Qadim zamonda Fargʻona mamlakatida Odilxon degan bir podshoh oʻtgan ekan. Uning toʻrtta xotini boʻlgan ekan. Toʻrtta xotinidan bir kam qirqta oʻgʻil koʻrgan ekan. Bir kuni podshoh choʻl-biyobonlarda kiyik ovlab yurganda bir qoʻrgʻonga borib qolibdi. “Yuragim kuydi, shu qoʻrgʻondan bir kosa suv soʻrab ichayin” deb, qoʻrgʻondan biror kimsani chaqirsa, roʻmolini qiya yopinib, bir qiz qoʻrgʻon eshigining oldiga kelib javob qilibdi. Podshoh qarasa, jamoli osmondagi toʻlgan oyga oʻxshash, oʻn sakkiz yoshli, chiroyli bir qiz. Podshoh qizdan bir kosa suv soʻrab olib ichibdi. Goʻyo sharbat ichganday boʻlibdi. Qizga muhabbat paydo qilibdi. Ovdan qaytib borib, bu qoʻrgʻonga odam yuboribdi:— Borib bilinglar: Bu qoʻrgʻon kimning qoʻrgʻoni. Qizning ota-onasi bilan gaplashinglar. Qizini bizga xotinlikka bersin. Agar yaxshi gapga koʻnmasa, qizni tortib olib kelinglar! — dedi.Podshohning odamlari qoʻrgʻonga yetib borib, chaqirishdi. Bir chol chiqdi. Bu chol kambagʻal ekan, shu joyda kiyik, tulki, boʻri ovlab, shularning terisini sotib, kampiri va qizi bilan turar ekan. Cholga “Biz Odilxonning odami boʻlamiz. Sovchi boʻlib keldik. Qizingizni podshohga berasiz, boʻlmasa, zoʻrlab olib ketamiz”, deyishdi. Chol kampirining oldiga kirib maslahatlashdi: “Agar bermaymiz desak, zoʻrlab olib ketishadi. Balki oʻzimizni zindonga soladi. Undan koʻra beraylik!” deb, podshohning odamlariga roziliklarini aytdi. Bular borib podshohga bildirishdi. Podshoh qizning qaliniga mol-dunyoni koʻp berib, necha kecha-kunduz toʻy-tomosha bilan qizni nikohlab oldi. Odilshoh bu xotinidan bir oʻgʻil, ikki qiz koʻrdi. Oʻgʻlining otini Bektemir qoʻydi. Shu bilan Odilxonning oʻgʻillari qirqta boʻldi. Hammasini tarbiyaladi. Bir kam qirq oʻgʻli boʻshashgan, Bektemir sersavlat, bahodir taxlit yigit boʻlib yetishdi.Bir kuni Odilshoh qirq oʻgʻli bilan ovqatlanib oʻtirib, bularni koʻrib, koʻngli koʻtarilib: “Oʻgʻillarim qirq yigitning oʻrnini bosadigan, dushman bosib kelsa, maydonning bir tomonini oladigan boʻlib qolishibdi. Endi bularni jang-u jadal ishlariga oʻrgatayin!” deb, koʻnglidan oʻtkazib qoʻydi. Shundan keyin podshoh toʻqsobasini chaqirib, bolalarga ot chopish, tirandozlik, qilichbozlik, ishqilib, nimayiki urush hunari boʻlsa, oʻrgating, dedi. Toʻqsoba podshohning qirq oʻgʻliga urush hunarini oʻrgatdi, ammo oʻttiz toʻqqiz oʻgʻli pandavaqilik qilib, hech narsa oʻrganolmadi. Ular biz podshohzodalar boʻlsak, bunday ishlarning bizga nima keragi bor, deb yuraverishdi. Toʻqsoba bularning feʼl-atvorlarini otalariga aytishdan qoʻrqib, aytolmadi. Ammo Bektemir urush hunarlarini yaxshi oʻrgandi.Bir kuni podshoh toʻqsobadan bolalarining urush hunarini qanday oʻrganayotganliklarini soʻradi. Toʻqsoba: “Yaxshi” deb aytdi. Oʻgʻillarini chaqirib soʻradi. Ular biz juda mohir boʻlib qoldik! — deb maqtanishdi. Shunda podshoh, endi bolalar manjanaq otishni ham bilsinlar dedi. Bir rixtagar ustaga buyurib, oltindan qirq quloqli soqqa quydirdi. Soqqani katta maydonga oldirib chiqdi. Podshoh hamma amaldorlarini chaqirtirdi: “Ertaga mening oʻgʻillarim qirq quloqli oltin soqqani irgʻitadi, koʻrib tomosha qilasizlar!” dedi. Podshoh Bektemir kichkina, deb uni chaqirmay, bir kam qirq oʻgʻillarini maydonga hozirladi. Amaldorlar ham tomosha qilgani kelishdi. Podshoh ham oʻsha yerda turdi. Shunda podshohning bir kam qirq oʻgʻli birin-ketin kelib, soqqani ushlab, koʻtarib otish u yoqda tursin, loaqal joyidan qimirlata olmadi. Podshoh izza boʻlib, yerga qarab qoldi. Podshoh xafa boʻlganicha avgʻon bogʻiga borib yota berdi. Bektemir otasining bogʻda xafa boʻlib yotganini eshitib, bordi. Bektemir qarasa, otasi xafa boʻlib oʻtiribdi:— E, otajon! Arslonday qirqta oʻgʻlingiz boʻlsa-yu, nimadan gʻam tortib xafa boʻlasiz? — dedi. Podshoh:— Bir kam qirq akangning “arslonligini” koʻrdim. Arslonlik u yoqda tursin, bir kam qirqi yigʻilib, bitta sichqonning burnini qonata olmaydi! —dedi. Bektemir:— Nima boʻldi, ayting? — dedi. Otasi:— Bir kam qirq akang nima qildi-yu, sen nima qilar eding! — dedi. Bektemir otasiga: “Xafa boʻlishingizning sababini ayting!”— deb qistay berdi. Odilshoh oxiri, bir kam qirq oʻgʻli qirq quloqli soqqani oʻynay olmaganini, oʻzi amaldorlarining oldida izza boʻlganini aytdi.Bektemir bu gapni eshitib xafa boʻlib, yuragi joʻsh urdi. Otasining oldidan chiqib, otasiga ham, boshqalarga ham bildirmay toʻppa-toʻgʻri maydonga bordi-yu, bor kuchini toʻplab turib, qirq quloqli oltin soqqani dast koʻtarib, osmonga irgʻitib yubordi. Soqqa otasining oʻrdasidagi ravoqning bir chekkasini uchirib pachaqlab ketdi. Bektemirning bu ishini hech kim payqamay qoldi. Shu onda podshohning odamlari yugurib borib, podshohga:— E, taqsiri olam! Siz quydirgan qirq quloqli oltin soqqa uchib kelib, oʻrdangizga tushdi, ravogʻingizga tegib sindirdi, ammo soqqani kim otganini hech kim bilmaydi, — dedi.Bu gapni podshoh eshitib hayron boʻldi va: “Kimki shu soqqani otgan boʻlsa, kelib olib ketsin!” deb xaloyiqqa jar soldirdi. Hech kim: “Men otgan edim”, deb kelmadi.Shu shaharda bitta shumqadam, olgʻir oʻgʻri bor edi. Tillaga qiziqdi-yu, podshohning oldiga borib:— Taqsir! Soqqani men otgan edim! — dedi. Podshoh:— Agar sen otgan boʻlsang, olib ket! — dedi. Oʻgʻri:— Xoʻp, taqsir! Hozir beodobchilik boʻlmasin, ertaga, siz yoʻqligingizda kelib olib ketaman, — dedi. Podshoh:— Yoʻq, hozir olib ket! — dedi. Podshohni alday olmay, oʻgʻrining yuragiga vahima tushdi: endi oʻlmasam, qachon oʻldim.— Taqsir! Boʻlmasa, bitta arava olib kelay! — deb qochmoqchi boʻldi. Podshoh:— Soqqani otgan odam oʻzi koʻtarib olib ketaveradi. Hozir koʻtarib olib ket! — dedi.Oʻgʻri kelib, soqqani joyidan jildira olmadi. Shunda podshoh: “Sen meni aldading!” deb, oʻgʻrini oʻlimga buyurdi. Oʻzi yana bogʻiga borib, xafa boʻlib yota berdi. Bektemirning otasiga rahmi keldi: “Aytmasam, otam gʻam tortib kasal boʻlib qolmasin!” deb borib, otasiga soqqani u otganini aytdi. Otasi ishonmadi: “Akalaring otolmagan soqqani sen ota olarmiding?!” dedi. Shunda Bektemir oʻrdaga borib, soqqani koʻtarib, u qoʻlidan bu qoʻliga olib, oʻynab, otasining oldiga olib keldi.Odilxon podshoh Bektemirning bu ishini koʻrib, undan xursand boʻlib, xafachiligi tarqaldi. Oʻgʻlining peshonasidan oʻpdi va soqqani shaharning ichida oʻynab koʻrsatishini soʻradi. Bektemir botir soqqani koʻtarib, irgʻitib otdi. Bir kampir hovlisida charx yigirib oʻtirgan edi, soqqa borib kampirning bir labi bilan, charxning parragini uchirib oʻtib ketdi. Bektemir botir soqqaning ketidan izlab ketayotgan edi, bir hovlidan kampirning yigʻlab, qargʻayotganini eshitib qoldi. Bektemir botir toʻxtab quloq solsa, kampir:
— Juvon oʻlgur yetimcha,Charximni qilding parcha!Charxim sinsa, goʻrga-ya,Bir labimdan ayrildim!Oqbilakka yetmasdan,Sen ham boʻlgin, mendaycha,
deb yigʻlayapti. Bektemir botir kampirdan bu gapni eshitib, uning oldiga kirib: “Nima deyapsiz, ona?!” dedi. Kampir aytdi:— Bolam! Qirq quloqli soqqang kelib, charximni sindirib, bir labimni uchirib ketdi. Botir boʻlsang, kuchingni menday mungluqqa koʻrsatmay, borib Misr podshosiga koʻrsatsang-chi! —dedi. Bektemir kampirdan soʻradi:— Nimaga unday deyapsiz, ona? Gapni ochiq qilib ayting! — dedi.Kampir aytdi:— Misr mamlakatida Shavkat degan podshoh bor. Uning Oqbilak degan qizi bor. Jamoli osmondagi oydan oʻtadi, ikki koʻzi ohuning koʻzidan qoralik qiladi. Hozir kamolga yetgan. Necha-necha oshiqlar uning yoʻlida qon yutgan. Sherday savlating, arslonday kuching bor. Borib Oqbilakni olib kelib, oʻzingga yor qilsang-chi! — dedi.Bektemir botir kampirdan bu gapni eshitdi-yu, Oqbilakka gʻoyibona oshiq boʻldi, soqqasiga ham qaramay, uyiga qaytib borib, koʻkragini zaxga berib yotaverdi. Podshoh oʻgʻlini yoʻqlatsa, yoʻq. Uning qorongʻi xonaga kirib yotganini bildi. Chaqirtirdi, chiqmadi. Kirib ahvol soʻrasa, aytmadi. Onasiga ham aytmadi. Kundan-kunga rangi ketaverdi. Podshoh: “Har kim Bektemirni gapga solib, uning yuragidagi dardini bilib bersa, bir mistovoq tilla beraman,” dedi. Hamma odamlar kirib gapga soldi, gapirmadi. Oxirda boyagi kampir kelib “Men gapirtirib, bilib beraman!” dedi. Kampir Bektemirning oldiga kirsa, u bagʻrini zaxga berib yotgan ekan. Kampir:— Bolam, tur endi! Sening dardingni men bilaman. Otang aytganingga koʻnadi. Oqbilakka joʻnaysan. Otang senga koʻp narsalarni, yaxshi otlarni beradi, sen ularni olmay, boquvda yotgan Tarlonboʻz otini soʻragin! — dedi. Yigit kampirning gapiga rozi boʻldi. Kampir chiqib, podshohga:— E, podshohi olam! Oʻgʻlingiz Misr podshohining qizi Oqbilak oyimga xushtor boʻlibdi. Yuragida ishq dardi zoʻr. Otam ijozat bersa, borib Oqbilakni olib kelsam, deb aytadi. Agar ijozat bermasangiz boladan ajrab qolasiz, — dedi. Podshoh kampirga bir mistovoq oltinni berib, xursand qilib joʻnatdi.Podshoh oʻgʻlining tilga kirganiga xursand boʻldi. Misrga borib, Oqbilakxonni olib kelishi uchun rozi boʻlib, birga borish uchun qirqta yigitni tayin qildi. Bektemir botir: “Men yorga oʻzim yakka boraman! Qirq yigitning keragi yoʻq!” dedi. Shunda Odilxon yaxshi otni yasatib, egarlab, yuganlab, necha otga oltin, kumush ortib berdi. Bektemir bu narsalarni ham olishga rozi boʻlmadi.Otasi:— E, bolam! Nimaga bunday qilasan? —dedi. Bektemir:— E, ota! Agar siz meni farzandim, deb suysangiz, bu narsalarni qoʻyib, menga Tarlonboʻz otingizni bering! — dedi. Podshoh buyurdi. Kanizaklar kirib, Tarlonboʻzni qashlab, supurib, yol-u dumini tarab, ustiga zar-zarbobdan ishlangan terlik-toʻqimni, uning ustidan zar sochiqli dikkakni urib, ustidan tilla egarni bosib, ayilni mahkam tortib, tilla quyushqon, tilla umildiriqni taqib, yetaklab borib, Bektemir botirga toʻgʻri qilib qoʻydi. Ustiga yoʻl yaroqlarini, qancha tilla-kumushni bir hurjunga solib, egarning ustidan oshirib tashlab qoʻyishdi.Bektemir botir ota-onalari, aka-ukalari, qarindosh-urugʻlaridan rozi-rizolik tiladi. Oʻzi kirib yotgan hujraning shiriga bir qilichni osib qoʻydi: “Agar shu qilichdan qon tomsa, Bektemir oʻldi denglar, “Voy bolam!” deb azamni tutinglar. Agar qon tommasa, Bektemir salomat, yer yuzida yuribdi denglar!”— dedi. Oq fotiha tilab, yoʻlga tushmoqchi boʻldi. Shunda Bektemir botirning ikki singilchasi: “Dod, aka! Bizni tashlab qayerga ketyapsiz? Bizni ham olib keting!” deb, yigʻlab kelib qolishdi. Bektemirning koʻngli buzilsa ham, oʻzini bosib, singillariga:— Men sizlarga gʻamzaparang koʻylak, tilla taroq olib kelgani ketyapman. Tezda qaytib kelaman, — deb ularni aldab, yupatib, xayrlashib joʻnadi.Bektemir botir shahardan chiqquncha yurgan joylari bilan, koʻchalar, daraxtlar bilan xayrlashib, shahar darvozasidan tashqariga chiqdi-da, otiga:
Quloq solgin soʻzimga:Qamchi urdim chovingga,Jabr qildim joningga,Oqbilak oyim shahriga,Oʻn ikki oylik yoʻli bor,Olti oylik choʻli bor.Sogʻ borib, salomat qaytaylik,Otam Odilxon shahriga —
deb otning choviga qamchini qattiq soldi. Qamchi otning jon-jonidan oʻtdi, bir kishnab, qanot bogʻlab osmonga uchdi. Ot osmonda uch kecha-yu, uch kunduz uchib, Misr mamlakatiga borib, bir koʻkalamzor yerga qoʻndi. Otdan tushib, egar-jabduqni olib, seroʻt bir joyga berkitdi. Tarlon-boʻzning bosh-koʻzini silab:
Men keturman yorim izlab,Sen qolursan endi boʻzlab.Oqbilakman men qaytgunchaSalomat boʻl, yoʻlni koʻzlab! —
deb, Tarlonboʻzni chamanzorga haydab yubordi. Oʻzi qamchinini xurjunga solib, xurjunni yelkaga osib, sekin keta berdi. Otni yakka tashlab ketishga koʻngli boʻlmay, otidan xayolini uzolmay, yana orqasiga qaytdi. Nazarkarda Tarlonboʻz botirning qaytish sababini bilib, tilga kirib, Bektemirga qarab shunday dedi:
Koʻnglingni boʻlmagin, xonim!Qoʻlingga kelsin, Oqbilak yoring!Oʻgʻriga oʻzim ushlatmasman,Boʻriga aslo tishlatmasman.Borib yoring bilan kelsang,Qanot boylab tez ucharman,Bora ber yoringga, jon begim! —
dedi. Bektemir botir Tarlonboʻzdan bu gaplarni eshitib, koʻngli taskin topib, xotirjamlik bilan joʻnadi.Bektemir botir yoʻl yurdi, yoʻl yursa ham moʻl yurdi. Bir shahri azimga kirib bordi. Shaharda hech kimni tanimaydi, qayerga borib qoʻnarini bilmaydi. Bir kampir bir daraxtning soyasida bir savatda xurmo sotayotgan ekan. Borib kampirga:— E ona! Menga bir toʻyishlik xurmo bering! — dedi. Kampir qarasa, shahzodalarga oʻxshash bir yigit. Ammo bu shaharning odamiga oʻxshamaydi. Rahmdillik bilan muomala qildi. Savatni botirning oldiga surib qoʻyib:— Toʻyguningcha ye, bolam! — dedi. Bektemir botir xurmodan toʻyganicha yeb, kampirning qoʻliga bir tilla berdi. Bektemir kampirga:— Ona! Siz ketguncha shu joyda bir uxlab olayin, — deb xurjunini boshiga qoʻyib uxladi. Kampir xurmosini sotib boʻlib, endi bu yigitni uygʻotib ketayin, deb uygʻotdi. Kech kirgan edi. Kampir:— Musofirga oʻxshaysan. Qoʻnogʻing qayerda? — dedi. Bektemir botir:— E ona! Men bugungina keldim. Boradigan joyim yoʻq. Agar bir- ikki kunga qoʻnoq bersangiz, siznikiga borib tursam, — dedi. Kampir rozi boʻlib, boshlab uyiga olib ketdi. Bu kecha kampirnikida mehmon boʻldi. Erta bilan Bektemir botir kampirga bir tilla, kechqurun yana bir tilla berib: “Bugungi xarajat uchun, ona!” dedi. Kampir juda xursand boʻlib, yugurib-yelib xizmatni qildi. Oradan uch kun oʻtdi. Kampir erta bilan nonushtadan keyin yigitdan:— Bolam! Soʻraganning aybi yoʻq. Sen qayerdan va nima ish bilan kelding? — dedi. Bektemir botir:— E onajon, men Fargʻona mamlakatidan boʻlaman. Shavkat podshohning qizi Oqbilak oyimning taʼrifini eshitib, gʻoyibona oshiq boʻlib, yorimning loaqal bir qorasini koʻrarmikinman, deb keldim. Siz bilan ona-bola boʻldik. Sizga qoʻlimdan kelgancha xizmat qilaman, siz Oqbilakxon bilan koʻrishish yoʻlini menga aytib bering — deb bir hovuch tillani kampirning oldiga jaranglatib toʻkib qoʻydi. Kampir aytdi:— Shavkat podshoh bir oyga shikorga joʻnagan. Oʻrniga Oqbilakni qoʻyib ketgan. Agar sen unga oshiqi-shaydo boʻlsang, ixlos bilan harakat qilsang, unga yetasan. Oqbilak har juma kuni kanizaklari bilan Eram bogʻiga sayr-u tomoshaga chiqadi. Sen bir attor boʻlib: “Ketdi-ketdi!” deb bogʻining darvozasidan oʻtasan. Oqbilak qiz bola emasmi, narsalaringga koʻngli moyil boʻlib, chiqadi. Shunda koʻrasan, arzi-dodingni aytasan. Endi sen bozorga chiqib, attorlik mollardan sotib olib kelgin. Men bir folbin boʻlib borib, Oqbilakka fol ochib, koʻnglini senga moyil qilib kelaman, — dedi.Bektemir botir xurjunini yelkasiga ilib bozorga bordi. Zargarlikka borib, bir zargar bilan soʻzlashib: “Menga malikalar taqadigan isirgʻa, uzuk, bilaguzuk, tillagajak, tillatumor, tilla taroq yasab bering!” deb, xurjunidagi tilla, kumushlardan olib berdi. Zargar ishga kirishdi. Bektemir botir attorlikka bordi. Attorlardan qizlar chaynaydigan oq saqich, qora saqich, gilvata; qizlar badaniga sepadigan atir, upa-yelik, mushki anbarlarni sotib oldi. Zargarga buyurgan buyumlarni ham oldi. Bozordan oʻziga “Kettichilar”ga munosib keladigan ust-boshlarni sotib olib, kampirning uyiga qaytib bordi.Kampir boshiga chodirini yopinib, Oqbilak oyimning oʻrdasi eshigiga borib turgan edi. Shu kuni Oqbilakxon kanizaklari bilan birga hammomga borib kelayotsa, oʻrda eshigining oldida bir kampir turibdi. Qizlardan biriga aytdi:— Borib, kampirdan soʻra-chi, nima ish bilan keldi ekan! Qiz borib:— Ha, ona! Bu yerda nima qilib turibsiz? — dedi. Kampir:— Aylanay, qizim! Men folbin boʻlaman. Malikaga bir fol ochib qoʻyay deb kelgan edim, — dedi. Qiz qaytib borib:— Ayajon! Kampir folbin ekan. Malikaga fol ochgani keldim, deyapti, — dedi. Oqbilakxon:— Unday boʻlsa, oʻrdaga olib kiringlar, — dedi.Kampirni qizlar oʻrdaga boshlab kirishdi. Oqbilak oyim:— Qani, ona! Bir fol oching-chi! — dedi. Kampir: “Bismillohu rahmonu rahim!” deb Oqbilak oyimning oʻng qoʻlidan ushlab, fol koʻrib ketdi:
Aylanay, oppoq qoʻzim!Baxtingdan ochaymi?Toleyingdan ochaymi?Baxtingdan ochsam:Baxting ulugʻ.Toleyingdan ochsam:Toleying qutlugʻ.
Ammo yuragingda darding bor, taʼbing xira. Xafa, boʻlma bolam! Koʻpi bilan bir hafta ichida yorugʻlikka chiqasan! Oqbilak oyim voyaga yetgan, koʻngli yor istar. Senga koʻp yigitlar oshiq ekan, ammo bir gʻanim bor ekan, seni oʻz tenging bilan qovushtirishga u gʻanim doim toʻsqinlik qilar ekan (Oqbilakniig otasi kelgan sovchilarni doim qaytara berar edi). U gʻanim otangmi, onangmi yo biror qarindoshingmi, buni folim aytmayapti. Ammo senga bir vafodor shahzoda yigit oshiq boʻlibdi. Folimning aytishiga qaraganda, oʻsha yigit senga bir savdogar yigit boʻlib kelib uchraydi. Umringni oʻtkazma, kim vafodorlik koʻrsatsa, undan qolma, omin, ollohu akbar!” — deb folni tugatdi.Oqbilakxon: “Kampir mening koʻnglimdagini topdi!” deb bir hovuch tilla berdi. Oqbilak oyimdan keyin qizlar ham: “Onajon! bizga ham fol ochib qoʻying!” deyishdi. Kampir ularga ham fol ochib, tilla, tangalarini olib, haqlariga duo qilib, xayrlashib, oʻrdadan chiqib ketdi, toʻppa-toʻgʻri uyiga bordi. Oradan uch kun oʻtib, juma kuni keldi. Kampir Bektemir botirga aytdi:— Bugun Oqbilak oyim Eram bogʻiga sayr-tomoshaga chiqadi. Borgin! — dedi.Bektemir botir kiyimlarini almashtirib kiyib, attor nusxasiga kirdi. Hurjunni yelkasiga solib, yoʻlga ravona boʻldi. Eram bogʻga yetib bordi. Qarasa, shunday katta bogʻ, narigi cheti koʻrinmaydi. Bogʻdan gul hidlari hamma yoqqa anqib turibdi. Bektemir botir bogʻning atrofida aylanib yurib:
Attorman-u attorman,Tilla taroq menda bor,Shamshod taroq menda bor.Keling, qizlar, oling, qizlar,Oʻsma toshlar menda bor! —
deb qichqira berdi. Bu tovush Oqbilak oyimning qulogʻiga yogʻday yoqib ketdi. Oqbilak oyim:— Qizlar! Borib qaranglar-a, koʻchada birov bir narsa deb chaqirib yuribdi. Kim ekan, bilib kelinglar! —dedi.Qizlar chopqillashib ketishdi. Borishsa, bir yosh attor yigit. Qizlarni koʻrib:
Oppoq-oppoq, oy qizchalar,Beli xipcha, nozikchalar!Oqbilakxonday yorim bor,Yorga loyiq mollarim bor:Mushki anbar xushboʻy atir,Tilla uzuk, taroqchalar,Tilla koʻzgu, baldoqchalar,Upa, elik, tumorchalar…Kelib koʻring, menda bor, —
dedi. Qizlar attorning girdini olib, narsalarini koʻra ketdi. Bittasi chopqillab borib, Oqbilak oyimga attorning gaplarini aytib: “Yuring opa! Attorning mollarini koʻring! Yoqtirganingizni oling” deb qistadi. Oqbilakxon oyim, badanlari muloyim, gulzorlar orasidan bitta-bitta qadam tashlab, bogʻning eshigi yoniga keldi. Oqbilak oyim attordan:— Attor yigit! Nimalaringiz bor? — deb soʻradi. Attor boyagi gaplarini takrorlab, narsalarini yerga yozib tashladi. Bir juft tilla bilaguzuk, bir juft oltin isirgʻa, tilla tumorcha, tilla uzukni Oqbilakxonga: “Mana bu mollarni sizga atab olib kelganman!” deb uzatdi. Oqbilak oyim munday qarasa, attor qaddi-qomati kelishgan, koʻzlari, soʻzlari oʻynoqi, istarasi issiq, jonon bir yigit ekan. Qoʻlidagi narsalarini olish uchun qoʻl uzatdi. Shunda shabada kelib, yuzidagi niqobini koʻtardi, Bektemir botir uning oʻn toʻrt kunlik toʻlgan oyday yuzini koʻrib: “Oh!” deb yiqildi. Qizlar chuvurlashib qoldi. Malika: “Folbin aytgan vafodor yor shu boʻlsa kerak!” deb xayoldan oʻtkazdi-da, qizlarga buyurib, Bektemir botirni koʻtartirib, Eram bogʻiga olib kirib, gullar orasiga tilla soʻriga yotqizib, yuziga suv septirdi. Attor oʻrnidan tura qoldi. Oqbilakxon oltin kosada sharbat quyib olib kelib tutdi. Bektemir botir sharbatni ichib, yorining husn-jamoliga mast-u alast boʻlib oʻtirdi. Malika:— E goʻzal yigit! Siz qaysi bogʻning gulisiz, qaysi chamanning bulbulisiz? Bu joylarga qanday adashib kelib qoldingiz?— deb soʻradi. Bektemir botir oʻzining asli zotini, Oqbilak oyimga gʻoyibona oshiq boʻlib kelganini izhor qildi. Oqbilak oyim: “Kampir aytgan vafodor yorim shul ekan!” deb baland koʻshkiga olib chiqib, oldiga noz-u neʼmat, qimiz, sharoblar qoʻyib ziyofat qildi. Ikkisi bir-birining husniga toʻyishmay, bir hafta shu bogʻda qolib ketdi.Bir haftadan keyin Bektemir botir aytdi:— Xudo ikkimizni bir-birimizga qoʻshdi. Endi bu yerdan qochaylik. Men sizni oʻz yurtimga olib ketayin. Falon chamanzorda mening otim bor. Men otimning oldiga borib, tayyorlanib turaman. Siz bu yoqdan yetib borasiz! —dedi.Ikkisi gapni bitta qildi. Bektemir botir chiqib ketdi. Borib, kampir bilan xayrlashdi. Qolgan tilla-kumushini unga berib, oʻzi otining oldiga bordi. Borsa, oti oʻtlab yurgan ekan, egasi kelganini bilib, yugurib yetib keldi. Bektemir botir otni qashlab, supurib, yol-dumini tarab, egarlab, yuganlab, shay boʻlib turdi.Oqbilak oyim boʻlsa, qizlarni toʻplab, yori bilan ketishini ularga aytib: “Men sizlardan roziman. Sizlar ham mendan rozi boʻling! Oʻlmasak, bir kuni yana koʻrisharmiz, topisharmiz!” deb, ularga katta-katta inʼom-yehsonlarni berib, koʻngillarini toʻldirdi. Qizlar: “Ayajon! Bizlarni tashlab ketasizmi?!” deb yigʻlab qolishdi. Oqbilak oyim sahar chogʻida otini egarlatib, yuganlatib, erkakcha kiyinib, qizlar bilan xayrlashib, yorining ketidan chopib, chamanzorga yetib bordi.Bektemir botir: “U otni qoldiraylik! Mening otimga minib tez ketaylik desam, yorim koʻngliga qattiq olmasin!” deb, Oqbilak oyimning koʻngliga qarab, ikkisi oʻz oti bilan keta berishdi. Dam olmay, uxlamay qirq kecha-yu qirq kunduz yoʻl yurishdi. Bir joyga borib, charchab, otdan tushib, chodirni tikib, dam olgani kirishdi. Shunda Bektemir botir Oqbilakka aytdi:— Men uxlasam, qirq kecha-yu qirq kunduzgacha uygʻotmaysiz, basharti biror hodisa roʻy bersa, tovonimga igna tiqsangiz uygʻonaman, — deb yorining tizzasiga bosh qoʻyib, uxlab qoldi. Oradan bir qancha kun oʻtdi.Bir vaqt chodirning yoniga birov keldi. Oqbilak oyim yuragi taka-puka boʻlib quloq solib tursa:— Qiz oʻgʻrisi! Chiq chodirdan! —dedi. Oqbilak oyim qoʻrqib ketdi. Yorining tovoniga igna sanchishga koʻngli boʻlmadi. Yigʻlab oʻtira berdi. Etagi koʻz yoshi bilan toʻldi. Tashqaridagi kishi: “Tez chiq!” deb qistay berdi. Shunda Oqbilak oyim: “Qani, oʻzim chiqayin-chi!” deb oʻrnidan turgan edi, etagidagi yoshi Bektemir botirning yuziga toʻkildi. Bektemir botir choʻchib uygʻonib:— Nima hodisa? — deb soʻradi. Oqbilak oyim:— Ketimizdan otamning odamlari yetib keldi, tashqariga chiq! deb qistayapti!”— dedi. Bektemir botir:— E malikam, sira gʻam yemang! “Yakkaning yori — xudo” deganlar. Oʻzim maydonga chiqaman! — deb yoy-yarogʻini taqib chiqib, Tarlonboʻzni minib borib qarasa, qizning otasi Shavkat podshoh son-sanoqsiz askar bilan quvib kelibdi. Botir qichqirib: “Mana, men keldim! Birma-bir olishamizmi yoki otishamizmi?”— dedi. Dushman: “Otishamiz!” dedi. Shunda botir aytdi: “Boʻlmasa, oldin sizlar otinglar. Keyin men otaman!” dedi. Podshohning askarlari Bektemir botirga qarab ota boshlashdi. Hamma oʻqlarini otib bitirishdi. Birortasining ham oʻqi unga tegmadi. Botir: “Navbat endi menga keldi!” deb dushmanga qarab ota berdi. Oʻqi zoye boʻlmay tega berdi. Podshohning hamma askarlari oʻlib, bitta oʻzi qoldi.Bektemir botir “Bir kishining qoʻlidan nima kelar edi! Qaynotani oʻldirish yaxshi ish emas! Har holda ota emasmi? Farzandidan umidini uzmay, bir kun emas, bir kun yarash yoʻlini tutar” deb podshohni oʻldirmay, chodirni yigʻishtirib, otlariga minib joʻnashdi. Yoʻl yurishdi, yoʻl yursalar ham moʻl yurishdi. Yana bir joyga borib, otdan tushib, chodirni qurib, dam olib oʻtirishdi.Qiz bilan yigit yoʻlga tushganda orqasidan Oqbilakning otasi Shavkat podshoh ham poylab, qorama-qora kelayotgan edi. Qiz bilan yigitning toʻxtaganini koʻrib, otidan tushib, oyoq uchi bilan asta-asta borib, chodirga keldi. Tirqishdan qarab xanjarni Bektemir botirning yuragiga moʻljallab irgʻitdi-da, ketiga qarab qochdi. Xanjar borib botirning yuragiga sanchildi, bir qancha vaqt yotib, joni uzildi.Shunda Oqbilak oyim:
Bogʻ ichidan tanlab olganToza rayhonimdan ayrildim! —
deb yigʻladi. Tarlonboʻz kelib, Bektemir botirni hidlab, kishnab yigʻlay berdi. Ikkisi yigʻlab-yigʻlab, botirga goʻr qazib, koʻmishdi.Oqbilak oyim Tarlonboʻzga mindi: “E jonivor! Menga ota yurtiga bormoq harom! Endi boshla, yorimning shahriga! Yorimning shahriga boray! Yorim oʻynab-oʻsgan joylariga guli-rayhonlar ekib, suv quyib, ostini chopib, yorim yurgan yoʻllardan oʻsib chiqqan gullaridan uzib olib, bagʻrimga bosib, umrimni oʻtkazay!” dedi. Ot qizni koʻtarib, Odilxon podshohning shahriga, Fargʻona mamlakatiga qarab uchib joʻnadi.Bektemir botir Tarlonboʻzni minib, Misr mamlakatiga joʻnab ketgandan keyin, uning ota-onalari:
Yuragimizning chegasi,Qirq oʻgʻilning sarasi,Qachon koʻrinadi qorasi? —
deb, oyga qaraganday ikki koʻzlari uning yoʻliga intizor edi. Podshoh: “Oʻgʻlim agar qilichimdan qon tomsa, mening oʻlganim” degan edi, deb bir odamini qilichning yoniga posbon qilib qoʻygan edi. Bir vaqt qilichidan qon tomdi. Bu xabar podshohlikka yetdi. Hamma: “Shunday botir olamdan oʻtdimi? Hay attang, yosh ketdi!” deb xafa boʻlishib, yigʻlashib, aza tutishdi. Shunda Tarlonboʻz osmondan uchib kelib, oʻrdaga tushdi. Ustida Bektemir botir yoʻq, bir goʻzal malika oʻtiribdi. Bektemir botirning ikki singlisi koʻzlaridan yosh oqizib borib:— Akam qani?— deb soʻradi. Shunda malika:— Akangiz keladi! — dedi. Qizlar:
“Akang keladi” deguncha,“Akang oʻldi!” desang-chi!Xumor-xumor koʻzigaTuproq toʻldi desang-chi!Qalam-qalam qoshiniBurgut teshdi desang-chi! —
deb yigʻlashdi. Shunda Oqbilak oyim: “Dod!” deb otdan oʻzini tashlab, qizlarni bagʻriga bosib yigʻlay berdi. Botirning ota-onalari, hamma yaqinlari dod-voy solib yigʻlashdi. Yigʻi toʻxtadi. Odilxon podshoh Oqbilak oyimdan hol-ahvol soʻradi. Oqbilak oyim boʻlib oʻtgan ishning hammasini podshohga aytib berdi. Shunda podshoh: “Oʻgʻlim choʻllarda gʻaribmozor boʻlib qolmasin. Borib, murdasini olib kelib, oʻrdamga koʻmdirayin!” deb qancha odamlari bilan, qizni boshlab, Bektemir botirning qabriga qarab joʻnashdi. Qabrga yetib borib, uni ochib, murdani olib qoʻyib, unga koʻzlarini surtib yigʻlay berdi.Shu paytda qibla tomondan bir moʻysafid odam yetib kelib:—E birodar! Dunyoda kim oʻlmaydi! Hamma oʻladi. Qirqta oʻgʻlingdan bittasi oʻlsa, oʻlibdi-da. Birkam qirqi bor-ku! Shularga shukr qilsang-chi, — dedi. Podshoh boshini koʻtarib turib aytdi:— Birkam qirq oʻgʻlim, shu bir oʻgʻlimning tukiga ham arzimaydi. Hammasidan ham shu oʻgʻlimga quvonar edim. Ular eson-omon yurtlariga qaytib keldilar! — dedi.Chol kishi Xizr edi. Shu zamon ikki qoʻlini ochib, qiblaga qarab: “Xudo murodingga yetkazsin!” deb fotiha oʻqidi. Shu zamon Bektemir botir: “Men uzoq uxlab qolibman”, deb oʻrnidan turdi…Odilxon podshoh qirq kecha-kunduz toʻy-tomosha qilib, Bektemir botir bilan Oqbilak oyimni bir-biriga qoʻshdi. Shu bilan ular murod-u maqsadiga yetishdi.