmi?
— debdi. Podsho Hotamdan qoʻrqqanidan katta qizini shahzoda Qosimga, ikki oʻrtancha qizini ikki vazirning oʻgʻliga, kenja qizini esa shahzoda Ibrohimga nikohlab beribdi.Hotam ikki shahzoda va ikki vazirning oʻgʻlini qalliqlari bilan oʻz yurtlariga joʻnatibdi. Oʻzi esa, Hirot shahriga ketibdi. Hirot podshosi Hotamni sevinib kutib olibdi. Ertasiga toʻyni boshlamoqchi boʻlganida Hotam:— Podshohim, — debdi, — men uylanishdan avval oʻzimning ota-onamni topib kelay, ruxsat eting!Podsho rozi boʻlib, Hotamni kuzatib qolibdi.
Hotam Hirot shahridan chiqib, toʻgʻri Jalolboy turgan shaharga boribdi. Jalolboy uni hurmat bilan kutib olibdi.
Bir necha kundan keyin Hotam Jalolboydan:— Mening ota-onam kim edi, ular qayerda?
— deb soʻrabdi.
— Men sizning otangizni tanimayman, — deb javob beribdi Jalolboy, — shahrimizda Dadaboy degan chol bor edi. Men sizni oʻsha kishidan sotib olgan edim.Hotam oʻz shahriga qarab joʻnabdi. Bir necha kun yoʻl yurib, oʻz shahriga yetib kelibdi. Ertasiga bozorga borib bir kosib choldan:— Ey, ota, bilasizmi, shu shaharda Dadaboy degan chol bormi?
— deb soʻrabdi. Kosib oʻylab turib:— Ha, oʻgʻlim, bor, — debdi.Hotam:— Otajon, agar sizga malollik kelmasa, Dadaboy akaning uyiga borib chaqirib kelsangiz, — debdi. Kosibning xizmat haqiga besh tilla beribdi. Kosib tillani koʻrib xursand boʻlib, doʻkonini Hotamga qoldirib, shoshganicha Dadaboy akaning oldiga borib, uni olib kelibdi.Hotam cholni mehmon qilibdi. Soʻzlashib oʻtirib:— Ota, siz bundan bir necha yil ilgari Hotam degan bolani shu shaharlik Jalolboyga sotgan ekansiz. Hotam sizga koʻpdan-koʻp salom aytdi. Ham biroz sovgʻa berib yubordi, — deb yonidan oʻn tilla chiqarib beribdi.
— Shu Hotamning ota-onalari qayerda?
— deb soʻrabdi. Dadaboy sevinganidan yigʻlab yuboribdi:— Oʻgʻlim, men uning otasini tanimayman.
Lekin onasini bilaman. Onasi oʻgʻlini boqa olmaganidan menga bergan edi. U shahardan uzoq boʻlmagan qishloqda bir boyning qoʻlida xizmat qiladi, deb eshitgan edim, — debdi-da, Dadaboy uyiga qaytibdi.Hotam ertasiga onasi yashagan qishloqni axtarib ketibdi. Yoʻlda soʻrab-soʻrab qishloqni topib, boyning uyiga boribdi. Boy Hotamni koʻrib: “Bir katta savdogar boʻlsa kerak”, deb otini bogʻlab, mehmonxonaga olib kiribdi.
Hotam salomlashib, boyga:— Sizning qoʻlingizda Adolatxon degan bir kampir oqsoch boʻlib ishlar ekan, oʻgʻli biroz sovgʻa berib yuborgan edi, shuni beray deb kelgan edim, — debdi. Boy kampirni chaqiribdi. Adolatxon yugurib mehmonxonaga kiribdi. Hotam oʻrnidan turib:— Ona, men sizning oʻgʻlingiz Hotamning oldidan keldim. Sizga biroz sovgʻa berib yuborgan edi, — deb yonidan yigirma tilla chiqarib beribdi. Ona Hotamga tikilib:— Bolam, siz Hotamning oʻzi emasmisiz.
Sizning koʻz-qoshlaringiz, qarashlaringiz Hotamnikiga oʻxshaydi, — deb yigʻlab yuboribdi.Hotam ham oʻzini tuta olmay yigʻlab, onasini quchoqlab:— Ona, men oʻgʻlingiz Hotam boʻlaman, — debdi. Boy hayron boʻlib, turgan joyida qotib qolibdi. Hotamni mehmon qilibdi. Ona-bola oʻsha kechasi gaplashib chiqishibdi. Ertasi ular shaharga qarab yoʻl olishibdi.Hotam shahardan bir hovli olib, onasi bilan yashay boshlabdi. Bir-ikki kun oʻtgach, onasidan soʻrabdi:— Ona, mening otam kim edi?
Hozir qayerda?Onasi yigʻlab yuboribdi:— Ey, bolam, sening otang bir kambagʻal Nishonboy degan polvon edi.
Bir kun otang sayildan Misr podshosining Temurbek degan polvoni bilan kurashib, uni yenggan. Podsho oʻz polvonining bir kambagʻaldan yengilganiga gʻazablanib, otangni dorga osib oʻldirgan, — debdi. Hotam buni eshitib juda xafa boʻlibdi.
— Ona, — debdi Hotam, — otam gunohsiz oʻlgan ekan, men bolasi boʻla turib uning oʻchini olmasam, bu dunyoda tinch yashay olmayman.
— Jon bolam, — debdi onasi, — oʻlganning orqasidan oʻlib boʻlmaydi. Podshodan oʻch olaman, deb sen ham bir baloga duchor boʻlma, necha yillar sening dardingda qon yigʻlab senga intizor boʻlib zoʻrgʻa yetishganimda, yana meni tashlab ketasanmi, qoʻy bolam, — deb yolvoribdi.Hotam:— Yigʻlamang, ona! Siz meni duo qilib, ijozat bering!
— deb yalinibdi. Onasi yigʻlab-yigʻlab axiri oq fotiha beribdi. Hotam bir necha kun yoʻl yurib, Misr shahriga kirib boribdi. Shaharning chetrogʻidagi bir eshikni taqillatibdi. Hovlidan bir kampir chiqibdi. Hotam u kampirdan bir kecha qoʻnib ketishni soʻrabdi. Kampir:— Bolam, biz juda kambagʻalmiz, otingizga choʻp solishga ham qurbimiz kelmaydi, — debdi. Hotam:— Ona, undan gʻam yemang, bir kecha qoʻnishga ruxsat etsangiz boʻlgani, — debdi. Kampir ruxsat beribdi. Hotam hovliga otini bogʻlab uyga kiribdi. Kampir choyga olov yoqibdi. Hotamning bergan puliga oziq-ovqat olib kelibdi.
Kechqurun ovqat yeb oʻtirishganda kampir birdan yigʻlab yuboribdi.
— Ey, ona, nima uchun yigʻlaysiz?
— deb soʻrabdi Hotam.
— Eh, bolam, — debdi kampir, — mening ham senga oʻxshagan Rahimjon degan oʻgʻlim bor, hozir zindonda yotibdi. Podsho uni dorga osmoqchi.
— Nima uchun dorga osadi?
— deb soʻrabdi Hotam. Kampir:— Nimasini aytasan, bolam. Podsho koʻpkari choptirganda mening oʻgʻlim ham ot minib borib koʻpkari chopgan edi. Nima boʻlibdi-yu falokat bosib podshoning bir koʻpkari chopgan odami Rahimjonning oti ostida qolib oʻlibdi.
Shunga podshoning qahr-gʻazabi kelib zindonga solibdi.
Endi uni oʻldirmoqchi, — deb oʻksib yigʻlabdi. Hotam:— Xafa boʻlmang onajon, baxti boʻlsa qutular, — deb kampirni yupatibdi. Kecha oʻtibdi.
Ertalab nonushta qilib oʻtirganida:— Onajon, — debdi Hotam, — men sizga bir soʻz aytaman, hozircha hech kimga bildirmang.Kampir:— Ayt bolam, koʻchaga gap tashiydigan odam emasman, — debdi.Hotam:— Men sizning oʻgʻlingizni zindondan qutqarishga harakat qilaman. Siz bozorga borib, menga qalandarlar jandasi hamda sapoyil sotib olib kelib bering!
— debdi-da, pul beribdi. Kampir paranji yopinib bozordan Hotam aytgan narsalarni keltirib beribdi. Hotam qalandarlar jandasini kiyib, sapoyilni qoʻlga olib, koʻchalarda maddohlik qilib yuribdi. Odamlardan yigʻilgan pullarni kambagʻallar, gadoylarga ulashibdi. Hotamning aytib yurgan baytlari adolat, haqiqat toʻgʻrisida ekan. Bu gaplar podsho qulogʻiga yetibdi. Podsho “qalandar”ni olib kelib zindonga solibdi. Hotam zindonda Rahimjon bilan topishib, doʻstlashibdi. Ikkisi maslahatlashib zindonda lahim kavlay boshlashibdi.
Bir necha kundan keyin yer yuziga tuynuk ochilibdi. Hotam bilan Rahimjon va boshqalar zindondan ozod boʻlibdilar. Hammasi maslahatlashib, qurollanib, kechasi podsho saroyiga hujum qilibdi.Podshoni taxtdan agʻdarib, oʻldirishibdi. Rahimjonni podsho qilib koʻtarishibdi. Hotam Rahimjonning onasi oldiga kelib boʻlgan voqealarni aytib beribdi. Kampir sevinib, Hotamni quchoqlab:— Bolam, umringdan baraka top, murodingga yet!
— debdi. Oʻz oʻgʻli Rahimjonni koʻrib quvonibdi. Hotam bu joydan ketmoqchi boʻlganini Rahimjonga aytibdi. Rahimjon Hotamga:— Doʻstim, agar siz ketsangiz, men ham ketaman. Menga podsholik kerak emas, — debdi.
— Yoʻq, — debdi Hotam, — siz podsholikdan ketmang, men kelgunimcha, uyingiz yonidan bir imorat soldiring. Men onamni koʻchirib olib kelaman va shu shaharda yashayman.Rahimjon juda xursand boʻlibdi.
Shu kunning oʻzidayoq bir qancha ustalarni chaqirib imoratni boshlab yuboribdi.Hotam yoʻlga chiqibdi. Yoʻl yuribdi, yoʻl yursa ham moʻl yuribdi, oxiri Hirot shahriga yaqinlashib qolibdi. Yoʻlda roʻparasidan kelayotgan yoʻlovchidan shahardagi ahvolni soʻrabdi. Yoʻlovchi:— Shaharda katta urush boʻlayotir. Podsho qiziga bir podshodan sovchi kelgan ekan. Podsho “Qizimni unashtirib qoʻyganman”, deb sovchilarni qaytargan ekan. Sovchi qoʻygan podsho lashkar toʻplab kelib jang qilayotibdi, — debdi.
Hotam shaharga bostirib kelgan qoʻshinga qarshi jang qilayotganlarga qoʻshilibdi. Mardlik koʻrsatib, oʻz yonidagi jangovar yigitlar bilan bosqinchi shoh lashkarini yengibdi. Qarorgohida oʻtirgan bosqinchi podshoni vazirlari bilan birga oʻldirib, keyin Hirot shahriga kiribdi. Hirot podshosi Hotamning mardligiga qoyil qolib, uni xursand boʻlib kutib olibdi. Qirq kecha-yu qirq kunduz toʻy qilib, qizini Hotamga beribdi. Hotam qizning shahrida bir oy turgandan keyin xotini bilan onasi yashagan shaharga boribdi.
U yerda uch-toʻrt kun turgach, onasi va xotini bilan Misrga koʻchib ketishibdi. Rahimjon Hotamni shod-xurramlik bilan kutib olibdi. Yangi imoratga joylashibdi. Hotam oʻz onasi va xotini bilan murod-maqsadiga yetibdi.