← Ertaklar roʻyxatiga qaytish
IbratliBolalar uchunPodsholarDehqonlarMehr-oqibatAdolatAql-zakovatJasoratTabiatOilaTijoratUzun

Muqbil toshotar

1721 soʻz

Bir bor ekan, bir yoʻq ekan. Oʻtgan zamonda Buxoro shahrida bir zolim podshoh bor ekan. Uning bir chiroyli qizi bor ekan. Uning nomi Mehrinigor ekan. Yuzining nuri oyni xira qilar ekan.Mehrinigor chiroyli, kuchli va gʻayratli qiz ekan. Yuziga niqob tortib, xuddi yigitlar singari, yonida qilich-qalqon osib, koʻp vaqtini ovda oʻtkazar ekan. Mehrinigor bir kuni sakkiz yuz yigit bilan ovga chiqibdi, yura-yura, bir togʻga yetibdi. Togʻ juda baland ekan, bir tomoni toʻqay ekan.

Togʻning bir chekkasidan bir chiroyli kiyik chiqib qolibdi. Mehrinigor yigitlarga qarab: “Mana shu kiyikni oʻrtaga olinglar, uni tirikligicha tutishimiz kerak, kiyik kimning yonidan oʻtib ketsa, shu odamga jazo beraman”, debdi. Sakkiz yuz odam har tarafdan davra olib kiyikka kamon tashlabdi. Kiyik chaqqonlik qilib malikaning yonidan oʻtib ketibdi. Malika juda gʻazablanib, kiyikning ketidan ot qoʻyibdi. Yetib olib oʻq otibdi, tegmabdi.

Malika ot qoʻyib ketayotganida togʻning bir chekkasidan bir yoʻlbars chiqib, malikaga yuguribdi. Ot yoʻlbarsdan hurkib orqaga tislangan ekan, malika otdan yiqilib tushibdi. Yoʻlbars malikaga yetishiga ikki qadam qolganda, yaqinda turgan choʻpon tosh bilan yoʻlbarsning manglayiga bir uribdi. Yoʻlbarsning boshi tars yorilib, yerga choʻzilibdi. Choʻpon yugurib kelib malikani oʻrnidan turgʻazibdi. Malika uyalib hech narsa deyolmabdi.Shu vaqt sakkiz yuz yigit yetib kelibdi, malikani bu ahvolda koʻrib hayron boʻlishibdi.

Choʻpon bechora nima qilishini bilmabdi. Malika darhol otga minib, qoʻlidagi uzugini choʻponga uzatibdi.Malika saroyga qaytgandan keyin bir necha vaqtgacha ovga chiqmabdi.

Endi gapni choʻpondan eshiting.Bechora choʻpon malikadan ajrab qolgandan keyin uyiga bazoʻr yetib kelibdi. Qattiq kasal boʻlib yotib qolibdi. Choʻpon togʻ xalqining eng yaxshi koʻrgan farzandi ekan, uning ism-laqabi Muqbil toshotar ekan. Muqbilning toʻsatdan kasal boʻlib qolganiga togʻ xalqi hayron boʻlibdi.Muqbil togʻ xalqining podasini boqib, uni yirtqich hayvonlardan saqlar ekan. Choʻpon har qanday yirtqich hayvonni bitta tosh bilan urib yiqitar ekan.

Yirtqichlar Muqbildan qoʻrqib, togʻ xalqining yaqiniga, poda boqiladigan yaylovlarga yoʻlamas ekan. Muqbil kasal boʻlgandan keyin, yirtqichlar togʻ xalqining mol-joniga hujum qila boshlabdi.Muqbil toshotarning qartayib qolgan otasi bilan onasi bor ekan. Ular Muqbilning kasaliga kuyib yigʻlashar ekan. Togʻ odamlari Muqbilni har kuni koʻrgani kelishar ekan. Ular ichida bir donishmand chol bor ekan. U bir kuni Muqbildan soʻrabdi:— Oʻgʻlim, sening kasaling unaqa-bunaqa kasal emas, ishq kasali boʻlsa kerak.

Rostini ayt, bolam, bu dard senga qaydin keldi? Kimga oshiq boʻlib qolding?Choʻpon yotgan joyida koʻz yoshi qilib:— Ey, ota, nimasini soʻraysiz. Mening dardim tuzalmaydigan dardga oʻxshaydi, — debdi.Shunda chol yana:— Jon bolam, yuragingdagi dard-hasratingni ayt. Agar sen yaxshi koʻrgan qiz osmondagi oy boʻlsa ham olib beramiz, — debdi.Choʻpon malikani koʻrganini, uning uzuk berganini birma-bir aytibdi.Chol yigitning dardi ishqdan ekanligini bilib, bu sirni togʻ xalqiga aytibdi:— Bizning Muqbil toshotarimiz podshoh qizi Mehrinigorga oshiq boʻlibdi.

Endi bunga biz iloj topishimiz kerak, boʻlmasa Muqbilning dardi yana ogʻirlashadi, — debdi.Togʻ odamlari oʻylashib turib:— Podshoh qizini Muqbilga bermaydi, — deyishibdi.

Keyin ulardan biri:— Shunday boʻlsa ham kishi yuborib koʻramiz, bersa bergani, bermasa boshqa biror chora koʻrarmiz. Muqbilni yo tilagiga yetkazamiz, yo podshohning gʻazabiga uchraymiz, — debdi.Donishmand chol bir qancha kishini ergashtirib, podshoh qiziga sovchi boʻlib boribdi. Podshoh ularga qarab:— Xoʻsh, nima arzlaring bor?

— deb soʻrabdi.Donishmand chol hamma voqeani bayon qilib, keyin:— Shohim, biz sizga qulchilikka keldik, — debdi. Podshoh tutoqib ketib:— E, nodonlar, mening qizimga senlar sovchi boʻlib keldilaringmi? Bu qanday nomus, yo meni mensimaysanlarmi?

— deb sovchilarni zindonga soldiribdi.

Keyin lashkarlariga qarab:— Hammangiz borib sahroyilarning mol-mulkini olib keling. Muqbilni tiriklayin tutib keltiring!

— debdi.Lashkarlar togʻ odamlarining mol-hollarini och boʻriday talab, koʻp jabr-zulm qilibdilar. Muqbilning otasi hamma voqeani oʻgʻliga aytib beribdi.

Shunda Muqbil:— Hali meni deb bechora xalq shu ahvolga tushdimi, — debdi-yu, palaxmonini yelkasiga osib, jang boʻlayotgan joyga ot choptirib ketibdi. Borib qarasa, podshoh lashkarlari hali ham xalqni ezib-yanchib talayotgan ekan. Muqbil darhol ularga qarshi jang boshlabdi. Lashkarlarning allaqanchasini qirib tashlabdi. Qolganlari oʻrdaga qarab qochishibdi. Borib podshohga arz qilishibdi:— E, shohi olam, Muqbil toshotar juda zoʻr yigit ekan. Har qanday odamni bir musht ursa, til tortqizmay oʻldirar ekan.

Bir qancha lashkar oʻldi, biz dargohingizga qochib qutuldik.Podshoh boʻgʻilib, butun lashkarini yigʻdiribdi, oʻzi bosh boʻlib, jangga kiribdi.Muqbil uzoqdan turib tosh bilan lashkarlarning boshlarini uchiraveribdi.Podshoh Muqbilga baravar kelolmasligiga koʻzi yetib, unga mana shu xatni yuboribdi:“E, pahlavon yigit! Qizimni senga berishga roziman.

Lekin bir shartim bor: ikki qoʻlingda toʻrttadan sakkizta yoʻlbarsni yetaklab kelasan. Agar shu shartimni bajo keltirsang, qizim seniki”.Muqbil bu shartni qabul qilibdi, ammo podshohdan zindonda yotgan begunohlarni chiqarib yuborishni talab qilibdi. Podshoh bu talabni qabul qilibdi, zindondagilarni boʻshatib yuboribdi.Muqbil togʻ xalqidan rozilik olib, yakka oʻzi yoʻlbars qidirib ketibdi. Yura-yura bir toʻqayzorga yetibdi. Qamishzorda uxlab yotgan bir yoʻlbarsni koʻrib qolibdi. Vaqtni qoʻldan bermay, bora solib uni boʻgʻibdi.

Yoʻlbars oʻrnidan turib Muqbil bilan olisha ketibdi. Muqbil yoʻlbarsni mahkam boʻgʻib olib, mushuk boladay qoʻlida oʻynatib, bir-ikki marta yerga uribdi. Yoʻlbars gangib qolgandan keyin, tumshugʻiga behush qiladigan dori tutib, uni hushidan ketkizibdi, burnidan buroz solib, yoʻgʻon zanjir bilan daraxtga bogʻlab, yana yoʻlga tushibdi.Yurib-yurib bir togʻga chiqibdi, unda yana bir yoʻlbarsga duch kelibdi. U bilan olishib, uni ham yengibdi: zanjir bilan bir katta daraxtga bogʻlabdi.

Shu yoʻsinda sakkizta yoʻlbarsni tutib bogʻlabdi.

Keyin ularning hammasini bir joyga yigʻib, birin-ketin hushiga keltirib, tepib-tepib qoʻrqitib qoʻyibdi. Yoʻlbarslar qoʻrqqanidan boshlarini quyi solib, dir-dir titrar emish. Muqbil sakkiz yoʻlbarsni yetaklab yoʻlga tushibdi, yettinchi kuni kechqurun qishlogʻiga yetib kelibdi. Muqbilning oʻlja bilan omon-yeson kelganini koʻrgan qishloq xalqi juda sevinibdi.Muqbil erta bilan qoʻlida toʻrttadan sakkizta yoʻlbarsni yetaklab, podshoh saroyiga boribdi.“Muqbil toshotar shartni bajarib, sakkizta yoʻlbarsni yetaklab kelayotir”, deb hammaning yuragiga gʻulgʻula tushibdi.

Odamlar uni koʻrishlari bilan toʻs-toʻs boʻlib qocha boshlabdilar. Yasovullar bu xabarni podshohga yetkazibdilar. Podshohni vahima bosib: “Men uni oʻlib ketar deb oʻylagan edim, attang, tirik qolibdi”, deb bir qancha lashkar bilan Muqbilni kutib olishga chiqibdi. U noiloj bunday debdi:— Balli, oʻgʻlim, balli! Shartimni bajaribsan.

Endi qoʻlingdagi yoʻlbarslarni togʻga eltib, oʻsha yerda terilarini shil. Bu ishni qilib kelganingdan keyin senga yana bir shartim bor. Bu shartim shuki, Hotamtoyning boshini kesib keltirasan. Uning bitta yaxshi oti bor, shuni ham olib kelasan. Ana shundan soʻng senga qizimni beraman.Shohning vaʼdasida turmaganligi Muqbil toshotarga yoqmabdi. Muqbil oʻzicha oʻylabdi: “Balki Hotam qaroqchi, xalqqa jabr qiluvchi kishidir. Boʻlmasa uning boshi podshohga nima uchun kerak boʻladi.

Xoʻp, mayli, shunday ekan, ikkinchi shartni ham oʻrniga qoʻyay. Shoyadki xalq zulmdan qutulsa”.Soʻngra Muqbil qishloqdagi yor-doʻstlari bilan xayrlashib, Hotamning boshi bilan otini olib kelishga joʻnab ketibdi. Muqbil bir qalandar suratiga kirib safarga chiqibdi, toʻrt oy deganda Hotamtoyning shahriga yetibdi. “Shu kecha biron joyda qoʻnay”, deb oʻylab borayotgan ekan, katta anhor boʻyida qirq yoshlar chamasidagi bir odam otini yuvib turganini koʻribdi. Muqbil undan:— Hotam shahardami yo biror yoqqa ketganmi?

— deb soʻrabdi. Ot egasi javob beribdi:— Hotamtoy shaharda. Yoʻl boʻlsin, yigit. Musofirga oʻxshaysiz. Bugun biznikida mehmon boʻling, Hotamtoy oldiga ertaga borarsiz.Muqbil oʻzicha: “Ayni muddao boʻldi” deb sevinib, haligi odamning uyiga boribdi. Uy egasi Muqbilni yaxshilab mehmon qilibdi. Vaqt yarim kechadan ogʻganda uy egasi Muqbildan soʻrabdi:— Yaxshi yigit, Hotamtoyda nima ishingiz bor edi?

— Ha, zarur ishim bor edi. Siz uni taniysizmi? Oʻzi qanday odam?

— Ha, Hotamni taniyman, u shu shaharning kattasi boʻladi.

Shunday boʻlsa ham boshqa shohlar singari taxtda oʻtirmaydi, faqir singari xalq orasida yuradi. U kishida qanday ishingiz bor edi?

— deb yana soʻrabdi uy egasi.

Shunda Muqbil ancha noqulay ahvolga tushib, biroz jim qolibdi. Oʻzicha: “Hotamtoy xalq orasida yursa, fuqaroga yomonlik qilmasa, yomon odam emas ekan-da”, deb oʻylabdi, keyin bunday debdi:— Men juda hayron boʻlib qoldim. Yurtimiz podshosining amri bilan Hotamning boshini olib ketgani kelgan edim. Gapingizga qaraganda Hotam juda bahodir yigit koʻrinadi. Men endi u bilan maydonda qanday olishar ekanman?Uy egasi Muqbildan:— Hotam sizga nima yomonlik qilgan edi?

— deb soʻrabdi.

— Hotam-ku menga yomonlik qilgan emas, — debdi Muqbil.

Soʻngra Hotamni nima uchun oʻldirgani kelganini birma-bir aytib beribdi.

— Siz bu kecha yaxshilab dam oling, — debdi uy egasi, — erta bilan sizni Hotamga olib boray.Muqbil uy egasidan minnatdor boʻlib, uyquga ketibdi.

Tong otibdi.

Ertalab nonushtadan keyin Muqbil:— Qani, Hotamning uyini menga koʻrsatib qoʻying, — debdi. Uy egasi:— Hotam men boʻlaman. Podshoh aytgan otni bisotimda boshqa narsa boʻlmaganidan, kecha soʻyib, sizga ovqat qildim. Siz oshiq yigit ekansiz, siz uchun bitta bosh emas, mingtasi ham qurbon boʻlsin, — deb Muqbil oldiga tiz choʻkib, boshini tutibdi. Muqbil Hotamning mardligini koʻrib, yigʻlab yuboribdi.Soʻngra bunday debdi:— Yoʻq! Sizning boshingizni kesadigan qoʻlim qirqilsin! Podshoh qizini bermasa, bermay qoʻya qolsin.

Men sizdek saxiyning qurboni boʻlay!Hotamning bir oʻgʻli bor ekan, otasiga qarab debdi:— Mehmon toʻgʻri aytadilar. Baribir, siz boshingizni berganingiz bilan: “Bu bosh Hotamniki emas”, deb uchinchi shart qoʻyishdan toymaydi.Soʻngra Muqbilga qarab:— Otam siz bilan birga borsinlar, agar otamning boshi bilan sizdek muhtoj kishining hojati chiqadigan boʻlsa, men mingdan mingga roziman, — debdi.Oʻgʻlining soʻzini Hotam maʼqullab debdi:— Men bironta muhtoj odam hatto boshimni soʻrab kelganda ham ayamayman, deb ahd qilgan edim.

Endi murodimga yetdim.Muqbil nima qilarini bilmay, noiloj Hotam bilan yoʻlga tushibdi. Ular bir qancha kundan keyin Buxoro shahriga yetib kelibdilar. Muqbil Hotamni tashqariga qoʻyib, oʻzi podshoh saroyiga kiribdi. Podshoh Muqbilni koʻrishi bilan darhol:— Qani, Hotamning boshi bilan otini olib keldingmi?

— deb soʻrabdi.

— Hotam saxiy yigit ekan, bilmasdan men uning uyiga borib, mehmon boʻlib qolibman. Bisotida boshqa narsasi boʻlmaganidan otini soʻyib, mendek bir musofirni mehmon qildi. Mening ahvolimni bilib, boshini qilichga tutib berdi.

Lekin men shunday mard, saxiy kishining boshini emas, oʻzini tiriklayin olib keldim, — debdi. Podshoh:— Qani Hotamning oʻzi!

— deb qichqiribdi. Muqbil podshohdan Hotamni boshlab kelishga ijozat soʻrabdi.Podshoh bosh qimirlatib ijozat beribdi. Muqbil Hotamni podshohga roʻpara qilibdi. Hotam podshohga salom beribdi. Podshohning rangi qochib, badaniga titroq turibdi.

Keyin Hotam podshohga qarab:— Siz yoʻqlagan Hotam men boʻlaman, —debdi.Podshoh Muqbilga qarab:— Men senga “Hotamning boshini keltir”, degan edim. Sen buni tiriklayin olib kelibsan, — degan ekan, Hotam:— Men oʻz yurtimda boshimni bu yigitga tortiq qilgan edim, unamadi. Noiloj oʻzim birga keldim. Mana, marhamat, boshimni kestiring, shu bechorani murodiga yetkazing, — debdi.Podshoh Hotamni oʻlimga buyuribdi. Jallod Hotamni olib ketayotganda Muqbil chidolmabdi: bir musht urib jallodning yuzini teskari qilib qoʻyibdi, keyin podshohga gʻazab bilan:— Sen qanday nomardsan!

Shunday begunoh, mard, oliyjanob yigitni oʻldiradigan boʻlsang, qizingni bermay qoʻya qol! Agar oʻylaganing odam oʻldirish boʻlsa, Hotam oʻrniga meni oʻldir, — debdi. Podshoh tutoqib boʻgʻilibdi va Muqbilga qarab:— Oʻldirsam sendan qoʻrqamanmi!

— deb jallodni chaqiribdi, Muqbilni oʻlimga buyuribdi:Shu payt ichkaridan Mehrinigor yugurib chiqib, oʻzini Muqbilga tashlabdi. Podshoh gʻazab bilan:— Uni ham oʻldiring!

— deb buyuribdi.

Shunda Hotam:— Ey, xoin podshoh, senda rahm-shafqatdan asar ham yoʻq ekan, har qanday yirtqich hayvondan ham battar ekansan!

— deb yugurganicha borib, podshohga hujum qilibdi. Bunga qarshi podshoh qilich oʻqtalgan ekan, Hotam podshohning qilichli qoʻlini mahkam ushlab, yuziga bir tarsaki uribdi. Podshoh taxtdan agʻdarilib tushibdi. Hotam Muqbilga qarab:— Taxtga chiqib oʻtiring, yigit, — debdi. Xalq zolim podshohni urib oʻldiribdi, el-yurt soʻrashni Muqbilga topshiribdi.

Soʻngra Hotamning oʻzi bosh boʻlib Mehrinigorni toʻy-tomoshalar bilan Muqbilga olib beribdi. El-yurt tinch va farovon umr kechira boshlabdi.Shunday qilib, Muqbil toshotar bilan Mehrinigor ikkisi murod-maqsadiga yetibdi.

🎨

Rasmli versiyasini xohlaysizmi?

Chiroyli illyustratsiyalar bilan bezatilgan versiyani sotib oling — bolalaringizga oʻqib berishga ajoyib!

1 000 soʻm / sahifa
5+ ertak — 20% chegirma, 10+ ertak — 30% chegirma
Qisqa ertak (3–5 sahifa) — 3 000–5 000 soʻm
Oʻrtacha ertak (6–12 sahifa) — 6 000–12 000 soʻm
Uzun ertak (13–25 sahifa) — 13 000–25 000 soʻm
Tez kunda!

Hozirda illyustratsiyalar tayyorlanmoqda. Birinchi rasmli ertaklar tez orada tayyor boʻladi!