← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
DonishmandlikBolalar uchunSehrliPodsholarDehqonlarAdolatTabiatOilaTijorat

Hunarning xosiyati

815 soʻz

Kunlardan bir kuni bir kambagʻal dehqon qarigan chogʻida oʻgʻli Rafiqni hunar oʻrgatish uchun duradgorga shogird qilib berib, odat boʻyicha: “Eti sizga, suyagi bizga, shu bolani sizga topshirdim”, debdi. Duradgor bolani olib qolib, ishni qunt bilan oʻrganish va qiyinchiliklarni yengish kerakligini unga aytibdi. Rafiq biroz oq-qorani tanigan ekan, bir necha yil duradgorga yordamchi boʻlib ishlab, uning hunarini puxta oʻrganibdi.Kunlardan bir kuni Rafiq uxlab qolibdi. Tush koʻribdi. Tushida bir qancha qizlar kelib: “Tur, qachongacha uxlaysan”, deb hazil qilib turgan emishlar.

Shu qizlardan biri juda goʻzal ekan. U qizni boshqa qizlar oʻrab olib, Rafiqqa koʻrsatmas emish. Rafiq bir iloj qilib koʻribdi. Joyidan tursa, hech kim yoʻq, yolgʻiz oʻzi oʻtirgan emish.

Shu kundan boshlab Rafiq qizni oʻylab, borgan sari ozib keta beribdi. Duradgor usta ham, otasi ham hayron boʻlishibdi. Dori-darmon qilishibdi, tuzalmabdi. Duradgor bilan bolaning otasi buning sababini bilmoqchi boʻlishibdi. Otasi qoʻymagandan keyin bola tushida koʻrgan voqeani aytibdi.

Shu qizni sevib qolganini bildiribdi. Otasi bilan duradgor bu bolani sayohatga yuborish maqsadida bir yogʻoch ot qilib berishibdi. Bir necha kunlik oziq-ovqat tayyorlab, shu yogʻoch otga mindirib joʻnatmoqchi boʻlishibdi. Duradgor “Oʻng qulogʻini burasang tepaga chiqadi, chap qulogʻini burasang pastga tushadi”, deb oʻrgatibdi. Bola safarga joʻnabdi. Bir necha kun yoʻl yurib, choʻl-u sahrolardan oshib, bir kichkina qishloqqa yetib boribdi.

Otining chap qulogʻini burab yerga tushib, qishloqqa kiribdi.Bu qishloqning chekkasida bir kampir yashar ekan. U shu qishloqdagi bir katta hovuzga qorovul ekan. Rafiq kampir oldiga borib salom beribdi. Kampir bolaning salomiga alik olib: “Ey, bolam, bu joylarda qush uchsa qanoti, odam yursa oyogʻi kuyadi. Sen nima qilib yuribsan?” debdi. Rafiq dadillik bilan kelishining sababini kampirga gapirib beribdi.

Kampir voqeani bilgandan keyin Rafiqqa yordam qilmoqchi boʻlib, maslahat beribdi:— Oʻgʻlim, bugun mana bu hovuzga bir qancha qizlar kelib choʻmilishadi. Sening sevganing shu qizlar orasida boʻlsa kerak. Sen yaxshilab qara, agar oʻsha qiz boʻlsa, ular suvdan chiqquncha sekin bildirmay koʻylagini olib ket. Qiz suvdan chiqqandan keyin koʻylagini topa olmay shu hovuz yonida qolishga majbur boʻladi, — debdi. Rafiq hovuz yonidagi bir daraxt tagida poylab oʻtiribdi.

Azon vaqtida bir qancha kaptarlar uchib kelib, bir dumalab qizga aylanibdi-da, suvga tushib choʻmila boshlashibdi. Rafiq qarasa, oʻsha tushida koʻrgan qizlar emish. Qizlar orasida sevgan qizi ham bor. Sekin borib qizning koʻylagini olmoqchi boʻlib turganda, qiz sezib qolib, suvdan yugurib chiqibdi-da, yigitni bir shapaloq urib, kaptar boʻlib uchib ketibdi. Uning orqasidan qolgan qizlar ham bir yumalab kaptar boʻlib uchib ketibdi.

Rafiq kampir oldiga kelib voqeani aytib, kampirdan ularning yashaydigan makonlarini soʻrabdi.Kampir: “Ularning makoni togʻning kun chiqish tomonida”, debdi. Rafiq yana yogʻoch otiga minib safarga joʻnabdi. Bir necha kun yoʻl yurib, kampir aytgan togʻga yetib boribdi. Tepadan qarasa, togʻning orqasida bir toʻda qizlarning sayr qilib oʻynab yurganlarini koʻribdi. Qizlarning har qaysisi yulduz kabi porlab turgandek koʻrinibdi. Rafiq otining chap qulogʻini burab pastga tushibdi.

Qizlar ichida oʻz sevganini koʻrib, otini bir yerga yashirib qoʻyibdi-da, bir chekkaga borib poylab oʻtiribdi. Birozdan keyin qizlar oʻynab yurib charchab, hammasi bir maysa joyda yotib uxlab qolishibdi. Rafiq sekin borib qizning qoʻlidagi uzugini olib, oʻzining uzugini taqib, qaytib joyiga oʻtiribdi. Qiz uygʻonib qarasa, qoʻlidagi uzugi oʻziniki emas. Hayron boʻlibdi, lekin bu sirni hech kimga aytmabdi. Qizlarga bildirmasdan, uzukning egasini qidiribdi. Qiz yurib-yurib Rafiq oʻtirgan daraxt tagiga borib qolibdi.

Rafiqni koʻrib:— Ey, yigit, bu yerlarda nima qilib yuribsiz? Agar otam bilib qolsa, sizni mayda-mayda qilib tashlaydi, — debdi.Rafiq joyidan turib, dadillik bilan uni tushida yaxshi koʻrib qolganini aytibdi. Qiz ham Rafiqni sevib qolibdi. Ular kampirning uyiga kelib, turmush quribdilar va bir qancha vaqt shu yerda yashabdilar.

Bir kuni Rafiq oʻz shahriga qaytmoqchi boʻlibdi, otini minib kechasi joʻnashibdi. Bir qancha yoʻl yurgandan keyin xotinining vaqti-soati yetib, bir oʻgʻil tugʻibdi. Bu yerda na suv va na oʻt yoʻqligidan Rafiq oʻt va suv qidirib ketibdi. Ancha yurgandan keyin bir uydan tutun chiqqanini koʻribdi. Oʻsha uyga kirib oʻt tilabdi. Uy egasi oʻt beribdi.

Rafiq oʻtni qanday qilib olib ketishni bilmay, oxiri belbogʻining bir uchini yondirib, oti bilan uchib kelayotganda oʻt yogʻoch otga tegib, kuyib, yerga tushibdi.Xotin uni kutib xafa boʻlib oʻtirsa, karvonlar kelib qolibdi. Karvonlar xotinni oʻzlari bilan birga olib ketib, bir saroyda asrabdilar.

Oradan bir necha yil oʻtgandan keyin oʻgʻli Rasuljon ancha katta boʻlib qolibdi.

Bir kuni xotin Rafiqning rasmini koʻchaga osib qoʻyib, oʻgʻli Rasuljonga:— Sen koʻchada poylab oʻtir. Kimki shu rasmga qarab boshini ushlab tursa, darrov menga xabar ber, — debdi.Rasuljon bir necha kunlar poylabdi.

Kunlardan bir kuni Rafiq koʻp yoʻllarni yurib shu qishloqqa kelib qolibdi.Koʻchada ketayotib, bir saroy eshigida osilib turgan oʻzining rasmini koʻrib hayron boʻlib qolibdi. Rasuljon rasmga tikilib qarab turgan odamni koʻrib, onasiga xabar beribdi. Onasi kelib eri Rafiqni tanib koʻrishibdi, xursand boʻlishibdi. Rafiqning sochlari oʻsgan, ust-boshi toʻzib ketgan ekan. Xotini uni yuvintirib, yangi kiyimlar kiydiribdi.

Bir kuni Rafiq ustasidan oʻrgangan duradgorlik hunarini ishlatib uchar yogʻoch ot yasabdi. Bir necha kun shu saroyda yashabdilar. Rafiq xotinini sogʻ-salomat olib kelganlarga rahmat aytib, oʻgʻli bilan uchar otga mingashib, oʻz shahriga joʻnabdi.Oʻz yurtiga kelib, otasi va duradgor ustozi bilan koʻrishibdi. Otasi oʻgʻlining sogʻ-salomat izlagan qizini olib kelganiga xursand boʻlib, toʻy-tomosha qilib beribdi. Rafiq duradgorning hunar oʻrgatganiga koʻp rahmatlar aytibdi. Murod-maqsadlariga yetishibdi.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!